Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264319 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 54 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:51:15

— Qadim zamonda sen o‘ylaganchalik bo‘lmagan, — deb e’tiroz bildirdi mayor Soliev. — Jinoyatchini qozi so‘roq qilgan, guvohlarni eshitgan. Gunoh aniq isbotlanganidan keyin jazo bergan. Kattagina podsholik zindoniga nari borsa o‘ttiz-qirq odam sig‘adi. Temur zamonasida o‘g‘irlik degan narsa unutilgan ekan. Bir bola boshiga bir tovoq oltin qo‘yib mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy bo‘lgan. Odamlar gunohlari uchun qanday jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qo‘rqib, o‘zlarini tiyganlar. O‘g‘irlik qildimi, gunohi isbotlandimi, tamom, qo‘li kesiladi. Boshqacha jazo bo‘lishi mumkin emas. «Bu o‘g‘ri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qo‘liga igna sanchib qo‘ya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «o‘tmishda temir qoshiq bo‘lmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham o‘sha bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud o‘n yettinchi yildan keyin paydo bo‘lgan, a?
— Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat adolat bo‘lgan, degan gapingizga qo‘shilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh kerakmidi? O‘sha zamonda ikkita ahmoq, ikkita g‘alamis, ikkita ig‘vogar topilmagan, deysizmi? Minglab kallalar o‘sha g‘alamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda kam odam bo‘lishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bilan shug‘ullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? O‘limgami? Kesilsin, osilsin, chopilsin, tamom! «Besh yildan o‘n yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin» degan gap bo‘lmagan, deyman, a? Ular to‘g‘ri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq tuzatish koloniyasida saqlang, foyda bo‘larmikin?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:52:54

— Adashganlar-chi? — dedi Zohid, uning gapini bo‘lib.
— Adashganlarmi? — Hamdam bir oz o‘ylandi. — Agar chindan ham adashgan bo‘lsa, kechirish kerak. Agar adashgan odam qamalsa, o‘ndan biri tuzaladi, bir qismi alamzada bo‘ladi, bir qismi qamoqdagi «jinoyat malaka oshirish kursida» ta’lim olib chiqadi. Lekin kim adashdi, kim astoydil tavba qildi, bilib bo‘lmaydi-da. Sen rahm qilgan odamni bittasi shu Namozovmi? Endi u tamom bo‘lgan olim. Halqumini harom qildimi, endi nafsini o‘lsa ham tiymaydi.
Mashina depara ichki ishlar bo‘limi qarshisida to‘xtab, Hamdam tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay mayor Soliev mashinani to‘xtatdi. «Hamdam bilan qiladigan ishim bor», deb u ham tushdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 10:59:25

2

    Zohid Chuvrindi bilan uchrashuvga tayyorlanish uchun atayin barvaqtroq kelayotgan edi. U Mahmud Ehsonovni Elchinning to‘yida ko‘rgan edi. U haqda juda oz narsa bilardi. Bilganlarining qay biri haqiqat, qay biri mish-mish, hali farqiga bormagan edi. Dastlabki uchrashuv chigalni yechishdagi dastlabki urinish bo‘lmog‘i mumkin. Zohid shu sohaga kirganidan beri ko‘p odamni so‘roq qildi. Lekin bugungisining boshqacharoq bo‘lishini ko‘ngli sezardi. Har holda laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan kissavur yoki yo‘lto‘sar emas, hatto, bu olam iborasi bilan aytilganda, «torpedo» — bir-ikki puldorni himoya qiladigan zo‘rlardan ham emas. Asadbeklar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, mayor Solievning unga hamisha yuqori baho berishi bejiz emasdir.
    «Tarozi pallasini u tomon bosib turibdi, — deb o‘yladi Zohid. — Men ular haqida oz narsa bilaman, ular esa meni besh qo‘lday yaxshi bilishadi. Hatto akamning qotillarigacha bilishadi. Men ularni jinoyatchi deb gumon qilyapman. Menga tegishli tarozi pallasida faqat gumon bor. Gumon pufakka o‘xshaydi. Shishib, bahaybat tus olaverishi mumkin, ammo tosh bosmaydi. Aksincha, vaqti kelib yorilsa, odamni sharmanda qiladi».
    Zohid shu xayollar bilan idorasiga yaqinlashib, Anvarni ko‘rdi-yu, ajablandi. Hatto «biron kori hol bo‘ldimikin?» deb xavotirlandi.
— Habib aka tinchmilar? — deb so‘radi salom-alikdan so‘ng.
— Habib akangizning ishlari besh. Maskovdan nari Londonga jo‘nab qolibdilar. Xalqaro akademiyaga a’zo bo‘ladilar, degan xabar eshitdik.
    Zohid Anvarni ichkari boshlamoqchi bo‘ldi. Anvar ishga shoshayotganini bahona qilib, unamadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:00:05

— Kecha bir gap eshitib, shuni aytgani kelgan edim, — dedi u, soatiga qarab olib. — Tunov kuni bir odamni osib o‘ldirib, yoqib yuborishgan ekan, eshitgandirsizlar?
— Eshitdik, — dedi kulimsirab Zohid.
— Ha-ya, — dedi Anvar ham kulimsirab, — sizlar eshitmagan, bilmagan gap bo‘lmaydi-ku. Xullas, o‘sha yigit Asadbekning odami emishmi?
— Shunaqa mish-mish bor.
— Aniq gap emasmi, hali?
— Isbotlanmagan gap biz uchun mish-mish.
— Xo‘p, mish-mish bo‘lsa bo‘la qolsin. Mening bir jonajon do‘stim bor, Elchin, eshitganmisiz? O‘sha Asadbekning kuyovi bo‘lgan. O‘n yil o‘tirib keldi.
— Eshitganman.
— Lekin begunoh qamalganini bilmaysiz. Xotinini o‘ldirmagan edi.
— Tuhmat bilan ketganmidi?
— Balki tuhmatmasdir. Aybni bo‘yniga olgan, u o‘jar. Nimaga shunday qilganini men ham tushunmayman.
— Bo‘yniga olgan bo‘lsa... balki jahl ustida yoki kayfda...
— Yo‘-o‘q, unaqa bolamas u. Odam o‘ldirolmaydi. Odam o‘ldirish oson ekanmi?
— Qiyinmi?
    Anvar «kalaka qilyaptimi yo jiddiy so‘rayaptimi?» deb o‘ylab Zohidga qaradi. Zohidning ko‘zlarida quvlik nishonasi yo‘q edi. Shu sababli savolga javob berolmay o‘ylashga majbur bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:00:54

— Bilmadim, — dedi nihoyat. — Har holda qiyin bo‘lsa kerak. Odam qo‘y emas, pichoqqa bo‘ynini tutib beradigan... Gapning qisqasi, Asadbek kuyovidan gumonda ekan.
— Qanaqa gumon?
— Tushunmadingizmi? Mening o‘sha o‘ldirilgan odamimda qasding bormidi, deganday qilibdi.
— Nima uchun gumonsiraydi?
— Hayronman... bilishimcha, Noilaning o‘limida uning ham hissasi bo‘lgandir-da.
— Buni do‘stingiz aytdimi?
— Yo‘q, bu o‘zimning gumonim, — Anvar shunday deb Zohidning jiddiy tikilib turgan ko‘ziga qarab, kulimsiradi.
— Nimaga kulyapsiz? — dedi Zohid ajablanib.
— Yaxshi ham xonangizga kirmaganim. Tikka turib olib shunchalik so‘roqqa tutyapsiz, ichkarida kechgacha tergov qilarkansiz-da, a?
— Ishimiz shunaqa-da, xafa bo‘lmang.
— Hazillashdim. Bu yerga kelishimdan maqsad — o‘sha o‘lim bilan shug‘ullanadigan odamni tanisangiz tayinlab qo‘ysangiz, Elchindan gumon qilib yurmasin, ig‘volarga uchmasin. Asadbekdan har baloni kutish mumkin-da. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotar ekan, ko‘zi ochiqlar ikki marta yo‘qotmasin, tag‘in.
— Yaxshi, aytib qo‘yaman. Lekin... o‘rtog‘ingizni so‘roqqa chaqirishga to‘g‘ri keladi-da.
— Nima uchun?
— Haqiqatni oydinlashtirish uchun. Uni gumondan xalos etish uchun.
— U odam o‘ldirilganida Elchin Farg‘onada edi. Kecha keldi. Men o‘zim ikki marta uyiga bordim. Darvozasi berk edi.
— Siz xavotir olmang, begunoh odamni gumonga qurbon qildirib qo‘ymasmiz.
Anvar xayrlashib, iziga qaytar chog‘ida Zohidning savollarini bir-bir eslab, «og‘aynimga yordam beraman, deb ishini chalkashtirib yubordim shekilli», deb kelganiga pushaymon yedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:01:55

    Zohid uchun esa bu kutilmagan uchrashuv, kutilmagan gaplar kalavani yana chigallashtirdi. «Hamonki Asadbek kuyovidan gumonsirabdimi, bunda bir gap bor, — deb o‘yladi u. — Ajab... nima uchun aynan Jamshidni o‘ldirdi, deb gumon qilyapti? U holda Jalol Komilovni kim o‘ldirgan? Kuyovidan gumonsiradimi, demak... guruhlar urushi emas bu. Unda Maqsud akaning fikrlari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Guruhlar hali olishuv uchun pishib yetilmagan, olishuvning boshlanishiga asos yo‘q hali. Xo‘sh, unda kim? Balki biron-bir guruh Elchinni o‘ziga og‘dirib olishga harakat qilgandir. Asadbekning gumoni shundadir?...»
    Zohidning xayoli Chuvrindi kelguniga qadar shu muammolar bilan band bo‘ldi. Mahmud Ehsonov ayni aytilgan vaqtda, bir daqiqa nari-beri qilmagan holda keldi. U bilan birga xonaga yoqimli atir hidi ham kirdi. Chuvrindi kun issiq bo‘lishiga qaramay, oq-pushtiga moyil kostyum kiygan, qizil galstuk bog‘lab olgan edi. Sochlarini silliq taragan, o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘iga tilla uzuk taqqan odamni birov «Chuvrindi» deb chaqirsa, kulgili holat yuz berardi.
    Chuvrindi bashang kiyingani bilan harakatida, qarashlarida, hol-ahvol so‘rashayotganidagi ovozida kibr sezilmadi. Uning bu qadar madaniyatli bo‘la olishini Zohid hatto o‘ylab ham ko‘rmagan edi.
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:02:34

    Ularning orasida — urinibroq qolgan yozuv stoli. Aslida, hayotning qitmirliklari oldida ojiz qolishmaganida ilm bobida bahs yuritishi mumkin bo‘lgan ikki odam prokuratura mahkamasida yuzma-yuz o‘tirar edi. Yuzasi issiq choynak izlaridan dog‘langan bu stol juda ko‘p odamni ko‘rgan, ammo ilm ko‘chasidan nari ketishga majbur bo‘lganlarning uchrashuviga endi guvoh bo‘lgandir. Ularning taqdirlarida yuzma-yuz kelish bor ekan. Ma’lum bir nuqtada ilm ko‘chasidan burilmaganlarida edi, ayni fursatda qaysi bir ilmiy kengashda davrning muhim ilmiy muammosi bo‘yicha bahs yuritgan bo‘larmi edilar. Zohid yarim yo‘lda boshqa ko‘chaga burildi. Chuvrindi hali ilm ko‘chasiga yaqin ham kelmagan edi. Katta shaharga o‘qirman, degan umidda keldi-yu, boshqacha «o‘qish»ga kirib qoldi. Bu «o‘qish»ni a’lo darajada ado etgani uchun «muallim»lari uni o‘z yonlarida olib qoldilar. Uning ziyrak aqli qachondir shu mahkamada so‘roqlarga javob berajagini bilardi. Shu sababli ostona hatlayotganida guvoh sifatida chaqirilganiga shukr qilib qo‘ydi.
— Yolg‘on guvohlik berish qonun bo‘yicha jazolanajagini eslatib qo‘ymoqchiman, — deb gap boshladi Zohid, rasmiy ohangda.
«Baland dorga osilmoqchiga o‘xshaydi-ku», deb o‘yladi Chuvrindi. U Zohidga bir oz tikilib turdi-da, kulimsiradi.
— Yolg‘ondan Xudoning o‘zi asrasin. Yolg‘on guvohlik berish uchun atay kelgan ahmoqqa o‘xshaymanmi?
— Bu yerga faqat ahmoqlar keladi deb o‘ylaysizmi?
Savolga savol bilan berilgan javob Chuvrindini ziyrak torttirdi. Garchi u ayni damda kibrdan uzoq bo‘lsa-da, Zohidni mensimay turgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:03:22

— Aytdim-qo‘ydim-da, — dedi u, hazil ohangiga ko‘chib.
— Rasmiyatchiligimiz shunaqa, uzr, — dedi Zohid, gap ohangida bir pog‘ona pastga tushib. So‘ng qog‘oz-qalam olib, rasmiyatchiligini davom ettirdi. — Ismi sharifingiz, tug‘ilgan yilingiz...
Chuvrindi aytib turdi, u yozdi. Rasmiyatchilik tugagach, asosiy maqsadga ko‘childi:
— Jamshid Sunnatullaev kimingiz bo‘ladi?
— Tanishimning o‘g‘li.
— Nima uchun siznikidan chiqarildi?
Chuvrindi «Bilmaysizmi? Ajab... Men esam Jamshidning uyiga borganingizdan xabardorman. Men bilan mushuk-sichqon o‘ynamang», deganday qarab turdi.
— Otasi ana ketaman, mana ketaman, deb yotibdi. Bilmay qo‘ya qolsin, dedim. Shum xabarni eshitsa, ajalidan oldinroq o‘lardi, shunday emasmi?
— Balki... Otasi bilan yaqin do‘st edingizmi?
— Yaqin desam ham bo‘ladi. Ammo do‘st emas edik. U kishining yoshlari ulug‘roq. Men kooperativ ochayotganimda yordam berganlar. Limonad tsexini birga ochganmiz, desam ham bo‘ladi. Vinzavodda qo‘li gul ustalardan bo‘lgan ekanlar.
Bu gapni eshitgan Zohid yozishdan to‘xtab, o‘ylanib qoldi. «Vinzavod? Qo‘li gul ekanmi?»
— Sexni qachon ochgansiz?
— Ikki-uch yil bo‘ldi. Hammasi qonuniy ravishda bo‘lgan.
«O‘gay onasi qamoqdan chiqarishga ham yordam bergan devdi. Qamoqdan chiqqaniga o‘n ikki yildan oshgan-ku?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:03:56

— Jamshidning otasi bilan ham o‘sha kezlari tanishganmisiz?
— Shunaqa shekilli, aniq esimda yo‘q.
— Xotirangiz... yaxshi emasmi?
— Xotiramdan nolimayman, ammo kim bilan qachon tanishganimni aniq eslab qolishim lozim, deb o‘ylamagan ekanman. Bugundan boshlab shu xatoni tuzataman. Bugun — uchinchi iyun, bir ming to‘qqiz yuz sakson to‘qqizinchi yil. Shanba. Soat, — u shunday deb, bilagidagi tilla soatga qarab oldi. — Soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Prokuror Zohid Sharipov bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Zohid istehzo bilan jilmayib qo‘ydi.
— Sizga yarashmas ekan.
— Nima yarashmas ekan?
— Maynavozchilik. Undan tashqari, xotirangizga o‘zgartish kiriting, Zohid Sharipov prokuror emas, prokuratura tergovchisi.
— Yaxshi, kompyuterga yozib qo‘yildi, — Chuvrindi shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga tiradi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon ko‘rgan edingiz?
— O‘limidan bir kun oldin.
— Yoqilgan murdaning Sunnatullaev ekaniga aniq ishonasizmi?
— Boshqa odam deb o‘ylaysizmi?
— Men hozircha hech nima deb o‘ylamayman. Murda Sunnatullaevniki ekanini qaerdan bildingiz?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:04:32

— Mashinasi turibdi-ku?
— Sizga kim xabar berdi?
— Bilmadim, uyga kimdir telefon qilibdi.
— Notanish odamning xabariga ishondingizmi?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Murdaning aftini tanib bo‘lmasdi. Jamshidning alohida belgilari bormidi?
— Qanaqa alohida belgilari?
— Masalan... bir oyog‘i kalta emasmidi?
— Cho‘loq, demoqchimisiz? Yo‘q, soppa-sog‘ edi... — Chuvrindi shunday javob berdi-yu, «nima balo, cho‘loq murdani topishgan ekanmi?» deb ichidan zil ketdi.
— Demak, uni bir kun oldin ko‘rgansiz.
— Ha, bir kun oldin ishda edi.
— Qaerda ishlardi, maktabdami?
— Maktabda nima qiladi? Menda, limonad tsexida ishlardi.
— Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, maktabda duradgor ekan?
— Bilmadim.  Balki  menga  kelgunicha  ishlagandir. — Chuvrindi shunday dedi-yu, ichida Kesakpolvonni so‘kdi: hamisha ishni chala qiladi.
— Sunnatullaev uylanganmidi?
— Yo‘q, ayollarga toqati yo‘q edi. Nima uchun qamalganini bilsangiz kerak. Menga bir yorilib, «tuhmatga qolganman» devdi. Ayollarga ishonmay qo‘ygandi.
— Otasi og‘ir yotibdi, deysiz. Tuzalib ketsa-chi? Sizdan xafa bo‘lmaydimi?
— Avval tuzalsin-chi? U tuzalishi mumkindir, ammo o‘g‘li tirilmaydi-ku? Yo tiriltirish qo‘lingizdan keladimi?

Qayd etilgan