Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 370422 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 51 B


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:40:27

    Ikkala yigit avvaliga «xato eshitmadikmi?» degandek qarab oldi. So‘ng xuddi kelishib olishganday Hamdamga baravariga dahshat bilan boqishdi.
— Yo‘q! — dedi tirtiq jon holatda.
— Nima yo‘q? — dedi Hamdam g‘olib kishining muloyim ovozida.
— Bormaganmiz.
— O‘rtoq prokuror, bunisiga nima deysiz?
— Soqchini chaqiring, olib ketsin.
Giyohvandlar chiqib ketishgach, Hamdam divanga o‘tirib, oyoqlarini stol ustiga chalishtirib qo‘yib oldi.
— Hamdam aka, darrov topganingizdan ajablanmadingizmi? — dedi Zohid uning yoniga o‘tirib.
— Ajablanishga vaqt bo‘lmadi. Ana endi o‘zing, mazza qilib ajablanaverasan. Men topdim. Sen tergayver. Operativ ishlaganim uchun okaxoning rahmatnoma e’lon qiladi menga.
— Yuvarkanmiz-da, — Zohid shunday deb yelkasiga asta urib qo‘ydi. Keyin jiddiy ohangga ko‘chdi: — Bularni kim ishga solgan bo‘lishi mumkin?
Hamdam darrov javob bermadi.
— Vino zavodida nima gap ekan? — dedi u ma’nodor qilib.
— Men ham shuni o‘ylab turibman.
— O‘ylasang o‘ylagin-u, ammo vinzavodga osila ko‘rma.
— Nimaga?
— Kimga qaraydi zavod, bilasanmi?
— Oziq-ovqat vazirligigami?
Hamdam kulib, tizzasiga shapati urdi.
— Ey, prokuror, ko‘zingni och! Shuncha yil ugroda saqich chaynab yurgan ekansan-da, a? Vinzavod Asadbekning tasarrufida-ku?! Buni ko‘chadagi mishiqi bola ham biladi, sen bilmaysanmi, qishloqi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:41:51

    Zohid ham eshitgan bu gaplarni. Zavod direktori Asadbekning tavsiyasi bilan qo‘yiladi, hatto qorovul ham uning ruxsatisiz ishdan bo‘sholmaydi, degan gaplar yuradi. Xalq og‘zidagi mish-mishning qandaydir asoslari mavjud. Biroq, Asadbek haqidagi gaplar ko‘pincha g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqadi. Zohid o‘tgan yili bunga ishondi: kutilmaganda bir gap tarqalib odamlar behalovat bo‘lib qolishdi. Emishki, bir odamni qo‘shnisi mashinasida qaergadir olib borib qo‘yishi lozim ekan. Mashina aytilgan tomonga emas, bo‘lak yoqqa burilibdi. «Nimaga bu tomonga burilding?» deb so‘rasa, mashina egasi «jim o‘tiravering, ko‘rasiz» debdi. Xullas, mashina gadoy topmas ko‘chalardan yurib, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib-borib yo‘l qamishzorga taqalibdi. Mashina egasi o‘tirib turing, deb g‘oyib bo‘libdi. Haligi odam qo‘rqib, mashinadan tushibdi. Qamishzor oralab qarasa, bir chuqurda allaqancha murdalar yotganmish. U «meni ham o‘ldirib tashlashar ekan-da» deb o‘ylab, o‘liklarni surib, tagiga tushib yotaveribdi. Bir oz vaqt o‘tgach, besh-o‘nta odam paydo bo‘lib, uni qidirishibdi. Keyin «bizni aldadingmi, hali» deb mashina egasini do‘pposlashibdi. Tongga yaqin haligi odam o‘liklar orasidan chiqib qarasa, uzoqda bir chiroq miltillab turganmish. Borib qarasa, bir qozoq cho‘ponning uyi ekan. Qozoq uni uyiga olib kirib, yuvintirib, o‘zining toza kiyimlarini beribdi. Gapning qisqasi, o‘sha odamlar Asadbekka tegishli ekan. Shu vahima gaplar kuchaya borgach, tekshirib ko‘rish Zohidga topshirildi. U bir hafta urinib, chuvalangan ipning uchini, o‘sha odamni topdi. U odam o‘n yetti yildan beri ruhiy xastaliklar shifoxonasida ro‘yxatda turarkan. Zohid bir qarasa, uning gapi bama’ni, bir qarasa, g‘alati edi. U qo‘shnisini ko‘rsatdi. Qo‘shni ajablandi. Ustiga-ustak uning mashinasi yo‘q. Haligi odam qamishzorni ko‘rsataman, dedi. Zohid ko‘ndi. Qadimda «Xotinko‘prik» deb atalgan joyga boshlab bordi. Qamishzor yo‘q. Hammayoq ko‘pqavatli imorat edi. Haligi odam mo‘ltillab turib, so‘ng yig‘lab yubordi. Zohid uni uyiga emas, shifoxonaga eltib qo‘ydi.
    Bu voqeaga bir yildan oshibdi. Zohid o‘sha odamning mo‘ltillab turishi, yig‘lab yuborishini o‘qtin-o‘qtin eslardi. Hozir vinzavod haqida gap chiqqanida yana yodiga tushdi. Yon daftariga «jinni odam, Xotinko‘prik» deb yozib qo‘ydi

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:42:31

— Demak, bu ish Asadbekka borib taqaladimi? — dedi u daftarchasini cho‘ntagiga solib.
— Bo‘lishi mumkin, — dedi Hamdam. — Lekin bu ikki galvarsdan gap olaman, deb ovora bo‘lma. Ular Asadbekni bilishmaydi. Sharif Namozov bilan suhbatlashsang ko‘p narsa oydin bo‘ladi. Olimligi bor ekan. Bunaqa odamlar haqiqatparast bo‘lishadi. Adolat qilaman, degan bo‘lsa, qopqonga tushirishgan. Endi istasang-istamasang, qamoqqa olasan. Qoni tekshirilib giyohvand deb turilibdi. Uyidan kukunlar chiqdi. Yuz ming so‘mning nari-berisidagi mol-a! Yuz mingdan kechishibdimi, demak, ish katta.
— Agar siz aytganday Asadbekning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lsa, osongina yo‘q qilishmasmidi?
— Maydaroq odam bo‘lganida balki sen aytgan yo‘lni tutishardi. Namozov biron-bir masalada ochiqchasiga qarshi chiqqandir. Umuman... Yuz ming so‘m ularga tramvay pattasiday gap. Agar Namozovni qamoqqa olishga ruxsat bermasang, ertaga uyingga besh yuz ming tashlab ketishlari mumkin. Unda ham ko‘nmasang...
— O‘ldiradimi?
— Yo‘q, o‘ldirmasa kerak. Lekin yo‘lini topadi. Har holda ish Asadbekka borib taqalsa, u bilan o‘chakishma. Sendan zo‘rlar ham eplasha olmagan uni. Biz sen bilan komissar Katani bo‘lolmaymiz. Lekin Asadbek advokat Teraziniga dars berishi mumkin. Senga maslahatim: Namozovni qamash kerak. Qamasang, uning jonini saqlab qolasan. O‘ylab ko‘r.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:46:41

2

    Hamdamning taklifini o‘ylab ko‘rishga ulgurmay depara ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i kapitan Mirsultonov kirib keldi:
— Ot aylanib qozig‘ini toparkan. Bizdan qutulib bo‘psiz! — u shunday deb Zohid bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni o‘zimizdan boshlaganingiz, yaxshi bo‘libdi. Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib ko‘rgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?
— Hali tayin bir xulosaga kelganim yo‘q.
— Bu ko‘p o‘ylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.
Zohid o‘zini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi? Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda mashshoqlarga uch so‘m berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni istagan muddatga qamatish cho‘t bo‘lmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular «ovora bo‘lma, qo‘lingdan kelmaydi. Sen uch so‘mlik restoran mashshoqisan», deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni o‘tkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret so‘rab olib tutatdi. Boshliq stolni nog‘oraday chertib, javob kutardi.
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo bu yerda emas, shahar turmasida o‘tira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-to‘rt kun qamoqda o‘tirsa, ancha o‘ziga kelib qoladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:47:43

«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:
— Guvohlarni... majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.
— U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.
Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.
— Guvohlar soxtaga o‘xshaydi, — dedi Hamdam boshlig‘iga. Keyin Zohidga yuzlandi. — Menga qara, prokuror, mijg‘ovlik qilmay to‘g‘risini aytib qo‘ya qolmaysanmi, —u yana boshlig‘iga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga o‘xshaydi. Fe’lini bilasiz-ku?
Mirsultonov yana stolni chertdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Fe’lini bilaman, bu o‘jarning. Avval gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qo‘rqadi, derdi. Endi amalidan ko‘rqadigan boshlig‘i boshqa, — u boshini ko‘tarib Zohidga qaradi. — Bukirni go‘r to‘g‘irlarkan. Sen ko‘zingni ochib yur. Bukir bo‘lsang ham shu yorug‘ dunyoda yuraver. U yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan bo‘ldi. — Bir tajang uyg‘ur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski paxsa devor yorig‘ida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta cho‘p olib arining inini obdan kavlabdi, ari rosa to‘zigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi, odash!» degan ekan.
    Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay, jiddiy turib aytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:48:50

— Sen o‘sha «Choqsunla»ga o‘xshaysan. Lekin sen arining emas, naq o‘limning uyasini kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan bo‘lsa ham qadamingni o‘ylab bos. Bola-chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qo‘rqoq deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni kushxonaga boshlaydi. O‘zi qo‘ng‘iroqli serka singari o‘tib ketadi. Pichoqqa senga o‘xshagan laqmalar duch keladi.
    Zohid sobiq boshlig‘ining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida gap talashguday bo‘lsa, boshliq qo‘rs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi. Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshlig‘iga «ha» ham, «yo‘q» ham demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni ko‘p aytardi. O‘zingni o‘qqa-cho‘qqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq-chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:49:52

    Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib, tozalab, tiklab qo‘ysa olam guliston bo‘ladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora bo‘lma», deganlar u uchun ojiz maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qo‘ygan. Sobiq boshliqni ham shular qatoriga qo‘shgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina bo‘lsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini o‘ylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon ko‘rgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: siz ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Ha, ha, yashirmay bo‘yningizga olavering. Barchani birday yaxshi ko‘rish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Lekin o‘sha odamni o‘ldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon ko‘rib yurganingiz uchun, salomiga alik olmay qo‘yganingiz uchun o‘zingizni la’natlaysiz. Agarchi bu fojiadan quvonsangiz, «o‘ldirib ketishgani yaxshi bo‘libdi», desangiz, u holda siz odam emassiz. Shu o‘rinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qo‘polligim uchun ranjiysiz. Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, o‘sha begunoh jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulg‘agan bo‘laman.
    Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar bo‘limiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning tuyg‘usi qisman ma’lum. Sobiq boshlig‘ining gaplari u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqmaydi. Bu gaplarni so‘nggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:51:39

3
   

    Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga keldi. Temir to‘siqlardan o‘tib, tergov xonasiga kirdi. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng eshik ochilib, soqchi ko‘rindi-da, mahbus olib kelinganini ma’lum qildi. So‘ng qo‘llarini orqasiga qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi zanjirband mahbuslarnikiday og‘ir edi. Ozg‘in, siyrak sochlari to‘zg‘igan bu odamning dumaloq ko‘zlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uyg‘otuvchi iltijo zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki og‘irlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga mahkamlangan qattiq kursiga o‘tirib, boshini xam qildi.
Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib turgach, cho‘ntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.
— Cheking.
Sharif indamay qo‘l uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi. Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. So‘ng sigaretni stol ustiga qo‘ydi.
— Uzr, chekmayman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:52:44

    Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini o‘zi ham bilmadi. Kayfi tarqagan bo‘lsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga xayron, xayol uni turli ko‘chalarga haydardi. Berk ko‘chalarning biriga kirib, tentirab, undan chiqardi-da, so‘ng yana boshqa berk ko‘chaga ro‘para bo‘lardi. Uning esida qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qo‘limdan keladi!» deb katta ketgani. Boshqon «osmon qo‘lingda bo‘lsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi boshqon bilan yuz ko‘rmas bo‘ldim», deb o‘tirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib keldi. Boshqon ishi bo‘lsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini ko‘rib «gapim jonidan o‘tibdi-da», deb o‘yladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat ilgari bo‘lib o‘tgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan o‘tganini men kechirdim, mendan o‘tganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:
— Yuring, ketdik, — dedi.
— Qayoqqa? — deb ajablandi Sharif.
— Sattornikiga, bugun otasining yigirmasi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  09 Oktyabr 2007, 21:53:47

    Sharif bir bahona topib, to‘yga bormasa bormasdi, ammo ma’rakalardan qolib bo‘ladimi? Shu bois indamay turib, boshqonga ergashdi. Boshqonning mashinasiga yana idoraning ikki xodimi o‘tirib, to‘rtovlon yo‘lga chiqishdi. Ma’raka bo‘layotgan ko‘chani to‘planib turgan behisob mashinalardan ham bilsa bo‘lardi. Odamlar ham qator tizilishib, ichkari kirib osh yeb chiqish uchun navbatda turishardi. To‘g‘ri, ularning maqsadi qorinni to‘qlab ketish emas. Niyat — marhum ruhini eslash, xonadon egalariga hamdardlik bildirish. Shunday bo‘lsa-da, Sharifga navbatda turish malol kelardi. U o‘zicha «obbo», yarim soat turarkanmizda», deb qo‘yib mashinadan tushdi-da, odamlar qatorida turib chetga chiqmoqchi edi, boshqon «bu yoqqa yuravering», deb hech qayoqqa qaramay to‘g‘riga yo‘l oldi. Sattor ularni ko‘riboq peshvoz chiqib, qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, uyga boshladi. Katta hovlidagi barcha o‘rinlar band. Xizmatdagilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Boshqon bilan kelganlarni alohida izzat bilan ichkariga, uyga boshlashdi. Keng, naqshinkor uyga ziyofatlardagiday dasturxon yasatig‘liq, tashqaridan eshitilib turgan tilovat ovozlari demasa, ziyofatga keldik, deb o‘ylash ham mumkin edi. Boshqonning o‘zi, Sharifni hayron qoldirib, qiroat bilan qur’on tilovat qildi. Choy kirdi, non sindirildi. Sharif «endi osh kirar», deb o‘yladi. Ammo yana choy kirdi. Ikkala choynakni olgan idora xodimi boshqonga qaradi:
— Oqidanmi yo qizilidanmi, xo‘jayin?
— O‘ldirsa ham qizili o‘ldirsin.

Qayd etilgan