Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 192137 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:18:10

    Zaynab tez-tez kiyinib, tashqariga chiqdi. Nima qilarini bilmay dovdirab turganida mashina signali chalinib, haydovchining:
— Men bu yerdaman,— degan ovozini eshitdi.
Zaynab avvaliga «sen kimsan?» deganday unga ajablanib qaradi. So‘ng bu yerga shu mashinada kelganini eslab, tez-tez yurib borib, o‘tirdi-da, «ketdik», dedi.
— Opoxonimiz-chi? — dedi haydovchi.
— Uni qaytib kelib, olib ketasiz.
— Puliga chidasalar bo‘ldi. Qaytib kel, desalar qaytib kelaveraman. Qayoqqa qarab hayday?
Zaynab uyiga qaytsa, Mardona izma-iz yetib kelishidan xavotirlanib, ota hovlisiga bormoqni ixtiyor etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:19:06

3

Mardona ertasiga qo‘ng‘iroq qildi.
— Ha, o‘rtoqjon, nima bo‘ldi? — dedi u o‘pkalanib.
Zaynab uning ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib, yuzlari qizarib ketdi.
— Sal mazam qochdi,— dedi u sovuqroq gapirishga harakat qilib. U kechagi voqeadan so‘ng Mardonani ko‘rishni istamay qolgan edi. Mardona uning muomalasidagi sovuqlikni sezsa-da, quvnoq ohangda davom etdi:
— Shunday zo‘r maishatdan quruq qoldingiz. Mayizdek bo‘lib borardik. Otasi o‘pmagan yigitlarni ko‘rardingiz. Siz uchun bugun boshqatdan tashkil qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q,— dedi Zaynab.— Kerakmas. Meni bunaqa ishlarga... boshlamang. Umuman... endi biznikiga kelmang.
— Kassetamni olgani borsam-chi?
— Kasseta?.. Men uni majaqlab, axlatga tashlab yubordim.
— Shunday jonon narsani-ya! — Mardona kuldi. Zaynab go‘shakni qulog‘idan uzdi. Ammo joyiga qo‘ymadi.
— O‘rtoqjon, eshityapsizmi? Mayli, kelma, desangiz bormayman. Lekin uch kundan keyin mensiz turolmay qolasiz. Meni o‘zingiz chaqirasiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:19:39

Bu gapni eshitib Zaynab ajablandi-da, go‘shakni qulog‘iga olib bordi:
— Uch kundan keyin? Nimaga?
— Uch kundan keyin dorini qo‘msaysiz.
— Qanaqa dorini?
— O‘shanda bilasiz. Men ginachi emasman. Telefon qilsangiz, yetib boraman. Tortinmay chaqiravering.
    Bu gapdan keyin Mardonaning nima demoqchi ekanini anglaganday bo‘lib, Zaynab qo‘rqqanidan titrab ketdi. Bilagidagi igna izlariga qaradi. «Yo‘q, yo‘q, bo‘lishi mumkin emas», deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Lekin uning bu tasallisi o‘lib o‘layolmay, tuzalib tuzalayolmayotgan bemor kabi edi. U endi ana shu o‘lim to‘shagidagi tasalli bilan kuch yig‘ayotgan navqiron gumonga asira bo‘ldi.
    «Hali hammomdan chiqqach, yana bir sharmandalikka boshlab borar ekan-da?! Maqsadi nima uning? Nahot meni shunday sharmandalik ko‘chasidan qaytmas juvon deb o‘ylasa? Nahot meni buzuq deb o‘ylasa?! O‘zi-chi? O‘zi shu qadar buzuqmi? Men shu buzuq bilan apoq-chapoq bo‘ldimmi? Hatto opa-singil tutinishni fikrladimmi? U mening kimligimni biladi-ku? Nahot bu shaharda Asadbekdan cho‘chimaydigan bir buzuq topilsa?» Zaynab shularni o‘ylab, otasiga aytmoqni ham fikr qildi. Biroq, otasining qahridan qo‘rqdi. Yana arqonni picha uzun tashlamoqni, Mardona bilan yakka o‘zi olishib ko‘rmoqni lozim topdi. «Shunday bir shilta bilan olishib yenga olmasam, men Asadbekning qizi emasman!» deb qo‘ydi. Shunday deb katta ketgan bo‘lsa-da, Mardona aytgan uch kunning o‘tishini xavotir bilan kutdi. Tasalli bilan gumonning hayot-mamot jangi shu uch kun badalida hal bo‘lishi kerak...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:20:00

    Uchinchi kunga o‘tar kechasi uyqusining tayini bo‘lmadi. Endi ko‘zi ilinganida bosinqirab uyg‘onib ketaverdi. Bir mahal qattiqroq baqirib yuborib, Elchinni ham uyg‘otdi. «Nima gap, tinchlikmi?» degan savolga «bosinqirabman», deb qisqa javob bera qoldi. Elchin charchab kelgani sababli xotinining holatiga e’tibor bermay yana uyquga ketdi.
    Asad oyining o‘n beshi. Kunduzi quyosh taftidan horigan osmonga to‘lin oy hukm o‘tkazadi. Zaynab bosinqirab uyg‘onganida Oy deraza ro‘parasiga kelib, hobgohni nurga belay boshlagan edi. Zaynab chalqancha yotib, Oyga tikildi. «Oy qachondir bir gunoh qilib yuzi sharmandalikdan dog‘ bo‘lgan ekan. Necha ming, balki million yildan beri bu dog‘ni ketkiza olmaydi. Balki Oy odamlardan uyalgani uchun ham faqat kechasi chiqar? Men-chi? Bir qadam qolgan ekan-a... Meni Kumushbibining ruhi saqlab qoldimi? Shundaydir. Balki derazadan tushayotgan nur Oyniki emas, Kumushbibi ruhining nuridir? Qani edi shunday bo‘lsa. Qani edi, Kumushbibining ruhi o‘zimni, uyimni sadoqat, poklik nuri bilan o‘rab, himoya qilsa. Qani edi. Otabek begimning ruhi erimning yuragiga muhabbat otashini bersa... Otabek bir tug‘ilib qolgan ekan. Endi Otabeklar yo‘q. Kumushbibimning zaharlanib o‘lgani bir jihatdan durust bo‘lgan ekan. Agar dunyo aylanib hozir tug‘ilsamidi... Hozir tug‘ilsa Kumushbibi bo‘la olmasdi. O‘zi aytmoqchi, Tuproqbibi bo‘larmi edi... Xuddi menga o‘xshab... Men Tuproqbibi emasmanmi axir?..» Shu kabi xayollar oqimiga berilgan Zaynab yana mudradi. Sal o‘tmay yana uyg‘ondi. Shu tarzda xavotirlanib kutgani uchinchi kunga yetdi. Ammo xavotiri o‘rinsiz chiqdi. Vujudida o‘zgarish sezmadi. Mardonani la’natladi. Ko‘ngliga sevinch oftobi mo‘raladi. Lekin bu sevinch nuri qora bulutlar chokidan asta qarab qo‘ygan oftob misoli aldamchi edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:21:01

    Kun asr vaqtidan o‘tganida hovli qizib, o‘tirib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Zaynab ichkari kirib salqin xonadagi o‘rindiqqa yonboshlab, televizorni yoqdi. Keksaroq bir baxshi do‘mbira chertib doston aytardi. Zaynab baxshilarning ovozini xirillatib aytishlarini yoqtirmas edi. Shu tufayli televizorni boshqa kanalga olmoqchi bo‘ldi. Biroq, baxshining tilidan uchgan bayt uni to‘xtatdi:

Xazon bo‘lgan bog‘da gul so‘larmikan,
So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan..
.

    «Aqlli gap ekan,— deb o‘yladi u.— «So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan...» Xuddi men haqimda aytilganga o‘xshaydi.»
    Baxshi «Barchin» ismini tilga olgach, «Alpomish» dostoni aytilayotganini fahmlab, diqqat berib tingladi.
    «...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
Barchin tilidan aytilgan bu gap Zaynabni larzaga soldi. Salqin uyda havo yetishmaganday tuyulib, tashqariga chiqdi. Yuziga issiqlik seli urilib, yanada loxas bo‘lib, iziga qaytdi. Baxshi do‘mbirani shitob bilan chertib, doston aytardi.
    «...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
«Lochin kim? Erimmi? Yo‘-o‘q... u lochin bo‘la olmaydi.  Bu  to‘shga  lochin qo‘nmay o‘tdi. Qarg‘a qo‘ndi...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:21:24

    Zaynab Jamshidni eslab, yuragi ezildi. Yurak to‘lg‘og‘ini kutib turganday vujudi ham zirillay boshladi. Zaynab asabini tinchlantirish uchun xapdori ichib yotdi. Vujudi bir oz orom topganday bo‘ldi. Baxtiga eri bugun to‘yga ketmadi. Birga ovqatlanib, so‘ng gaplashib o‘tirishdi. Zaynab saboqdosh toliba dugonalarini sog‘inganini, mehmonga chorlash niyati borligini aytdi. Elchin bu fikrni ma’qullab, «qo‘lbola osh bizdan», deb ko‘nglini ko‘tardi.
    Mardona aytgan holat yarim tunda to‘satdan boshlandi. Zaynab bezgak tutganday titrardi. Ko‘ngli aynib o‘qchirdi. Elchin qaynonasini bezovta qilgisi kelmay, «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Tabib kelib, lozim tekshiruvini o‘tkazgach, bir bilakdagi igna izlariga, bir Elchinga qarab yelka qisdi. Elchin uning nima demoqchi ekanini anglab, bosh chayqadi-da:
— Yaqinda kasalxonadan chiqdi. Hamshira kelib emlab turibdi,— dedi.
— Qanaqa dori, ko‘rishim mumkinmi?
— Hamshira dorini o‘zi olib keladi,— dedi Zay-nab ingrab.
— Emlaganidan keyin yengil tortarmidingiz?
— Ha.
— Nima ekan u? — tabib o‘ylanib, gardanini qashidi.— Agar istasangiz kasalxonaga olib ketay?
— Do‘xtir, bu Asadbekning qizi,— dedi Elchin, uning qulog‘iga shivirlab.
— Men uchun buning hech bir ahamiyati yo‘q. Men kasal ko‘rgani kelgan odamman,— u shunday deb qutisini kavlashtirib dorilarni tanlagach, Zaynabni emladi-da, ketishga hozirlandi.— Tinchlantiradigan dori berdim. Hozir uxlaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:21:47

Elchin uni ko‘chaga qadar kuzatib chiqdi.
— Men sizni tanidim,— dedi tabib, xayrlashish uchun qo‘l uzatib.— Menga shuning o‘zi kifoya edi. Asadbekni eslatib, o‘zingizni pastga urdingiz. Dard «bu Asadbekning qizimi?» deb surishtirmabdi-ku, to‘g‘rimi? Nima uchun shifo surishtirishi kerak ekan? Past ketmang, hofiz og‘ayni, sira past ketmang.
    Elchin mulzam bo‘lib qolaverdi. Uyga qaytib kirganida Zaynabning titrog‘i ancha kamaygan, nafas olishi ham mo‘’tadillashgan edi. Elchin uning ustidagi choyshabni tortib, to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, o‘zi divanga yonboshladi.
    Zaynab uyg‘onganida vujudini nimadir bosib turganday his etdi. Tungi bezgak xuruji chekingani uchun og‘irlikka parvo qilmaslikka tirishib, o‘rnidan turdi-da, choy qo‘ydi, nonushta tayyorladi. Elchin xotinining harakatlariga qarab «ancha tuzuk», deb o‘ylasa-da, baribir so‘radi:
— Oyingni chaqiraymi?
— O‘zim chaqiraman. Yo‘q, uyga borib kelaqolaman.
— Unda olib borib qo‘yaman.
— Yo‘q, ketavering, birpasdan keyin boraman.
— Seni dorilar ham qiynab qo‘ydi chamamda. Ba’zi dardlarni badanning o‘zi ham yengib tashlaydi. Hadeb dori ichib qiynash kerakmasdir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:22:06

— To‘g‘ri aytasiz, Mardonaga boshqa kelmang, deganman.
— Dugona sifatida kelaverishi mumkin.
— Yo‘q, yo‘q, u menga qanaqasiga dugona bo‘lsin. Shunchaki... hamshira.
Zaynab ezgin kayfiyatda bo‘lgani sababli Elchin gapini kalta qila qoldi. Ishga otlana turib:
— Bugun rayonda kontsertlarimiz bor. Oyingnikiga borsang, yotib qolaver. Ertalab o‘zim xabar olaman,— dedi.
    Zaynab itoatkorlik bilan «xo‘p» dedi. Eri ketgach, uyni yig‘ishtirib, onasinikiga otlanayotganida yana bezgak titrog‘i xuruj qildi. Bu safar oyoq-qo‘li akashak bo‘lib qoldi. Bu holatidan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. «Endi o‘laman shekilli?» deb o‘yladi. Bu o‘y uni holi qoldirmay turib, xayoliga Mardona keldi. Azob iskanjasidagi Zaynabga Mardona najot farishtasi kabi ko‘rindi. Uning ko‘z oldida shilta qiliqlar qilayotgan juvon emas, jilmayib turgan bokira qiz sifatida ko‘rindi. U bezgak titrog‘iga ortiq dosh berolmay, telefon raqamini terdi. Mardonaning ovozini eshitib, azroil jonini qaytib berganday suyundi.
— Tez keling, kelmasangiz o‘laman,— dedi titroq ovozda.
— Sabr qiling, jonim, hoziroq yetib boraman,— dedi Mardona.
Chindan ham u tez yetib keldi. U kirganida Zaynab uy burchagida g‘ujanak bo‘lib olgan, bir nimadan qo‘rqqanday titrardi. Mardona uni qo‘lidan ushlab turg‘azib, so‘ng divanga yotqizdi. Zaynab unga mo‘ltillab qaradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:22:26

— Yonimda dori yo‘q,— dedi Mardona sovuq ohangda.
— Nimaga? — dedi Zaynab.
— Dori beradigan odam «o‘zini olib kel», dedi.
Zaynab avvaliga bu gapning mazmunini anglamadi. Tushungach, ko‘zlarini katta-katta ochib:
— Menga berayotganingiz qoradorimidi? — deb so‘radi.
— Nima deb o‘ylovdingiz? — dedi Mardona kulib.— Emlagandan keyin mazza qilardingiz-ku? — Shunday deb Zaynabning ko‘kragiga qo‘l yubordi.
Zaynab o‘zida qandaydir kuch topib, bu qo‘lni urib yubordi-da, o‘rnidan turdi:
— Hayvon! Fohisha! Yo‘qol! — deb baqirdi.
Mardona zaharli jilmaydi.
— Betahorat benamozni bo‘yniga qo‘ygan ekan. Men o‘z xohishim bilan kelmadim. Siz chaqirdingiz, haydasangiz ketaman. Ammo keyin yalinsangiz ham qaytmayman. O‘ylab ko‘ring, ko‘chada mashina kutyapti. Bir necha lahzada yetamiz. Og‘riqlardan qutulasiz. Rohatlanasiz. Rohat o‘rniga azobni yaxshi ko‘rsangiz, nima derdim, men ketdim...
    Zaynab Mardona darvozaga yetguniga qadar chidadi. So‘ng og‘riqqa ortiq bardosh bera olmay baqirdi:
— To‘xtang!
Mardona darvoza ostonasida to‘xtadi. Zaynab esa buzuqlik ostonasida o‘zini to‘xtata olmadi. Uning ostona hatlashi Asadbekning Krasnoyarda kasalxonaga yotgan kuniga to‘g‘ri keldi.
 

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:23:11

XXII  b o b

1

    Mashina o‘rnidan jilganida biqiniga ikki musht tushgach, Anvar o‘zini u yoq-bu yoqqa urishning foydasi yo‘qligini, haqiqat talab qilsa yana musht yemog‘i mumkinligini fahmlab, tinchidi. Uning g‘azabdan yonayotganini tez-tez nafas olishigina oshkor etib turardi.
    Mashinadan tushib o‘zini notanish jinnixonada ko‘rdi-yu, hayratlandi. Qabriston yaqinida jinnixona mashinasi kutib turganidan u ajablanmagan edi. G‘azab otashida yonayotgan bo‘lsa-da, bu ishni Xolidiy ustalik bilan uyushtirganini tushungan edi. «Yana eski tos, eski hammom», degan fikrda o‘zini avvalgi jinnixonada ko‘rarman, devdi. Boshqa jinnixona uning uchun kutilmagan zarba bo‘ldi.
— Nimaga meni bu jinnixonaga olib keldinglar?— deb so‘radi u, yetaklab kelayotgan yigitdan.
— Senga atab qurilayotgani hali bitmabdi,— dedi yigit do‘ng‘illab.
— Men to‘g‘rilikcha so‘rayapman.
— Men qiyshaytiribroq aytyapman.
— Odam emas ekansan.
— Haligi musht kamlik qildimi?
Anvar uning basharasiga bir qarab olib «Turqi sovuq odamdan iliq gap chiqarmidi», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan