Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264207 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 54 B


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:06:37

    Shunday bo‘ldi. «Onaginangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman!» deb Hasan aka do‘q urdi. «Yergina yutkur, pismiq», deb xotini qarg‘adi. Ularga otasi bilan onasi qo‘shildi. U esa kiprik qoqmay turaverdi. Faqat otasi urib yuborganidan so‘ng tilga kirdi. U otasidan hech bo‘lmasa bir shapaloq yeyishini, shapaloqdan keyin musht tushib qolmasligi uchun yig‘lamsirab baqirishi lozimligini ham hisobga olgan edi.
— Urmang! Agar ursangiz, bularning uyini yoqib ketishadi.
— Kim yoqadi? — deb so‘rashdi baravariga.
— O‘sha odamlar.
— Sen ularni taniysanmi?
— Yo‘q. Ko‘chada turuvdim. Bittasi keldi. Hasan akangnikiga kirib shu gapni aytasan, dedi. Men aytmayman, dedim. Aldayotgan bo‘lsangiz, meni o‘ldirishadi, dedim. U kishi «agar seni birov chertsa ham mana shu uyni yoqib yuboramiz», dedi. Agar kirib aytmasang, seni so‘yamiz, deyishdi. Mana bu yerimga pichoq tiqib olay dedi,— U shunday deb barmog‘ini bo‘g‘ziga niqtadi. Onasi Uning gapiga chippa-chin ishonib, qo‘rqib ketdi. U esa gapi ta’sir eta boshlaganini sezib, so‘nggi, hal qiluvchi zarbani berdi: — Ishonmasangiz mentlarga xabar qiling. Hammasini aytib beraman. Ular o‘g‘rilarni topishadi.
— Mentlaring kim? — dedi opoqisi tushunmay.
— Milisa,— deb po‘ng‘illadi U.
— Adasi, gapi to‘g‘ri, a?
— Yo‘q, milisaning keragi yo‘q. Ularni o‘zimiz topamiz. Hasanjon oshna, buni menga qo‘yib bering, bilganlarini joniga qo‘shib bo‘lsa ham sug‘urib olaman. Topilmasa, mollarning teng yarmi mening bo‘ynimda.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:08:25

    Ular chiqib ketishgach, otasi yana iskanjaga oldi. Yana urdi. Endi onasi yonini oldi.
— Aytmasam o‘ldirishardi, deyapti-ku? Shularning moli deb mening bolam o‘lib ketishi kerakmidi?
— Hovliqma, e galvars, buningni qo‘rqitishgan. Bu hezalak bitta gapga laqqa tushgan.
— Laqqa tushmadim. Qo‘rqqanim ham yo‘q. Men hezalak emasman,— dedi U dadil.— O‘ldirmasligini bilardim. Lekin boshqa ishni albatta qilardi.
— Qanaqa ishni?
— Hasan akaniki bo‘lmasa, biznikiga kirishardi. Shu ko‘chadan ikkita uyni mo‘ljallashgan ekan.
Shu gapi boshi uzra quyuqlashayotgan abri baloni tarqatdi. Otasi shashtidan tushdi, onasi  Uning aqliga tasanno aytdi.
    U quruq qolmadi o‘shanda. Cho‘ntagi pulga to‘ldi. Shomil uchun qilib yurgan barcha xarajatlari qoplandi. «Sizga bildirmay sigaret sotuvdim», deb onasiga ham puldan berib, olqish oldi. Qolgan pulni Shomilning atrofidagi bolalarni iydirishga sarflay boshladi. Shomil boshqalarga nisbatan ko‘proq unga ishonardi. Shu ishonch tufayli Shomilning katta akalari davrasiga kirib bordi. Katta akalar bilan Uning orasida Shomil bor edi. Uni yo‘ldan olish, katta akalarga vositachisiz yaqinlashishni o‘yladi. Bir necha uyni o‘marishda yordam bergach, katta akalar ham uni yaxshi ko‘rib qolishdi. Ana o‘shanda u aqlini ishga soldi. Shomilni mustaqil ishlashga unday boshladi. Shomil yoniga uch bolani olib, u ko‘rsatgan uyga tushdi. U esa o‘sha zahoti militsiyaga xabar qildi. Bir marta sudlangan Shomil qulog‘ini ushlab ketdi. U esa olg‘a boraverdi. Avval kinoxona atrofining mutlaq xo‘jayini bo‘ldi. Shomil bolalarni kuch bilan ushlab turardi. U esa puli bilan ushladi. Shomil qamoqdan qutulib chiqqanida Uning ta’sir doirasi ancha kengaygan, oddiy Hosil emas, chindan ham Hosilboyvachchaga aylangan edi. Shomilga xiyonat qilgan bo‘lsa ham, qamoqdan chiqishini aniqlab, o‘zi kutib oldi. Shohona izzat ko‘rsatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:09:08

— Xoinligingni bilsam ham seni sotmadim,— dedi Shomil unga.
— Siz — zo‘rsiz! Sotmasligingizni bilardim.
— Nimaga atrofimda pashshaxo‘rda bo‘lyapsan, endi qo‘rqyapsanmi?
— Sizdanmi? — U kuldi.— Men hech kimdan qo‘rqmayman. Siz menga keraksiz. Men esam sizga kerakman. Siz — zo‘rsiz, lekin katta ishlar qo‘lingizdan kelmaydi.
Shomil bir-ikki kun surishtirib, mavqeini aniqlagach, Unga tobe bo‘la qoldi. Ilgarilari U Shomilning yonidan jilmagan bo‘lsa, endi Shomil uning yonidan jilmaydigan bo‘ldi. G‘ilayning o‘qrayib qarashiyoq ko‘pchilik ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi. Ana shu qarash tufayli ayrim ishlar «Tinch yo‘l bilan hal etilar edi»...
    Hosilboyvachcha hali keng qanot yoymasdan avval Asadbek pinjiga kirishga urinib ham ko‘rdi. Uning niyati qal’a ichiga o‘tib, so‘ng asta yemirish edi. Biroq qal’a sarkardalari U o‘ylagandek anqov emas edilar — yaqinlashtirmadilar. Asadbek Uning turqini ko‘rgandayoq ensasi qotdi. Chuvrindi Uning tarjimai holi bilan erinmay qiziqib, Asadbekni xavfdan ogoh etdi. U hatto Kesakpolvonga ham yoqmadi. «Bu mijg‘ovning qo‘lidan faqat mijg‘ov ishlar keladi», dedi. Na iloj, yo‘li to‘silgan ekan. U ham anoyi emas, indamay orqasiga qaytavermaydi. Qal’ani qamal qiladi. O‘n yilmi, yigirma yilmi, qamal qilib turaveradi. Oxir-oqibat qo‘lga oladi. So‘ng qo‘porib tashlaydi.
Keyingi voqealar, ayniqsa Qilich Sulaymonov voqeasi unga qal’a nuray boshlaganidan dalolat berdi. U avvaliga vinzavod boshqoniga yordam berdi. So‘ng qo‘l-oyog‘ini bog‘lab egasiga topshirdi. Qilich Sulaymonov Hosilboyvachchaga suyanaman, deb go‘llik qildi. Bolalikdagi voqealar, gaplar uning esidan chiqqan edi, Hosilboyvachchaning esa xotirasi tiniq, o‘yinga qo‘shmagan, «kelgindi» deb haqorat qilgan bolani u hali unutmagandi. Qilich Sulaymonov bahonasida Asadbekka qarshi olib borayotgan pinhona urushi yashirin holatidan chiqa boshladi. Elchinni to‘yga taklif etib sharmanda qilganida buni ko‘pchilik sezdi. U davri-davroni kelayotganini sezdi. Ayniqsa Jamshidning o‘limi «dushman lageri»ning parokandalikka uchrayotganini ayon etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:10:03

    Chuvrindinikiga fotihaga bordi. Maqsad — fotiha o‘qish emas, maqsad — Asadbekning, a’yonlarining rang-ro‘yini ko‘rmoq, kayfiyatlari qanday ekanini aniqlamoq edi. Asadbekni ham, Kesakpolvonni ham uchratmadi. Uni Chuvrindining yolg‘iz o‘zi, sir bermagan holatda kutib oldi.
— Kimning ishi ekan bu? — dedi Hosilboyvachcha.
— Dunyoda g‘alamislar kammi? — deb javob berdi Chuvrindi.
— Harholda g‘aflatda qolibsizlar. Bek akamga ayting, g‘aflat yomon narsa. Bu ikkinchisi, a?
— Ha, ikkinchisi.
— Bizga xizmat bormi? Topaylik o‘sha g‘alamislarni.
— E, boyvachcha, tashvish chekmang. O‘rganning nonini yarimta qilmaylik. G‘alamislarni topish — ularning yumushi. Biz tirikchilik orqasida tinchgina yurgan odamlarmiz...
Shu suhbatning ertasiga «Asadbekning qizi o‘zini osibdi» degan tahlikali xabarni eshitgach, unga ko‘p narsa oydin bo‘ldi. «Bek aka tugabdilar, asfalasofilinga jo‘nashlariga bir qadam qolibdi», deb qo‘ydi.
    Shu kuni Hosilboyvachcha qamal holati yakunlanganini angladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:11:04

3

    Zelixon biron g‘alva chiqmog‘ini kutgan edi. Ammo bu qadarli fojia yuz berar, deb o‘ylamagandi.
    Beozorgina tong otdi. Bu tongni Ismoilbey odati bo‘yicha namoz bilan, kichkintoylar uyqularida ko‘rayotgan shirin tushlari bilan kutib olishayotgan edi. Ahadbeyning iltimosiga ko‘ra bu uyda tunagan Zelixon uxlaganday bo‘lmadi. Har yarim soatda shovqin solib o‘tuvchi poezdning guldiragiga bu xonadondagilar ko‘nikib qolgan, uxlayverishadi. Ismoilbey bomdodni o‘qiyotganida yana bir poezd o‘tdi-yu, Zelixon o‘rnidan turib ketdi. Ahadbey ham uyg‘oq edi, oshnasining turganini ko‘rib, u ham qaddini ko‘tardi.
    Ismoilbey namozni ado etib bo‘lganidan keyin ham joynamozdan jilmadi. Otasining uzoq o‘tirib qolganidan ajablanib, Ahadbey unga qarab-qarab qo‘ydi.
Quyosh ko‘tarilganida bolalar ham turishib, barchalari birga o‘tirib nonushta qilishdi.
— To‘yni bekor qoldirding, oshna, mana, hammasi tinchiganga o‘xshaydi,— dedi Zelixon choy icha turib.
— Tinchigani rost bo‘lsin,— dedi Ahadbey.— Endi to‘yni qovun pishig‘ida qilamiz.
— Inshoolloh,— dedi Ismoilbey o‘ychan.— Bandalariga insofu tavfiq bersin. Zulmdan asrasin. Ya bani Odama! Inni harratu-z-zulma ala nafsii va jaaltahu baynakum muharraman fala tazalamuu.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:11:20

    Odamlar bilan gaplasha turib, ora-orada o‘zicha pichirlab qo‘yish Ismoilbeyning odati edi. Bu safar pichirlamay, hamma eshitadigan qilib arabchalab gapirishi Zelixonni ajablantirdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi u.
— Tushunmadingmi? Ha, bu hikmatni anglash qiyin. Anglagan taqdirda ham amalga oshirish mushkuldir. Boshqalarni qo‘yatur. Mana, sen, anglaganingda ham ijro etolmaysan.
— Shu qadar befahmmanmi yo ojizmanmi? Qani, ayting-chi. Balki...
— Olloh subhanahu va taolo aytadiki, «Ey odam farzandlari, men zulmni o‘zimga harom qildim va uni sizlarning o‘rtalaringizda ham harom qildim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmanglar».
— Yaxshi gap ekan,— dedi Zelixon.— Lekin menga tanbeh berganingizga tushunmadim. Men hali birovni o‘ldirmaganman. To‘g‘ri, urganman, o‘marganman, lekin o‘ldirmaganman.
— Zulm faqat o‘ldirishdan iborat emasdur. Yomon so‘z aytib birovning dilini og‘ritish ham zulmdir.
— Endi bu yog‘ini juda tor olib yubordingiz. Ba’zan shunaqa holat yuz beradi-ki, biron ablahni o‘ldirib faqat savob topasiz. Mana, Selimni do‘pposladim. Ahadbey ko‘rdi. Aslida qilmishi uchun uni o‘ldirishim shart edi.
— Al qasosu minal Haq! Jazo berishga senda huquq yo‘q. Jazolovchi qodir Xudodir.
— Xudo u ablahni jazolagunicha, dunyoni ostin-ustin qilib yuboradi.
Ismoilbey Zelixonga gap uqdirib bo‘lmasligini bilgani uchun «Bandalaringga insof ber», deb pichirlab qo‘yib, bahsni to‘xtatdi. Zelixon gapni chuvalamadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:11:51

    Dasturxon yig‘ishtirilayotgan paytda ko‘chaning narigi betidagi qo‘shni ko‘rindi. Ko‘cha eshik ochiq edi, shu sababli «Domlajon, uydamisiz?» deb kirib kelaverdi. Uch-to‘rt kundan beri soqol olishga hafsala qilmagan ellik yoshlardagi kishi Ismoilbey bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Dasturxonni qayta yozishmoqchi edi, unamadi.
— Bozorga bormoqchiman, domlajonni bir ziyorat qilay, dedim. Ko‘chaga chiqib qarasam, darvozamning tepasiga chorsi bog‘lab qo‘yilibdi. Yap-yangi, deng. Yechib, belimga bog‘lab oldim, — u kulimsirab belbog‘ni ko‘rsatdi. — Hoynahoy domlajonning nabiralari bog‘lashgandir, sovchi qo‘ymasdan oldin turklar shunaqa qilarmikin, deb fikr qildim.
— Yigitali aka, bizda bunaqa odat yo‘q. Sovchi qo‘yishga hali besh-o‘n yil bor.
— Endi bu bir omadi gap-da, Ahadbey inim. Hozirdan chorsi bog‘lab turilsa, chorsidan yalchib qolarmidik, deyman-da. — U shunday deb kuldi-da, ajablanib qarab turgan Zelixonga ko‘zi tushib, jiddiylashdi. — Bu hazil, domlajon, omadi gap shuki, men munday qarasam, yana uch-to‘rt darvoza tepasiga bog‘langan. Shunga boshim garang bo‘ldi. Bozorga borishga ham oyog‘im tortmay qoldi. Yo‘ldan qaytdim. Yuragimga bir g‘ulg‘ula oralaganga o‘xshaydi.
    Yigitalining keyingi gapini eshitib, Ismoilbey boshini egdi. Uning yuragi bir necha kundan beri notinch edi. Bir necha kundan beri ko‘zini yumdi degunicha, ona yurti Mesxetiyani ko‘radi. Dengiz mavjlari ko‘zlarini quvnatadi. Dengiz sohilida, qirg‘oqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz to‘lqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bolani ko‘radi. «Sen kimsan?» deb so‘raydi ajablanib. Bola qiqirlab kuladi. «Men — o‘zingizman, men — Ismoilbeyman. Men bunda bobomni kutayotirman». Hayotni faqat shodlikdan iborat deb o‘ylovchi bola — Ismoilbey qiyqirib, quvnab yuguradi. Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya — Ismoilbey esa unga havas bilan qaraydi. Unga ergashib yugurgisi keladi. Ammo oyoqlarini yerdan uza olmaydi. Bola — Ismoilbey yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana o‘z o‘rniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi... So‘ng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. So‘ng Oy ko‘tarilib, bu yong‘indan aziyat chekkan dengiz yuzini silab, ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi... Shu onda poyandoz ustida bobosi ko‘rinadi. Bola — Ismoilbeyni ko‘tarib, yelkasiga o‘tqizadi. Iziga qayta boshlaydi. Bola xursand. Bobosi g‘amgin. Indamaydi. Nur poyandoz bo‘ylab yuraveradi. Qariya — Ismoilbey bobosini chaqiradi. Javob bo‘lmaydi. So‘ng u ham poyandozga oyoq qo‘yadi. Yuraveradi, yuraveradi... Oxiri dengiz tubiga qarab tusha boshlaydi. Bola — Ismoilbey bilan bobosini suv yutadi. Uning esa nafasi qayta boshlaydi... Cho‘chib uyg‘onadi. Kalima keltiradi... Necha kundan beri ahvol shu. «Bu nimadan darak beradi?» deb o‘ylaydi. O‘y o‘ylab, o‘yining nihoyasiga yeta olmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:12:29

Yigitalining gapi xavotirini yana uyg‘otadi.
— Kimlarning uyiga chorsi bog‘lanibdi? — deb so‘radi Ismoilbey.
— Haydarali, Muhsinali, Ziyodali, Niyozali...
    Bu mahallada o‘zbeklarga nisbatan turklar ko‘proq edi. Yigitali nomini tilga olgan odamlar o‘zbeklar bo‘lgani uchun, Ismoilbeyning gumoni haqiqatga aylanganday bo‘ldi. Lekin Yigitaliga sir boy bermadi.
— Yigitali, siz bozorga bahuzur boravering. Bu bolalarning bir o‘yini bo‘lsa kerak-da.
Yigitali chiqib ketgach, Ismoilbey Zelixon bilan Ahadbeyni yoniga chorladi:
— Bu o‘yinda bir shumlik bor ko‘rinadi, — dedi u. — Ziyrak bo‘linglar. Kimdir o‘zbeklarning uylarini belgilab chiqibdi. Shu uylarga balo yog‘ilmasin, ziyrak bo‘linglar.
    Zelixon nonushtadan keyin ketmoqchi edi. Bu gapni eshitib, joyidan jilmadi. Barchalarining ko‘ngliga bulut soya tashlagan, biroq ular bu bulutning nomi ofat ekani, undan tez orada yog‘ajak ofat yomg‘irining necha shirin jonlarni sug‘urib olmog‘ini, necha odamlarning sargardonlik balosiga mubtalo etmog‘ini bilmas edilar.
    Bu tong quyosh beozorgina bosh ko‘targan edi. Odati bo‘yicha beozor nur sochardi. Ajabki, bu beozor nur-dan g‘ofil bandalar ham, ahli shaytanat ham nur emardi.
    Ofat buluti kutilmagan tezlikda, kutilmagan yovuzlik do‘lini yog‘dirib bu mahallaga ham yetib keldi. Bulutning sovuq shabadasini avval Yigitali keltirdi. U hovliqib kirdi-da:
— Domlajon, omadi gap shuki, dam g‘animat! Turklarning uylariga o‘t qo‘yishyapti! O‘zlarini kaltaklashyapti, qochinglar! — dedi.
— Kim yoqyapti, kim uryapti? — deb so‘radi Zelixon.
— Kim bo‘lardi? — dedi Ahadbey unga javoban. O‘g‘lining zaharli gapini eshitgan

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:13:11

Ismoilbey bosh chayqadi:
— Unday gumon qilma, o‘g‘lim. Non bergan jon olmaydi.
Mahallaning kunbotar etagidan quyuq qora tutun o‘rlay boshladi.
— Qaranglar! — dedi Yigitali.
— Bolalar qani?! — deb baqirdi Zelixon. — Tez bo‘l!
Ular ko‘chaga chiqishganida olomon ko‘rindi.
— Biznikiga, biznikiga kiringlar, — dedi Yigitali hovliqib.
Fikrlashmoqqa, maslahatlashmoqqa fursat yo‘q edi. Hammalari vahima to‘riga o‘ralgan holda Yigitalinikiga otilishdi.
— Darvozaga bog‘langan chorsining ma’nosini endi tushundingizmi? — dedi Zelixon. — O‘zbeklarning uyini belgilashgan, bu uylarga tegishmaydi.
— Men ahmoq, uni yechib olibman, — Yigitali shunday deb, ko‘chaga chiqdi.
    Odamlarning hayqiriqlari, faryodlar, yonayotgan uylarning tomidagi shiferlarning otash zabtiga chidamay qarsillab yorilishi — hammasi ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
Olomon Ismoilbeyning uyiga yaqinlashganida Yigitali ularning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi.
— Hoy, yaxshilar, bu uyda domla turadilar. Tegmanglar, Xudodan qo‘rqinglar!
    Olomonni boshlab kelayotgan malla odam unga tanish ko‘rindi. Biroq uni qaerda ko‘rganini bu sarosimada eslay olmadi. Malla benzin to‘ldirilgan plastmas idishni qo‘ltiqlab olgan edi. Yigitali uni qo‘lidan ushladi.
— Birodar, bu uyga tegmanglar. Domlaning uyi. Bolalarimizni o‘qitgan.
— Nari tur! — malla shunday deb so‘kindi-da, tirsagi bilan qattiq turtdi.
    Yigitali shundan keyin esladi: buni kecha oqshom chog‘i shu ko‘chada ko‘rgan edi. U o‘ziga o‘xshagan uch-to‘rttasi bilan ko‘zlari olazarak holda ko‘chadan sekin o‘tib borayotganida Yigitali: «Birodarlar, birovni qidiryapsizlarmi?» deb so‘rab, «Ammangning erini, bor ishingni qil», degan javob eshitgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:13:44

Ko‘kragidan zarba yegan Yigitali achchiqlandi-da, uni yoqasidan oldi:
— Tegma, deyapman senga, itdan tarqagan!
Malla uning oyog‘iga zarb bilan tepdi. Yigitali og‘riqqa chidolmay cho‘kkalab qolganida jag‘idan tepki yeb, cho‘zildi. Malla bir oyog‘i bilan tomog‘ini ezgan holda ustidan benzin quya boshladi.   Ana shu onda Zelixon eshikdan mo‘raladi. Mallani tanidi — Fedya! U yashin tezligida eshikni ochib, ko‘chaga otildi. «Fedya!» deb baqirdi. Fedya ovoz qayoqdan kelganini fahmlamay turib jag‘iga tushgan musht zarbidan qalqib ketdi. Qorniga tushgan tepkidan bukchayib, qo‘lidagi idishni tushirib yubordi. Zelixon hushidan ketayozgan Yigitalini turg‘izmoqchi bo‘ldi.
— O‘zlaringning o‘zbeklaringni o‘ldirtirib tomosha qilib turasanlarmi! — deb baqirdi Zelixon olomonga qarab.
— Urlaring, bu turkni! — deb baqirdi jon achchig‘ida Fedya. Shu zahoti Zelixon gardanida og‘riq sezdi. Yigitalining: «Birodarlar, bu turk emas!» degan baqirig‘ini eshitdi. Eshitdi-yu, hushidan ketdi. Dimog‘iga achchiq tutun kirib, ko‘ngli aynidi.

Qayd etilgan