Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264420 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:28:41

    Vagon og‘asi «onasini izlab ketayotgan» kasalxona kiyimidagi bolaga rahm qilib, tushirib yubormadi. Aksincha, bo‘lmasiga olib kirib, choy-non bilan siylagach, boladagi «hamma yaxshi odamlar shaharda» degan fikr qat’iylashdi. Ammo shohbekatda unga birov qaramadi, e’tibor ham bermadi. Nima qilishni, qaerga borishni bilmay, kun bo‘yi shu bino ichida sanqib yurdi. Bir-ikki tashqariga chiqdi, kasalxonaning yupun kiyimida sovqotib, tez iziga qaytdi. Qorni ochdi. Kasalxonada qog‘ozga o‘rab olgan ikki burda nonni yedi. Qorong‘i tushganida sillasi qurib, o‘rindiqqa cho‘zildi.
    Haydar (unda «Kesakpolvon» «unvoni»ga musharraf bo‘lmagan edi) o‘sha kech «ov»da edi. Kasalxona kiyimida g‘ujanak bo‘lib yotgan bolaga avval e’tibor bermadi. O‘lja qidirib bir oz aylangach, bolani turtib uyg‘otayotgan militsionerga ko‘zi tushdi. Bolani bu yerga daydib kelib qolganini darrov sezib, uni qutqarmoqchi bo‘ldi. Tez-tez yurib yaqinlashdi-da, qaddini ko‘tarayotgan Mahmudni yelkasidan quchdi.
— Kalla pishdimi, bratishka, — dedi xuddi yaqin odamini suygandek, so‘ng militsionerga qaradi: — Bu mening ukam, tobi yo‘q, shahardagi do‘xtirga ko‘rsatgani olib kelganman.
    Militsioner Haydarni tanirdi, shu bois uning gapiga «ishonib» nari ketdi.
Haydar bolaning yuziga qarab, keyin peshonasiga kaftini bosdi.
— Isitma bor-ku, qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi uka, — dedi.
Mahmud aytdi.
— Yur, do‘xtirga olib boraman, — dedi Haydar.
«Shaharda yaxshi odamlar ko‘p», deb o‘yladi Mahmud.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:33:20

    Haydarning yoshi katta bo‘lgani bilan novcha, xipchinday qiltiriq Mahmud bilan bo‘yi qariyb baravar edi. Mahmud boshi aylanib yurolmagani uchun uni opichib oldi. Uzun bolani opichib yurish tashqaridan qaragan odamga kulgili tuyular edi.
    Shu-shu ularning taqdirlari bog‘landi. Avval Asadbeknikida yashadi, so‘ng, Asadbek uylangach, Haydar bilan birga turdi. Asadbek qimordan ko‘ra o‘g‘irlik durust, deb hisoblagani uchun Haydar bilan ishladi. Asadbek uni qimorga yaqin yo‘latmadi.
    Ishlar yurishib, bel baquvvatlashgach, uy-joy qildi, uylandi. Onasini ham topdi...
Aniqrog‘i, so‘rab-surishtirib, Haydar topdi. Bir kuni Asadbekka:
— Onasini topdim, ammo shalag‘i chiqib ketibdi, — dedi.
— Ko‘rsatib qo‘y, umidvor bo‘lib yurmasin, — dedi Asadbek.
— Ko‘nglini cho‘ktirib nima qilamiz?
— Ko‘rsin, hayotning qanaqaligini bilsin.
    Haydar Asadbek amrini bajardi. Mahmud onasini sharmandali holda ko‘rdi. Avvaliga ishonmadi. Haydarning dalillari ham kor kilmadi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga borib kelganidan so‘nggina ishondi.
Ishondi-yu, yana bir o‘lib tirildi. Kasalxonada bir o‘lib tirilgan edi, bu safar o‘ldi-yu, boshqa odam bo‘lib tirildi. Dunyo ko‘zlariga jirkanch holda, sassiq balchiq holida ko‘rinib, hamma narsadan nafratlana boshladi. Hatto yaqinlari bo‘lib qolgan Haydar bilan Asadbekdan ham nafratlandi. Onasini bu holda ko‘rsatgani uchun Haydarga nisbatan bo‘lgan nafrati to hanuz so‘nmagan, bu nafrat vujudining allaqaerida uyg‘onmoq uchun xuddi buyrakdagi toshday fursat poylab yotardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:37:32

2

    Prokuratura mahkamasidan chiqqan Chuvrindining ko‘ngli xira edi. U paxtadan qochgan kezlari hayotida ilk marta qamalib qolishdan qo‘rqqan edi. Sinf rahbarining qamoqdagi dahshatlar xususida gapirganlari hamon esida. U damda bu gaplarning aksari lof ekanini bolalar bilishmas edi. O‘qituvchiga ishonishardi, ko‘rqishardi. Birinchi marta Haydarga qo‘shilib o‘g‘irlik qilganida yana qo‘rqdi. Besh-o‘n kun eshik tiq etsa ham militsioner kirib kelayotganday cho‘chib tushaverdi. Keyinchalik bu qo‘rquv ancha chekindi, ammo uni butunlay tark etmadi. Uni hamisha aql bilan ish ko‘rishga majbur etuvchi his ham ana shu qo‘rquv edi.
    Roviylar derlarki, bu aldoqchi hayot kishi bilmasdan yeb-ichib qo‘yadigan zaharga o‘xshar. Kishi zahar borligidan bexabar holda uni ishtaha bilan yer va bilmaski, unda o‘z o‘limi yashirindir. Chuvrindi yeyayotgani asta-sekin ta’sir etuvchi zahar ekanini aniq bilmasa-da, baxtiyorlik ichra yashay turib baxtsizlikka uchramoqdan qo‘rqmoq lozimligini sezib turardi. Omadning fohisha xotin kabi ekanligi, bugun senga kulib tursa, ertaga boshqaga iljayib qarajagi ham unga ayon edi.
    Bugungi tashrif uning uchun aytarli jiddiy ahamiyat kasb etmasa-da, ko‘nglini xira qildi. Bunaqa mahkamalarga hatto shunchaki salomlashib chiqish uchun ham kirgisi yo‘q edi. Zohidning chaqiruv qog‘ozini yirtib tashlab, bu idoradagi tanishlariga sim qoqib qo‘yishi ham mumkin edi. Avvalo ish chuvalashmasin, dedi. O‘jar, haqiqatparast deb ta’riflanayotgan Zohidda shubha uyg‘otishni istamadi. Qolaversa, ruhidagi nafsni o‘ldira olgan tergovchini yaqindan bir ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:39:30

    Asadbek hech yolg‘iz yurmasdi. Bu tabiiy hol. Katta odamning tashvishi ham katta bo‘ladi, atrofidagi xavfi ham. Kesakpolvon atrofidagilarga qadrini namoyish etish uchun, og‘aynisiga taqlid qilib, u ham doimo bir-ikki yigit bilan birga bo‘lardi. Bu guruhda faqat Chuvrindigina yolg‘iz yurardi.   U birovga taqlid qilishni xushlamas edi, qolaversa, gavdasiga, kuchiga ishonardi.
    Shahar markazidagi uch qavatli bino yerto‘lasiga joylashgan qarorgohiga ketaturib mashinasini ko‘p qavatli imoratlar orqasida qolib ketgan mahalla sari burdi. Mahallaga urushdan ilgari asos solingani uchun imoratlari unchalik hashamatli emasdi. U mashinasini suvoqlari ko‘chib tusha boshlagan uy qarshisida to‘xtatdi. Bu uy bir vaqtlar Asadbeklarning makoni edi. Uy egasi bir kechada uyni ham, xotinni ham Asadbekka boy berib, alamiga chiday olmasdan o‘zini osib qo‘ygan edi. Asadbek u bilan qalin do‘st bo‘lmasa-da, o‘zaro yaqinliklari bor edi. Shu sababli uning o‘limidan ham iztirob chekdi, ham jahli chiqdi.
— Ering ahmoq ekan, — dedi ma’rakalari o‘tganidan so‘ng. — Uy ham, xotin ham topiladigan narsa, jon topilmaydi. Kecha yutqizgan bo‘lsa, bugun yutardi. Men unga uyni bo‘shat, xotiningni ber, deb qistalang qilmovdim. Hozir ham bunday demayman. Uy o‘zingga buyursin. Xohlasang erga teg. Faqat eringni qimorga yaqinlashtirma.
    Ayol nima uchundir erga tegmadi, Asadbeklar davrasidan uzoqlashishni istamadi. Dam-badam shu uyda qimorbozlar yig‘iladigan bo‘lishdi. Xotin ularning xizmatini o‘rniga qo‘yib yuraverdi. Umri shu zaylda o‘tib, oltmishni qoralaganda yolg‘izligini his qila boshladi. Bu orada Chuvrindining onasi ham chiroyini, yoshligini boy bera bordi. Bozori chaqqon xonimning ishlari orqaga keta boshladi. Mayxo‘rlik uni odam kepatasidan chiqarib tashladi. Hali u yerda, hali bu yerda xor holida yotib yurganida Chuvrindi uni shu uyga olib keldi. Uy bekasidan «ko‘z-quloq bo‘lib turing» deb iltimos qildi. Chuvrindi uni ona sifatida qadrlamasa ham, odam sifatida rahmi kelardi. Ko‘cha-ko‘yda o‘lib-netib qolmasin, deb xavotirlanardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:42:49

    U hovliga kirishi bilan ayvon poydevoriga suyanganicha boshini osiltirib uxlab o‘tirgan onasini ko‘rdi. U axlatxonada ag‘anab yotganmi ko‘ylagiga qarab bo‘lmaydi, sochlari to‘zib ketgan... So‘lagi oqib o‘tirgan onasini ko‘rib, ijirg‘andi. Shu xotin endi ellik yoshdan oshdi, desa birov ishonmas edi. Ayvonda uy bekasi ko‘rinib, salomlashgach, izoh berdi:
— Ikki kun ko‘rinmay ketdi. Tilanchilik qilib pul topganmi, bilmayman.
Chuvrindi yonidan pul chiqarib, unga uzatdi:
— Qancha ichsa, shu yerda ichsin, ko‘chaga chiqarmang.
— Sheriklari bilan ichmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi-da. Anavi kuni uchtasini boshlab kelibdi. Xafa bo‘lmang-u, kiritmadim. Qo‘ni-qo‘shnilardan uyalaman-da.
— To‘g‘ri qilibsiz, — Chuvrindi shunday deb, onasiga yana bir qarab oldi. — Telefon qilaman, hali olib ketishadi.
— Qayoqqa?
— Dispanserga.
— Davolab bo‘larmikin buni?
— Davolab bo‘lmasa ham o‘sha yerda yotsin.
Chuvrindi shunday deb chiqib ketdi.
    Uch qavatli bino yerto‘lasida uni Bo‘tqa odatdagidek jilmaygan holda kutib olib, «shu yerdalar» deganday im qoqib qo‘ydi.
Kesakpolvon bilan gaplashib o‘tirgan Asadbek o‘tirgan yerida qo‘l uzatib, ko‘rishdi.
— Zaynab tuzukmi? — deb so‘radi Chuvrindi, uning qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirib.
— Yangang yonida qolgan. Telefon qilsam tuzuk, deyapti. Do‘xtirga yaxshilab tayinladingmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:43:33

— O‘zimizning odam. Tuzalgunicha yonidan jilmaydi.
— Prokuror nimaga chaqiribdi?
— U-buni surishtirdi... Jamshid masalasida.
— Kavlayaptimi?
— Ha, endi bir urinib ko‘radi-da.
— Haydar, kavkazliklaringni ro‘para qilmoqchi eding-ku?
— Ular tayyor, prokuror ozgina kavlashtirsin, birdan ro‘para qilsak, xitlashadi. Kecha sho‘pirni iziga tushishdi. Sho‘pir bugun Uchariqdan kelsa, tappa bosishadi. U og‘zidan gullaydi. Hammasini pishitib qo‘yganman. Osh tayyor, o‘zi suzib oladi.
— Kallangni ishlat, osh tagiga olmasin.
Kesakpolvon «bir-ikki marta tagiga oldirganmidim?» demoqchi bo‘ldi-yu, Asadbekning kayfiyati yomon ekanini eslab, indamay qo‘ya qoldi.
— Bek aka, zavoddagi yigitlar xunuk xabar yetkazishdi, — dedi Chuvrindi.
— Yana nima bo‘libdi?
— Sharif qurug‘idan tortayotgan1 emish.
Bu gapni eshitib, Asadbek Kesakpolvonga qaradi.
— Nimaga menga qarayapsan, men o‘rgatibmanmi?
— Yigitlarning gapiga qaraganda, siz qo‘ygan jonon bilan tortarkan, — dedi Chuvrindi.
— Bo‘lmagan gap! U chekmaydi. Ninadan olishi to‘g‘ri, lekin qurug‘idan tortmaydi.
— Mahmud, jonon buniki bo‘lsa ham senga bir ish bor: agar o‘sha o‘rgatgan bo‘lsa, chotini yirib, oyog‘idan daraxtga osib qo‘y. Sharifni do‘xtirga ro‘para qil, tuzatsin.
— Bormayman, desa-chi?
— Borgisi kelmasa, o‘lasi qilib kaltakla. Qon chiqmaydigan joyiga ur. Kaltakdan qo‘rqadi u xunasa.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:45:33

— Qilichning o‘zi durust edi, buni bekorga taltaytirding. Foydasi tegadigan olim, deb yelkangga chiqarib olding. Ana endi o‘zi boshingga o‘tirib olib ko‘llatib yotibdi.
— O‘chir, aqling yetmagan ishlarga aralashma. U bugun bo‘lmasa, ertaga kerak bo‘ladi bizga. Mahmud, do‘xtirdan so‘ra, necha kunda tuzatarkin, shunga qarab, Portugaliyaga borishini hal qil.
Azaldan shu: Asadbek bir ishni amalga oshirmoqchi bo‘lganida Kesakpolvon tushunibmi, tushunmaymi, fikr bildirsa, «aqling yetmagan ishga aralashma», deb shart kesadi. Boshqa odamga bu haqoratday yoki kamsitishday tuyulishi mumkin. Kesakpolvon esa bunaqa jerkishu, so‘kishu, la’natlashlarga ko‘nikib ketgan. Og‘aynisining so‘kkani so‘k oshi, urgani un oshi, deyish noo‘rin, chunki Asadbek unga hech qachon qo‘l ko‘tarmagan. Chuvrindini yoshlikdagi xatolari uchun bir-ikki urgan, ammo Kesakpolvonni chertib ham qo‘ymagan.
    Asadbekning hozirgi jerkib baqirishi sahrodagi qumga singgan tomchiday beta’sir bo‘ldi — oraga noqulaylik cho‘kmadi.
— Jamshidning o‘rniga kimni berasan? — dedi Asadbek Kesakpolvondan.
— Chaqiraymi, shu yerda, — Kesakpolvon shunday deb o‘rnidan turdi. Eshikka yaqinlashib, qiya ochdi-da, Bo‘tqaga imladi.
     Xonaga qoruvli, mushaklari o‘ynab turgan, qalin qoshlari tutash bir yigit kirdi. Saqich chaynab turgan bu yigitning turqi Asadbekka yoqmadi.
— Kavsh qaytarma, bu yer senga molxona emas! — dedi jerkib.
Yigit saqich chaynashini to‘xtatib, ko‘zini lo‘q qilganicha turaverdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:49:57

— Tashqaridagi akang bilan solishsang eplaysanmi? — deb so‘radi Chuvrindi Bo‘tqaga ishora qilib.
— Menga cho‘t emas.
— Shunaqasidan ikkita bo‘lsa-chi?
— Eplashtiraman.
— Nimaga ishonib aytyapsan bu gaplarni?
— O‘zimga ishonaman.
— Hozir chiqib o‘shani majaqlab tashla, desam bajarasanmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Majaqla desangiz, majaqlayman, — dedi yigit o‘ylab ham o‘tirmay.
Jamshid bilan dastlabki uchrashuvda ham shunday savol berishgandi. U savolga sukut bilan javob qilgan edi.
— O‘ldir, desam-chi?
— O‘ldirish kerak bo‘lsa, o‘ladi.
— Keyin-chi?
— Keyin... siz nima desangiz shu.
Asadbek o‘rnidan turdi. Yigit bez bo‘lib qotib turaverdi. Asadbek xuddi tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo yigitning yonidan o‘tayotganida keskin burildi-da, uning jag‘iga musht tushirdi. Zarbani kutmagan yigit chayqalib ketdi. Nima voqea yuz berganini tushunib yetmasidan qornidan tepki yeb bukchaydi, bukchaydi-yu, gardanidan musht yeb yiqildi.
— Bir qop go‘sht-ku, buning, — dedi Asadbek joyiga o‘tirib. Shu damda yana Jamshidni esladi. Jamshid ham shunday sinalgan, ammo ziyraklik qilib mushtga chap bergan edi.
— Men seni erkak deb yursam, hebbim ekansan-ku, — dedi Kesakpolvon yigitga. — Yana Bo‘tqadan ikkitasini yopishtiraman, deb kerilasan-a?! Bo‘tqa sendaqadan o‘ntasini sixga terib qo‘yadi. Nafas olib, chiqarishga ulgurmay qolasan. Tur o‘rningdan, tuqqan xotinga o‘xshab yalpaymay, tur!

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:51:38

— Bek akamga qo‘l ko‘tarolmayman-ku, — dedi yigit o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
— Qo‘l ko‘tarib ham ko‘r-chi! — dedi Kesakpolvon.— Men senga qo‘l ko‘tar, demadim, hech bo‘lmasa o‘zingni himoya qilmaysanmi?
— Aytmagandingiz-ku?
— O‘zingni himoya qilishingni ham birov aytib turishi kerakmi? — dedi Chuvrindi.
— Bor, ishingni qilaver.
Yigit chiqishi bilan Asadbek Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi.
— Zo‘ri shu edi. Hali yosh, o‘rganib ketadi. Bilib turibman, sen Jamshidga o‘xshaganini xohlayapsan. Yigitlar orasida unaqasi yo‘q boshqa.
— Jamshidni gapirma! — deb baqirdi Asadbek.
Jamshidni ko‘mib kelishganidan beri, ayniqsa qizi Zaynab o‘zini osib qo‘yganidan beri Asadbek yursa ham, tursa ham sodiq yigitini o‘ylardi. Ko‘zini yumdi degunicha, jingalak sochli Jamshid ko‘rinaverardi. Bu holni u o‘tkinchi deb o‘ylardi. Keyingi kunlar ichi Jamshidni o‘limga hukm qilganidan o‘kina boshlagan ham edi. Boshqa odam tomonidan bu ismning tilga olinishi yuragini jizillatib kuydirib turgan cho‘g‘ ustiga sepilgan moy kabi edi.
— Mening oldimda uni eslay ko‘rma!
Ayonlar uning ruhidagi o‘zgarishdan bexabar, hali ham g‘azabdan tushmabdi, deb o‘ylashdi. Shu payt eshik ochildi-da, Bo‘tqa Chuvrindini imlab, «telefonga» deb qo‘ydi.
— Kim ekan, shu xonaga ulavermaysanmi?
Bo‘tqa sirli ravishda bosh chayqab qo‘ygach, Chuvrindi ajablanib, o‘rnidan turdi. Ostona hatlashi bilan Bo‘tqa sekin shipshidi;

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 11:56:03

— Do‘xtir chaqiryapti. Bek akamdan yashiradigan gapi bor, shekilli?
Chuvrindining nazarida tabibning ovozi titrayotganday bo‘ldi, shu sababli xavotirlanib:
— Zaynab sog‘mi? — deb so‘radi.
— Zaynab-ku sog‘... — dedi tabib mujmal ohangda.— Bolasi tushdi. Shuni Bek akamga o‘zingiz yotig‘i bilan aytasizmi?
— Yangam qaerdalar?
— Qizlarining yonida yig‘lab o‘tiribdilar. Eng muhimi, Zaynab omon qoldi. Xavotir olmanglar, o‘n-o‘n besh kunda oyoqqa turib ketadi. Keyserovo qilamizmi, deb cho‘chib turuvdik, bu yog‘ini Xudoning o‘zi yengillashtirdi.
     Chuvrindi «xayr» deb go‘shakni joyiga qo‘ygach, bir oz o‘ylanib turdi. Tabib o‘zining zimmasidagi og‘ir vazifani uning yelkasiga ag‘dargan edi. U xonaga qaytganida Asadbek ham, Kesakpolvon ham jim o‘tirgan edi.
— Nima gap? — dedi Asadbek Chuvrindining bo‘shashibroq turganini sezib.
— Kasalxonada ekan... Zaynabning sog‘lig‘i yaxshi. Faqat... bolasi tushibdi.
— Nega tushadi? — dedi Kesakpolvon. — Nega yaxshiroq qaramadilaring, demadingmi?
Chuvrindi «nima deyapsiz, esingiz joyidami?» deganday im qoqdi. Asadbek Kesakpolvonga «jim bo‘l» deb qo‘ydi-da, xayolini bir yerga jamlash uchun barmoqlariga tikildi.
    Qizining yukli ekanini bilganidan beri dam-badam tug‘ilajak nabirasini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘lardi. Shirindan-shirin chaqaloq tushlariga kirardi. «Tushimda yana chaqaloq ko‘rdim», deb suyunganida xotini Manzura labini tishlab bosh chayqab qo‘yar-    di-yu, ta’birini aytmasdi. Ta’biri... demak, shu ekan-da? Asadbek o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. Bir-ikki odim bosgach to‘xtab, Chuvrindiga qaradi.

Qayd etilgan