Oradan bir yarim-ikki soatcha vaqt o‘tgach, doktor Xudoyorning xonasiga kirib ketgani ma’lum qilindi. Chuvrindi «men ham chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Asadbek ikkilandi. «Sen qolaver», desa ko‘ngli og‘riydi, boshlab chiqsa-da, doktor Xudoyor «bu yolg‘iz o‘zingizga aytiladigan gap», desa yana noqulay. Asadbekni bu o‘ng‘aysiz holatdan Chuvrindining o‘zi qutqardi:
— Restoranga tushib, besh-olti kishilik joy tayyorlab turaman,— deb o‘rnidan turdi.
Asadbek eshikni taqillatgach, ichkaridagi odam nemischalab nimadir dedi. Asadbek tushunmadi. Adashdimmi, deb iziga qaytmoqchi bo‘lganida eshik ochilib, o‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan, tilla halli ko‘zoynak taqqan oltmish yoshlardagi kishi ko‘rindi. U Asadbekni ko‘rishi bilan jilmaydi-da:
— Marhabo,— dedi,— fikri ojizimcha siz Asadbekdirsiz, a? Marhabo, janob, qalbimdasiz.
Asadbek salom bergach, ostona hatladi-da, so‘rashmoq uchun qo‘l uzatdi.
— Biz uchun vatandosh ila bundayin tarzda ko‘rushmak cho‘x uyatdur,— u shunday deb Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosdi.— Sizdan Vatan havosi keladur, cho‘x mamnundirman, afandim.
Doktor Xudoyor uni ichkariga boshlab kirdi. Asadbek joylashib o‘tirgach, o‘zini tanitdi:
— Afandim, sizni men bilurman. Cho‘x go‘zal o‘g‘ullaringiz vordur. Bir olmaning bir yuzi sizu yana bir yuzi farzandu arjumandlaringiz, demak mumkindir. Kamina doktor Xudoyor. Katta bobom Xudoyorxonning qulog‘iga azon aytmish ekanlar. Otam rahmatli shu voqeani unutmaslik maqsadi ila menga Xudoyor ismini bermish ekanlar. Men Turkiyada kamol topdim, so‘ngroq Olmoniyaga ilm istab keldimki, hanuz shundadurman. Biofizika ilmini durust fahm etib, Olmoniyada xizmatdadurman. Moskvada olam olimlari konferans etmish ekanlar. Menda Olmon fuqarosi sifatida ishtirok eturman. Mening safarga otlanajagimni xabarlab janob Muzaffarxon bir o‘tinch qilibdurlar.