Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 192139 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:23:31

    Tibbiy tekshiruv naridan-beri o‘tkazildi-da, ikki oshyonli imoratning birinchi qavatidagi to‘rt kishi yotishiga mo‘ljallangan xonaga boshlab kelishdi. Deraza yonidagi karavotdan tik turib olib o‘ng qo‘lini olg‘a cho‘zgan bemor Anvar kirib kelishi bilan unga qarab xitob qildi:
— Yashasin, sovet jinnilari, ura! — Shunday degach, u quvonib chapak chaldi-da, indamay turgan Anvarga o‘shqirdi: — Sen nima uchun olqishlamayapsan? Sen sovet jinnilariga qarshimisan? Ha, ha, sen jinni dushmanisan! — U shunday deb barmog‘ini bigiz qilganicha karavotidan tushayotgan edi, Anvarni kuzatib kelgan yigit unga qarab baqirdi:
— Joyingga qayt, qimirlama! Bu ham o‘zingdan, dushman emas. G‘iring desang, yeysan!
Xitobchi barvasti mushtni ko‘rgach, nafasi qaytdi. U, garchi esi og‘ib qolgan bo‘lsa-da, mushtning qadrini bilar edi.
    Xonadagi yana ikki bemor indamaslar toifasidan ekan. Kuzatuvchi chiqib ketgach, xitobchi yana Anvarga qaradi:
— Men bilan kommunizmga bormaysanmi?
    «Bitta arbob, ikkita indamas jinni hamkorligida yana qayoqqa borish mumkin?» deb o‘yladi Anvar. Savolga javob berguday bo‘lsa bu «arbob»dan qutula olmasligini bilib, o‘zini indamaslar safiga qo‘shishni ma’qul ko‘rdi. «Arbob» bir-ikki savoliga javob ololmagach, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:24:26

    Kechki ovqatdan so‘ng dori-darmonlarni qabul qilishgach, hamxonalari odobli bolalar kabi yotib, uyquga ketishdi. Anvar ham yotdi, ammo ostiga tikonli to‘shak solinganday orom topmadi. Avval qaddini ko‘tarib o‘tirdi. So‘ng turib, dahlizga chiqdi. Navbatchi hamshira o‘rnida barvasta, yonog‘ida tukli xoli bor ayol katta daftarga nimadir yozib o‘tirardi.
— Nimaga chiqding, kirib yot,— dedi u qo‘pollik bilan.
— Uyqum kelmayapti, bugun olib kelishdi meni. Kelajagi porloq jinnilardan bo‘lsam kerak. Qo‘rqmang, qochib ketmayman.
— Qochib go‘rga borarmiding, bor kirib yot, boshimni og‘ritma.
Avvalgi jinnixonada ham navbatchi hamshira uni kirib yotishga undagan edi. Ammo bu tarzda emas, yalinish ohangida iltimos qilib edi. Shunda Anvar unga bir she’r aytgan, u «yaxshi she’r ekan», deb bir oz suhbatlashgan edi. Anvar garchi bu xotindan yaxshi gap chiqishiga gumonda bo‘lsa-da, o‘sha she’rni o‘qigisi keldi:

Bahorda gurkirab avj olgan chechak,
So‘lar xoh istama, xohi sen ista.
Unga yor na o‘tmish, na-da kelajak,
Tuproqqa jo bo‘lib ketar ohista.
Shuning-chun so‘nggi bor kuylaydi qumri
Bilmam ne marsiya, bilmam ne vola.
Hey, mening umrimdir chaqmoqning umri
Bir chaqnab mahv bo‘lsam chekmagin nola!


Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:25:12

Navbatchi yozishdan to‘xtab, unga g‘alati qaradi:
— Nima balo, shoirmisan? — deb so‘radi, she’r o‘qib bo‘lingach.
— Yo‘q, jinniman,— dedi Anvar istehzo bilan.
— Jinniliging bilinib turibdi, kirib yot dedim senga.
Anvar «xo‘p bo‘ladi» dedi-da, orqasi bilan yura turib yana bir to‘rtlik o‘qidi:

— Yomg‘irdan so‘ng ochildi bog‘lar,
Endi yellar girdikapalak.
Astagina titrar yaproqlar,
Xayr dema, beozor malak...


Navbatchi ayol so‘nggi satrni noto‘g‘ri anglab, qo‘lidagi qalamni taq etib stol ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi:
— Qani, kir ichkariga, deyapman! Hali men senga malay bo‘ldimmi, huv turqing qursin!
    Anvar bu yer she’r o‘qiydigan, hazillashadigan joy emasligini anglab, shoshib ichkariga kirdi. Navbatchi hamshira eshikni ochib, to u joyiga yotgunicha qarab turdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:25:41

    Anvarga alam qildi. Aslida u yurakni siqayotgan iskanja azobidan bir damgina bo‘lsa ham qutularman, degan niyatda dahlizga chiqqan edi. Avvalgi jinnixonada aynan shunday bo‘lardi. «Bu yer nima o‘zi — jinnixonami yo qamoqxonami?» deb o‘yladi u.
    Alamdan holi bo‘lmoq uchun xayolini chalg‘itishga urindi. Qo‘lini bolish qilib, chalqancha yotganicha o‘y o‘yladi: «Uyimga xabar bergani kim borgan ekan? Har holda «eng kichik ilmiy xodim»ni yugurtirishadi. U bechoragina bo‘ynini qisib turib ming‘irlaydi. Nima deydi? «Ishda birdan kasallari tutib qoldi», dermikin yo... ha, «ustozlarining o‘limidan qattiq qayg‘urdilar» der. Shunday degani durust, shunisi sal obro‘liroq. «Bir oz dam olsin, davolansin, deb kasalxonaga («jinnixonaga» demaydi) joylashtirishdi» deydi. Deydi-yu, zipillab iziga qaytadi...»
— Ha, aynan shunday bo‘ldi.
Anvar tanish ovozni eshitib, sergaklandi.
— Kim bu? — dedi pichirlab.
— Tanimadingmi? Asqar akangman.
— Siz?..
— Men seni ko‘rgani keldim. Meni ham shu yerda sen kabi «davolashgan».
— Navbatchi xotinni taniysizmi?
— Tanimay-chi? Agar uni mol desang, dunyodagi barcha mollar haqoratga chiday olmay «meni kelib-kelib shunga o‘xshatdingmi», deb o‘zini osadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:26:27

— Sizning she’ringizdan o‘qigan edim, tushunmadi.
— She’rni xor qilma, uka.
— Odamlar nima uchun bunday tuyg‘usiz bo‘lib ketishyapti?
— Buni anglashing uchun yonimga kelishing kerak. Men bilan sening olaming boshqa.

Haqsizlikni ko‘rsam qalbim bozillar,
Vo darig‘, mum tishlab turar fozillar
.

    Esingdami bu satrlar? Fozillar nechun mum tishlaydilar, anglab yetmadingmi? Sen aqlli yigitsan. Do‘stlar uchun ming bir fazilating ham kam, dushman uchun bir fazilating ham ko‘p ekanini bilasan. Odam bu dunyoga yalang‘och keladi. Ketishida o‘zi bilan hech nima olmaydi. Ololmaydi. Unga ikki quloch surp, ikki quloch yer kifoya. Hech narsasiz kelib, hech narsasiz ketishini bilsa ham bir chimdimgina umrida boylik talashadi, amal talashadi, obro‘ talashadi. Sen Xudoga shukr qil. Biz bunday bachkana narsalardan ustun turdik.
— Men bir ko‘hna kitobda o‘qiganman: kimiki o‘z nafsini xor tutsa, Xudo uning qadrini oshirarkan. Kimki o‘z nafsini izzat qilsa, Xudo bandalari oldida uni xor qilarkan.
— Ayni haqiqat bu. Eshit:

Ko‘kdagi qush pastdan luqma izlaydi,
Pastda sayyod ov qilmoqni istaydi.
G‘alati bu manzara.
Samodagi tuzoq nima ham bilmagay,
U hech kimga itoat ham qilmagay
Bir qara-ya, bir qara.


Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:26:50

Angladingmi? Endi yo‘lga otlan. Sen bilan mening joyim samolarda.
— Samolarda? Yerda-chi? Bunda kim kurashadi? Kim adolat uchun boshini tikadi? Siz aytgan edingizki «Nafsi yomon katta baliq og‘zin ochib, yutdi kichik baliqlarni daryoda hey...» Shunday bo‘lib qolaveradimi? Ayting?
    Nechundir javob bo‘lmadi. Anvar ajablanganicha qaddini ko‘tarib atrofga alangladi. Asqar Qosimning ovozi o‘rniga hamxonalarining xurragi eshitilib, entikdi. «Men chindan shoir bilan suhbatlashdimmi yo alahsirab o‘zim bilan o‘zim gaplashdimmi? Asqar aka nimaga da’vat etdi? Yo nurdan elchi bo‘lib keldimi?»
— Sen o‘zing bilan o‘zing gaplashding. Biz elchi yubormaymiz.
Anvar tanish ovozni eshitib, shoshilganicha derazaga qaradi: derazadan nur poyandoz kabi tushib turardi.
— Nima uchun meni yo‘ldan qaytardingiz? Asadbeklar bilan ketganimda bu ko‘rgilik yo‘q edi.
— Bu bizning istagimiz emas, taqdiring shunday. Taqdirdan hech yoqqa qochib qutula olmaysan. Sen endi bu dunyoda yashay olmasligingga amin bo‘ldingmi? Senga so‘nggi imkoniyat beramiz. Istasang, ustozing Hikmat O‘rolov bilan uchrashtiramiz.
— Istayman.
— Nurga oyoq qo‘y.
Ko‘z ochib yumgunicha Anvar o‘zini safolik boqchalari bor go‘zal manzarali bir yerda ko‘rdi. Hikmat O‘rolov favvora yonida o‘tirardi. U qo‘lidagi kitobni qo‘yib, o‘rnidan turdi:
— O‘, azizim, sizni ko‘rganimdan bag‘oyat xursandman. Qarang, ilohiy osoyishtalikka ham yetishdim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:27:04

— Sizni  oxir-oqibat  yedi, u maraz! — dedi Anvar.
— Unday demang, azizim. Men xursandman. Xudo jonimni do‘stlarim qo‘li bilan emas, g‘animlarim qo‘li bilan olganidan ham quvonaman. Dushmaning qo‘lidan qazo topmoq ham bir baxt, azizim.
— Bu gapingizda jon bor. Muhimi — siz jallodingiz umridan ko‘proq umr ko‘rasiz.
— Yanglishmang. Hali ular ko‘p yashaydilar. Ular omadli odamlar. Eshitmaganmisiz, omadli odamlarning xo‘rozi ham tuxum qilarkan. Bilasizmi, arablar qahva ichishayotganda nima deydilar? Ular der ekanlarki, birinchi qultum achchiq — hayot kabi, ikkinchisi— lazzatli — muhabbat kabi, uchinchisi — sirli —  o‘lim kabi. Biz uchchala qultumni ichib bo‘ldik. Sirning tagiga ham yetdik. Endi navbat sizniki.
— Siz ham meni chorlaysizmi?
— Boshqa yo‘l yo‘q-ku?
— Har bir odam tug‘ilganidayoq o‘limga mahkumdir. U umri bo‘yi hukmning ijrosini kutib yashaydi. Har kuni bir o‘lib, bir tiriladi. Hukm qay holda, qachon ijro etiladi — Xudo biladi.
— Hukm ijrosini tezlatmoq mumkin.
— Shoshilmang. Men hali bir masalani hal qilib olishim kerak.
— Qanday masala? Balki birga yecharmiz?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:27:18

— Masala shuki, odam bolasi har bir narsani oldindan bilishni istaydi. Ko‘p narsalarga oldindan tayyorgarlik ko‘radi. Ammo o‘lim onlarini kam o‘ylaydi, kam tayyorlanadi. Xo‘sh, so‘nggi nafas qanday bo‘ladi? Nahot odam bu bilan qiziqmasa? Birinchi nafas, ko‘z ochib dunyoni ko‘rish o‘z ixtiyorida emas. Ammo so‘nggi nafasiga tayyorlanishi mumkin-ku? Pokiza holda ketadimi bu dunyodan yo harom holidami — o‘ziga bog‘liq-ku?
— Siz, azizim, masalaning bu tomonidan xotirjam bo‘ling. Sizning safaringiz xayrli, bu olamga pokiza holda kirib kelasiz. Qo‘ying, u g‘ovak qamishlarni, balchiqqa belanib yashayverishsin. Siz bag‘rimizga keling.
    Hikmat O‘rolov shunday deb ko‘zdan yo‘qoldi. Anvar nur oqib kirayotgan deraza ro‘parasida yolg‘iz qoldi. Yo‘q, u yolg‘iz emasdi. U bu dunyoni tark etgan yaxshilarning ruhi bilan birga edi. Bunday holat uch kun takrorlandi. Uchinchi kuni ovqat ham yemadi. Chanqaganini ham sezmadi. Behalovat tunda yana tanish ovozni eshitdi. Yana derazadan nur oqib kirdi.
— O‘rningdan tur, choyshabni ol. Uzunasiga yirtib, arqon qilib esh. Hojatxonaga chiq. Derazadagi temir panjaraga arqonning bir uchini bog‘la. Bir uchini sirtmoq qil. Uch-to‘rt daqiqa kifoya. Biz seni butunlay olib ketamiz. Istasang xat yozib qoldir. Xolidiyni aybla. U tinchini yo‘qotsin...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:28:15

    Ovoz tindi. Ammo Anvarning ruhiga egalik qilayotgan shaytoniy his uni o‘rnidan turishga, choyshabni olib yirtishga undayverdi. Nihoyat, u o‘rnidan turdi-da, choyshabni olib yirtdi. Arqon qilib eshdi. So‘ng eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida iziga qaytdi. Qog‘oz-qalam olib yozdi. G‘ira-shirada yozayotgan xatlari beo‘xshov chiqayotganligiga e’tibor bermadi.
    Tasodifni qarangki, uning yozganini o‘sha — yonog‘ida tukli xoli bor navbatchi hamshira birinchi bo‘lib o‘qidi:

Boshginamga ag‘anagan, katta tog‘lar, alvido!
Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar alvido!
Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning,
Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar alvido!
               Asqar Qosim.


Hamshira buni o‘qib, tushunmay yelka qisdi-da «qiziq, g‘irt jinni ekan-ku», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:30:09

XXIII  b o b

1

    Chuvrindi, Asadbek tayinlamasa ham ertalab, kechqurun Manzura, Kesakpolvon, kechqurun esa o‘z uyidagilar bilan telefonda gaplashib turar edi. Krasnoyarga kelishganining sakkizinchi tuni kutilmaganda Chuvrindi bilan Jalil qo‘ngan uyning telefoni jiringladi. Mehmonlarning xizmatini qilib yurgan yigit Chuvrindini uyg‘otib, bir ayol shoshilinch so‘rayotganini aytdi. Chuvrindi Manzuraning ovozida xavotirni sezib, sergaklandi.
— Maskovdan doktor Xudoyor degan bir kishi telefon qildi. Olmondan keldim, deydi. O‘g‘illaringizga taalluqli gapim bor, deydi. Bu gapini faqat akangizga aytarmish. Yuragim yorilib ketay deyapti.
Manzura so‘nggi so‘zlarini yig‘lamsirab aytdi.
— Xavotirlanmang. Bolalar biror zarur gap ayttirib yuborishgandir. O‘g‘il bolaning faqat otasiga aytadigan gapi ham bo‘ladi, bilasiz-ku. Bu yoqqa kelishdan avval gaplashdik-ku. Bir oyda borarmiz deyishuvdi, shu safar mashmashasidur-da.
— Kim bilsin, yuragim o‘ynab ketyapti. Akangizga nima deymiz?
— O‘sha odam telefonini bermadimi?

Qayd etilgan