Zohid ham eshitgan bu gaplarni. Zavod direktori Asadbekning tavsiyasi bilan qo‘yiladi, hatto qorovul ham uning ruxsatisiz ishdan bo‘sholmaydi, degan gaplar yuradi. Xalq og‘zidagi mish-mishning qandaydir asoslari mavjud. Biroq, Asadbek haqidagi gaplar ko‘pincha g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqadi. Zohid o‘tgan yili bunga ishondi: kutilmaganda bir gap tarqalib odamlar behalovat bo‘lib qolishdi. Emishki, bir odamni qo‘shnisi mashinasida qaergadir olib borib qo‘yishi lozim ekan. Mashina aytilgan tomonga emas, bo‘lak yoqqa burilibdi. «Nimaga bu tomonga burilding?» deb so‘rasa, mashina egasi «jim o‘tiravering, ko‘rasiz» debdi. Xullas, mashina gadoy topmas ko‘chalardan yurib, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib-borib yo‘l qamishzorga taqalibdi. Mashina egasi o‘tirib turing, deb g‘oyib bo‘libdi. Haligi odam qo‘rqib, mashinadan tushibdi. Qamishzor oralab qarasa, bir chuqurda allaqancha murdalar yotganmish. U «meni ham o‘ldirib tashlashar ekan-da» deb o‘ylab, o‘liklarni surib, tagiga tushib yotaveribdi. Bir oz vaqt o‘tgach, besh-o‘nta odam paydo bo‘lib, uni qidirishibdi. Keyin «bizni aldadingmi, hali» deb mashina egasini do‘pposlashibdi. Tongga yaqin haligi odam o‘liklar orasidan chiqib qarasa, uzoqda bir chiroq miltillab turganmish. Borib qarasa, bir qozoq cho‘ponning uyi ekan. Qozoq uni uyiga olib kirib, yuvintirib, o‘zining toza kiyimlarini beribdi. Gapning qisqasi, o‘sha odamlar Asadbekka tegishli ekan. Shu vahima gaplar kuchaya borgach, tekshirib ko‘rish Zohidga topshirildi. U bir hafta urinib, chuvalangan ipning uchini, o‘sha odamni topdi. U odam o‘n yetti yildan beri ruhiy xastaliklar shifoxonasida ro‘yxatda turarkan. Zohid bir qarasa, uning gapi bama’ni, bir qarasa, g‘alati edi. U qo‘shnisini ko‘rsatdi. Qo‘shni ajablandi. Ustiga-ustak uning mashinasi yo‘q. Haligi odam qamishzorni ko‘rsataman, dedi. Zohid ko‘ndi. Qadimda «Xotinko‘prik» deb atalgan joyga boshlab bordi. Qamishzor yo‘q. Hammayoq ko‘pqavatli imorat edi. Haligi odam mo‘ltillab turib, so‘ng yig‘lab yubordi. Zohid uni uyiga emas, shifoxonaga eltib qo‘ydi.
Bu voqeaga bir yildan oshibdi. Zohid o‘sha odamning mo‘ltillab turishi, yig‘lab yuborishini o‘qtin-o‘qtin eslardi. Hozir vinzavod haqida gap chiqqanida yana yodiga tushdi. Yon daftariga «jinni odam, Xotinko‘prik» deb yozib qo‘ydi