Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264414 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:00:41

XX  b o b

1

— Menga bu ishlaring yoqmayapti, — dedi Valya, ko‘zgu qarshisida o‘ziga oro berayotib. — Xongirey bilib qolsa... albatta biladi, meni jazolaydi, senga esa indamaydi.
— Qo‘rqma, senga ham indamaydi.
— Olov bilan o‘ynashyapsan, Zelya.
— Olovning ustida tug‘ilganman, olovsiz turolmayman, — dedi Zelixon kulib.
— Shuning uchun o‘zing kuymay qolasan, boshqalar esa sen uchun jizg‘anak bo‘lishadi.
— Qo‘rqma deyapman-ku.
— Yaxshi, qo‘rqmadim. Hozir yo‘lga chiqaman. Jamshid kelmasa-chi? Ahmoq bo‘lib qaytib kelaveramanmi?
— Nega ahmoq bo‘larkansan? Kelmasa, ikkalamiz g‘orni aylanamiz. Ishtaha kelib qolsa, balki o‘pisharmiz. Sen hech g‘orda o‘pishganmisan?
— Yo‘q, — dedi Valya jerkib. — Maynavozchilik qilma. Eslab qol: g‘orning uchinchi bo‘lmasida kutasan. Ikki yigit orqadan poylaydi.
    Zelixon Valyaning chindan ham achchiqlanayotganini bilib, boshqa gapirmadi.
    Zelixon sayyohlarga qo‘shilib, g‘or ichkarisiga olib kirish uchun mo‘ljallangan vagonga o‘tirdi-da, har ehtimolga qarshi atrofga alangladi. O‘zini kuzatayotgan nigohni sezmagach, xotirjam bo‘ldi. Ichkariga kirgach, yana alangladi. Vagonlar ma’lum manzilga yetgach, to‘xtadi. Sayyohlar yo‘lboshlovchining g‘or tarixi haqidagi hikoyasini tinglab, tomoshani boshladilar. Zelixon uchinchi bo‘lmaga qadar ular bilan birga yurdi. So‘ng yolg‘iz o‘zi qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:03:21

    Novoafon g‘orining uchinchi bo‘lmasi boshqalariga qaraganda kichikroq hamda qorong‘iroq edi. Sumalakka o‘xshab qotib turgan rangli ma’danlardan suv chakillab tomardi. Zelixon soatiga qaradi: o‘n besh daqiqadan so‘ng Valya Jamshid bilan uchrashishi kerak. To u yoqdan, bu yoqdan gaplashib g‘orga kirgunlaricha yana o‘n besh daqiqa o‘tar, demak, yarim soat kutishi lozim. Zelixon atrofni sinchiklab kuzatib, pana joy mo‘ljalladi. Ma’qul joy topilmagach, to‘rtinchi bo‘lmaga chiqdi-da, Valya bilan Jamshid ko‘ringunicha shu yerda kutishga qaror qildi.
    Ular mo‘ljaldan avvalroq ko‘rinishdi. Sayyohlar uchinchi bo‘lmadan chiqishgach, reja bo‘yicha Valya Jamshidni bir bahona bilan ushlab qolishi kerak. Shunda Zelixon kiradi. Shunda Jamshid hayrat tuzog‘iga tushadi. Tuzoqdagi qushning ahvoli esa ma’lum.
    Uchinchi bo‘lmaga kirgunlariga qadar Jamshid Valyaning yetagidagi go‘l yigit ko‘rinishida edi. Sayyohlar chiqa boshlashgach, Valya ma’danlarning sifati haqida so‘z ochdi. Jamshid esa uning so‘zlariga quloq bermay, atrofga alangladi.
— Gapimni eshitmayapsanmi? — dedi Valya nozli ohangda.
— Ha, — dedi Jamshid.
— Nega?
— Bu gaplarni ko‘p eshitganman. Sen menga boshqa narsani gapir: akademik shu yerda kutishi kerakmidi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:03:42

— Qaysi akademik?
— Bilmaysanmi? Ha, yaxshi, unda gapiraver, kutamiz, — Jamshid shunday deb bo‘lma og‘ziga orqasini qilib turib oldi. Sharpa sezilganda ham qaramadi.
Zelixon bo‘lmaga asta kirdi. Valya uni ko‘rdi, ko‘zlari bilan ishora qildi. Ammo Zelixon bu ishorani nimqorong‘ida sezmadi. U Jamshidga yaqin kelib, yelkasidan ushladi:
— Jamshid!
Jamshid Zelixon o‘ylaganidek sapchimadi, keskin o‘girilmadi. O‘girilib, hayratga ham tushmadi. Astagina o‘girildi-da, zaharli jilmayish bilan Zelixonga tikildi.
— Akademikning buyrug‘iga binoan yetib keldim. Xizmatlariga tayyorman.
Zelixon «aytib qo‘ydingmi?» deganday Valyaga norozi qiyofada boqdi.
— Unga qaramang. Sizni kecha ko‘rganman. Siz o‘g‘irlikda balki akademikdirsiz, lekin bunaqa ishlarda mishiqi bolaga o‘xsharkansiz. Shuncha odamni ovora qilganingizni qarang. Men siz o‘ylaganday nodon yoki laqma bo‘lsam, shuncha yil Asadbekning qanotida yurarmidim? Gap shu: xonimchangizga ham, orqadagi ikki yugurdagingizga ham javob bering. Gapingiz bo‘lsa, yakkama-yakka gaplashamiz.
    Zelixon «chiq» deganday Valyaga qaradi. Valya istamaygina chiqib, to‘rtinchi bo‘lmadagi sayyohlarga qo‘shildi.
— Shu yerda gaplashamizmi yo yorug‘ jahonga chiqamizmi? — deb so‘radi Jamshid.
— Yorug‘ jahon ham gap ekanmi, — dedi Zelixon, — naq jannatning kindigida otamlashamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:05:36

2

    Ular tushgan mashina tog‘ning aylanma yo‘llari bo‘ylab yuqoriladi. «Gloriya» deb nomlangan qahvaxona katta yo‘ldan chetroqda, begona ko‘zlardan panada bo‘lsa-da, gavjum edi. Bu yer boshqa joylarga qaraganda tinch, to‘planganlar tasodifiy xo‘randalar emas, balki doimiy mijozlar ekani ularning bamaylixotir o‘tirganlaridan sezilar edi. Zelixon qamalmasidan ilgari bu yerda to‘rt-besh marta bo‘lgan, hatto Xongirey bilan ham birga kelgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, kapalaknusxa galstukli, orqaga taralgan sochlari oqargan qahvaxona og‘asi uni tanib, izzat bilan qarshiladi-da, ikki kishilik joyga boshlab bordi. Ulardan hech kim nima ichasiz, nima yeysiz, deb so‘rab o‘tirmadi.
    Jamshid atrofga ko‘z yugurtirdi: pastda dengiz yastanib yotardi. Sarv qomatli archalar shabadada asta chayqaladi. Yuqorida qorli cho‘qqilar ko‘rinadi.
— Uch-to‘rt chaqirim narida Stalinning dachasi bor, — dedi Zelixon. — Xohlasang ko‘rsatishim mumkin. Xohlaysanmi?
— Men bunaqa narsalarga qiziqmayman, — dedi Jamshid.
Xizmat qilib yuruvchi yigit billur idishlarda pivo keltirib qo‘ydi.
— Dam olgani keldingizmi? — deb so‘radi Jamshid, pivodan xo‘plab.
— Shunaqa desak ham bo‘ladi.
— Yolg‘iz kelibsiz?
— Kim bilan kelishim kerak edi?
— Masalan... Hofiz bilan?
— Uning o‘ziga yarasha tashvishlari bor.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:06:29

— Yana qanaqa tashvish? O‘chini oldi. Ko‘ngli joyiga tushdi. Yo tushmadimi? Ha... endi meni o‘ldirgisi kelayotgandir. Bilaman, meni yomon ko‘radi. Ammo aytib qo‘ying unga, men Shilimshiq emasman, menga tishi o‘tmaydi.
— Seni o‘ldirmaydi, — Zelixon shunday deb zaharli iljaydi. — Bitta odamni ikki marta o‘ldirib bo‘lmaydi.
— Bu nima deganingiz?
— Elchin seni o‘ldirib bo‘lgan. Buning uchun qaynotasidan tepki ham yegan.
— Tushunmadim?
— Ovsarmisan, desam, esli-hushli bolaga o‘xshaysan.
Bu gapdan Jamshidning g‘ashi kelib qoshlarini chimirdi.
— Meni ko‘pchilik kelajakdagi Asadbek, der edi. Eshitmaganmisiz?
— Eshitmaganman. Ammo qulog‘imga «Jamshid — O‘qilonning soyasi» degan gaplar chalingan. Xo‘sh, o‘zingni ovsarlikka solmayotgan bo‘lsang ayt-chi, meni restoranda ko‘ribsan, marjaning maqsadini anglabsan, nimani kutding?
— Bir shumlikni o‘ylaganingizni sezdim. Otarchi ham shu yerdadir, deb o‘ylabman.
— Shumlikni men emas, akalaring qilgan. Sen har holda bu yerga o‘ynagani kelmagandirsan?
— Shunaqa desak ham bo‘ladi.
— Bu yer vaqtinchalik qo‘nish joyi. Keyin qayoqqa uchasan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:06:56

— Qayoqqa? Uyga-da.
— Uyga ucholmaysan.
— Nega?
— Seni O‘qilon o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rarmidi? Unga nima yomonlik qiluvding?
Jamshid Zelixonning o‘tkir nigohiga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi.
— Gaplaringga qaraganda sen asosiy hukmni bilmaysan, shekilli?
Bu gapni eshitib, Jamshid Zelixonga yalt etib qaradi:
— Asosiy hukm?
— Akalaring senga «uch-to‘rt kun Bek akamning ko‘zlaridan nari yura tur», deyishganga o‘xshaydi, a? Seni bu yoqqa uchirib, ertasiga seni ko‘mishgan. Tushunmadingmi? Diqqat bilan eshit: O‘qilon seni qaysi bir gunohing uchun o‘limga hukm qilgan. Senga mehribon bir, yoki ikki, yoki uch odam seni bu yoqqa jo‘natib, o‘rningga boshqa odamni xuddi Shilimshiqqa o‘xshatib o‘ldirib, yoqib yuborib, keyin ko‘mishgan. Sening o‘ligingni Chuvrindining uyidan chiqarishgan.
— Yolg‘on!
— Senga yolg‘on gapirishdan menga foyda bormi? Nima uchundir O‘qilon qotillikda Elchinni aybladi. Men shunga hayronman. Sening o‘lganingga men ham ishongan edim. Kecha ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Seni panaga tortganimning sababi ham shu. Seni deb Elchinning yana jabr tortishiga yo‘l qo‘ya olmayman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:07:19

    Xizmat qilayotgan yigit yoqimli hid taratayotgan kabob keltirib qo‘ydi. Kabob hidi ishtahalarini qitiqlasa ham taomga qaramadilar. Jamshid bir oz sukut saqlab o‘tirgach, o‘rnidan turdi.
— Ha, qayoqqa? — dedi Zelixon.
— Shu bugunoq jo‘nayman.
— Shoshilma. Akang hali-beri hukmni o‘zgartirmas. Sen avval nima gunoh qilganingni aniqlab ol.
— Gunohim yo‘q.
— Lekin ayrim odamlar orasida mish-mishlar yuribdi. Seni ko‘mib kelishgan kuni Asadbekning qizi o‘zini osgan. Keyin bolasi tushgan... Balki u bilan...
— Yo‘q, — dedi Jamshid keskin. — U menga singil qatori edi. Bek akamning gumon qilishlariga o‘rin yo‘q edi.
— Unda nimaga?..
— Bu yog‘iga ishingiz bo‘lmasin.
— Yaxshi, ishim bo‘lmaydi. Lekin bilib qo‘y, shilta o‘yinlaringga Elchinni aralashtirmalaring. Elchin yolg‘iz emas. Mendan tashqari ham himoya qiladiganlari bor. Bular oldida, — Zelixon atrofdagilarga ishora qildi. — O‘qilon chuvalchangday bir gap.
— Katta ketmang, aka, — dedi Jamshid eshik tomon yurib. U kelgan mashinasida qaytdi. Zelixon esa qahvaxona xo‘jayinining xonasiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tarib buyurtma berdi.
O‘n daqiqadan so‘ng Elchinning telefoni jiringladi. Zelixon Elchinning ovozini eshitdi-da, salomlashmasdan turib dona-dona qilib dedi:
— Elchin, bir gapni aytaman, dovdirama. Gaplarimni qaytarma. Xotirjam eshitib, trubkani ham joyiga asta xotirjamlik bilan qo‘y. Gap bunday: Jamshid tirik. U Sochida. Hozir birga pivo ichdik. U o‘zining o‘lganini bilmaydi. Sen hushyor bo‘l. Qolgan gapni keyin aytaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:08:16

3

    Eshikni Valya ochdi. Zelixon uning ko‘zlaridagi xavotir uchqunini sezib, ichkari kirishi xavfli ekanini angladi. Endi orqasiga o‘girilaman deganida biqiniga o‘tkir tig‘ tiraldi. Zelixon uy burchagida ikki yigitning bejo turishiga ahamiyat bergan, ularni Xongireyning yigitlari deb o‘ylagan edi.
    U ilojsiz bir ahvolda ichkariga qadam qo‘ydi. Katta xonaga kirdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi. «Nima balo, o‘liklar tirila boshlaganmi?» deb o‘yladi. Xona to‘ridagi yumshoq o‘rindiqda taltayib... Fedya o‘tirar edi. Jamshid masalasini aniq bilmas edi, axir buni o‘z qo‘li bilan o‘ldirgan edi-ku?!
— Ha,  Zelya, ko‘zlaringga ishonmayapsanmi? — dedi Fedya o‘rnidan turib. — Men o‘sha, o‘zing bilgan Bo‘riman. Narigi dunyoda edim. Qarasam, maishat zo‘r. Men maishat qilib yuraversamu akademik do‘stginam yorug‘ dunyoda xor bo‘lib yursa, insofdanmi, deb u yerdagilarni avradim. Meni yorug‘ dunyo azoblariga qaytaringlar, qorong‘u dunyo lazzatlaridan akademik do‘stim ham bahramand bo‘lsin, devdim, ko‘nishdi, parazitlar. To‘g‘ri, ularga ham ozgina xarajat qilishga majbur bo‘ldim. Senday do‘st uchun men hech nimamni ayamayman, bilasan-ku?
— Sen... qanday tirik qolding? — dedi Zelixon, hayratdan hanuz o‘ziga kelolmay.
— Xudo xohlamadi o‘lishimni, — dedi Fedya tirjayib.
— Xudo-ku, xohlardi-ya... Fedya, bir safar tirik qolganing bilan, xoinliging kechirilmaydi, bilasan,a? Mentlarga xizmat qilayotganing uchun tering shilinadi hali.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:08:34

— Sen o‘zingni o‘yla. Sen akademik emassan, xomkallasan. Xongirey ham ahmoq. Seni bunaqa joydan qidirishmaydi, ovloqlardan izlashadi, deb o‘ylaganidan keyin ahmoq-da. Sen po‘stak, tomirimga qoradoridan boplab urdim, deb quvondingmi? Sening kelishing ma’lum edi. Endi sen shilta ish bilan ketasan. Qaytmaydigan bo‘lib ketasan.
— Sen tiriksan-ku?
— Sheriklarim o‘lgan.
— Bular... mentlarmi? — dedi Zelixon orqadagi yigitlarni ko‘rsatib.
— Ishing bo‘lmasin. O‘tir. Qorong‘i tushguncha o‘tiramiz. Keyin ketamiz.
— Qayoqqa?
— Ochig‘ini aytaymi, Zelya, sen umringni yashab bo‘lding. Seni qamashmaydi, sud ham qilishmaydi, hukm aniq, ijro qilinsa bas.
— Biz bir paytlar do‘st edik, Fedya?
— Bir paytlar otang onangga uylangan edi? Qani u? Do‘stligimiz ham shunaqa. Sen meni o‘ldirmoqchi eding. O‘shanda do‘stligimizni eslamading-ku?
— O‘zing-chi? O‘zing ham meni o‘ldirmoqchi bo‘lmadingmi? Xullas, oshnam, hisob-kitobimiz to‘g‘ri.
— Yo‘q, Zelya, sening hisob-kitobing o‘tmaydi     bu o‘yinda. Endi sen qoyilmaqom qilib o‘lishni o‘yla.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:09:24

— Otasanmi, chopasanmi yo qiymalaysanmi?
— O‘zingga ma’qulini tanla, menga baribir. Seni qishlog‘ingdagilar ko‘mib bo‘lishgan. Endi birov seni qidirmaydi.
— Unda meni... ot. Bir o‘q bilan tinchit.
— Yaxshi, otaman. Bitta o‘q yetsa yetdi, bo‘lmasa sendan o‘nta o‘qni ham ayamayman.
— Faqat... qishlog‘im atrofida ot. Chirisam o‘sha yerda chiriy.
Fedya bu gapni eshitib, baralla kulib yubordi.
— Vey, ahmoq, qaerda chirishingning nima ahamiyati bor? Yo‘q, men seni uzoqqa sudrab bora olmayman. Sen jon do‘stim, chirishdan qo‘rqma. Chirishga ulgurmaysan. Seni qiynamaslikning chorasini ko‘rib qo‘yganman. Otamizu ustingdan kislota quyamiz. Sening o‘rningga qishlog‘ingda Zelixon deb ko‘milgan ahmoq chiriyversin.
— Bilib qo‘y, seni Xongirey tinch qo‘ymaydi.
— Xongireyni ko‘ndiradigan odamlar bor. Sen bu yog‘idan xavotir olma. Xongirey ham odam, u ham hisob-kitobli dunyoda yashaydi.
Zelixon orqadagi yigitlarga qarab qo‘yib jilmaydi.
— Nimaga tirjayyapsan? — dedi Fedya.
— Shunaqangi osongina o‘lib ketamanmi, deb o‘ylamovdim. Fedya, sen bilan menga oson. Vaqti yetsa o‘lib ketaveramiz. Bu dunyoda bir-ikki kunlik o‘ynashlarimizdan boshqa hech kimimiz yo‘q. O‘lsak, birov achinib yurmaydi ham.

Qayd etilgan