Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264249 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 B


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:37:43

— Shularni debmi?
— Yo‘q, boshqa odam majbur qilgan. O‘sha odam o‘sha jinnixonada, o‘sha hojatxonada osilishi kerak. Do‘stimning ruhi shuni talab qilyapti. Buning uchun ham menga yordam kerak.
— Hofiz aka, ranjimang, bu gaplaringiz menga yoqmayapti.
— Halimjon, o‘ylab ko‘ring. Busiz adolat bo‘lmaydi. Ponani pona bilan chiqariladi.
Bu yovuzlik uyasiga tushib qolib, yolg‘iz qush holatida yurgan Halimjonga Elchinning gaplari boshqa bir yovuzlik uyasiga chorlash kabi tuyuldi. Elchin uning holatini tushungani uchun «eng muhimi aytdim, o‘ylab ko‘radi», deb uzoq da’vat qilmadi.
    Halimjon xayrlashib, qaytayotganida darvoza bo‘sag‘asida Shomilga duch keldi. Ikkovi avval bir-biriga taajjub bilan tikildi. Bir nafasdan so‘ng taajjub o‘rnini burgut qarash egalladi. Yaxshiki, bularning xo‘roz kabi patlari yo‘q, bo‘lgandami, darrov hurpaytirib olardilar. Shomil Halimjonning orqasidan kelayotgan Elchinni ko‘rib sovuq tirjaydi-da, darvoza bo‘sag‘asidan chekinib, yo‘l bo‘shatdi. Halimjon esa zaharli qarashiga isloh kiritmagan holda uning yonidan o‘tib, mashinasiga o‘tirdi. O‘n qadam naridagi «jiguli»da bir ayol o‘tirganini ko‘rdi, ammo «kim ekan u?» deb sinchiklab qaramadi.
    Halimjon ketgach, Shomilning ishorasi bilan juvon mashinadan tushib Elchin sari kela boshladi. Juvon g‘oyat go‘zal, yurishi ham o‘ziga yarasha tamannoli edi. U Elchinga yaqinlashib, yosh ko‘ngillarni entiktirib yuborish qudratiga ega bo‘lgan shirin jilmayish hadya etdi-da, qo‘lini uzatib:
— Valya, — deb o‘zini tanishtirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:38:35

    Entikish yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da, Elchinga bu jononning jilmayishi xush yoqdi, oppoq, momiq qo‘lning tafti esa vujudiga iliqlik berdi. Bu iliqlikni o‘sha zahoti Shomilning yoqimsiz ovozi haydadi:
— Xonimning zarur ishi bor ekan senda, — dedi u Elchinga.
Elchin o‘zini tanishtirib, ichkari taklif etgach, Valya Shomilga qaradi-da, «sen mashinada o‘tira tur, bu yerda mashina o‘g‘rilari ko‘p deb eshitdim», deb ostona hatlab ichkari kirdi. Valya shu amri bilan o‘zining martabasi baland ekani, Shomilni esa nochor bir qul ekanini ta’kidladi.
    Elchin: «Shomilning popugini pasaytirib qo‘ygan bu oyimcha kim bo‘ldi?» — deb ajablandi. Valya Elchinni jumboqlar dengizida suzishiga yo‘l qo‘ymadi. Uyga kirib o‘tirishi bilan maqsadga ko‘chdi:
— Meni Zelya yubordi.
— Kim? — dedi Elchin o‘zini tushunmagan qilib ko‘rsatib.
— Zelixan, akademik, — dedi Valya.
— O‘zi qaerda?
— O‘zi Sochida. Zarur ish bilan band. Kelolmadi. Bir gapni aytib yubordi: oxirgi marta tunagan joyda Dostoevskiyning to‘rtinchi jildi orasida bir varaq qog‘oz bor ekan. Unda pul qaerga yashirilgani aytilgan ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:39:51

— Qanaqa pul? — dedi Elchin yuziga ovsarlik niqobini tushurib.
— Yig‘ib qo‘ygan puli bor ekan. Shuni topib, yarmini mendan berib yuborar ekansiz.
— Yarmi-chi?
— Yarmi sizga ekan. Nima qilishni o‘zingiz bilar ekansiz. Qaerda tunaganini bilarsiz?
Bo‘liq soniga Elchinning bot-bot qarab qo‘yayotganini sezgan Valya etagini yanada yuqori ko‘tarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— U bir joyda yashamas edi. Yotib yuradigan bir-ikki joyini bilaman, vaqtim bo‘lganda qarab qo‘yarman.
— Kutishga fursat yo‘q. Birga boramiz. Shu bugunoq.
— Menga ishonmaysizmi?
— Siz-chi? Menga ishonyapsizmi?
— Ham ishonmayapman, ham ishonyapman, — dedi Elchin kulimsirab.
— Sabab?
— Ishonishimning boisi, Zeli og‘a chiroyli ayollarni tanlashga ustalar. Ikkinchidan, yaqinda menga Sochidan qo‘ng‘iroq qildilar. Ishonmasligimning sababi — telefonda bu haqda hech nima demadilar.
— Bu telefonda aytadigan gap emas. Ketdikmi?
— Hozir men ishga borishim kerak. Kutishyapti.
— Ansamblingiz bor ekan, a? Men ham san’atga o‘larday qiziqaman. Repetitsiyangizga olib boring, zerikmayman, rost.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:41:29

Elchin «quvgina xonimcha ekanmi?» deb o‘yladi-da, unga qarab jilmayib:
— Marhamat, yuring, — dedi.
Elchin mashinani ko‘chaga olib chiqayotganida Valya Shomilni imlab chaqirdi-da, «orqamizdan qolma», deb shipshidi.
    Elchin Valyaning maqsadini darrov fahmladi. Ro‘paradagi ko‘zgudan qarab, Shomilning izma-iz kelayotganini ko‘rdi. «Zeli og‘a tashlab ketgan boylikning cho‘g‘ini bilishadi shekilli, — deb o‘yladi  Elchin. — Shiraga yopishgan itpashshaga o‘xshab qolishdimi, endi bulardan osonlikcha qutulish mumkinmasdir. Biron chora o‘ylashim kerak. Bu xonimcha chindan ham Zeli og‘ani biladi. Dostoevskiyning to‘rtinchi jildini faqat Zeli og‘a aytishi mumkin. Lekin nima uchun aytdi, nima uchun aynan shu xonimchaga aytdi? Nima uchun bu xonimcha g‘ilayni laychadek ergashtirib yuribdi?..»
Valya uning ko‘zgu orqali bot-bot qarayotganini sezib:
— Bir narsadan xavotirdamisiz? — deb so‘radi. Keyin izoh berdi: — Orqadagi mashinadan qo‘rqmang. Kerakli uyga kirib chiqqanimizdan so‘ng sizga yuk bo‘lmay olib ketar, degan maqsadda «izimizdan yur», devdim.
— Valya, siz menga yaxshiroq qarang, men qo‘rqadigan yoshdan o‘tganman. Zeli og‘a tariximni aytib bermadimi?
— Siz haqingizda juda oz gapirdi. Lekin eng muhim ishni aytib ketdi.
— Aytib ketdi? — Elchin ajablanib unga qarab oldi.
— Aytib yubordi, demoqchiman, — dedi Valya xatosini tuzatib. — U siz haqingizda Xongireyni ogohlantirdi. Endi siz shaxsan Xongireyning himoyasidasiz. Hech narsadan qo‘rqmang.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:42:03

— Anavi g‘ilaydan hammi? — dedi Elchin hazil ohangida.
— Fu, — dedi Valya labini burib, — u peshka-ku! Qulvachcha-ku!.. Ha-ya, esimdan chiqibdi. Zelya yana bir gapni aytib yubordi. Sizni qiziqtirgan odam chindan ham Sochida edi.
— Kim?
— Jamshid, — Valya Jamshid bilan tanishganini, g‘ordagi uchrashuvni qisqacha bayon qildi.
— Hozir ham Sochidami?
— Ketgan bo‘lishi ham mumkin.
— Qayoqqa?
— Balki Moskvadadir. U endi Xongireyning xizmatini qiladi.
— O‘zi istadimi?
— Uning istagi kimga kerak, Xongirey istadi.
— O‘zi xohlamasa-chi?
— Unda... rostdan ham o‘ladi.
— Xongireyning odami kammi, uni nima qiladi?
— Bu, azizim, ularning ishi. Siz hozir repetitsiyangizga ketyapsizmi, demak, shu ishni o‘ylang.
— Umuman, yaxshi taklifni aytdingiz. Bizda och qornim, tinch qulog‘im, degan maqol bor.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:42:25

— Maqolingiz yomon emas, ammo qorin to‘q, quloq tinch bo‘lsa, yana yaxshiroq.
— Valya, bir narsani so‘ramasam, «bu odam g‘irt laqma ekan, bir og‘iz gapimga ishonib xazinani qo‘limga tutqazib yubordi», deysiz. Men Zeli og‘ani bilaman, qo‘li ochiq odam. Lekin sizga bunchalik hotamtoylik qilganining boisi nima ekan? U bilan yaqin edingizmi?
— Er-xotindan ham yaqinroq edik.
— Tushunmadim?
— Nimasiga tushunmaysiz? Sizga o‘z xotiningiz yaqinmi yo o‘ynashingizmi? Har bir erkak xotinidan qizg‘anganini o‘ynashiga hech ikkilanmay sarflaydi, yo noto‘g‘rimi? Buni siz yaxshi bilasiz. San’atkorning o‘ynashi ko‘p bo‘ladi.
— Afsuski, men o‘ynashi yo‘q san’atkorlardanman.
— O‘, shundaymi? Buning uchun chindan ham afsus qilish kerak va bu xatoni tuzatish shart, — dedi Valya kulib. — Menga o‘xshaganlarni topib oling.
— Sizga o‘xshaganlar bu shaharda boshqa yo‘q bo‘lsa-chi?
— Men hozircha shu shahardaman-ku?! — Valya shunday deb ko‘zlarini nozli suzdi.
Elchin ko‘zguga qarab oldi-da, mashina tezligini oshirdi. Buni sezgan Valya «nima gap?» deb xavotirlandi.
— Qozoqlar chiroyli juvonlarni olib qochib ketishadi. Men ham sizni g‘ilaydan olib qochyapman.
— Siz qozoq emassiz-ku?
— Chiroyli juvonga yetishish uchun qozoq bo‘lsam ham mayliga.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:43:55

    Bir necha chorrahani kesib o‘tishgach, Shomil boshqarayotgan mashinaning qorasi o‘chdi. Bu Elchin uchun muddaoning o‘zi bo‘ldi. U g‘ilayni qanday chalg‘itsam ekan, deb turganida jonon qochirimli gapi, nozli qarashi bilan unga bahona topib berdi. Valyaga esa Shomilning ko‘zdan yo‘qolgani yoqmadi. Chunki Hosilboyvachcha unga Elchinning kim ekanini aytgan, ehtiyot bo‘lishni tayinlagan edi. Ularning mo‘ljalicha, Zelixon boylikning yarmini in’om etdimi, demak, hammasiga ega chiqish mumkin, otarchini ulushga qo‘shishning hojati yo‘q.
    Hosilboyvachcha: «Elchin u joyni balki darrov ko‘rsatmas, balki chalg‘itishga harakat qilar, mayli urinaversin, biz uning har bir bosgan qadamini kuzatamiz», deb edi. Birinchi harakatdayoq kuzatuvchisi pand yedi. «Chindan ham ayyorga o‘xshaydi», deb o‘yladi Valya. Lekin tashvishga tushmadi. O‘n uch yoshidan beri Xongireyning tarbiyasida bo‘lgan bu juvon biri ikkinchisiga o‘xshamagan hiyla-nayranglarni ko‘raverib, ko‘zi pishib ketgan. U Elchinni dastlab ko‘rganidayoq «buni mushuk boladay o‘ynataman», deb qo‘ygan edi, hozir uning harakatini kuzata turib, «baribir o‘ynataman» deb ahdini qat’iylashtirdi.
Valya Elchinning soniga shapatiladi:
— Sekinroq hayda, g‘ilay senga yoqmasa shunday ham orqasiga qaytarib yuboraman, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:45:28

— Buyruq bilan qaytarishning qizig‘i yo‘q, olib qochishning mazasi boshqa, — dedi Elchin, o‘zini go‘llikka solib. — Valya, repetitsiyaga bormayman. Seni hozir Zeli og‘ani kuzatib qo‘ygan uyga olib boraman. Yettinchi qavat, o‘ngdagi birinchi eshik. Sening adashing, Valentina Mixaylovna. Kirasan, aytasan, o‘sha kitobni o‘zing olasan. Keyin, rozi bo‘lsang, restoranda otamlashamiz.
— Yaxshi. Ammo uyga birga kiramiz. Aldab ketasan, degan gumonda emasman. O‘sha narsa ikkalamizga tegishlimi, demak, birga kirib, birga olamiz.
    Yettinchi qavat, o‘ngdagi jigarrang charm qoplangan eshikni yoshi elliklarda bo‘lgan, ammo malohatini saqlab qololgan ayol ochib, Elchinni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Bu Valya, Zeli og‘aning xotini, — dedi Elchin, «o‘ynashi» deyishni ep ko‘rmay.
— Xotini emasman, nega yolg‘on aytasan? — dedi Valya. — O‘ynashiman. O‘ynash xotindan ham yaqinroq bo‘ladi, shunday emasmi, Valentina Mixaylovna.
— To‘g‘ri, — dedi uy bekasi kulib, — Zelyaning uylanganiga baribir ishonmas edim. U uylanib, oyoq-qo‘llarini bog‘laydigan erkaklardan emas. O‘ynash ekaningizga ishonaman. Chunki Zelyaning didi zo‘r. Uncha-muncha juvonni o‘ynash tutmaydi.
— Valentina Mixaylovna, sizda Dostoevskiyning kitoblari bormi? — deb so‘radi Elchin.
— Bor. To‘liq asarlar to‘plami bor. Nima edi?
— To‘rtinchi jildda menga atalgan bir xat bor ekan, ko‘zingiz tushmadimi?
— Savol qiziq, men kitob o‘qiymanmi? Muqovasi chiroyli bo‘lgani uchun javonga terib qo‘yganman. Kir, qaray qol.
    To‘rtinchi jildda darhaqiqat maktub bor edi. Elchin qog‘ozni olib, Valyaga uzatdi. Valya xatga ko‘z yugurtir-  di-yu, rangi bo‘zarib, uni yana Elchinga qaytardi-da:
— Qaysi tilda yozgan o‘zi? — deb ming‘irladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:46:27

Elchin xatni o‘qib, Valyaga nigohini o‘qdek qadadi:
— Zeli og‘aga nima bo‘ldi? — deb so‘radi sovuq ohangda.
Valya unga javob bermay, xatni olib sumkasiga soldi-da:
— Rahmat, Valentina Mixaylovna, biz shoshib turibmiz, — deb eshik tomon yurdi.
Uning tez-tez yurishidan, gapirgisi kelmay qolganidan, mashina eshigini qarsillatib yopishidan Elchin bildiki, hayajonlanyapti. Elchin arqonni uzunroq tashlashga ahd qilib, mashina motorini o‘t oldirdi-da «qayoqqa?» deganday Valyaga qaradi.
— Hosilnikiga hayda, — dedi Valya amr ohangida.
Bir necha daqiqa burun ko‘zlari nozli suzilib, o‘ynashlikka rozi bo‘layozgan xonim endi bekalik martabasiga chiqib oldi. Elchin ham unga so‘zsiz bo‘ysundi.
— Nima yozganini so‘ramading? — dedi Elchin bir oz yurishgach.
— Hosil tarjima qilib beradi.
— Hosilnikiga borguncha xatning mazmuni o‘zgarib qolmaydi. Unda xazina haqida gap yo‘q.
— Nega? — Valya unga hayrat bilan tikildi. — Nimani yozibdi?
— Sen avval Zeli og‘aga nima bo‘lganini ayt.
— Aytsam, aytmasam u endi yo‘q, bildingmi?
— Nima bo‘ldi?
— Mening bilganim shuki, u Moskva yuritayotgan bir siyosatga aralashib qolgan. Bu sohada biron nimani bilib qolgan kimsaning tirik yurishi mumkin emas.
— O‘ldirishdimi? Qaerda? Sochidami?
— Bilishimcha, o‘zining qishlog‘ida.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:47:45

— Qiziq... u qishlog‘iga ketgan edi. Menga Sochidan qo‘ng‘iroq qildi. Sochiga nima uchun bordi, seni ko‘rganimi? Keyin yana qishlog‘iga qaytdimi?
— Mening bilganim shuki, Sochiga uni Xongirey oldirib keldi. Qutqarib qolmoqchi edi, eplay olmadi. Bu masalani chuqurlashtirma, qancha tez unutsang, o‘zingga shuncha yaxshi. Xatda nima debdi? Unga bir nima bo‘lganini qaydan payqading?
— «Uzoqroq safarga qaytmas bo‘lib ketsam...» deb yozibdi.
— Keyin-chi?
— Bo‘yindagi qarzni sen to‘lab qo‘y, debdi.
— Qanaqa qarz?
— Farg‘onada bir turk qadrdoni bor edi. Uylari yonib ketgan ekan. Shuning o‘rniga masjid qurdir, debdi.
— Masjid? — Valya sumkasidan sigaret chiqarib labiga qistirdi-da, tutatdi. — Esi past edi Zelyaning, esi pastligi uchun o‘lib ketdi.
— Uning o‘lganini o‘zing ko‘rdingmi?
— Yo‘q... Mening uyimdan olib ketishdi. O‘lganiga ishonmayapsanmi? Ishonaver. Ularning changalidan chivin ham qutulib chiqolmaydi.
Elchin Hosilning mahallasiga yetganda chap qolib, atayin o‘ng tomonga burildi. Valya buni ko‘rib:
— Chapga yurmaysanmi? — dedi.
Elchinga shu gap kerak edi — Valyaning bu yerda avval ham bo‘lganini aniqladi.
Darvoza ostonasida ularni Shomil qarshiladi. U g‘ilay ko‘zlarini Elchinga xunuk tarzda qadadi.

Qayd etilgan