U huquq sohasiga buyuk umid bilan o‘tgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni to‘ygan, ovqat bo‘lmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga kelib, kalta bo‘lib qolgunicha yangisini ko‘rmay o‘sgan bola podsholik taxtini talab qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sig‘inib yashagan, rais buva marhamat etgan damda maktabda o‘qib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim bo‘lish orzusida yurarmidi? Qarangki, shunday bo‘lishi mumkin ekan. Akasi shahardagi oliy o‘qishga kirganida Zohid to‘qqizinchi sinfda edi. Bir tomondan akasiga havas qilib, yana bir tomondan riyoziyot muallimi qiziqtirib o‘qishlari birmuncha yaxshilanib, oqibatda oltin nishonga da’vogar bo‘lib qoldi. Dunyoning ajabtovurligini qarang-ki, suvchining o‘g‘li shunday e’tiborga, ya’ni, da’vogarlikka loyiq ekan. Ammo palovning masallig‘i bilan shavla pishirish mumkin bo‘lganidek, a’lochi bola oltin nishon olavermaydi. Palovni damlayotganda bir piyola suvni me’yoridan ko‘proq quyib yuborsangiz, qo‘lbola shavla yeysiz, o‘quv davomida mingta «besh» olib, bittagina «to‘rt»ga ilinsangiz, oltin nishonni tushingizda ko‘rib, a’lochi bola sifatida maktabdan uchirma bo‘lasiz. Albatta, bilim bergan muallimlaringizga mingdan-ming rahmatlar aytishni unutmaysiz.
Sizni bilmayman-u, ammo Zohidning boshiga shunday savdo tushgan. Peshonasiga «jamiyatshunoslik» degan fandan bitta «to‘rt» olish yozilgan ekan, nima qilsin bechora. Riyoziyot muallimi bir yondan, akasi bir yondan targ‘ib qilib, uni Maskovdagi oliy o‘qishga borishga ko‘ndirishdi. Shu munosabat bilan otasi bitta sigirni sotadigan bo‘ldi. «Ikkita sigirni boqish azobidan qutulaman. Bir oilaga bitta sigir yetadi-da, kuzga borib tug‘ib bersa, yana ikkita-da...» dedi otasi. Otasi ko‘p alomat odam-da. Xudo uni yaratishga yaratib, so‘ng unutib qo‘yganmi, har holda shundaygina yaralganicha qolavergan — ustomonlik, hiyla, makr, yolg‘on degan ne’matlardan bebahra yuravergan. Yo‘qsa, bitta sigirning puli bilan o‘g‘lim katta o‘qishga kirib, katta odam bo‘lib ketadi, deb o‘ylarmidi. Televizorni dastlab ko‘rgan mahalda g‘uncha labli qizga ko‘z qisib, imlab qo‘yib bir hafta o‘zicha xursand bo‘lib yurgan odamning o‘g‘li voyaga yetib Maskovday joyda o‘qir ekanu sigirdan voz kechishi nima ekan?..