Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264381 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:05:27

— Kelmaydi, ayniqsa yoqib yuborilgan murdani tiriltira olmaymiz. Jamshidda kimning xusumati bo‘lishi mumkin?
— Bilmayman, mo‘min bola edi. Birov bilan janjallashganini ko‘rmaganman.
— Qiziq... Murda yoqib yuborilgan... — Zohid «murdaning buyragi olingan» demoqchi bo‘ldi-yu, «hozir vaqti emas» degan qarorga kelib, o‘zini tutdi. Ikkilanganini bildirmaslik uchun gapini bir maromda davom etdi: — Mashinaga esa tegilmagan. Bu sizga g‘alati tuyulmayaptimi? Qotil nima uchun hech narsaga tegmadi ekan?
— Bu menga emas sizga g‘alati tuyulishi kerak. Siz mendan limonad nima uchun bemaza, deb so‘rang, nima kam solinganini aniqlab, aytib beray.
— Balki bu ajablanarli holni o‘ylab ko‘rgandirsiz, debman. Unda boshqa savolga javob bering: nima uchun murdani o‘likxonadan beruxsat oldinglar?
— O‘likni olishga ham ruxsat kerakmi? Bordik, so‘radik, berishdi, ko‘mdik. O‘lik «qachon meni ko‘misharkin, qachon ruxsat berisharkin», deb maxtal bo‘lib yotmaydi-ku? Murda qochib ham ketgani yo‘q, aniq bir joyda yotibdi, kerak bo‘lsa kavlab olaverasizlar, shunaqa odatlaring ham bor shekilli?
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri. Mana, o‘qib ko‘rib, imzo cheking, — dedi Zohid qog‘ozni uzatib, — agar lozim bo‘lib qolsa yana bezovta qilamiz. Xizmatchilik, qotilni topmagunimizcha tinchiy olmaymiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:06:18

— Qotilni topishga ishonasizmi? — dedi Chuvrindi qog‘ozga imzo cheka turib.
— Yuz foiz ishonaman, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Bu gapdan Chuvrindi miyig‘ida kulimsiragan bo‘lsa-da, Zohidning tik qarashiga bas kelolmay ko‘zlarini olib qochdi.
— Omadingizni bersin, — deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida Zohid to‘xtatdi:
— Ha, aytmoqchi, eksgumatsiya lozim bo‘lsa, sizni yana bezovta qilamiz.
— Tushunmadim?
— Eksgumatsiya... O‘zingiz aytdingiz-ku, murdani go‘rdan kavlab olish-da. Otasi yotgan bo‘lsa, yaqin kishisi sifatida siz qatnashishingiz kerak.
    Chuvrindi «chaqirsangiz qatnasharmiz» deb xonadan chiqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:09:04

VI  b o b

1

    Roviylar derlar: dunyoda sevintiruvchi biron narsa yo‘qki, ketidan xafa qilguvchi bir narsa kelmasa.
    Tog‘ qishlog‘ining etagidagi g‘aribgina uyda g‘aribgina kun ko‘ruvchi er-xotindangina iborat bu kichik oila boshiga tushgan tashvishlar hech kimning boshiga tushmasin. Ularning dardlarini bayon etmoqqa qalam ojiz. Bu dardlarni faqat tirnoqqa zor odamlargina his qila olishar. Yo‘q, bu er-xotinni Yaratgan farzanddan qismadi. Nikohlaridan bir yil o‘tar-o‘tmas o‘g‘il ko‘rdilar. G‘arib kulbalari sevinchga to‘ldi. So‘ng... sevinch ketidan g‘am kirib keldi. Bu hol oz emas, yana olti karra takrorlandi. Bolalari dam yoshga yetmay, dam endi tili chiqib shirin bo‘lgan mahalda ularni dog‘da qoldirib ketaverishdi. Oxir-oqibat homila nishona bergan damdan boshlab ham umid, ham qo‘rqinch bilan kutadigan bo‘lishdi. To‘rtinchi farzandni yerga qo‘ygach, irim qilib bir-birlarini «Turdi» deb chaqira boshlashdi. Yettinchisida Xudo marhamat qildi. Bir yil emas, roppa-rosa yigirma yil umr berdi. Kelin tushirdilar. Ular nabira ko‘rmoq umidida baxtiyorlik ichra cho‘mib yashay boshladilar. Yettinchi o‘g‘ilning umri ham omonat ekanini ular qaerdan bilishsin! Dunyo abadiy istiqomat joyi emas, balki o‘tkinchi o‘laroq qoluvchi bir kulba ekanini hamma ham vaqtida bilavermaydi. Yozda o‘g‘il xashak o‘rimiga ketdi-yu, izsiz yo‘qoldi. O‘g‘ilning na tirigi topildi, na o‘ligi. Kelin uylarida uzoq yashab qolmadi. Uyiga ketdi. Erining qaytishiga yoki topilishiga umid qilmadi. Kampir «kelinim sabr qilmagani uchun ham o‘g‘lim topilmadi», deb to so‘nggi nafasigacha uni aybladi. Uning nazarida kelin sabr bilan kutsa edi, Ollohga yig‘lab munojotlar qilsa edi, u qaytib kelardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:10:03

    Avval qishning sovuq nafasi sezildi. So‘ng tog‘larning, uning etagidagi qishloqlarning aybini berkitmoqchi bo‘lganday qor yog‘a boshladi. Birinchi qor ularning farzandlariday uzoq turmadi. Bir kunda erib ketdi. Ikkinchisi erinmay yog‘di. Yurganda to‘piqqacha botadigan bo‘ldi. Hali oltmishga bormagan, lekin ko‘rinishi kamida yetmish yoshli chollarga o‘xshab qolgan oila boshlig‘i o‘sha kuni tanchani ochib, ayvondagi joyini ichkari uyga ko‘chirdi. Kelini ketib qolganidan beri ikki-uch kunda bir qozon osishardi. Bugun tanchaga cho‘g‘ zarur bo‘lgani sababli o‘choqqa o‘t qalandi.
Ertalab, xo‘rozlar hali subh kirganidan darak bermay turib ularning qulog‘iga chaqaloq ovozi eshitilganday tuyuldi. Ikkovi ham shirin tush ko‘rganday bo‘ldi. Ovoz tinmadi. Er ko‘zini ochib, qaddini xiyol ko‘tardi.
— Turdi, eshityapsanmi? — dedi. — Chaqaloqning ovozimi yo shamol uvillayaptimi?
— Shamol shunaqa uvillaganmi hech qachon? Qarang-chi, balki mushukdir?
Er o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Dam o‘tmay eshikni zarb bilan ochib, qo‘lida ko‘rpachaga o‘ralgan chaqaloq bilan ichkari kirdi.
— Turdi, tura qol, tezroq. Birov chaqaloq tashlab ketibdi.
— Voy o‘layin, voy o‘layin, chaqaloqni ham tashlab ketadimi?
Xotin qora chiroqni yoqdi. Er ko‘rpachaga o‘ralgan bolani tancha ustiga yotqizdi. Big‘illab yig‘layotgan chaqaloq birdan jimib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:10:48

— Nima qildingiz? — dedi xotin qo‘rqib. Chiroqni erining qo‘liga tutqazib, ko‘rpachani ochdi. Chaqaloq munchoq kabi ko‘zlarini mo‘ltillatib unga qaradi. Xotinning nazarida jilmayib qo‘yganday ham bo‘ldi.
— Voy o‘layin, kimning bolasi ekan, a? O‘n kunlik ham emasdir?
— Kimnikiligini qo‘yaver, bizga tashlab ketishibdimi, demak, Xudo shuni iroda qilibdi. Qara-chi, qizmikin yo o‘g‘ilmikin?
— Avval pechkani yoqing. Men sizga kecha aytuvdim yoqing, deb. Tutunidan bezorman, deb o‘jarlik qildingiz.
Uy isidi, bolaning yo‘rgagi yechildi — o‘g‘il ekan.
— Turdi, hukumatga bildirib qo‘ysammi? — dedi er.
— Hukumatga bildirsangiz nima, bildirmadingiz nima? Bildirib turib bervorarmidingiz. Xudo bizga nasib qildi, dedingiz-ku?
    Kun yorishgach, er tashqariga chiqib qordagi izga ko‘zi tushganida yuragi bir narsani sezganday jiz etdi.
— Bir odamning izi qolibdi, — dedi uyga qaytib kirib. — Turdi, bu bola begona emasga o‘xshaydi. Yuragim sezyapti, o‘zimizning nabira bo‘lsa kerak-ov... Kelining yukli edi, bir marta xabar olmading.
— Unaqa demang, xabar olganman. Bir oy bor devdi. Bu emasdir?
— Men qudamnikiga borib kelay.
— Bolani sizlar tashlab keldilaringmi, deysizmi?
— Menda ham kalla bordir. Bunaqa demasman...

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:12:36

    U uyiga bo‘shashib qaytdi: kelini o‘n besh kun burun shaharga ketgan emish...
Bolaga Mahmud deb ism qo‘yishdi. Ikki uy naridagi hamsoyalarining kelini emizib turdi. Keyinroq echki sotib olishdi. Bola uch oyli bo‘lganida kelin shahardan qaytganini eshitib, er yana qudasinikiga bordi. «Qizingiz yukli edi, nima bo‘ldi?» deb so‘rab, «bola o‘lik tug‘ilibdi», degan javobni eshitdi. Eshitdi-yu, badaniga muz yugurib, taxta bo‘lib qotib qoldi. Tili gapga kelmadi. Ollohning har narsaga ko‘nikuvchi bu sodda bandasi «o‘lik tug‘ilgan bo‘lsa qaerga ko‘mdinglar, nima uchun bizga xabar qilmadinglar, tirikmi, o‘likmi, bolamizdan zurriyod edi, nima uchun shaharda tug‘di, nimadan uyaldi, bola valadi zino emas edi-ku?..» degan savollarni bermadi. Qudasining gapini og‘ir yukday ortmoqlab, uyiga shumshayib kirib bordi. Bu shum xabar xotinining jonini sug‘urib olganday bo‘ldi. Yaxshi hamki, yig‘i degan narsa bor, shu yig‘i bilan jonini qaytardi. So‘ng qiyomat qoyimni boshlamoq qasdida qudasinikiga otlandi. Er ostonaga turib olib, unga yo‘l bermadi. Chaqaloqqa termulib o‘tirib, tunni bedor o‘tkazishdi.
— Turdi, ularning gapiga ishonma, yolg‘on aytishdi,— dedi er. — Mahmud — bolamizning bolasi, aslida ismini Yodgorbek deb qo‘ysak bo‘larkan.
— Bir qarashdayoq ko‘nglim sezgan, begona emas, o‘zimizning nabiramiz. Siz laqmasiz, ularning gapiga ishonib o‘tiribsiz.
— Ishonmadim, Turdi, hech ishonmadim. Mahmudjonning chap kuragida dog‘ bor, esingdami, bolamizda ham bor edi.
— Burni ham xuddi o‘zi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:13:44

    Bola ulg‘aygani sayin uning yuzlarida, qiliqlarida, gaplarida, ovozida... otasiga o‘xshashlikni topaverishdi. Ayni chog‘da, kelinlarining, kelin-ku, yosh ko‘p narsaga aqli yetmaydi, qudalarining bu qiliqlariga tushunishmadi. «Ostonaga tashlab ketmay, «bola eson-omon tug‘ildi, endi o‘zingiz boqib olinglar, qizimizni bolasi bilan er olishi qiyin» desalar olam guliston edi-ku?..» deb o‘ylab, o‘ylariga yetisholmadi.
    Kunlar, oylar, yillar o‘taverdi. Bola ulg‘ayaverdi. Ota-onasini so‘raydigan bo‘ldi. Ular o‘g‘illarining tirik ekaniga, qachondir qaytib kelishiga ishonishardi. Hatto kelinlariga insof kirishiga, uning ham qaytishiga, bolasini bag‘riga bosishiga ishonch bor edi. «Dadang bilan ayang uzoqqa ketishgan, yaqinda kelishadi», deb bolani aldashar edi. Bir kuni er «Mardonqul shaharda keliningni ko‘ribdi, suyuqoyoq bo‘lib ketgan ekan, restoranda o‘z ko‘zi bilan ko‘ribdi, endi bolamga «onang o‘lgan», deb qo‘ya qolaylik», dedi. Fikr xotinga ham ma’qul bo‘ldi, ammo aytisholmadi.
    O‘n to‘rt yoshga qadam qo‘ygan yili kuz seryog‘in kelib, paxtani terib olish og‘irlashgani sababli quyiroq sinflarning o‘quvchilarini ham safarbar qilishdi. Ana shunda er-xotin xashak o‘rimiga ketib qaytmagan yolg‘iz o‘g‘illarini eslashdi. Ko‘ngillariga bezovtalik oraladi, so‘ngroq bu bezovtalik yurakdagi g‘am toshi bilan bostirildi. Avvaliga Mahmudjonni yubormaymiz, deyishdi. «Paxta siyosati nozik masala, bormasa bolang qamaladi», deb qo‘rqitishgach, noiloj qolishdi. Bolani ko‘z yoshi bilan kuzatishdi. Er ham yig‘ladi, xotin ham yig‘ladi — bolani so‘nggi marta ko‘rayotganlarini ko‘ngillari sezdi. Diydor qiyomatga qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:16:54

    Bolalarni cho‘ldagi bir bostirmaga joylashtirishdi. Ota-onalari bag‘ridan ilk daf’a uzoqlashgan bolalar sovuqda qunishib, bemaza ovqatdan ko‘ngillari aynib, tunlari bir-birlarining pinjiga kirib, tong ottirishardi. Terayotgan paxtalarining tayini bo‘lmasa ham bunda yashashga majbur edilar. Chunki yuqoriga boruvchi ma’lumotlarda falon bo‘limda qirq sakkizta norasida bor deyilmaydi. Bil’aks, «falon bo‘limda qirq sakkiz azamat ob-havo injiqliklarini mardonavor yengib, fidokorona mehnat qilmoqda» deb yoziladi. Qor aralash yomg‘ir tinishi bilan dalaga haydaluvchi bu «azamatlar» kuniga uch-to‘rt kilo emas, qog‘ozda oltmish-etmish kilo terayotganlarini bilmas edilar. «Yegan ovqatlaringga loyiq termayapsanlar!» degan minnatdan tezroq qutulib, uyga tezroq qaytish ilinjida shu bostirma ostida yashardilar.
    O‘n sakkizinchi kuni Mahmud lanj holda turdi. O‘ng biqinida og‘riq sezdi. Ko‘ngli aynib, qayt qildi. Nonushtada ishtahasi bo‘lmadi. Isitmasi ko‘tarildi. Sinf rahbariga ahvolini ma’lum qilgan edi, u: «Dalaga chiqsang, tuzalib ketasan, o‘g‘il bola chayir bo‘lishi kerak», dedi. U chayir bo‘lish uchun yana uch kun shu ahvolda yurdi. Biqinidagi og‘riq kuchaydi. Ovqat yemayotgani uchun holdan toydi. To‘rtinchi kuni saharda, hamma uxlab yotgan mahalda o‘rindan turdi-yu, katta ko‘cha sari yurdi. Yomg‘ir shivalab turgan edi: birpasda mushuk boladay ividi. Katta, og‘ir etigini sudrab biron mashina ko‘rinib olib ketarmikin, degan ilinjda yuraverdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:22:16

    Nihoyat, mashina chirog‘i ko‘rindi. Mashinaga qo‘l ko‘targani esida, chiroq nuridan ko‘zlari qamashgani, boshi aylangani ham esida, qolgani yodida yo‘q.
    Mashinadagilar bolani ko‘rishgan, ammo to‘xtash niyatlari yo‘q edi. Haydovchi yonida o‘tirgan odam birdan baqirib yubordi:
— To‘xta! Nima balo, turtib yubordingmi?!
— Yo‘g‘-e, — dedi haydovchi tormozni bosib, — chetda turuvdi-ku?
— Yiqildi bola.
Ular tushib, behush yotgan Mahmudni mashinaga olishdi. Yo‘lni o‘zgartirib, kasalxona tomon yurishdi.
    Mahmudning jigari shishib ketgan edi. Tabiblar avvaliga «tuzalishiga umid yo‘q», degan to‘xtamga kelishdi. Agar uyiga yaqin yerda bo‘lganida shunday deb ota-onasini chaqirib berib yuborishardi. Mahmudning baxtiga uylari yuz chaqirimning nari-berisida edi. Buning ustiga u «paxtadan qochganim uchun qamab qo‘yishmasin», deb qo‘rqib, kimligini, qaerda yashashini noto‘g‘ri aytgan edi.
    Sinf rahbari Ehsonov uyiga qochib ketdi, deb xotirjam, buvasi, buvisi esa «bolam paxtada» deb o‘ylashardi. Shu bois uni qidirish hech kimning xayoliga kelmas edi.
    Bu orada, hech kutilmaganda, butun g‘am-alamlarni birga baham ko‘rgan, bir-biriga suyanib yashayotgan er-xotin oldinma-keyin boqiy dunyoga rixlat qildilar. Ajablanarlisi shuki, kasal bo‘lib yotmadilar. Avval Er ketdi. Tungi uyqusi abadiy uyquning debochasi ekanini bilmay ketdi. Kechqurun yotdi-yu, tongda uyg‘onmadi. Erning yettisi kuni aytib yig‘layotgan Xotinning nafasi qaytdi, behush yiqildi. Bir soatcha alahsirab yotib, joni uzildi. Hirqirab yotgan holida «bolam!» dedi-yu, tilini tishladi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:26:13

    Xuddi o‘sha kuni Mahmudning sog‘aya boshlaganini bilib, tabiblar ajablanishdi. Davolayotgan tabibni tabriklashdi. «Buni dissertatsiya qilish kerak», deb maslahat berishdi.
    Yaxshiki, maktab bolalarining baxtiga yil o‘ttiz birinchi dekabrda yakunlanadi. Agar yil dekabrda emas, o‘ttiz birinchi yanvarda oxirlasami, ular yana bir oy qor bosgan dalada shumtirab yurar edilar. Qo‘llari, yuzlari yorilgan bolalar o‘ttizinchi dekabrda uylariga qaytdilar. Ana shundagina Mahmudning yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, qidir-qidir boshlandi.
    Sinf rahbari topib kelganida Mahmud ancha sog‘aygan, oyoqqa turib qolgan edi. Sinf rahbari bu bevosh bolani urishdi, so‘kdi, gina qildi, oxiri buvisi bilan buvasidan ajrab qolganini ma’lum qilib, iziga qaytdi.
    Sinf rahbari o‘quvchisining sog‘-salomat ekanini bilib, ko‘ngli tinchidi. Shum xabarni aytib, o‘z yelkasidagi tashvish tog‘ini murg‘ak vujudga, murg‘ak yurakka ag‘darib ketdi. Ajdodlarimiz falakning aylanishiga qarab, o‘n ikki muchalni belgilab, har muchalga jonivorlar nomini berganlar. Deydilarki, kim qaysi muchalda tavallud topsa fe’li o‘sha jonivorga o‘xshab ketadi. Agar shu rost bo‘lsa, yana bir — o‘n uchinchi muchal joriy etilib, befarosatlarni shunga jamlamoq va bu muchalga eshakning nomini bermoq durust bo‘larmi edi. Agar shunday qilinsa, sinf rahbari shubhasiz eshak yilida tug‘ilgan bo‘lar edi.
    Shum xabarni eshitganidan so‘ng Mahmud ikki kungacha o‘ziga kelolmay yurdi. Uchinchi kuni shomdan so‘ng oyoqlari uni beixtiyor kasalxona yaqinidagi temir yo‘l sari boshladi. Buvasi va buvisi qabrini, qishloqni, uyni ziyorat qilish degan tushuncha hali unda yo‘q edi. U faqat bir narsani — yolg‘iz qolganini his etardi. Yolg‘izlik chorasini shahardan izlamoqchi bo‘lgan edi. Balki onamni toparman, balki otam ham shahardadir, degan umid uni kasalxonadan yetaklab chiqdi. Uning nazarida shahar — ma’murlik qasri edi. Barcha mehribon, saxovatli odamlar, donolar shaharga to‘plangan, deb hisoblardi.

Qayd etilgan