Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264509 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:48:15

    Gap shu yerga kelganda Asadbek yo‘talib qo‘ydi-da, Chuvrindiga qaradi. Bu qarashning ma’nosini tushungan Chuvrindi Jalilga gap aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, ammo ulgurmadi. Jalil o‘rnidan turdi-da:
— Yo‘talni ham ezvording. Yo‘talishni bilmasang, o‘zingni qiynab nima qilasan, chiqib hovuzda cho‘milib kel, degin, yomg‘irda cho‘milishning mazasi boshqacha bo‘ladi, — deb eshik sari yurdi. Chuvrindi yolg‘iz o‘zining chiqishi noqulay bo‘lmasin, deb ergashgan edi, Jalil orqasiga o‘girilib, to‘ng‘illadi: — Menga dumning keragi yo‘q. Gaplaringni gaplashib olaverlaring.
— Jalil mening eng qadrdon do‘stim. Lekin bizning ishlarimizdan nihoyatda uzoq. Uning hayoti boshqa, — dedi Asadbek.
Asadbekning «eng yaqin do‘stim bo‘lsa ham uning oldida sir aytma», demoqchi ekanini Kozlov tushundi.
— U qaerda ishlaydi? — deb so‘radi Kozlov.
— Aniq bilmayman, qaerdadir ishchi.
— Yoningga olmagan ekansan-da?
— Bunaqa o‘jar dunyoda bitta. U bu dunyoda halol mehnat bilan kun ko‘rish mumkinligini isbot qilmoqchi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:48:48

— Oshnang bitta emas, bunaqalar hammayoqda to‘lib-toshib yotibdi. Gorbach aytyapti-ku, hamma narsani o‘z nomi bilan aytish kerak. Bularning nomi — AHMOQ! — Kozlov shunday deb kuldi. — Xullas, yigitlaring keldi-yu, ketdi. Hech nima hal bo‘lmadi. Men sizlardan xafa emasman. Oramizdagi ish puxta, halol bo‘lyapti. Lekin bir yigiting bizni go‘l qilib ketdi. Esingdami, sen uni o‘n yilcha oldin yuborgan eding. Qarab turdik, xor qilmadik. Lekin ketishda hammamizga tupurib, ancha narsani o‘marib ketibdi. Orqasidan odam yuboray dedimu, senga malol kelmasin, dedim.
Chuvrindi gap Shilimshiq haqida ketayotganini bilib, suhbatga qo‘shildi:
— Aleksey Petrovich, odam yubormaganingiz yaxshi bo‘libdi. U tinchidi. Xizmatiga yarashasini oldi.
— Yigitlarga tayinlab qo‘yish kerak: bunaqa qiliq jazosiz qolmaydi. Men bu yerda yashaganim bilan qo‘limni uzatsam O‘zbekistonga, kerak bo‘lsa undan nariga yetadi, shunday emasmi, Asad?
Kozlovning keyingi gapi Asadbekka sal malol keldi. Shu bois gapni boshqa yoqqa burdi:
— Yaxshi. Takliflaringni ayt. Sisternani o‘ylab ko‘ramiz.
— Pushkadan olinglar. Ortiqchasi zarar qilmaydi.
— Hozircha yetarli, bor.
— Asad, sen ertani ko‘rmayapsan. Ertaga yetarli bo‘lmay qoladi. Zo‘rlari bor. Senga ilinyapman. Xitoy tomondan qora dori...
— Yo‘q, — dedi Asadbek qat’iy, — bu ishlarga o‘zing ham aralashma, bizni ham aralashtirma.
Asadbekning kuragida og‘riq qo‘zg‘alib, aftini bujmaytirdi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kozlov.
— Kuragimni shamollatdim shekilli, — dedi Asadbek.
— No‘ problem! Moment tuzatamiz. Tur o‘rningdan. Bunaqa kasalning davosi massaj!
Kozlov uni ikkinchi qavatdagi yotoqxonaga boshladi. Dam o‘tmay u xonaga oq shoyi xalat kiygan xushbichim qiz kirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:49:45

3

    Kozlov aytgan massaj foyda bermadi, aksincha og‘riqni zo‘raytirib, isitma chiqardi. Borajak manzillari Krasnoyardan qariyb to‘rt yuz chaqirim narida edi. Kozlov mehmonlarni urintirmay olib borib kelish choralarini ko‘rib qo‘ygan bo‘lsa-da, Asadbekning ahvolini bilib, «safarni kechiktirsakmikin?» dedi.
— Piyoda yurmasam, yelkamda bir qop yuk bo‘lmasa, mashinada boramizu kelamiz, — dedi Asadbek, o‘zini jilmayishga majburlab.
Bu jilmayish niqobi ostida og‘riq azoblari yashirin ekanini barchalari sezdilar.
Asadbek go‘dak emaski, uni avrab, nasihat qilib yoki aldab ko‘ndirish mumkin bo‘lsa.
— Yo‘lda kraykomning statsionari bor. Birrov kirib chiqamiz, — dedi Kozlov mulohazalarga yakun yasab.
    Kozlov «statsionar» deb atagan joy kasalxonani emas, shohona dam olish uyini eslatardi. Eng kamida raykomning ikkinchi kotiblarigagina nasib etuvchi bu koshonaning kattalari Kozlovni yaxshi tanir edilar. Uning birgina imosi bilan Asadbek atrofida parvona bo‘la boshlashdi. Asadbek bu yerga kirishda «isitmamni o‘lchab dori berishar», deb o‘ylagan edi. Qon tarkibini tekshirishdan tortib yurak urishigacha tekshirildi, hatto rentgen xonasiga ham kirib chiqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:50:09

— Bu yer shunaqa «TO-2»1, — dedi Kozlov kulib.
Tekshirishlar tugagach, Kozlovni izzat bilan kutib olgan kishi uni chetga tortib, dedi:
— Bu oddiy shamollashga o‘xshamay turibdi. Emlab qo‘ydik, isitmasi tushadi. Ammo kechga borib yana ko‘tarilishi mumkin. Uch-to‘rt kun shu yerda yotsa, yana yaxshilab tekshirib, uzil-kesil bir xulosaga kelar edik.
— Hozir bir joyga ketyapmiz. Qaytishda kiramiz. Har holda, ertaga qaytsak kerak. Bitta lyuksni tayyorlab qo‘yavering. Doridan bering, isitmasi ko‘tarilsa o‘sha yerda hamshira topilar.
Yarim soatlardan so‘ng dori ta’sir qilib, Asadbek o‘zini yengil his etdi. U oldingi o‘rindiqda, suyanchiqni pastlatibroq yotib borardi. Ko‘zi ilinib o‘n-o‘n besh daqiqa mizg‘idi-yu, uyg‘onib, o‘zini avvalgidek tetik sezib, qaddini ko‘tardi.
— Qalay? — dedi Kozlov, uni yelkasidan ushlab. — Tuzukmisan? Ranging yaxshi.
— Dardni bergan Olloh shifosini ham o‘zi beradi, — dedi Jalil Asadbekning o‘rniga javob qaytarib.
— Umuman, to‘g‘ri gap aytding, — dedi Kozlov, — Xudo xohlamasa Xristos2ning jiyani bo‘lsang ham hech nimaga erisha olmaysan. Men buni amalda ko‘p sinaganman. Men Xudoga ishonaman, lekin ibodat qilmayman, shunisi chatoq. Bilasanmi, Jora...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:50:28

— Men Jora emasman.
— Jora bo‘lmasang Jenyadursan?
— Men Jalilman. Otam rahmatli shunaqa ism qo‘ygan, — dedi Jalil o‘jarlik bilan.
— Ha, Jalil, uzr, esimdan chiqibdi, —dedi Kozlov kulimsirab, — Asad, shu o‘rtog‘ing menga yoqdi. To‘g‘ri odam ekan. Bunaqa odamni Gorbachga ro‘para qilish kerak. Qani bir qayta qurib ko‘rsin-chi...
— Og‘aynimning ko‘nglida kiri yo‘q, gaplaridan xafa bo‘lma, — dedi Asadbek uning hazilidan kulib.
— Xafamasman, chin aytyapman. U menga yoqdi. Shunaqa odam bilan razvedkaga bemalol borishim mumkin.
— Men esa bormayman, — dedi Jalil.
— Nimaga endi? Yashirmay aytaver, nimaga?
— Sizlar pulga o‘rgangan odamsizlar. Do‘ppi tor kelsa sheriklaringni ham ikki pulga sotib yuborasizlar.
— Yo‘-o‘q, — dedi Kozlov jiddiylashib. — Shu yerda yanglishding. Hammani ham sotavermaymiz.
Asadbek boshlanayotgan bahsdan latta isi kelayotganini sezib, suhbatga aralashdi:
— Aleksey, sen boshqa narsa demoqchiyding. Gapni burvording?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:51:01

— To‘g‘ri tanbeh beryapsan. Men aytmoqchi edimki, kim bo‘lsa bo‘lsin, musulmonmi, xristianinmi, buddistmi — Xudoga sig‘inadi. Lekin bir-birini tan olmaydi. Shunisiga ajablanaman. Mana, Jalil, bizlarni tan olmaysanlar, a? Nima derdinglar?
— Qaysi ma’noda?
— Boshqa dindagilarni.
— Ha... — Jalil bir oz o‘ylanib, so‘ng javob berdi. — Kofir deymiz.
— Esladim. Aynan kofir deysan. Xo‘sh, nimaga? Axir men ham yakka Xudo deyman, sen ham. Qani javob ber.
    Jalil bu xildagi bahsni, bunaqa qiyin savolni kutmagan edi. Islom ilmining alifbosini ham bilmaydigan odam uchun boshqa din vakili bilan bahslashish oson emas. Asadbek kecha hazil bilan bo‘lsa-da, to‘g‘ri aytib edi. Tag‘in ham Asadbek uni ayadi «chala mulla» desa yanada aniqroq baho bergan bo‘lardi.
    Jalil shu topda javobga qiynalsa ham, chala mullaligini oshkor qilgisi kelmadi. Chunki bahsga chorlayotgan odamning diniy ilmi battarroq chala ekanini bilib turardi. Jalil «shu chalaga gapimni berayinmi endi», degan fikrda mullalardan eshitganlarini eslab, javob berdi:
— Kofir deganmizning boisi shuki, Xudo degan bilan ish bitmaydi. Xudo deb turib haromdan qaytmaysizlar. Aroq ichasizlar, to‘ng‘iz go‘shti yeysizlar, zino qilasizlar...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:51:31

— Shuning o‘zimi? — dedi Kozlov.
— Bu kammi? — dedi Jalil.
— Yaxshi. Bu narsalar sizlarning kitobingizda harom qilingan. Biznikida harom qilinmagan. Xo‘sh, bunga nima deysan?
— Qur’oni karim oxirgi kitob. Olloh bandalarini haromdan qaytarish uchun bu muqaddas kitobni tushirgan. Butun inson bolalarining shu oxirgi kitobga bo‘ysunishi shart.
— Itoat etmasa-chi?
— Itoat etmasa kofir bo‘ladi, qiyomatda do‘zaxda yonadi.
— Demak, men do‘zaxda kuyaman, sen esa jannatda mazza qilasan, shundaymi?
— Buni Olloh biladi.
— Yo‘q, bu gap bilan mendan qutula olmaysan. Sen o‘z gapingni ayt.
— Mening bilganim... — Jalil qarasaki, masala chigallashib ketyapti. Qaysi bir yig‘indagi Sobitxonning «bahsda chuqurlashmanglar» degan gapini eslab, suhbatga yakun yasamoqchi bo‘ldi: — Men o‘rischada yaxshi tushuntirib berolmayman. Biz tomonlarga borsangiz, o‘rischani qotirib tashlaydigan mullalarimiz bor. O‘shalar tushuntirib berishadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:52:06

Asadbek uning bu bahonasidan kuldi:
— Bo‘sh kelmaysan-a, ko‘p narsani hali bilmayman, deb qo‘ya qolsang-chi.
— Sen jim o‘tiraver. Harholda sendan ko‘proq bilaman.
Shundan so‘ng yo‘lda bora-borguncha bunday jiddiy mavzularga qaytmadilar.
Peshinga yaqin katta yo‘ldan burildilar. O‘rmonchining uyini eslatuvchi ovloqroq yerda ularning kelishlariga turli taomlar tayyorlab qo‘yilgan edi.
— Mehmondorchilikni o‘rniga qo‘yyapti-a, — dedi Asadbek Chuvrindiga.
— Buxoroga olib borganimizda har ikki soatda bir ziyofat bergan edik. Esida qolgan ekan-da.
— Harna bo‘lganda ham yomon bola emas, bu. Aloqani sira buzmaslik kerak.
Manzilga yetgunlariga qadar yana ikki yerda shunday hordiq chiqarishdi.
— Yarim soatda yetamiz, — dedi Kozlov oqshomga yaqin. — Oltmishinchi yildan beri lagerga odam qo‘yilmayotgan edi. Eshitishimcha, yana odam qo‘yishga tayyorlashayotgan emish. Lager yonida qabriston bor. Otang o‘sha yerda. Yigitlar lager arxivini titib, raqamiga qarab aniqlab qo‘yishgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:52:50

    Zanglagan simtikonlar bilan o‘ralgan, Kozlov «lager» deb atagan ulkan qamoqxona yaqinida ularni ikki yigit kutib oldi.
— Asad, — dedi Kozlov, yigitlar bilan salomlashib olgach, — lagerni ko‘rasanmi yo qabristonga borasanmi?
    Asadbek simtikonlar ortidan ko‘rinib turgan, yarmi yer ostida bo‘lgan bostirmalarning xunuk manzarasiga tikilib qoldi. Shu yerlarda otasi yurgan... Hozir qiyshayib qolgan yog‘och minoralar ustida soqchilar turgan... Itlar akillagan... Zobitlar baqirgan... Qariyb o‘ttiz yildan beri bu qamoqxona tashlandiq holda. Simtikonlarga atayin tegilmaganday. Go‘yo bu simtikonlarning bugun ham xizmati borday... Avval uning vazifasi odamlarni qochirmaslik edi. Endi-chi? Bu simtikonlar ortida odam bo‘lmasa-da, necha     ming yurakning zorli nolalari qolgan, necha ming marhumning ruhlari tunlari sarsari kezadi bunda... Zorli nolalar bu simtikonlarga urilib aks-sado beradi. Shu qadar kuchli aks-sado beradiki... uni hech kim eshitmaydi. Qaqshagan ruhlar erk ilinjida o‘zlarini shu simtikonlarga urib faryod uradilar. Ularning faryodlari shu qadar kuchliki... ularni hech kim eshitmaydi... Asadbek simtikonlarga qarab shularni o‘ylaydi. Qulog‘i shang‘illadi. Nazarida u otasining faryodini eshitganday bo‘ldi. Yuragi zirilladi. Nafasi qaytdi. Ko‘zi tindi. Gandiraklab ketay dedi. Ziyrak turgan Chuvrindi uni bilagidan ushlab qoldi.
Asadbek chuqur nafas olib, sir boy bermaslik uchun:
— Qabristonga boramiz, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:53:18

    Kozlov bu gapni eshitib imo qilgan edi, buyruqqa ilhaq bo‘lib turgan yigitlar chaqqon ravishda «Jiguli»ga o‘tirib, yo‘l boshladilar.
O‘nqir-cho‘nqir yo‘l bo‘ylab ancha yurishdi.
— Lager degani bitta kolxozning yericha bor ekan-da, a? — dedi Jalil hayratlanib. — Ming-ming odam siqqandir bu yerga? Daraxt kestirishganmi ularga?
— Omadi borlar daraxt kesishgan. Qolganlari shaxtada ishlashgan. O‘n chaqirim narida shaxta bor, — dedi Kozlov.
    «Otam nima qilgan? Kim biladi? Hech kim...» deb o‘yladi Asadbek.
    Nihoyat tikonli simdevor tugab, yo‘l chapga qayilgach, kichkina yog‘och uy qarshisida to‘xtashdi. Ular mashinadan tushgunlariga qadar uy ostonasida bir keksa odam ko‘rindi. Uzun soqolli, qoshlari oppoq oqargan, ustiga eskiroq, ammo ozoda kostyum kiygan bu odamning yuzidagi nur barchalariga birdek ta’sir qildi.
— Shu qabristonga qarab turarkan. Otalarini tanir ekan, — dedi yigitlardan biri Kozlovga.
Bu gapni eshitib Asadbekning yuragi hapriqib ketdi. Yugurib borib qariyani quchoqlab olgisi keldi. Yugurishni istadi, biroq oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi. Joyidan qimirlay olmadi.
Qariya ular tomon bir-bir bosib kelib:
— Assalomu alaykum, mehmonlar, kelinglar, — deb barchalarini hayratda qoldirdi.
— Siz, bo‘tam, Asadjonsiz, to‘g‘ri fahmladimmi? — U shunday deb toshdek qotgan Asadbekni bag‘riga bosib, yuzini yuziga qo‘ydi, yelkalarini siladi. — Barakalla, bo‘tam, xush kelibsiz. Kelishingizga dadangiz rahmatli ishongan edilar. Siz dadangiz rahmatliga o‘xshabsiz, umringiz o‘xshamasin. Bu yigit... Samandarmi? — dedi u ikkilangan holda.

Qayd etilgan