Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264311 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:34:41

    Bu kutilmagan taklif Asadbekniki gangitdimi, Manzuraning ahvolini tasavvur etavering. Ko‘cha-ko‘ydami, tanish-bilishlar orasidami chiroyli qizlarni ko‘z ostiga olib yurgan, kelin tushirish, orzu-havas ko‘rish umidida yashayotgan ayolning barcha mo‘ljallari bir gap bilan puchga chiqarilsa nima ham deya olardi? Qizining qismati kammidi unga? Endi o‘g‘illari chet eldagi qizlarga uylanishsa... Kelin bo‘lmishlari xipcha bellarini tortib turgan shim kiyib kirib kelishsa... qonsiz yuzlariga obdon bo‘yoq chaplashsa... ulama kipriklari siyrak qoshlariga tegib tursa. Supurgi nimaligini bilishmasa, oshxona nimaligini bilishmasa... Restorandan beri kelishmasa...
Manzura Muzaffarxonning qizlarini shunday tasavvur etib, badani jimirlab ketgan, shu bois eriga bir nima deya olmay jimib qolgan edi.
— Ha, nafasing qaytib o‘lib qoldingmi? — dedi Asadbek, jahl bilan.
Darrov javob qaytarmagani uchun Manzura bu qizlarni o‘zi topib, o‘zi bemaslahat kelin qilayotganday eridan baloga qoldi.
— Adasi, ko‘rmasdan turib nima deymiz? Qo‘y oladigan ham bozorga borib, ko‘rib oladi-ku? — dedi eridan eshitadiganini eshitib olgach.
— Hov, kalla bormi, senda? Bu amma-xolangning mahallasimas, qiz ko‘rgani ikki ko‘cha nariga borib keladigan. Ular Germaniyada turadi, dedim, tushunmadingmi?
— Tushundim, lekin...
— Lekin-pekinni qo‘y. O‘g‘illaring bilan gaplashaman, xo‘p deyishsa, tamom, men ham ko‘naman.
— Adasi, bu umr savdosi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:35:05

    Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek go‘shakni joyiga qo‘ydi. Aslida qo‘ng‘iroq qilishdan maqsadi xotini bilan maslahatlashish emas edi. Chunki bu, uning nazarida, xotin kishi bilan maslahatlashib pishiriladigan osh emasdi. Asadbek xotini xavotirda ekanini Chuvrindidan bilib, uni tinchlantirib qo‘ymoqchi edi. Manzura bu qo‘ng‘iroqdan so‘ng bir tomondan tinchidi-yu, ammo ikkinchi tomondan tashvishi ortdi.
    Va’daga binoan yarim soatdan so‘ng Asadbek doktor Xudoyor joylashgan xona eshigini taqillatdi. Restoranga qadar yonma-yon yurib gaplashib bordilar. Restoran eshigiga yetganda doktor Xudoyor to‘xtab:
— Keching,— dedi.
Asadbek bu so‘zga tushunmadi.
— Siz o‘ng tomondasiz, avval siz keching,— dedi doktor Xudoyor,— qo‘li bilan eshikni ko‘rsatib. Shundagina Asadbek «avval siz o‘ting», degan ma’noni uqib, ichkariga yo‘naldi.
    Chuvrindi deraza oldida olti kishilik joy hozirlab o‘tirgan edi. Doktor Xudoyor o‘tirgach, dasturxon ustidagi ichimliklarni ko‘rib, Asadbekka ajablanib qaradi:
— Bular kimga?
— Bizga... sizga...— dedi Asadbek.
— Bular harom-ku? Siz... namoz qilmaysizmi?
Asadbek bu savoldan o‘ng‘aysizlandi. Uni bu holatdan chiqarish uchun Chuvrindi suhbatga aralashdi:
— Bek akam shaharda katta masjid qurdiryaptilar. Bizga ham Xudo insof berib, namoz o‘qib qolarmiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:35:29

— Astag‘firulloh! — dedi doktor Xudoyor.— Masjid qurish savob, ammo farz emas. Avval farzni ado etmak joizdur. Ajabki, biz xristiyonlar yurtida yashab namoz qilamiz. Siz o‘z yurtingizda, musulmonlar yurtida yashab-da, namoz qilmaysiz. Siz Rasuli akram afandimiz janob Haqdan rivoyat etgan «menga bir qarich yaqinlashganga men bir arshin va bir arshin yaqinlashganga esa bir quloch yaqinlashgayman. Biron kimsa Men tomon kela boshlasa, Men ham unga peshvoz chiqaman», kalimasin eshitmagan chiqarsizlar? Ya Rabbim, gunohkor qullaringnida o‘zing avf etgaysan...
    Asadbekning ishorasi bilan Chuvrindi o‘rnidan turib, ofitsiantni boshlab keldi-da, shishalarni, kolbasa qo‘yilgan likoplarni yig‘ishtirdi. Unga qadar doktor Xudoyor indamay o‘tirdi. Dasturxon usti haromdan holi bo‘lgach, tilga kirdi:
— Afandim, bunday as’asaga hojat nadir? Siz meni choyga taklif etib edingiz? Buncha narsa o‘n kishigada ko‘pdir.
— Mehmonning izzati-da,— dedi Chuvrindi, Asadbekning o‘rniga javob berib.
— Insonning izzati isrof bilan o‘lchanmaydir, afandim. Izzat yaxshi ila, yaxshi sa’y ila ifodalanur. Buni anglamak joizdir.
    Bir necha daqiqalik suhbatdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, doktor Xudoyorning odobi ham, odati ham yevropalashgan. Manzirat, lutf, hilm degan tushunchalardan birmuncha yiroq. Nimani o‘ylasa, shuni aytadi, suhbatdosh bu to‘g‘ri gapdan ranjiydimi yo‘qmi — farqlamaydi. Har narsaga, hatto aytayotgan so‘zlariga ham iqtisod nuqtai nazaridan yondoshadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:35:51

— Men bu oqshom sizlar bilan uzoq o‘tira olmasman, afandilar,— dedi u.— Har kuni ikki soat kitob ila yolg‘iz qolmakni har narsadan afzal bilurman. Yigirma daqiqadan so‘ng sizlarni tark etajakman.
— Majlisdan so‘ng dam olmaysizmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Dam? Bunga hojat nadir? Siz menga ayting, janob Asadbek, Gorbachev qayta qurishni olam aro e’lon qildi. Boltiya davlatlari sovetlardan ajralib, mustaqil bo‘lish arafasidadir. O‘zbekistonda bunday harakat mavjudmi yoki yo‘qmi?
    Asadbek «bu haqda sen gaplasha qol», deganday Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarash ma’nosini anglab:
— Ha, bor,— deb javob berdi.
— U holda nechukkim, bizlar bexabarmiz?
Chuvrindi Orzubek haqida so‘z boshlaganda Asadbek «shuni gapirmasang bo‘lardi» degan ma’noda qoshini chimirdi. Chuvrindi bu ishorani ham payqab gapini muxtasar qildi.
— Vatanga faqat muhabbat kerak. Vatanni yurakdagi muhabbat ila sevmas ekanmiz, u sahrodagi suvsiz nihol singari qurishga mahkum o‘lajak. Vatanga sizning muhabbatingiz bo‘lak, biznikida bo‘lak, azizlarim. Siz Vatan ichida yashab Vatandan ayrilgansiz. Bizning qalbimiz Vatan sog‘inchi ila tepar. Umrimiz xalos bo‘lgach, ustimizga Vatan hajri kafanini yopajaklar,— u shunday deb soatiga qarab olgach, o‘rnidan turdi-da, boshini kiborlarcha egib ta’zim qildi.— Cho‘x tashakkur azizlarim. Oqshomingiz xayrli o‘lsun.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:36:22

    Asadbek kuzatmoqchi edi, u unamadi. Odati yevropacha, gaplari o‘zbekcha-turkcha aralash bo‘lgan bu odam Asadbekda yaxshi taassurot qoldirdi.
    Ertasiga ertalab Asadbek shaharga chiqishga istak bildirmadi. Shuning uchun Chuvrindi Kozlovning yigiti aytgan vrachni yo‘qlab bordi. Vrach u keltirgan tibbiy xulosalar bilan tanishgach, o‘ylanib qoldi:
— Xulosalar to‘g‘ri — rakdan boshqa narsa emas bu. Oldi olinmabdi. Kechikdingiz, deb qo‘rqaman.
— Kechikdingiz? Qanaqasiga?! — Chuvrindi unga hayrat bilan tikildi. — O‘n kun bo‘lmadi boshlanganiga.
— Yo‘q, azizim. Kamida yarim yil avval boshlangan. Balki o‘tib ketadigan og‘riq deb e’tibor bermagandir. Qiziq, o‘zingizda yaxshi mutaxassislar bor, Krasnoyarskka olib borib nima qilardingiz?
— Krasnoyarga ish bilan borgan edik. Og‘riq zo‘rayib ketdi.
— Agar istasangiz, uni yotqizib yana bir qayta tekshiruvdan o‘tkazishim mumkin. Lekin bunaqa hollarda men achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytishni lozim ko‘raman.
    Chuvrindi uning huzuridan ruhi ezilgan holda chiqdi. Krasnoyarda ekanida Kozlov xastalikning nomini aytganida bir cho‘chib tushgan, ularning xulosasi xatodir, deb o‘ylagan edi. Umid chinnisini shu vrachga ikki qo‘llab, ehtiyotlab ko‘tarib kelgan edi. Endi bu chinni ham sindi.
    Sindi?! Yo‘q!! Bittasi taxmin qildi, ikkinchisi tasdiqladi. Endi ellikka kirgan odam bir necha oyda qurib bo‘lar ekanmi? «Yo‘q! O‘ntasi aytsin, mingtasi aytsin, baribir ishonmayman!» Chuvrindi shu xayolga kelib, qo‘lidagi qog‘ozlarni burdalab tashladi. Yo‘lda bora turib Asadbekning tayyorada aytgan gaplarini esladi. «Nahot tushida ayon bo‘ldi?» deb o‘yladi. Bu o‘yni «tushga nimalar kirmaydi», deb shu zahoti bo‘g‘ib o‘ldirishga intildi.
    Mehmonxonaga qaytgach, notanish odamlarni ko‘rib taajjublandi. To‘rdagi o‘rindiqda xayolga berilib o‘tirgan Asadbek u kirishi bilan tanishtirdi:
— Sen bu kishini eshitgansan: Xongirey.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:37:14

3

    Xongirey deganlari qirq yoshlardagi, o‘ziga oro berib kiyingan, barmoqlariga tilla uzuk taqqan odam edi. Chuvrindi uning chaqchaygan ko‘zlarida bir yovvoyi kuch ilg‘adi. Asadbek uning sheriklarini tanishtirib o‘tirmadi.
    Xongirey Chuvrindi qaytishidan sal oldinroq kirib kelgan edi. Asadbek u bilan ikki marta uchrashgan, garchi bir olamning fuqarosi bo‘lsalar-da, oralarida yaqinlik yo‘q edi. Shu sababli uning to‘satdan kirib kelishidan taajjublandi. Xongirey Asadbek bilan ko‘rishayotganda o‘zini kiborlarcha tutdi. Avvalgi ikki uchrashuvda ham shunday bo‘lgani uchun uning bu qilig‘idan ranjimadi.
— Asad,— dedi Xongirey, tik turganicha,— yaqinda mening eng yaqin odamim o‘ldi. Uning vasiyatiga ko‘ra seni topdim. Marhumning vasiyati biz uchun qonun.
— Qani, o‘tir, Xongirey, tik turib gaplashishning xosiyati yo‘q.
Xongirey yumshoq o‘rindiqqa o‘tirib, oyoqlarini chalishtirdi.
— Akademikni eshitganmisan? U menga ustoz qatori edi. Ana o‘sha ajoyib odamni o‘ldirib ketishdi.
— Kim?
— Kimligini o‘zim bilaman. Muhimi shuki, u qo‘lidan kelmaydigan ishni qilmoqchi bo‘ldi. U o‘limi oldidan menga bir-ikki gap aytibdi. Zelixonning Elchin degan do‘sti bor ekan, sening yurtingda. O‘sha o‘lmasligi kerak!

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:42:17

Bu buyruq ohangida, Asadbekning g‘ashi kelib, zaharli iljaydi:
— Odamlaring yaxshi ishlamay qo‘yishdimi yo o‘zingni go‘llikka solyapsanmi? Elchin — mening kuyovim.
— Bilaman buni. Shuning uchun ham o‘lmasligi kerak. Bu — bir. Qamalmasligi kerak, bu — ikki. Xullas, uni birov chertmasligi kerak, bu — uch. Endi u bizning himoyamizdagi odam.
— Yaxshi. Shuni aytgani keldingmi?
— Yo‘q, boshqa gaplarim ham bor. Sen Kozlov bilan yaqinlashaverma. U bilan bitkazadigan ishni avval men bilan kelishasan.
— Haddingdan oshyapsan, Xongirey.
— Men hammaga ham yaxshi gapiravermayman, bu — bir. Hamma gapni ham o‘zim kelib aytmayman, yigitlarimdan ayttirib qo‘ya qolaman, bu — ikki. Shundan bilki, Asad, men seni hurmat qilaman. Mayli, shu hurmat haqqi senga osilmayman. Lekin Kozlov mening ixtiyorimdagi odam bo‘lishi kerak. Sen menga to‘siq bo‘la ko‘rma.
— Men Kozlov bilan savdo-sotiq qilaman, boshqasi bilan ishim yo‘q. U senga tobe bo‘ladimi, katta xolasigami, menga baribir.
— Ha, ana, endi tushunib yetyapsan. Endi men aytgunimcha u bilan savdo-sotiq ham qilmay tur. Men oshni pishirib olay, keyin gaplashamiz.
— Buni o‘ylab ko‘raman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:43:11

— Asad, sen mening hurmatimga yarasha ish qil. Sening qo‘ling kalta. Meniki esa uzun. Men bilan tortishma. Men istagan kuni butun urug‘ing bilan qirilib ketasan. Sen bitta shaharga xo‘jayinsan. Men esam,— Xongirey derazadan ko‘rinib turgan Kreml devorlariga ishora qildi,— hatto bu yerdagilarni ham o‘ynatishim mumkin.
— Meni qo‘rqitma, Xongirey. Sening kuchingni bilaman. Lekin sendan qo‘rqmayman. Birovdan qo‘rqqan kunim o‘zimni o‘zim otaman.
    Shu gaplarni aytayotganda eshik ochilib Chuvrindi kirib keldi.
    Xongirey aytadigan gapini aytib bo‘lgan edi. Shu bois o‘rnidan turib, xayrlashib chiqdi. U ketgach, Asadbek anchagacha indamay o‘tirdi. Chuvrindi «Xongirey nima uchun kelibdi?» deb so‘ramadi. Agar Asadbek lozim topsa o‘sha gapni o‘zi aytadi. Lozim topmadimi, so‘rashning o‘zi ortiqcha. Chuvrindi Moskvaga kelib Asadbekning ikki siridan ogoh bo‘la olmadi. U uchun doktor Xudoyorning suhbati ham qorong‘iligicha qoldi.
    Restorandan qaytishgach, Asadbek Chuvrindini xonada qoldirib yana doktor Xudoyor huzuriga chiqdi. Telefonda o‘g‘illari bilan gaplashdi. Ularning to‘yga mayllari borligini bilgach, «onang bilan boramiz, kelmay turinglar», deb rizoligiga shama qildi. Chuvrindi Asadbekning Manzura bilan gaplashganidan ham bexabar, «doktor Xudoyorning gaplarini aytib, yangamni tinchitib qo‘ysakmikin», degan edi Asadbek unga ola qarash qilib «yangang tinch o‘tiribdi», deb to‘ng‘illadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:43:33

    Chuvrindi Xongirey chiqib ketganidan beri indamay o‘tirgan Bek akasiga achinib qaradi. Dardiga malham bo‘lgisi keldi. Lekin bu o‘jar xojasi uni yaqin yo‘latgisi yo‘q. Boshqa payt bo‘lganida Chuvrindi bu holatga zo‘r ahamiyat bermas edi. Hozir, vrachning xulosasini eshitib kelgan choqda, garchi bu xulosaga ishongisi kelmasa-da, o‘zi uchun ota kabi yaqin bo‘lmish bu odam dardiga befarq qaray olmas edi. U ora-sira Asadbekka zimdan, o‘g‘rincha qarab «nahot shunday odamning umri shu qadar qisqa bo‘lsa?» deb o‘ylardi.
    Asadbek uning o‘g‘rincha boqishlarini sezib o‘tirardi. «Mendan gap kutyapti. Avval o‘zim o‘ylab, pishitib olay, unga aytmasam, yana kimga aytaman?»
— Choy chaqirtiraymi? — dedi Chuvrindi uzoq cho‘zilgan sukutdan betoqat bo‘lib.
— Chaqirtir, tashqariga chiqqim yo‘q,— dedi Asadbek muloyimlik bilan.
Chuvrindi navbatchi ayolga pul berib, nimalar keltirish lozimligini aytgach, darrov iziga qaytdi. U ichkari kirishi bilan Asadbek qarorini ma’lum qildi:
— Tungi samolyotda qaytamiz. Tayyorgarlikni ko‘rib qo‘y.
— Mehmon ertaga ketadi shekilli, kuzatmaymizmi?
— U manziratga tushunmaydiganga o‘xshaydi. Xafa bo‘lmaydi. Sen hozir Haydar akangga qo‘ng‘iroq qil, borgunimizcha bilib qo‘ysin: Hosil yaqin orada Moskvaga kelib ketmadimi yo Xongireyning odamlari biz tomonlarga borib u xunasa bilan uchrashishmadimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:43:56

    Chuvrindi shu gapning o‘zidanoq Xongireyning maqsadini anglaganday bo‘ldi. Telefonga yaqin o‘tirishi bilan Asadbek qarorini o‘zgartirdi:
— Avval Kozlovni top menga. Haydarga keyin aytasan.
Kozlovni topish oson bo‘lmadi. Chuvrindi Asadbek izlayotganini ma’lum qilgach, bir soatdan so‘ng uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.
— Sog‘lig‘ing qalay? — deb so‘radi u Asadbekdan.
— Yaxshi. Hozir Xongirey bilan gaplashdim.
— Tushundim... Senga avvalroq aytishim kerak edi. Mazang qochgani uchun indamagan edim. Qisqasi, Hosil degan bilan aloqa qilishimni istayapti u. Men hech qanaqa Hosil deganni bilmayman, deb turibman.
— Sen u bilan o‘chakishma. Xo‘p, deyaver. Bu yog‘ini menga qo‘yib ber.
Shu bilan masala hal bo‘ldi. Chuvrindi Kozlovning gaplarini eshitmagan bo‘lsa-da, masalaning jiddiyligini, Hosilboyvachcha Xongirey bilan yaqinlashib,  Asadbekni  yiqmoq  qasdida  ekanini  fahmladi.
    Agar vrachning gaplari to‘g‘ri chiqsa, masala aql bovar qilmas darajada jiddiylashadi. Chuvrindi uchun ham hayot-mamot masalasi ko‘ndalang tushadi. U Haydar akasi bilan birlashgan taqdirda ham Hosilboyvachchaga teng kelolmasligini biladi.

Qayd etilgan