Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264443 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:09:39

— Sening hech kiming yo‘qdir. Mening esa onam bor.
— Onangmi?.. O‘lganingni eshitib onang quvonib ketsa kerak.
— Shunaqa degin?.. Xotirjam bo‘l, onam hali-beri quvonmaydi. Men hali ko‘p yashayman. Bu dunyo maishatlariga hali to‘yganim yo‘q.
— Fedya, sen menga nomardning ishini qilyapsan. O‘limim oldida senga bir gap aytay, bu yigitlar chiqib turishsin. Qo‘rqma, qochib ketmayman.
Fedya bir oz o‘ylangach, yigitlarga «chiqinglar» degan ma’noda ishora qildi.
— Fedya, — dedi Zelixon, yolg‘iz qolishgach. — Bir masalada kelishib olsak, o‘zingga yomon bo‘lmaydi. Qamalishimdan ilgari bankni o‘marganimni bilasan-a? Aybni bo‘ynimga qo‘yishdi, lekin pulni topa olishmadi, buni ham bilasan, a? Men senga o‘xshagan kissavur emasdim. Katta-katta topardim. Bu ham ma’lum senga. Qishlog‘imga nima uchun keldim, buni bilasanmi? Yo‘q, bilmaysan. Men o‘g‘irlikni yig‘ishtirib, tinchgina yeb-ichib yotmoqchi edim. Bu pul mening yetti avlodimga yetib ortadi. Menga nasib etmaganga o‘xshaydi. Men shu pulni deb yashadim, endi mendan keyin chirib uvol bo‘lmasin. Yarmiga kelishsak, qaerdaligini aytaman.
— Yarmini nima qilmoqchisan?
— Yarminimi?.. Bir do‘stim bor, o‘shanga olib borib berasan.
— Aldayotgan bo‘lsang-chi?
— Seni aldashdan foyda bormi, menga? Kechgacha o‘yla, bilib qo‘y, sen buncha pulni umringda ko‘rmagansan. Yana bir gap: kechgacha bu o‘tirishda siqilib o‘lmaylik. Agar mendan cho‘chisang, oyoqlarimni bog‘lab qo‘y. Ammo yo‘lga chiqquncha bir maishat qilaylik. Agar taklifimga ko‘nsang, kechqurun yo‘lga chiqsak, ertalab yetib olamiz. Agar insof qilsang, marjaning to‘shagiga kirib chiqishga ruxsat berarsan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:10:34

    Fedya yigitlarni chaqirib Zelixonni stulga o‘tqazdi-da, oyoqlarini bog‘latib qo‘ydi. Valya stol ustiga aroq, kolbasa, non, piyoz, tuz keltirib qo‘yib, yotog‘iga kirdi-da, eshikni zanjirlab oldi.
Fedyaning o‘zini erkin tutishi, Valyaning bulardan qo‘rqmayotganidan Zelixon bildiki, bu ishlarga Xongireyning ijozati bor. «Xongireyning nozik bir joyidan ushlashganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa u meni osonlikcha bermas edi, — deb o‘yladi Zelixon. Keyin birdan fikri charaqlab yorishdi: — E, ha, Xongirey, azizim, menga yaxshilik qilaman, deb yomonlikni ravo ko‘ribsan-ku? Qishlog‘ida o‘lib ketmasin, besh-o‘n kun Sochida yayrab olsin, deding-mi? Buning uchun o‘z o‘ynashingni qo‘shdingmi, menga? Eh, Xongirey, shu masalada chechenga o‘xshamading. Qishlog‘imda o‘lganim, odamga o‘xshab ko‘milganim yaxshi emasmidi?..»
    Zelixonning muqobilida o‘lim to‘rlari tashlangan qorong‘i yo‘lakdan o‘zga yo‘l yo‘q. Istasa-istamasa hademay o‘limning shirin suvini ichmog‘i joiz. O‘lim uni bag‘riga olmoqqa shay. Faqat yana qancha soat yoki daqiqadan so‘ng, qaerda oladi — faqatgina shu masala hal etilsa bas. Zelixon Farg‘onada ekanida o‘lim bilan yuzma-yuz kelmoq dahshatini his etgan. To‘g‘ri, o‘zi aytganiday, o‘limi hech kimni larzaga solmaydi. Agar Fedyaning gapi rost bo‘lsa, kislota bilan kuydirilsa, bu dunyoda jasadi ham, nomi ham qolmaydi. Chechenning bir avlodi tomiri bilan uzilib, yo‘q bo‘ladi. Xudo bu oilaga bittadan o‘g‘il berayotuvdi. Zelixonga buni ham ravo ko‘rmadi. Endi bu urug‘ quridi hisob... Zelixon buni avval ham ko‘p o‘ylagan, oila qurishni reja qilgan, ammo o‘y o‘yligicha, reja rejaligicha qolib ketavergan. Agar shu kelishida qishlog‘ida tinch-omon yashab qolsa, oila qurarmidi, Xudo unga ham o‘g‘il berarmidi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:11:25

    Zelixon maishat qilish istagini bildirgan bo‘lsa-da, tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. «Nasibamni yeb-ichib bo‘lganman, shekilli?» deb o‘yladi u. Shu asnoda so‘nggi luqmani yuta olmay jon berayotgan bobosi ko‘z oldiga keldi.
    Fedya katta qadahni to‘ldirib ikki-uch ko‘tarishda bo‘shatdi. U topshiriqni qaerda, qachon, qay holda bajarish xususida aniq ko‘rsatmaga ega bo‘lsa-da, Zelixonning taklifi uni ikki yo‘l qarshisiga keltirib qo‘ygan edi. Har qanday odamning fikrini o‘g‘irlash jozibasiga ega bo‘lgan pul Fedyaning nozik qitiq patlarini o‘ynay boshlagan edi. Umri faqat pul o‘marish dardi bilan o‘tayotgan odam katta boylik haqidagi xabarga e’tiborsiz qarashi mumkinmi? Pul, boylik — go‘zal bir sanamki, uning to‘shagida orom olmaguncha ko‘ngil tinchlik bermaydi. Pul, boylik — o‘rgimchak to‘ri kabiki, kishi ko‘zi ochiq holatda bu to‘rni ko‘radi, oqibatda bu to‘r azobga giriftor qilajagini biladi, bilsa-da, yo‘ldan qaytmaydi, to‘r ortidagi go‘zal sanamdan hech bo‘lmasa bittagina o‘pich olish ilinjida tinchimaydi.
    Fedya hozir tinchini yo‘qotdi. «Aldayotgan bo‘lsa-chi?» degan savolga «aldasa ham o‘ladi, aldamasa ham o‘ladi. Sochida otdim nima-yu, qishlog‘ida otdim nima?» deb o‘ziga tasalli berdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:12:00

    Fedya qistayverganidan keyin Zelixon ham ichdi. Vujudi qizib, o‘lim vasvasasidan uzoqlasha boshlaganday bo‘ldi. Shunda ro‘parasidagi zulumot yo‘lagida bir chiroq yilt etganday bo‘ldi. «Panoh bor,— dedi u o‘ziga o‘zi.— Xongirey saqlay olmasa, saqlaydigan odamlar topiladi. Odam topilmaganda ham, men so‘lagi oqib yurgan noshud bola emasman-ku!»
    Fedyaning marhamati bilan Zelixon Valyaning yotog‘iga kirib chiqqach, yo‘lga otlandilar. Tuni bilan yo‘l yurib, tongotarda manzilga yaqinlashdilar. Yuqoriga o‘rlagan tog‘ yo‘lida Zelixon sergaklandi. U orqa o‘rindiqda, ikki yigit o‘rtasida, Fedya esa haydovchining yonida o‘tirardi. Yigitlar ham, Fedya ham mudrashardi. Zelixon haydovchini ham uyqu eltayotganini sezdi. Mashina tik jarlik yoqasidan o‘tayotganida Zelixon tavakkal qildi: qaddini ko‘tarib rulga yopishdi-da, mashinani jarlik sari burdi.
    U tasodif bilan tirik qolarman, deb fikr qilgan edi. Tasodif yuz bermadi. Ammo Xudoning unga rahmi keldi — jasadi kislota bilan kuydirilmay, ota yurti tuprog‘iga qo‘yildi. Faqat nasli nasabi noma’lum odam sifatida dafn etildi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:13:23

XXI  b o b

1

    Onasi unga: «Umid bilan yashagin, qizim, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘lib ketadi», deb qayta-qayta uqtirdi. Zaynab onasini ranjitmaslik uchun «xo‘p» deb qo‘ya qoladi. «Nimaga umid qilay, nima yaxshi bo‘lib ketadi?» deb o‘ziga o‘zi qayta-qayta savol beradi. «Mening umidlarim allaqachon jon bergan, ko‘milgan. Yoki hayotda bir umid o‘lgach, boshqasi tug‘ilishi mumkinmi? Yurak shunaqa bevafomi? O‘zi yillab ardoqlab kelgan bir umidni bo‘g‘ib, boshqasiga joy beraveradimi? Men endi nimaga umid qilay? Yana homilador bo‘lishni, tug‘ishni... bola o‘stirishnimi? Hayot shundangina iboratmi? Tug‘ilasan... tug‘asan... o‘lasan...»
Zaynab yolg‘iz qolgan kezlari ko‘pincha shularni o‘ylardi.
    U to‘lin oy va osmon singari topishmoqni istagan edi. Endi osmoni to‘lin oysiz tund bo‘lib qolgan damda nimaga umid qilsin? Bu osmonga yangi oy chiqishigami? Bu osmonga yangi oy yarasharmi ekan?
    Zaynab onasigagina achinardi. O‘lmay qolganini ham onasining baxtidan deb bilardi. «Xudo onamni avaylab, meni u uchungina saqlab qoldi», deb o‘ylardi. Keyingi yuvoshligi, mo‘’minligi ham onasi tufayli edi. Onasi aytgani uchun, oyog‘i tortmasa-da, Elchinga qo‘shilib keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:14:00

    Oradan kunlar o‘tar, Elchin go‘yo Zaynabning o‘sha gapini unutganday, yo‘q, xuddi eshitmaganday edi. Na bir harakatida, na bir gapida o‘sha voqeaga ishora qildi. Bu Elchin uchun oson emasdi. O‘sha gap uning yuragidan tosh bo‘lib joy olgan, bu toshni eritish esa mushkul edi. Zaynabning nima sababdan shunday deganini anglash uchun ko‘p o‘ylardi. «Balki xiyonat qilgandir, lekin buni aytishdan maqsadi nima?» degan savolga javob topish uchun xayolning ming bir ko‘chasiga kirib chiqardi.
    Elchin hadeb uyda o‘tirmaslik uchun madaniyat uyiga ishga kirdi. Musiqa to‘garagiga nomigagina rahbar edi, aslida to‘yma-to‘y yuruvchi guruhi bilan shug‘ullanardi. Shart shu ediki, madaniyat uyi biron tadbir o‘tkazsa, ular havaskor ishchilar sifatida ishtirok etib berishardi. U Zaynab o‘ziga kelib olsin, degan fikrda bo‘sh kunlari ham «ishga ketyapman», deb uydan chiqib ketardi. Uning navbatdagi yanglishishi ham aynan shu edi.
    Zaynab uchun yolg‘izlik azob sahrosida sarsari tentirash kabi edi. Garchi Elchin bilan bo‘lganida yuragi ezilib tursa-da, uning ko‘chaga chiqishini istamay qolgan, ammo «men bilan uyda o‘tiring», deyishga tili bormas edi. Faqatgina Mardona keladigan kunigina Elchinning chiqib ketishini xohlardi. Faqat Mardonagina unga lazzat olib kelardi. Mardona kelishidan bir kun avval uning vujudi zirqiray boshlardi. Hamshira kelib, emlagach, og‘riq taqqa to‘xtar, yuragidan g‘ubor ham ko‘tarilardi. Mardonadan qiziq-qiziq hangomalarni eshitib, miriqib kulardi.
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:14:29

    Elchin Mardonani dastlab ko‘rganidayoq yoqtirmay qolgan edi. O‘rni kelsa aytaman, deb yurgan kezlari uyga kiyimini almashtirgani kirdi-yu, Zaynabning shodon kulgisini eshitdi. Bu kulgi Elchin uchun tansiq edi. Shu bois hamshiraning kelishiga monelik qilish fikridan qaytdi. Bu uning yana bir navbatdagi yanglishishi edi.
    Mardona endigi kelishida emlab bo‘lganidan so‘ng, Zaynabning bahri-dili ochilgan damda sumkasidan videokasseta chiqardi.
— Bir tanishimnikiga kiruvdim, zo‘r kino deb berdi. Birga ko‘rmaymizmi, qanaqa balo ekan? — dedi u. Zaynabga bu taklif ma’qul keldi. Chunki uyidagi kassetalarni uch-to‘rt martadan ko‘rib bo‘lgan edi.
    Bir necha daqiqadayoq filmning «qanaqa balo» ekani ma’lum bo‘ldi. Mardona to‘xtatarmikin, degan ma’noda Zaynabga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Dori ta’siridan aqliga qulf urilgan, lazzat bulog‘ida cho‘milayotgan juvon televizorni o‘chirmadi. Mardona har ehtimolga qarshi:
— Voy o‘layin, voy sharmanda! — deb qo‘ydi.
Zaynab unga qarab bir kulimsiradi-yu, yana tomosha bilan ovora bo‘ldi.
    Nomi «chet el badiiy filmi» bo‘lgan bu tomoshada kishi aqli bilan o‘ylab topish mushkul bo‘lgan behayolik, sharmandalikning beadad turlari mavjud edi. Film o‘rtalaganda Mardona Zaynabga yaqin surildi. Avval yelkasiga o‘ng qo‘lini tashlab o‘ziga tortdi. So‘ng chap qo‘li bilan ko‘kragini ushladi. Zaynab bir siltandi-yu, keyin dugonasining qilig‘i yoqib, qarshilik bildirmadi.
Bu holva edi.
    Bundan beshbattari filmdan so‘ng bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:15:57

2

— Eringiz to‘ydami? — deb so‘radi Mardona.
— Ha,— dedi Zaynab entikib.
— Bir joyga bormaymizmi?
— Qayoqqa?
— So‘ramang. Eringiz maishat qilganida siz ham bir ayshingizni sursangiz, osmon uzilib yerga tushmas.
— Yo‘q, shu yerda o‘tiraveraylik.
— Men sizga yomonlikni ravo ko‘ramanmi? Xohlamasangiz o‘tiravering, men ketdim. O‘zim boraman. Buni ko‘rganimdan keyin joyimda yota olmayman.
    Zaynab o‘ylanib qoldi. Ammo bu o‘y aqlga urilgan qulf zulfini buza olmadi. Itoatkorlik bilan o‘rnidan turib, kiyimini o‘zgartirdi. U hozir cho‘pon yetovidagi qo‘y holiga kirgan edi. Uning ko‘ngli nimanidir tusardi, u nimagadir yetishmoqni istardi. O‘sha «nimadir» uning xayolini o‘g‘irlagan, fikrlash yo‘llarini tamom to‘sib tashlagan edi. O‘sha «nimadir» tomirida qonni gupirtirib oqayotgan qoradori ekanini, ko‘rgan tomoshalari esa ruhini loyqalatib tashlaganini hozir idrok eta olmas edi.
    Ular katta ko‘chaga chiqishib, yo‘lovchi mashinani to‘xtatishdi. Mashinada Mardona uning belidan mahkam quchib bordi. Mardona aytgan ko‘chaga burilgach, haydovchi «qayoqqa yuray?» deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:16:32

— Hammom oldida to‘xtating,— dedi Mardona amr ohangida.
Mashina to‘xtab, Zaynab tushgach, Mardona haydovchiga:
— Yarim soatcha poylab tura olasizmi? — dedi.
— Puliga chidasangiz, ertalabgacha ham turaveraman,— dedi haydovchi.
— Qoyilman, o‘g‘il bola! — dedi Mardona.
— Zakalat tashlab keting,— dedi haydovchi.
Mardona sumkasidan pul olib unga uzatdi:
— Sizdaqa o‘g‘il bola kerak menga, keyin gaplashib olamiz. — Mardona shunday deb bir ko‘zini qisib qo‘ydi.
    Ular hammomning hovuzli bo‘lmasiga kirdilar. Mardona patta ham olmadi. Birovdan «kirsak bo‘ladimi, bo‘shmi?» deb so‘rab ham o‘tirmadi. O‘z uyida yurganday to‘g‘ri kirib bordi. Zaynab «qanaqa joy bu o‘zi?» deganday atrofga bir alangladi. Odamlarning e’tiborsiz turganini ko‘rib, indamay dugonasiga ergashdi.
    Ichkari kirib, eshik zulfini solgach, Mardona stol ustida yopig‘liq oq dasturxonni yig‘di. Zaynab tayyorlab qo‘yilgan yemak-ichmakni ko‘rib ajablandi. Mardona esa pivoni shartta ochib ikki piyolaga quydi-da, manzirat qilib o‘tirmay, ichib yubordi. So‘ng:
— Bu yerda pivo yaxshi ketadi,— deb labini yaladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:17:09

    Yechinib, issiqxonada o‘tirdilar. Bu yerda ham Mardona uydagi qilig‘ini qildi. Bu safar uning harakatlari avvalgiday xush yoqayotgan bo‘lmasa-da, Zaynab qarshilik ko‘rsatmadi. So‘ng hovuz labiga borishdi. Bu yerda ham Mardona uning oq badanini ehtiros bilan silab, kutilmaganda suvga itarib yubordi. Keyin qiyqirib kulganicha o‘zini hovuzga otdi. Ikki dugona ancha vaqtgacha qiyqirib, bir-birlariga suv sepib o‘yin qildilar. Suvdan chiqishgach, Mardona Zaynabning yelkalarini silab:
— Buni qara, kumushdek tovlanib ketding. Bunday badan katta otarchiga xayf...— dedi.
Issiqxonadan so‘ng salqinroq suvga tushib, ruhidagi loyqa tina boshlagan Zaynab bu gapni eshitib, yengil seskandi.
«Kumushdek... tovlanib ketding...»
    Mardona bu gapni aytganda Kumushbibini nazarda tutmagan bo‘lsa-da, Zaynabning ko‘z oldida o‘zi sevgan, yillar bo‘yi qalbining to‘rida ardoqlab-asragan mo‘’mina ayol gavdalandi. Shu asnoda aqlini bandi etib turgan qulf buzilib, nimalar qilganini idrok eta boshladi. Idrok etgani sayin o‘zidan o‘zi nafratlanaverdi. Mardona undagi o‘zgarishni sezib:
— Hm, o‘rtoqjon, nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Issiq yoqmadi shekilli,— dedi Zaynab bir oz dovdiragan holda.— Men chiqib tura qolay.
— Mayli, men yana bir sho‘ng‘ib chiqaman,— Mardona shunday deb yana pivodan simirib, o‘zini suvga otdi.

Qayd etilgan