Manzura kirib, Elchinning yengidan asta tortdi.
— Sizni chaqirishyapti.
— Zaynab, bu gapni miyangizdan chiqarib tashlang, ishonmayman! — dedi Elchin, orqasiga tisarilib.
Katta xona o‘rtasida Asadbek bilan Kesakpolvon tik turgan holda gaplashishardi. Elchin kirib kelgach, Asadbek darg‘azab ko‘zlarini unga qadab, tik bosib keldi.
— Jamshidda nima qasdingiz bor edi?! — dedi u titroq ovozda.
— Jamshidda? — Elchin dovdiradi. — Nima bo‘ldi o‘zi, hozir eshitdim...
Gapini tugatishga ulgurmasdan Asadbek uni giribonidan oldi.
— Jim yurgin deganmidim? Qasosingni olgan eding-ku?
— Bek aka, avval gapimni eshiting. Hozir Farg‘onadan kelyapman, axir.
— Haydar, Shilimshiq qanday o‘ldirilganini ko‘rganmiding? — dedi Asadbek uni qo‘yib yubormay. — Ayt bunga, ko‘rganmiding?
— Ko‘rgandim.
— Jamshidni-chi?
— Ko‘rdim. O‘sha daraxtga osib, haligisi kesib tashlanibdi.
Asadbek Elchinning giribonidan qo‘lini oldi-yu, o‘sha zahoti jag‘iga musht tushirdi. Elchin gandiraklab ketdi. O‘zini o‘nglashga ulgurmay Kesakpolvonning tepkisini yedi. Asadbek g‘azab otiga minib tomosha ko‘rsatmayotgan edi. U Jamshidning o‘limida Elchinni chindan ham aybli deb sanadi. Nazarida Elchin daydib ketmay uyida o‘tirganida, xotiniga yaxshi qaraganida bu ko‘rgiliklar yo‘q edi...