Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264382 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 B


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:26:49

3

    Zohidni o‘sha kungi hamkasbi ochiq chehra bilan qarshi oldi. U telefonda «tezlik bilan uchrashishimiz kerak», deganidayoq Zohidning yuragida cho‘g‘langan g‘ulg‘ulaga hozirgi ochiq chehra moy bo‘lib sepilib, alanga oldirdi. «Bir dardi bo‘lmasa, bunchalik muloyim bo‘lmas», deb o‘yladi Zohid. U yanglishmadi. Gapni uzoqdan boshlagan hamkasbi Jamshidning o‘limi tafsilotiga yaqinlashgandayoq, Zohid gumoni to‘g‘ri ekanini fahmladi.
— Sunnatullaevning qotillari o‘ldirildi,— dedi hamkasbi unga sinovchan nazar tashlab.
— Avval o‘sha murda Sunnatullaev ekanini isbotlash kerak,— dedi Zohid.
— Biz hozircha o‘sha murda Sunnatullaev, deb ishonganday bo‘laveraylik-chi. Xullas, qotillar...
— Qotil deb gumon qilinganlar,— deb tuzatdi Zohid.
— Ha, gumon qilinganlar tasodifiy holda o‘ldirildi.
— Balki atayindir?
— To‘g‘ri, balki atayindir. Faqat iltimos, gapning beliga tepmay, eshiting. Demak, qotillar o‘ldirilgan. Yuzaki qaralsa, ishni yopish ham mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, birodarlarimiz orasida ishni shu tarzda yopishni istovchilar ham bor. Bu kattamizga ham ma’lum. Biz maslahatlashib, bir qarorga keldik. Mayli, shunday bo‘lishni istovchilar murodlariga yeta qolsinlar. Biz go‘yo ishni yopaylik.
— Bu mumkin emas,— dedi Zohid keskin tarzda.
— Gapimni diqqat bilan eshiting, men «go‘yo» deyapman, a? Ishni yopaylik-da, kuzataylik, yana nimalar qilisharkan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:27:30

— Nima qilishardi, ertaga yana bittasini, indinga o‘ntasini yo osadi, yo otadi. Biz «go‘yo» deb o‘tiraveramiz. Eshaklarga ferma yo‘q, a? Xuddi shunga o‘xshab, ularga ham qonun yo‘q.
— Siz tuppa-tuzuk jizzaki ekansiz. Bizning ishimizda bu yomon illat hisoblanadi. Bir narsani aniq tushunib oling: siz bir kissavurning ishini olib bormayapsiz. Siz gazitchilarning tili bilan aytganda, «uyushgan jinoyatchilar» bilan olishmoqchisiz. Tushunyapsizmi, ular chindan ham uyushgan. Ular bitta yo ikkita emas. Siz-chi? Xo‘p, yoningizda yana ikkita, boring, ana uch-to‘rtta ugro inspektorlari bordir. Sizning hamlangiz ular uchun pista chaqib tashlanganday bir gap. Ular ayrim idoralarga qadar kirib borganlarini mendan yaxshi bilasiz. Kattamiz bularning hammasini hisobga olib, aniq reja bilan, ildizni quritar darajada ishlash kerak, deyaptilar. Shuning uchun kerak joyda hiyla ishlatamiz. Ishni yopish — birinchi hiylamiz bo‘ladi. Sizga bugun-erta ishni yopishni shama qilishsa, mayli, avval jizzakilik qiling. Kattaga raport ham yozing. Faqat raportga rad javob berilsa, dod demang. Sizga topshirilgan boshqa ishni yuritavering. Lekin bu ishdan butunlay ko‘z yummaysiz, zimdan ish yuritaverasiz. Kavkazliklarning o‘limi bo‘yicha ishni men yuritaman, demak, barcha ma’lumotlar menda to‘planishi kerak. Gapimga to‘la ishonishingiz uchun bir sirni ochay: bu masala boshqa idoralar bilan ham kelishilgan. Birgalikda harakat qilinadi. Masalaning jiddiyligini endi tushundingizmi?
Zohid gap ohangidagi samimiyatga ham uncha ishonqiramadi. Bir oz o‘ylab o‘tirgach:
— Balki avvalgi ishimga qaytganim ma’quldir? — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:28:14

— Bu fikrni xayolingizdan chiqarib tashlang. Bir gap aytaman, taltayib ketmang yana: kattamizning sizga mehri tushgan. «Prokuraturani Sharipovga o‘xshaganlar hisobiga mustahkamlash kerak», dedi. Xudo biladi, balki yaqin o‘rtada yonma-yon xonada ishlarmiz?
— Men o‘ylab ko‘rishim kerak.
— O‘ylab ko‘rishim kerak? Gaplarimga ishonqiramayapsiz shekilli?
— To‘g‘risini aytaymi? — dedi Zohid unga tik qarab.— Uncha ishonmayapman.
— O‘tgan safar ham ko‘rishganimizda aytgan edim. Bu kasallikdan qutulishga harakat qiling.
Shunday degach, u Zohidni kuzatib qo‘ydi.
    Zohid tashqariga chiqib soatiga qaradi-yu, Hamdamning gapini esladi. «Meni qidirayotgandir», deb iziga qaytdi-da, navbatchining telefonidan unga qo‘ng‘iroq qildi.
— Qayoqlarda sanqib yuribsan, prokuror, tez yetib kel, senga allambalo sovg‘a tayyorlab qo‘ydim,— dedi Hamdam.
    Zohid avval o‘zi ishlagan depara ichki ishlar bo‘limiga kelib, Hamdamning allambalo sovg‘asi nima ekanini bilgach, o‘ylanib qoldi.
— Ha, qilgan ishim yoqinqiramadimi? — dedi Hamdam gina ohangida.
— Yoqishga yoqdi... Lekin bu ish... yopilyapti.
— Nega yopiladi? Chigalni endi yechyapmiz-ku? Yana bir harakat qilsak, ularning giribonidan olamiz.
— Shunaqa-ku... lekin... Hamdam aka, iltimos, siz hozir qistovga olib so‘ramang, men aytmay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:29:14

— Mendan sir yashiradigan bo‘lib qoldingmi?
— Yashirmayman. Vaqti kelganda aytaman, xafa bo‘lmang,— Zohid shunday deb telefon go‘shagini ko‘tarib, hamkasbiga telefon qildi:
— Sharipovman,— dedi u.— Yigirma sakkizinchi mayda yoqilgan murdani sotgan odam ushlangan. Nima qilaylik?
Hamkasbi darrov javob bermay, o‘ylandi. So‘ng:
— Qo‘yib yuboring,— deb amr etdi.— Boshqa yoqqa ketib qolmaslik haqida tilxat olingu qo‘yib yuboring.
— Qo‘yib yuborsak, kavkazliklar ortidan jo‘nab qolmasmikin? Balki jonini saqlash uchun ham qamash kerakdir?
— Yo‘q, uni kuzatish masalasini o‘zimiz hal qilamiz.
Zohid go‘shakni joyiga qo‘yib, og‘ir tosh ko‘tarib charchagan odamday Hamdamga qaradi:
— Shunaqa gaplar, aka, tilxat olib qo‘yib yuboring. Taksichini ham.
— Men unga qochib qol, devdim.
— Yo‘q, qochmasin. Ehtiyot chorasini ko‘rishar ekan.
— Men senga tushunmay qoldim, prokuror? — dedi Hamdam ovozini balandlatib.
Zohid esa unga qarab hazin jilmaydi-da:
— O‘zim ham tushunmay qoldim,— dedi.
— Quloqqa lag‘mon osma, prokuror, sen baloga tushunadigan bolasan. Bir dengizchidan «ahvol qanaqa?» deb so‘rashsa, «kayfiyatlar a’lo, cho‘kyapmiz» degan ekan. Bizning ahvolimiz ham o‘shanaqa emasmi?
   Zohid Hamdamga javob qaytara olmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:31:02

XXV  b o b

1
   
     Elchin Zaynabdan xabar olgani nonushtadan so‘ng keldi. To‘yda kechasi bilan xizmat qilgach, peshinga qadar uxlash odati bor edi. Xotinining kechagi ahvoli uning bemalol uxlashiga yo‘l bermadi.
    Elchin o‘ziga peshvoz chiqib, salomlashgan qaynonasining ko‘zida yashirin bir sarosimani sezdi. «Yana mazasi qochdimi, yana kasalxonaga olib borib qo‘yishdimi?» deb o‘yladi. Ayvonga yetar-etmas uydan Zaynab chiqib kelgach, «xayriyat» deb qo‘ydi. Zaynab eriga salom berayotganida nigohini olib qochdi. Elchin buni ham sezdi. «Ona-bolaga bir gap bo‘lgan-mi?» deb qo‘ydi. Ichkari kirib duo qilingach, Manzura choy bahonasida chiqdi.
— Tuzukmisiz? — dedi Elchin, xotiniga tikilib.
Zaynab bu qarashga dosh berolmadi.
— Rahmat,— dedi siniq ovozda. So‘ng nigohini ko‘tarmagan holda: — Dadam kelgunlaricha shu yerda turib tursam maylimi, oyim yolg‘izlar, — deb so‘radi.
    Elchin Asadbekning xastalanib qolganidan bexabar, «bir-ikki kunda kelib qolar», deb ruxsat berdi. Avvallari Zaynab bunday iltijo bilan so‘ramas edi. «Uyga boraman» yoki «yotib qolaman» deb qarorini ma’lum qilardi. Shunda Elchin «ming qilsa ham otasining qizi-da», deb g‘ashi kelardi. Hozir iboli xotin singari odob bilan ijozat so‘ragani uchun ham osonlik bilan ko‘ndi.
    Manzura er-xotin gaplashib olsin, degan fikrda choyni damlab, darrov kira qolmadi. Bundan Zaynab betoqat bo‘ldi. U onasining tezroq kirishini, erining tezroq ketishini istayotgan edi. Nazarida, eri ko‘ziga tikilib turib:
— Kecha qaerda eding? — deb so‘rab qoladiganday edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:33:08

Onasi kiravermagach, Zaynab o‘rnidan turdi:
— Men boray endi, — deb Elchin ham qo‘zg‘oldi.
Er-xotinni ayvonda ko‘rib, Manzura oshxonadan shoshilib chiqdi:
— Voy, nimaga turdingiz? Hozir choy qaynaydi. Gaz o‘lgur aksiga olib pastlab qoldi-ya...
Elchin ishini bahona qilib xayrlashdi.
    Zaynab erining tezda qo‘zg‘alganidan mamnun bo‘lib, yotog‘iga kirib ketdi. Manzura izma-iz kirdi-da, qizining yuzini siladi:
— Ering bir nima dedimi?
— Adam kelgunlaricha turishimga ruxsat berdilar. Hozir to‘ylari ko‘p, ertalabga yaqin keladilar.
— To‘y-po‘yini yig‘ishtirsa bo‘lardi. Adangga aytaylik, bironta ish topib bersin.
— Qo‘ying, oyi, bilganini qilsin. Birpas dam olay...
Onasi peshonasidan o‘payotganida Zaynabning eti seskandi.
Onasi chiqib ketgach, yuztuban yotib oldi.
    U yarim tunda kelib, onasini qo‘rqitib yuborgan edi. «Kuyovingiz to‘ydalar, uyda yolg‘iz qo‘rqdim», deb bahona qildi. Manzura bu bahonaga unchalik ishonmadi. Chunki kech soat o‘nlarda qo‘ng‘iroq qilganida hech kim javob bermagan, boloxonadagi yigitlardan birini yuborganida u «darvoza qulf, chiroq o‘chgan», deb kelgan edi. Manzura «er-xotin mehmonga ketgandir», deb o‘yladi-yu, ammo «nima uchun menga aytmadi?» deb baribir xavotir oldi. Qizining tunda, parishon holda kirib kelishi, undan qandaydir yoqimsiz hid taralishi Manzurani g‘alati holga soldi. Zaynabni qiyin-qistovga olishga qo‘rqdi. Bir tomondan tobi yo‘q, boshqa tomondan jahl ustida yana o‘zini bir nima qilib qo‘yishidan qo‘rqdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:34:17

    Kuyovi kelgandagi nigohida bexos zuhur bo‘lgan havotir uchquni shundan edi.
Zaynab odamiylik libosini yechib, hayvonlik martabasiga tushgan uydan chiqqanida ko‘chalardagi qatnov hali to‘xtamagan edi. Shayton g‘olibligida avval lazzat topgan, so‘ngroq o‘z-o‘zidan nafratlangan bu juvonga ko‘chalar, nainki ko‘chalar, olam tor tuyular edi. U ovsar holatida ko‘p ko‘chalarni kezdi. Qaerlarda tentirab yurganini hozir ham fahm eta olmaydi. Qayoqqa borishni, nima qilishni istadi — bu ham esida yo‘q. Yodida qolgani — anhor ko‘prigidan o‘tayotganda «o‘zimni tashlasam-chi, bira to‘la qutulsam-chi», degan o‘y xayoliga keldi. Nazarida, suvdan bir ovoz ham keldi: «Kel, cho‘milib ol, poklanib ol. Poklik dunyosi shu yerda, kela qol!» Ovozni eshitib qo‘rqdi. O‘zini qirg‘oqdan olib qochdi. Yodida qolgani faqat shu. Uni ajablantirgani, yanada aniqroq aytsak, vahimaga solgani shuki, uyga kelib bir ozgina mudraganda ham, uyg‘onganida ham shu ovozni eshitganday bo‘ldi. Hozir, onasi chiqib ketganidan so‘ng ham qulog‘iga shu ovoz urilib, sapchib turib ketdi.
    «Bunaqada jinni bo‘lib qolaman, — deb o‘yladi, ikki chakkasini uqalab. — Nima qilay? Yolg‘iz o‘tirsam vos-vos bo‘lishim turgan gap. Kim bilan gaplashay? Kim ko‘nglim chigilini yozadi? Mardona... Yo‘q, yo‘q...».
    Zaynabning nafasi qaytib, hovliga chiqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:36:02

2

    Avval bir qanot qirqildi, so‘ngroq ikkinchisi...
    U ikki qanoti kesilib, mushuklar orasida qolgan musicha holiga tushdi. Kechagina u o‘zini lochin his etgan edi. Dushmaniga chovut solmoqni niyat qilgan edi. Endi bilsa u bor-yo‘g‘i musicha ekan... Ikki qanoti yo‘q musicha...
    Dunyodagi hamma zo‘r tabiblar yig‘ilib «shu odam jinni», deb xulosa chiqarganida ham Elchin ishonmas edi. Ayniqsa jinni bo‘lib, o‘zini osishi. Elchin do‘stidan ayrilganiga bir kuysa, odamlarning «aqldan ozgan ekanda, a?» deb ishonganlariga o‘n kuyar edi. U Xonzodaning «keyingi paytlarda g‘alati bo‘lib qoluvdilar o‘zi», deganini eshitib, bu xotindan ham nafratlanib ketdi.
    Tushlarida Anvarni ko‘rib, alahsirab uyg‘onadigan bo‘ldi. Bir kuni mizg‘igan chog‘ida Anvar oppoq libosda ko‘rinib, maymunbashara odamga qo‘lini bigiz qildi: «Mening qotilim shu, ustozning qotili ham shu,— deb Elchinga qaradi: — Qasos olmaysanmi? Noila uchun qasos olmoqchi eding. Men-chi? Arzimaymanmi?..»
    Elchin ko‘zini ochib, o‘ylanib qoldi. Ko‘rgani tushimi yo o‘ngi ekanini anglamadi.
O‘sha kuniyoq u Halimjonni izlab topdi. Daf’atan maqsadini ayta olmay, gapini uzoqdan boshladi:
— Ishlar qanday bo‘lyapti endi? — dedi.
Halimjon «bularning ishi qanday ekanini nahot bilmasangiz?» deganday unga ajablanib qaradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:36:25

— Qanaqa qopqonga tushganimni bilmay turibman, aka, — dedi gardanini qashib. — Haydar aka deganlari, bilmayman, odammi yo ho‘kiz-po‘kizmi... Gapga tushunmaydi. Ho‘kizga «xo‘-o‘sh!» desangiz tushunadi, buningiz tushunmaydi. O‘zi jimittakkinayu havosi devdak. Bir xil paytlarda mijib tashlagim kelyapti. Boshqalari ham shunaqa bo‘lsa, ranjimangu aka, bular minan mening chatag‘im yo‘q.
— Ha, nima bo‘ldi o‘zi?
— Men Asad akaga ham to‘g‘risini aytganman. Urish-o‘ldirish mening kasbim emas. Haydar aka tunovinda bir ish topshirdi. Aka-ukalarning kimdandir qarzi bor ekan. Ikkovini tutib kelishdi. Ukaga aytildi-ki, uch soatda pul bo‘lsin, yetkazib kelmasang, akang o‘ladi. Men sodda, buni po‘pisa deb o‘ylabman. Uch soatda pul kelmagach, akani urib, mijib qo‘yasan, deb menga buyruq berdi. «Urmayman», dedim. To‘g‘ri-da, uni tanimasam, bilmasam. Puli yo‘qdirki, vaqtida bermagandir. Yo‘q, tushuntira olmadim. Boshqalar urib ketishdi. Men uni ajratib oldim.
— Bekor qilibsiz. Ular balki sizning himoyangizga arzimas.
— Nega unday deysiz? Pul uchun ham odamni shunday urish mumkinmi?
— Mumkin. Pulning qanchaligini bilmadingizmi? Bu aka-uka kimnidir kuydirgan. Bularning qo‘lida pul aylanib turishi kerak. Aylanmasa «o‘lik pul» deyishadi. Garovda million so‘ming turibdi nimayu millionta murdaning egasi bo‘lding nima, farqi yo‘q. Ular orasida «pul jigar qonidan bo‘lgan» degan aqida yuradi. Pul uchun qotil yollab, eng yaqin odamini ham o‘ldirtirib yuborishdan qaytishmaydi. O‘sha siz rahm qilgan aka-uka, bugun qarzdan qutulib, ertaga birovni qarz qilib, xuddi shu holga soladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:37:12

— Baribir nohaqlik-da, aka?
— Nohaqlikka nohaqlik. Men ularni oqlayotganim yo‘q. Vaziyatni tushuntiryapman. Halimjon, bu kecha yo bugun boshlangan ish emas. Qadimdan shunaqa bo‘lib kelgan. Shu mahallada inqilobdan oldin Bukir qimorvoz degan odam o‘tgan ekan. Qarib, qimordan nari bo‘lgach, qozilik qila boshlabdi. Kim sigirmi, otmi yo‘qotsa shu odamga arz qilarkan. U topib berarkan. Sigir egasidan ham topib bergani uchun, o‘g‘ridan mirshabga topshirmagani uchun haq olarkan. Ana o‘shaning ishi hozir sal boshqacha ko‘rinishda-da. Siz nohaqlik deysiz. Xo‘p, unda haq tomonga ko‘chaylik: Kesakpolvonni o‘ldirish kerak, desam, o‘ldirasizmi?
— Kim?
— O‘sha Haydar akangizning laqabi Kesakpolvon. Uning marazligini bilib turibsiz. U o‘ldirilsa bu yoqdagi qancha jonlar omon qoladi.
— U o‘ldirilsa sheriklari bor-ku, ishni davom ettiraverishadi.
— Ular ham birin-ketin o‘ldiriladi.
Halimjon hushtak chalib qo‘ydi.
— Bo‘ladigan gap emas, bu aka.
— Men sizga bir sirni ochishga majburman. «Hofiz akam bular bilan bir qozondan osh ichadi», desangiz yanglishasiz, uka. Men o‘lganimning kunidan ular bilan birgaman. Men ularning tovog‘idan osh ichmayman. Men ilon bo‘lib ularning bag‘riga kirib olishim kerak edi. Kirdim. Endi bitta-bitta chaqib o‘ldiraman. Bilaman, bu oson emas. Menga yordam kerak. Sizni birinchi marta ko‘rgandayoq men shuni xayol qildim. Asadbek yonida yursangizu, menga lozim paytda ko‘maklashsangiz, biz bularning ildizini quritamiz.
    Kutilmagan bu gap chinmi yo sinash uchun aytilyaptimi, Halimjon tushunmadi.
— Bularning qilib yurgan ishidan ko‘pchilik norozi, ko‘pchilik qo‘rqadi. Lekin kimdir unga qarshi chiqishi kerak-ku? Siz halol, adolatparvar do‘stlaringiz bilan meni tanishtiring. Mana, yaqinda bir qadrdon do‘stim o‘zini osdi.

Qayd etilgan