Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264444 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:24:24

    Asadbek hech ikkilanmasdan «Roziman» deyishga tayyor edi. Aytishga og‘iz juftladi ham, ammo ana shu oddiygina so‘z tilidan uchishga qiynaldi. Nazarida shu so‘zni aytishi bilan, yuzidan nur yog‘ilib turgan bu odam jon beradiganday edi.
— Bek aka, o‘ylanib qoldingiz, rozi emasmisiz?
Xavotirli bu savoldan so‘ng so‘z beixtiyor uchdi:
— Roziman, Qorijon, roziman. Sizdan xafa emasman. To‘g‘ri, o‘shanda sal jahlim chiqqan, shuning uchun sizga qattiq gapirib yuborganman. Lekin ko‘nglimda kir saqlab qolmaganman.
— Qattiq gaplaringizdan men ham xafa emasman. Sizdan roziman,— Sobitxon shunday deb chuqur nafas oldi.— Ollohning qudratini qarang, vujudim birdan yengillashdi. Biz g‘ofil bandalarmiz-da. Birimiz bu dunyoni sevib yashaymiz. Birimiz jirkanib yashaymiz. Men Olloh bergan shu bir tutam umrimda dunyodan jirkanib yashadim, shunisiga quvonaman.
— Jirkanib? — Asadbek Sobitxonning gapiga tushunmadi.— Nimaga jirkanib yashaysiz?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:24:55

— Gapimni boshqacharoq angladingiz chog‘i? Bu dunyoni sevmoq — oxiratni unutmoq degani. Bu dunyo hayoti, hoyu havaslar bir soya kabidir. Bilasiz, soya birdaniga g‘oyib bo‘lib, kishini g‘aflatda qoldiradi. Hazrat Ali, raziyallahu anhu, der ekanlarki, dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni bir vaqtda nikohida bo‘lgan ikki xotin kabidur, biri mamnun bo‘lsa, ikkinchisi kuyaveradi. Bir kuni Muoviyaning, Olloh undan rozi bo‘lsin, huzuriga ikki yuz yil umr ko‘rgan bir odam kelibdi. Muoviya «Shuncha yil yashabsan, dunyo hayoti nazaringda qanday ko‘rindi?» deb so‘raganida u kishi «Baloli yillar, farovon yillar... Kun o‘tadi, tun o‘tadi. Tuqqan tug‘adi, o‘lgan o‘ladi. Tuqqan tug‘masaydi — mavjudot tugardi. O‘lgan o‘lmasaydi — yer yuzi undagilarga tor bo‘lib qolardi», debdi. Muoviya «Tila tilagingni», debdi. U kishi «O‘tgan umrimni orqaga qaytar yoki yaqinlashib kelayotgan ajalimni daf et!» deb so‘rabdi. Muoviya «Mening bunga qudratim yetmaydir», debdi. Shunda u kishi «Unday bo‘lsa mening sendan tilagim yo‘q», degan ekan.* Ana shunaqa...— Sobitxon shunday deb tin oldi. Badanida og‘riq qo‘zg‘oldimi, ko‘zlarini yumdi. Bir necha nafasdan so‘ng ko‘zlarini ochib, Asadbekka qaradi.— Shunaqa, Bek aka. Umr iziga qaytmaydi, ajalni ham daf etib bo‘lmaydi. Chaqaloqligimizda quloq ostida chaqirilgan azon tovushi bilan o‘qilajak janoza namozi orasida bir tutamgina umrimiz bor. Ya ayyuhannasu inna va’dallohi haqqun fala tag‘rurrannakum-ulhayatud-dunya va la yag‘urranakum billohim-g‘urur*. Qarang, Bek aka, «Sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin», deb kim aytyapti? Dunyoni yaratgan aytyapti. Dunyo hayotini uni yaratgandan ham yaxshiroq biluvchi boshqa zot bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q... Zinhor yo‘q,— Sobitxon yana bir oz ko‘zini yumib, so‘ng ochdi.— Yaxshilab o‘ylab qaralsa, bu dunyo hayotidan tubanroq narsa yo‘q. Dunyoni yiqilishga yuz tutgan devorga ham o‘xshatishadi. Devorning yiqilajagini bilgan holda unga suyanamiz, a? Dunyo hayotini sirpanchiqqa ham o‘xshatadi. Bu sirpanchiqda hech kimning oyog‘i sobit turolmaydi... sirpanib yashaymiz... Keyin esa... so‘nggi ziyoratgohga qarab jo‘naymiz. So‘nggi ziyoratgohimiz — qabr. Bu ziyoratgohni hech eslamaymiz, eslagimiz ham kelmaydi. Ajalni unutishda bir-birimizni ortda qoldirib ketganmiz. Ajal yoshga qaramaydi: yosh ekan, yana picha yashasin, demaydi. Amalga ham qaramaydi: amaldor ekan, tegmay turaylik, picha ayshini sursin, demaydi. Boyligiga ham qaramaydi: to‘plagan shuncha boyligini tashlab ketaveradimi, to‘xta, boyligini sarflab olsin, demaydi. Vaqti-soati yetdimi, tamom. Avval «falonchi kasal ekan», deyishadi. Keyin «dardi og‘irlashibdi», deydilar. So‘ng «vasiyat qilganmish, rozi-rizolik tilaganmish, deydilar. Nihoyat, «omonatini topshiribdi, Xudo rahmat qilsin», deb duo qiladilar. So‘nggi duo shunday bo‘lsa Yaratganga shukrlar qilamiz-a. «Ie, o‘sha o‘libdimi, yaxshi bo‘libdi, qutulibmiz», deyishlikdan O‘zi asrasin. Xullas, keyin yog‘och otga mindiradilar. Qabrga eltadilar. Ko‘madilar. Kim oh deydi, kim dod deydi, kim jimgina xo‘rsinadi. O‘sha falonchi esa boshini guvalaga qo‘yib jimgina yotaveradi, umr bo‘yi to‘plagan boyligi esa bu dunyoda qolaveradi. Boyning boshiga par yostiq, kambag‘alnikiga tosh qo‘yilganini hech eshitganmisiz? Boylikni olib ketish imkoni bo‘lganida edi Olloh taborak va taolo bandalariga murojaat qilib, «dunyoga aldanmanglar», demas edi. Mayyitni qo‘yib, jamoat tarqalgach, Munkar va Nakir so‘roqni boshlaydi. Kambag‘al yotgan lahadga gurzini ko‘tarib bostirib kirib, amaldordan «kechirasiz, vaqtingiz bormi, bugun qabul qila olasizmi?» deb so‘rab o‘tirmaydi. Barchaning qismati bir... Ana shunaqa... — Sobitxon gapirib charchadi. Chuqur-chuqur nafas oldi. — Bek aka, yana «menga aql o‘rgatyapti», demang. Xayolimga to‘satdan kelib qolgan gaplarni aytdim. Bek akam kelib qolsalar aytarman, deb atayin tayyorlamovdim bu gaplarni. Ahli muslimning vazifasi bir-biriga da’vat qilish. Siz masjid qurdiryapsiz. Men o‘shanda noo‘rin gap aytib edim. Topgan pulingizning harom-hallolligini ajrim qilish huquqi menga berilmagan. Bu Ollohning o‘zigina biladurgan narsa. Qanday topishingizdan qat’iy nazar, uni foydali ishga sarfladingiz, buni inkor etib bo‘lmas. Siz bu pullarni fahsh ishlarga sarflab yuborsangiz ham bo‘lardi. Olloh dilingiz qulfini o‘zi ochsin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:25:13

«Aytadiganini aytib olsin», deb jimgina tinglayotgan Asadbekka bu gap malol keldi:
— Dilingiz qulfini? Dilim qulflog‘lik ekanmi?
— Achchig‘ingiz chiqmasin, Bek aka. Zinoni, zulmni, harom ishlarni tark etmagan odam chin muslim bo‘la olmaydi. Men sizni mana bu yo‘ldan yuring, deb zo‘rlamayman, menda bunday huquq yo‘q, Mening vazifam— aytib qo‘yish. Bek aka, ochig‘ini aytsam, kelishingizga ishonmagan edim.
— Men ham ochig‘ini aytay: dastlab oyog‘im tortmadi. Lekin ko‘nglimda bir istak uyg‘ondi.
— Bu Ollohning qudrati-da! Bizni uchrashtirishni lozim topibdi, o‘ziga shukr. Birodarimiz tasvirni ko‘rsatdilarmi?
— Ha, ko‘rsatdi.
— Bu holga nima deysiz? Dahshatmi?
— Ha, dahshat... ammo nima deyishga hayronman.
— Sizdayin aql egalari, kuch egalari hayron bo‘lib tursa... Odamlar qo‘zg‘olishdi. Erkka boshlash fursati yetmadimi ekan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:25:30

    Asadbek bu savolga darrov javob bera olmadi. Shunga o‘xshash gaplarni u avvalroq deputat Orzubek Boltaevdan ham eshitgan edi. Asadbek, garchi shunday deguvchilarga hayrixoh bo‘lsa-da, o‘zining qalbida, ruhida bu tuyg‘u yo‘q darajada edi. Bunday tuyg‘u bir-ikki odamning da’vati bilan uyg‘ona qolmaydi. Aniqsa yosh o‘tib qolgandan so‘ng vatanparvarga aylanish qiyin, juda qiyin. Sobitxon Asadbekka o‘xshaganlar birlashib, odamlarni ergashtirishi mumkin, deb o‘ylab xato qilgan edi. Asadbeklar tor bir xum ichida ulg‘ayishganini, ularning dunyoqarashlari ham, tuyg‘ulari ham shu xum qadar ekanini anglay olmagan edi. Asadbek masjid qurdirib, o‘zi namoz o‘qimagani kabi, shu Vatanda yashab, vatan tuyg‘usidan benasib edi. U vinzavodni qo‘ldan chiqarmaslik uchun jon fido qilar darajada olishmog‘i mumkin, ammo «yurt erki uchun jon fido qila olasanmi?» degan savolga «nima uchun men fido bo‘lishim kerak ekan?» deb javob berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shu sababga ko‘ra  Sobitxon savoliga darrov javob qaytarmadi. Alhol u «Hozirgina oxiratni gapirib alahsirayotgan bu qori nima uchun gapni siyosatga burdi?» deb ajablandi.
Sobitxon undan javob kutib toliqdi. Ko‘zlarini yumdi-da:
— Qani edi, bir mard chiqib «O‘zbekiston o‘ziga mustaqildir, O‘zbekiston hech kimga bo‘ysunmaydir!» deb jar solsa. Shu xitobni eshitib ketsam armonim qolmas edi, — dedi.
— Qorijon, do‘xtirlar bilan gaplashib, olib ketaymi?
— Qulluq, Bek aka. Shu gapingizning o‘ziyoq menga jon berganday bo‘ldi. Dardni olloh berdi, shifosini ham o‘zi beradi, inshoolloh. Shifoni shu yerda beradimi, boshqa yerdami, farqi yo‘q.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:26:22

    Asadbek yana bir oz suhbatlashib o‘tirib, so‘ng xayrlashdi. Chuvrindi uni dahlizda kutib turgan edi. Yo‘l-yo‘lakay hisob berdi:
— Yarasi og‘ir ekan, hozircha qimirlatmaslik kerak, deyishdi. Joni omon qolsa ham, oyoqlari ishdan chiqishi mumkin ekan.
— Yaxshi, keyinroq olib ketamiz. Bunaqa odamlar o‘lmasligi kerak. Sen... kirib do‘xtirni rozi qilib chiq, yaxshiroq qarasin.
    Qo‘qondan chiqqunlaricha xuddi suhbatlarini birov poylab, eshitib qoladiganday jim ketishdi. So‘nggi tekshiruvdan o‘tishgach, Chuvrindi:
— Nimaga chaqirtirgan ekan? — deb so‘radi.
— Moshinasini o‘g‘irlatganida bir-ikkita sassiq gap aytuvdi, esingdami? Shunga rozi-rizolik so‘radi.
— Rozi-rizolik? Nima, ahvoli shunaqa og‘irmi?
— Buni sen bilasan, do‘xtir bilan sen gaplashding.
— Do‘xtir yaqin orada o‘ladi, degani yo‘q.
— Bilib bo‘lmaydi, do‘xtir sezmagan narsani ko‘ngil sezadi. Lekin tili zahar bo‘lsa ham dili toza, yaxshi odam. Domlalar orasida faqat shuni yoqtiraman. Lekin ko‘p gaplariga, ishlariga tushunmayman. Mana shu mitingga burnini tiqib nima qilardi? Yetishmovchilik joyi bo‘lmasa, obro‘si baland, topar-tutari ham yomonmasdir. Ibodatingni qilib yuravermaysanmi?..

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:26:44

— Hozir xalqparvar bo‘lish — mo‘da. Kim bilan gaplashsang «xalqim», «xalqim» deydi.
— O‘shalarning yarmisi «xalqim» emas, yaxshilab quloq solsang «xalqum» deydi.
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri, — dedi kulib Chuvrindi.
— Qorining yana bir gapiga tushunmadim: u ham meni bu g‘alvalarga aralashishimni istayapti shekilli. Hayronman, men aralashganim bilan nima o‘zgaradi? Mahmud, ular meni kim deb o‘ylashadi o‘zi? Odamlarning yarmi meni o‘g‘ri, muttaham, kallakesar, yarmi esa qo‘lida million askari bor marshal Jukov deb o‘ylaydi shekilli, a?
— Parvo qilmang, odamlar o‘ylayverishadi. Biz chayqalib turgan dengizdagi tomchilarmiz, bahaybat to‘lqinlarni to‘xtatish, dengizni tinchlantirish qo‘limizdan kelmaydi.
Shaharga shom qorong‘isida kirib borishdi. Asadbekning xayoli yo‘l bo‘yi Sobitxonning gaplari bilan band bo‘ldi. Qancha o‘ylamasin, qorining asl muddaosini anglab yetmadi. Muddao unchalik murakkab emas edi: Sobitxon odamlarning qo‘zg‘alganini ko‘rib, ularga boshchilik qila oladigan Dukchi eshon, Namozdek yoki Madaminbekdek bir dovyurak o‘g‘lonning maydonga chiqishini umid qilgandi. Bu zotlarning jon fido etmakka ham rozi qilgan tuyg‘ularning Asadbekda yo‘q ekanini u bechora qaydan bilsin?

_______________
* Bu hikmatlar imom G‘azzoliyning «Mukoshafatul qulub» («Qalblarning kashfiyoti») asaridandir. (Miraziz A’zam o‘zbekchalashtirgan.)
* M a z m u n  b u d i r: Ey insonlar, albatta Ollohning (qayta tiriltirish va bu dunyoda qilib o‘tilgan yaxshi-yomon amallarning mukofoti jazosini berish to‘g‘risidagi) va’dasi (va’dadir). Bas, xargiz sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin! Va hargiz sizlarni, Olloh (barcha gunohlarni kechirib yuboraveradi, deb) aldaguvchi (shayton) aldab qo‘ymasin. («Al-malonna» («fotir») surasining beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.)}

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:28:13

IX  b o b

1

— Sayfijon, eson-omon borib keldingmi, ukang tinchmi, chiqay deb qoldimi? Seni anchadan beri bir yigit kutib turibdi. Hov ana, moshinang oldida.
    Avtobaza darvozasi oldida kutib olgan qorovulning bu gapidan Sayfi unchalik ajablanmadi. Chunki uni so‘rab keladigan odam ko‘p. U Hamdamning kim ekanligini bilib, sal cho‘chiganday bo‘ldi-yu, ammo sarosimaga tushmadi. Chunki militsiyadan odam kelishini yoki chaqirilishini bilardi. Ularga nima deyish, kimlarni ko‘rsatish ham oldindan puxta ravishda belgilangan edi. Uning vazifasi aniq — darrov gullab qo‘ymay, bir oz tarang qilgach, kavkazlik ikki yigit ijaraga olgan uyni ko‘rsatib qo‘yish.
Hamdam mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, Sayfini ham o‘tirishga taklif etdi.
— Uchariqqa nima sababdan bordingiz? — deb so‘radi Hamdam.
— Ukam o‘sha yerda o‘tiribdi. Mayda-chuyda tashlab keldim. Vaqtida moylab turilmasa, qiynashadi.
— Kim qiynaydi?
— Bilmagandek so‘raysiz, a?
— Ukangiz nima gunoh qilgan edi?
— Do‘konidan ozgina kamomad chiqqan ekan.
— Ozgina deganingiz qancha?
— O‘ttiz ming...

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:29:07

Bu gapni eshitib Hamdam hushtak chalib qo‘ydi.
— Kamida o‘n yil qatnar ekansiz-da?
— O‘n ikki yil berishdi, noinsoflar.
— Uchariqqa qachon jo‘novdingiz?
— Yigirma to‘qqizinchi mayda.
— Uchariqqa bir kunda, boring, ana, ikki kunda borib kelsa bo‘ladi. Ko‘p yurvormadingizmi?
— Uchariqda bir kun bo‘ldim. Keyin Buxoro, Samarqand deganday... aylanib keldim.
— Yigirma sakkizinchida ishdamidingiz?
— Ha.
— Qaerlarda bo‘ldingiz, kimlarni olib yurdingiz, eslay olasizmi?
— Shahar katta bo‘lsa, kim qo‘l ko‘tarsa to‘xtaymiz. Aytgan joyiga olib boramiz. Pulini olamiz. Qo‘limiz ro‘lda, ko‘zimiz yo‘lda, xayolimiz pulda. Otning kallasidek plan qo‘yib qo‘ygan, bajarishga majburmiz.
— Mashina yangi ekan?
— Ha, xo‘jayinlar bir tantilik qilib yuborishdi.
— Qachondan beri ishlaysiz?
— Yarim yil bo‘lib qoldi.
— Yarim yilda yangi mashina olibsiz, omadingiz bor ekan. Omad kimga kulib boqadi, bilasiz, a?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:29:29

— Omadi borga-da.
— Yo‘q, xarajatdan qochmaydigan mard odamga, topdimmi?
— Sizlar bilmaydigan narsa yo‘q.
— Siz menga yoqdingiz, dangal gaplasharkansiz. Men mard yigitlarni yaxshi ko‘raman. Endi bi-ir mardlik qilib yuborasiz: yigirma sakkizinchi maydagi voqeani aytib berasiz.
— Qaysi voqeani?
— Bizni qaysi voqea qiziqtirishi mumkin?
— Bilmadim.
— Jinoyatga aloqador hech nimani ko‘rmadingizmi? Xo‘p, vaqtini aytay: taxminan soat olti bilan yettining o‘rtasida. Shahardan chiquvchi katta yo‘l yoqasida. Esladingizmi?
— Yo‘-o‘q.
— Qani, mashinani haydang.
— Qayoqqa?
— Haydayvering-chi, ko‘chaga chiqqach, aytaman qayoqqa yurishingizni.
Sayfi o‘z o‘rniga o‘tirib mashinani yurg‘izdi. Hamdam «chapga», «o‘ngga» deb o‘tirdi. Shaharni kesib o‘tib katta yo‘lga chiqishdi. Murda yoqilgan yerga yaqinlashganda Hamdam:
— Juda tez haydar ekansiz, sal sekinlating, tabiatni tomosha qilgim kelyapti, — dedi.
Sayfi murda yoqilgan daraxt yonidan o‘tayotganida o‘ng tomonga qarab ham qo‘ymadi. Yo‘ldan ko‘z uzmay ketaverdi. Bir chaqirimcha yurishgach, Hamdam mashinani orqaga qaytarishni so‘radi. Sayfi qaytishda ham sir boy bermadi. Bir-ikki chaqirim yurishgach, Hamdam mashinani yana orqasiga qaytardi. Murda yoqilgan yerga yetgach, «to‘xtating» deb buyurdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:29:54

— Shu yer ko‘zimga yaxshi ko‘rinib ketdi, — shunday deb mashinadan tushdi. Sayfiga «siz ham tushing», deb buyurdi-da, tarvaqaylab o‘sgan daraxt sari yurdi. — Bir-ikki ulfat bilan yonboshlab olib pivoxo‘rlik qiladigan maza joy ekanmi, a? — dedi Hamdam hamrohiga savol nazari bilan qarab.
— Iflos-ku? — dedi Sayfi ajablanganicha yelka qisib. — Yo‘l beti, shovqin. Ulfatchilik qilaman, desangiz zo‘r joylar bor.
— Ifloslikka iflos. Lekin tozalasa bo‘ladi... Shu yerda ulfatchilik qilib o‘tirib, keyin bitta sherigimni osib qo‘ysamu o‘shanda siz shu yo‘ldan o‘tsangiz, ko‘rarmidingiz?
— Bilmadim. Tez yuradigan bo‘lsam, u yoq-bu yoqqa qaramayman.
— O‘lik yonib tursa-chi? Ko‘zingiz tushadi-ku? Shunda to‘xtaysizmi?
— Aniq bir narsa deyishim qiyin.
— To‘xtamay o‘tib ketaverasizmi? Axir u yonayotgan o‘lik ukangiz bo‘lishi ham mumkin-ku?
— Sovuq nafas qilmang, aka, tovonimgacha zirillatib yubordingiz.
— Ha, gapim sal qo‘pol chiqdi. Uzr. Lekin... o‘sha odam kimningdir ukasi yo akasi, yo otasi, yo eri... Boringki, hech kimi yo‘q g‘irt yetim. Osilib turaveradi, yonib turaveradi... Xafa bo‘lmang, ba’zan kallamga shunaqa bema’ni xayollar kelib qoladi.
— Ishingiz shunaqa-da. Yo‘l chetida odam boshini qashisa ham mashinaga qo‘l ko‘tarayotganga o‘xshab tuyuladi menga. Sizga esa sal shubhali ko‘ringan odam jinoyatchi bo‘lib ko‘rinaveradi, to‘g‘rimi?
— Qoyilman, topdingiz! — dedi Hamdam sovuqqina jilmayib.

Qayd etilgan