Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370444 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:06:07

    To‘rtta edi ular. Qora kursida esa yolg‘iz jo‘raboshi o‘tiribdi. U aka-uka bilan mushtlashib, «bexos urib o‘ldirib qo‘yibdi». Jinoyat qasddan qilinmagan. Davlat qoralovchisi ham, oqlovchisi ham shu fikrda.
    Sudxonaga akasining suratini olib kirishdi. Jo‘raboshi yig‘lab turib, suratni olib qo‘yishni iltimos qildi. Guvohlar ham o‘tinib so‘rashdi. «Ha, bularda insof bor ekan-ku», deb o‘yladi. Lekin jo‘ralarning barchasi yolg‘on gapirishdi. Marhum xotirasi ham bulg‘anib tashlandi. To‘rtovlon akasini urayotganda mard edi. Endi, javob berishga kelganda nomard kimsaga aylanishdi. Jon shirin ekan. Shu shirin jon uchun xoinlik qilish oson ekan, juda oson ekan.

    * * *
    Bayon qilganim — uch voqea ularning hayotidagi alg‘ov-dalg‘ovning boshlanishi xolos. Shu voqealardan so‘ng ularning ahvollari ne kechdi, boshlariga yana ne savdolar tushdi?.. Ana endi muqaddimani yakunlab, asosiy muddaoga o‘tsak bo‘lar.
Asarni so‘nggi nuqtasigacha o‘qib chiqishingizda Yaratgandan Sizga sabr tilayman.
Assalomu alaykum va rahmatulillohu va barakotuh.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:07:02

I  b o b

1

    Qishloqda tongni xo‘rozlarning qichqirig‘i, qushlarning chug‘uri, nihoyat, eshakning hangrashi uyg‘otadi.Ruhiy xastalar shifoxonasida esa derazalariga temir panjaralar mahkamlangan xonalardagi jinnilarning hayqirgan ovozlari tongni bir titratib so‘ng uyg‘otadi. Yanada aniqroq aytsak, bu ovozlar shomdan tongga qadar tinmaydi. Bu baqiriqlardan bezor bo‘lgan tun bu yerlardan tezroq qochmoq istaydi. Uchinchi qavatdagilar tunning ojizligiyu o‘zlarining qudratlaridan masrur — go‘yo ular tongni uyg‘otish uchun betinim xizmat qilib chiqadiganday. Anvar buni birinchi kelgan kuniyoq fahmlagan. Gaplari almoyi-aljoyi odamlar bilan hamxona bo‘lgach, «chindan ham mening esim og‘ganmi?» deb o‘yladi. Unga mehribonlik ko‘rsatganlarning chin maqsadini anglamoq niyatida xayolning turli ko‘chalariga kirib chiqdi. «Mehribon»lar safining boshida «xalq otasi» turgani aniq. Umrini maqtov eshitishu chiroyli qiz-juvonlar bilan aysh qilishga tikkan idora boshlig‘ini Xolidiy emas, balki kinoya bilan «xalq otasi» deb atash rasm bo‘lgan edi. Xolidiy «xalq otasi» degan so‘zni eshitganida zarracha ranjimasdi, balki unvon sifatida qabul qilishga ko‘nikkandi. Aniqrog‘i, bu «unvon» unga juda xush yoqar, vaqt o‘tgan sayin chindan ham xalq otasi ekaniga ishonib borardi. Xolidiy xorijga ko‘p safar qilguchi edi. Agar tug‘mas xotinlar delegatsiyasi chet elga boradigan bo‘lsa ham bu odam ro‘yxatning boshida turardi. Mabodo ro‘yxatga kirmay qolsa, «axir men ham tug‘maganman-ku», deb da’vo qilishdan toymas edi. Safardan qaytgach esa, albatta idora xodimlarini to‘plab, bir necha soat davomida xotiralarini so‘zlab berardi. Xalq tarixini o‘rganishi lozim bo‘lgan ilmgoh asosan Xolidiyning xizmatini o‘tash bilan mashg‘ul edi. Navbatdagi safardan qaytgan Xolidiy xotirago‘yliklarning birida «majlisdagi ajnabiylar nutqimni eshitib, «siz oddiy olim emas, xalqning otasi ekansiz!» deb olqishlashdi» deb bir yayradi. Bu gapni eshitib Anvar «shu odam ota bo‘lgan xalqning padariga la’nat!» dedi. Yonidagi hamkasblar avvaliga bu burama gapning mag‘zini chaqishmadi. Keyin tushunib qolib, kulib yuborishdi. Shubha yo‘qki, Anvar-ning gapi Xolidiyga yetib borgan. Biroq, uni jinnixonaga yuborish uchun bu gap kifoya emas. Xolidiyning shogirdi dissertatsiya yoqlayotganida Anvar bu ilmiy ish emas, lo‘ttivozlik deb fikrini isbot qilishga uringan edi. Uning gaplarini barcha ma’qullagan, lekin uni himoya qilmagan edi. Dissertatsiya yaxshi baho oldi. Xolidiy istasa Anvarni o‘sha kuniyoq ishdan bo‘shatar edi. Bunaqa idoralarda «shtat qisqarishi» degan gaplar bo‘lib turadi. Anvarday cho‘rtkesar olimning bahridan o‘tish Xolidiyga cho‘t ekanmi? Lekin u Anvarni ishdan haydamadi. Yaxshi muomalada bo‘lib yuraverdi. Yaxshi muomalasini darig‘ tutmagan holda jinnixonaga jo‘natdi. Ammo nima uchun bunday qildi— Anvar uchun ham, uning atrofidagilar uchun ham sir edi. Anvar birinchi kechada shu jumboqqa javob topishga harakat qildi. O‘sha kecha uchinchi qavatdan taralayotgan ovozlarni eshitib, yuragi siqildi. «Meni bu havaskor jinnilar xonasiga keltirishga kuch topgan odamlar uchinchi qavatga ham ko‘tarishga qudrat toparlar?» Anvar tunlari ijod qilib uxlamas edi. Bu yerda esa dam vahimali, dam ayanchli ovozlardan uxlay olmadi. Avvaliga dahlizda yurib chiqdi. Hamshiralar norozi bo‘lavergach, karavotida shiftga tikilib yotishni odat qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:07:49

    Bu tun ham shu zaylda kechdi. Tongga yaqin o‘rnidan turdi. Dahlizga chiqdi. Hamshira stol ustiga qo‘llarini qovushtirib, bilagini bolish qilib uyquga ketibdi. U bemorlarning telba-teskari gaplariga, uchinchi qavatdan kelayotgan baqiriqlarga ko‘nikib qolgan. Eshikning tashqari oynavand tabaqasini mahkam yopgan, ichkarigi tabaqa — temir panjaraga qulf urgan — bu yog‘i xotirjamlik.
    Anvar temir panjaraga yaqinlashib, tashqariga tikildi. Uchinchi qavat ham jimib qolib, hammayoqni o‘lik sukunat qoplasa, bu yer yanada vahimali bo‘lsa kerak. Har holda «jinnixona» degan nomi bor. Har kim ham yurak betlab yaqinlasha olmaydi. «Men esam ular bilan birga yashayman. Biz ularni «jinni» deymiz. Ular-chi? Ular bizni nima deyishar ekan?.. Ularning ko‘ziga biz jinni bo‘lib ko‘rinsak kerak. Bu dunyoga qip-yalang‘och holda kelamiz. U dunyoga ketishimizda ham hech narsa olmaymiz. Bir odamga ikki quloch surp kifoya. Ana shu kelish-ketish orasidagi bir chimdim, umrimizda nimalarni talashamiz? Bir-birimizga xoinlik qilamiz, hasaddan kuyib-yonamiz. Hatto... o‘ldiramiz! Obro‘ topmoqchi, pul yig‘moqchi, shuhrat orttirmoqchi bo‘lamiz. Barchasiga ega ham chiqamiz. Shohsupada taltayib o‘tirganimizda hazrat Azroil keladi-yu, pattamizni qo‘limizga tutqazadi. Biz esi sog‘ odamlar buni tushunib yetmaymiz. Ular — jinnilar balki shu haqiqatga yetib borganlari uchun bizning ko‘zimizga ruhiy xasta bo‘lib ko‘rinishar? Axir ular orasida mansab talashishlar, maishat, hasad, xoinlik... yo‘q-ku?...»
    Anvar shularni xayolidan kechirib, yuragi toshib ketdi. Temir panjarani buzib uchinchi qavatga chiqqisi keldi. Panjarani siltab tortdi. Temir sharaqlab ketib, hamshirani cho‘chitib yubordi. U uyqusiragan holda shoshib boshini ko‘tardi-da, atrofga alangladi. Anvarni ko‘rib, o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:08:34

— Sizmidingiz? Qo‘rqib ketibman, — dedi.
«Demak, mendan qo‘rqmaydi. Demak, mening esim sog‘. Bu yaxshi», deb o‘yladi Anvar.
— Xavotir olmang. Kelajagi porloq havaskor yosh jinnilaringiz orom qo‘ynida javlon urmoqdalar, — dedi u hamshiraga, hazil ohangida.
— Nimaga unaqa deysiz! Qo‘ying, hamma tuzalib ketadi, — dedi hamshira, soddadillik bilan.
— Hamma tuzalib ketsa siz ishsiz qolasiz. Odamlarga ham qiyin bo‘ladi. Kim sog‘, kim jinni — ajratolmay ezilib ketadi.
— Gaplaringiz qiziq.
— Jinnichami?
— Yo‘-o‘q. Hecham unaqamas. Sizni nimaga chiqarib yuborishmayapti, hayronman. Sizga yana yangi dorilar buyurishibdi.
— Kuchliroqmi? Yashirmay aytavering. Kuchliroq dori buyurgan. Kecha boshlig‘ingizga qarab turib: «Sizni so‘ysa yetmish kilo go‘sht chiqsa kerak», devdim. Qo‘rqqanidan ko‘zi olayib ketdi.
— Nimaga shu gaplarni aytasiz-a?
— Kimgadir qitmirlik qilishim kerak-ku? Keling, qo‘ying, bu gaplarni. Daftaringizga «shu kuchli dori bilan emlab qo‘ydim» deb belgilayvering. Buning evaziga bitta latifa aytib beraman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:10:44

— Yana jinnilar haqidami, kerakmas.
— Siz eshiting, bu yangisi. Xullas, bir jinnixonada jinnilar tuzaladimi yo yo‘qmi, bilmoqchi bo‘lishibdi. Jinnilarni samolyotga joylab osmonga uchirishibdi-da, qo‘llariga bo‘sh shishalar tutqazishibdi. Bir mahal qarashsa, salonda bir kishi o‘tirganmish. Boshqalar qani, deb so‘rashsa, shisha topshirgani ketishdi, debdi. Sen-chi, deb so‘rashsa: «Nima, men jinnimanmi, bugun dushanba, magazin ishlamaydi», dermish.
    Hamshira kulib, yuzini chetga burdi.
— Agar meni olib chiqishsa, shartta tashlab yuborar edim, — dedi Anvar.
— Qo‘ying-e, — dedi hamshira. Nazarida Anvar chindan ham osmondan o‘zini tashlab yuboradiganday tuyulib cho‘chib tushdi. — Kirib bir oz damingizni oling.
    Anvar unga ma’yus tikildi. U belgilangan dorilarni ichmaslik, emlatmaslik uchun hamshiralarning ko‘nglini ko‘tarishga, kuldirishga harakat qilar edi. Keyin esa o‘zining masxarabozligidan g‘ijinib, ranjirdi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Hamshirani kuldirdi-yu, o‘zi ezildi.  Endi  ortiqcha  gapga  hojat  yo‘qligini anglab, xastalar yotog‘iga qarab yurdi. «Agar osmonga olib chiqishsa, o‘zimni tashlardim, xudo haqqi, tashlardim. Bu yerdan qutulishning boshqa chorasi yo‘q», deb o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:11:53

2
    «Sizni yo‘qlashyapti» degan gapni eshitib ajablandi. «Kim yo‘qlashi mumkin? Yakshanbadan boshqa kunlarda bu yerga hatto Azroil ham kiritilmasdi-ku?» Tabibboshining xonasi tomon yurishgach, Anvarning xayoliga «xalq otasimi?» degan fikr urilib, to‘xtadi. «Nima hunar ko‘rsatarkin? Meni bu yerdan bo‘shatadimi yo uchinchi qavatga yo‘llaydimi?»
— Yuravering, — dedi hamshira, uning to‘xtab qolganidan ajablanib.
Ostona xatlab ichkari kirdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi.
Elchin!
O‘n yillik ayriliq jinnixonada barham topar, sog‘ingan ko‘ngillar shunday joyda qoniqar, deb kim o‘ylabdi?!
    Anvarning Elchinga yozgan xatlari javobsiz qolaverdi. U do‘stini ko‘rish ilinjida hatto Uchquduqqa ham bordi. Biroq, Elchin u bilan uchrashishni xohlamadi. Keyin uni Sibir tomonlarga jo‘natishdi. Anvar: «Oshnam mendan qattiq xafa ekan-da», degan xulosaga kelishdan o‘zga chora topmadi. Ana shu do‘sti, xatlariga javob qaytarmagan, ko‘rishishni istamagan qadrdoni jinnixona tabibboshisining xonasida unga jilmayib qarab tursa!

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:12:40

    Harholda uzoq ayriluvdan keyingi bu diydor ko‘rishuv aytarli shirin kechmadi. Elchin unga sog‘inch to‘la ko‘zi bilan tikilar, Anvar esa bu qarashga o‘zgacha ma’no berib, «sog‘manmi yo rostdan jinnimanmi, shuni aniqlamoqchimi?» deb o‘ylar edi. Shu xayoli o‘zi uchun haqiqat tuyulib, o‘zini jinnilikka soldi:
— Mana, oshna, — dedi u kulib, — shu oromgohda davlatning tekin ovqatini yeb yotibman. Besh kun ishlamaymiz, ikki kun dam olamiz. Kelajagi porloq havaskor jinnilar yuksak onglilik namunalarini ko‘rsatmoqdalar. Haligacha birorta do‘xtirni yeb qo‘yishgani yo‘q, — u shunday deb tabibboshiga qarab qo‘ydi. — Men bu yerda dunyoning tuzilish formulasini ishlab chiqdim. Birgina masala qoldi: shu opamni so‘ysam, necha kilo go‘sht berarkin? Chamamda yetmish kilo. Nima deysan? Kalla-pochalari bunga kirmaydi.
    U shundoq deb do‘mboqqina, oppoqqina tabibboshiga ko‘zlarini lo‘q qilib oldi.
Elchin uning bu ahvoliga ishonib-ishonmay bir oz o‘zini yo‘qotdi. So‘ng tabibboshiga qarab, iltimos qildi:
— Men oshnam bilan gaplashib olay, malol kelmasa siz chiqib turing.
Tabibboshi malol kelganini yashirmay chimirilib qo‘ydi. Elchin buni sezib endi qat’iyroq, buyruq ohangida dedi:
— Siz hujjatlarni to‘g‘rilang, hozir ketamiz.
— Men darrov chiqara olmayman, yaxshi yigit. Maslahatlashib olishim kerak.
— Maslahat pishgan! — dedi Elchin ovozini bir parda ko‘tarib. — Asadbek ikkita gapni yoqtirmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:13:14

    Tabibboshining rangi bo‘zardi. Lablari titradi. Binoyi kiyingan, xushsurat bu yigit kirib kelganida tabibboshining tosh yuragi yumshagan edi. Bu qoraqosh yigit ko‘zlarini sal suzib qarasa, uncha-muncha ayol zoti dosh berolmay qolardi. Olti yildan beri bevalikning taxir oshidan bezgan tabibboshi uchun birgina shunday qarash yetarli edi. Ammo «Asadbekning istagi bilan keldim», degan gapdan badaniga muz yugurdi. Asadbekning kimligini, qo‘lidan nimalar kelishini hech kim bilmasa ham shu ayol biladi. Bevalik unvoni ham unga shu Asadbek istagi bilan berilgan. Asadbek turgan joyda «xalq otasi»ning sariq chaqachalik qadri yo‘qligi ham tabibboshiga ma’lum. Bu xushsurat yigit, xotinini o‘ldirib qamalib ketganidan keyin ham shuhrati so‘nmagan bu mashhur qo‘shiqchiki Asadbek bilan bog‘liq ekan, kichkina jinnixonaning boshlig‘iga taysallashni kim qo‘yibdi?! Tabibboshi noshud, befahm ayollardan emas edi. Buni darhol tushunib yetdi. Rangining bo‘zargani, lablarining titrashi g‘azabdan emas, qo‘rquvdan edi. U ortiqcha gap aytib yuborganini sezdi. O‘zini oqlash, Asadbek istagiga zid ish ko‘rish niyati yo‘q ekanini ma’lum qilish uchun gapni boshqa tomonga burdi:
— O‘rtog‘ingizni bilmagan odam hozirgi hazillarini eshitsa, rostdanam... — «jinni» deyishga uning tili aylanmadi, — halidaqa deb o‘ylaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:14:29

    Elchin ayolning maqsadini angladi. «Bu bechora bir ijrochi, dilini vayron qilib ketmay», degan fikrda jilmaydi, oradan sovuq gap o‘tmaganday hazil ohangida dedi:
— Bu oshnam shunaqa hazilkash. Asli artist bo‘lishi kerak edi-ku, Xudo urib olim bo‘lib qolgan. Yana shoirligi ham bor. Esingdami, Anvar, maktabda «Tumov bo‘lgan oshiq» degan she’ring bor edi. O‘qiganda kulaverib ichaklar uzilardi.
— Sen ham yaxshi bola eding, Xudo urib ashulachi bo‘lib qolgansan.
    Anvar bu gapni juda sovuq ohangda aytdi. Elchin uning ko‘zidagi sovuq nurni ko‘rib, nafasi qaytdi. O‘zini majburlab kulib, tabibboshiga tushuntirgan bo‘ldi:
— Bunga gapiring-u, qoching. Gapi shunaqa, jonni sug‘urib oladi.Zo‘r-da, zo‘r. Ha, siz hujjatlarini to‘g‘rilayvering.
    Tabibboshi ham zo‘raki jilmayib, chiqib ketdi. Holi qolishgach, Elchin gapni nimadan boshlashni bilmadi. Oradagi sukutni Anvar buzdi.
— Meni Xudo urgani rost. Lekin sen aytgancha emas. Olim, balki bir oz shoir bo‘lganim uchun urgan. Men bu dunyodan haqiqat toparman deb yurgan edim.

      Shoir bo‘lib tug‘ilmasaydim,
      Ko‘rmas edim bunchalar xo‘rlik...


Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 11:15:25

—Anvar, qo‘ysang-chi, hazillashdim-ku? Shuncha yillik ayriliqdan keyin bir hazillashsam...
— Men seni sog‘indim... Xatlarimga nima uchun javob bermading? Meni ko‘rishni ham istamagan edingmi?.. Endi nimaga kelding? Men seni qutqarishga ojiz edim. Endi sen meni ozod etmoqchimisan? Unamasam-chi?
— Anvar, xatlaringga javob bermay, Uchquduqda ko‘rishishga chiqmaganimning sababini boshqa safar aytib beray. Mana bu yerimda, — Elchin ko‘kragini mushtladi, — jon qolmagan, zardobga to‘la. Dardim to‘lib-toshgan, senga aytmasam kimga aytaman?
— Noilani sen o‘ldirmagan eding. Bunga hammaning aqli yetib turuvdi. Sen uning ruhiga xoinlik qilding.
— Men qamoq muddatini o‘tab qaytdim. O‘zim chiqargan hukm esa hali ijro etilgani yo‘q. Jazoimni tortib yuribman. Agar o‘shanda otishga hukm qilishganida birato‘la qutular edim... — Elchin shunday deb xo‘rsindi.
    Anvar unga tikildi: sochlariga oq tushgan, mijjalari atrofini ajin bosgan. Ruhini tetik ko‘rsatishga intilayotgan bo‘lsa ham, ko‘zlaridan nur qochgan. Qarashlarida ilgarigi jon yo‘q...

Qayd etilgan