Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264246 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 B


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:49:02

— Hosil uydami? — dedi Valya hovliga kirib.
— Ha, — dedi Shomil, — ichkarida.
    Valya Elchinga qarab «kutib tur», dedi-da, uy tomon yurdi. Elchin turgan joyida qotib turaverdi. Shu topda, kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi: «Zeli og‘ani shularning o‘zi gum qilmadimi? — deb o‘yladi u. — Bularga faqat pul kerakmi? Hosilboyvachcha shu pulga muhtojmi?»
    Zelixon xayrlashayotgan paytda, qaytib kelmas bo‘lib ketayotganini sezganmi, semiz diplomatni Elchinning qo‘liga tutqazib: «Buning ichida ozgina pul, tilla, javohir bor. Qaytib kelmasam, men aytganday ishlatasan. Nima qilishingni bir xatga yozganman. Xatni Valentinanikiga qo‘yganman. Qaerdaligini senga alohida ma’lum qilaman. Ishonmayapti, deb o‘ylama. Shu xatni o‘qib, nima bo‘lganimni, nima qilish kerakligini bilasan», degan edi. Keyin «bu diplomat sen uchun bombaday gap, buning xushtorlari ko‘p. O‘n yildan beri qidirishadi. O‘zing ham ehtiyot bo‘l, buni ham ehtiyot qil», deb tayinlagan edi. Xazina Elchinning ixtiyorida, xat mazmunidan xabardor. Unga faqat bularning asl maqsadlari qorong‘u.
    «Zeli og‘a aytgan xushtorlardan biri shularmi? O‘lim oldida bularni chalg‘itdimi? O‘lim oldida? Meni bular laqillatmayaptimi? Unda xat-chi? Xat so‘nggi chora edimi u uchun?»
    Elchin Zelixonning Fedyani laqillata olgani, uning marhamati bilan ketar chog‘ida to‘shak bahona, Valyaning yotog‘iga kirganidan, maishat o‘rniga Valyaga gap tayinlaganidan bexabar edi. Valyaning Moskvaga uchgani, Xongirey bilan uchrashgani, Elchinni himoyasiga, Jamshidni esa xizmatiga olish haqidagi Zelixonning iltimosini yetkazgani ham u uchun qorong‘i edi. Zelixon ertami-kechmi Jamshid qaytsa, Elchin uni gumdon qilishga urinib, o‘zi ham halok bo‘lishi mumkin, degan xavotirda shu iltimosni Xongireyga yetkazgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:49:40

    Zelixonning o‘limga borayotib ham birodarining bexavotirligini o‘ylashi Elchinga noma’lum edi. Ma’lum bo‘lgandami, bu ayriliqqa chidashi nihoyat darajada og‘ir bo‘lardi...
    Bir ozdan so‘ng Hosilboyvachcha eshik ostonasida ko‘rinib, Shomilni chaqirdi-da, unga nimadir deb pichirladi. Shomil Elchin tomon qarab olgach, tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi. Elchin bir fitna boshlanganini sezsa ham, joyida tek turaverdi. Hosilboyvachcha kelib ko‘risharmikin, degan maqsadda ostonada picha turdi. Elchin uning maqsadini sezmaganday, bosh irg‘ab bo‘lsa-da, salomlashmadi.
Hosilboyvachcha zaharli iljayib, u tomon yurdi.
— Keling, Hofiz aka, qanday shamol uchirdi? — dedi piching bilan.
Elchin «Sochining shamoli» demoqchi edi, Valyaning «Siz endi Xongireyning himoyasidagi odamsiz», degan gapini eslab:
— Xongireyning shamoli, — deb, u ham zaharli iljaydi.
Valya ham uydan chiqqach, uchovlari shiypon tomon yurdilar.
— Hofiz aka, bir suhbatingizni olaylik, ja sog‘intirib yubordingiz.
Elchin bu zaharli jilmayish, bu soxta mulozamat ortida qandaydir shumlik borligini bilsa-da, o‘zini hech nima bilmaganday erkin tutdi.
— Xo‘sh, Hofiz aka, to‘ylar qalay, bo‘lib turibdimi? — dedi Hosilboyvachcha yastanib o‘tirib. — Cho‘talni endi kimga beryapsiz? Bek akamgami?
— Bek akangiz cho‘tal oladigan gadolar toifasidan emaslar. Shuni bilmasmidingiz? Men ham cho‘tal beradigan ovsar emasman. Og‘zidagi luqmasini oldiradigan laqmalar boshqalar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:50:12

    Elchin «cho‘tal oladigan gadolar» deganda eng avval Hosilboyvachchani nazarda tutib, o‘z ko‘nglida uni tuzlagan edi. Hosilboyvachcha o‘ziga qarata haqorat toshi otilganini bildi. Bildi-yu, sir boy bermay masxaraomuz kuldi:
— Katta ketmang, Hofiz aka, buzoqning yugurgani somonxonagacha.
Elchin «bir marta tuzlaganim yetadi, to‘ng‘iz bilan olishishdan foyda yo‘q», degan fikrda bu zaharli gapga javob qaytarmadi.
    Ikki soat davomida mayda-bachkana gaplar bilan band bo‘ldilar. Shomil hovliga kirib uzoqdan «yo‘q» ma’nosida bosh chayqagach, Hosilboyvachcha tizzasiga shapatilab urib, o‘rnidan turdi:
— Rahmat, Hofiz aka, bi-ir miriqdik suhbatingizdan. Shunaqa kelib turing... Otamlashish yaxshi narsa-da, a?
Valya xayrlashish uchun qo‘l uzatmay, sovuqqina bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Akangiz buni tuflamay yopishtiribdi, shunga xafa, — dedi Hosilboyvachcha.
— Qaytishga yo‘lkirasi bo‘lmasa beraymi? — dedi Elchin piching bilan.
— O‘pkangizni sal bosibroq yuring, Hofiz aka.
Elchin «bu kunlaringdan o‘lganlaring yaxshi» deb o‘ylab ko‘chaga chiqdi-da, mashinasiga o‘tirdi. Shomilning nima sababdan yo‘q bo‘lganini uyiga qaytgach bildi: uyi yov bosgan dala holiga keltirilgan edi. G‘ilay hech narsadan tap tortmay uyni alg‘ov-dalg‘ov qilib, Zelixonning xazinasini qidirgan edi.
    Elchin shundan so‘ng Valyani boshqa ko‘rmadi. Lekin Hosilboyvachchaning yigitlari kuzatib yurganini sezdi. Shu sababli Farg‘onaga borish, masjid qurish ishini keyinroqqa surdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  12 Noyabr 2007, 12:51:09

XXVI  b o b

1

    Xasta Asadbek uchun Krasnoyar safarining o‘zi yetarli edi. Jismini ezayotgan og‘riqqa chidadi, sabr etdi, lekin ruh azobiga dosh berishi og‘ir kechdi. Otasi bilan g‘oyibona uchrashuvining o‘ziyoq yuragi uchun og‘ir yuk edi. Ana shu yuk bilan uyga qaytaman, deb turganida yangi safar tashvishi ko‘ndalang bo‘ldi. O‘g‘illarini uylantirish masalasi fikrini band etsa-da, uni yaxshi ma’nodagi tashvishlar sirasiga qo‘shish mumkin. Biroq Xongirey bilan uchrashuv... Hosilboyvachchaning Xongirey orqali tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘lishi... Asadbek bu yigitning qachondir chang solishini bilardi. Lekin boshqa birovning tirnoqlari bilan chang solishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan edi.  Kesakpolvonga: «Hosil haddidan oshgan kuni bir chertsam, chiqqan joyiga kirib ketadi», deb yanglishganini endi angladi. Hosilboyvachcha bilan olishuv oylari, kunlari yaqinlashganini ham fahmladi. Bu haqiqatni kechroq tushunib yetganini ham bilib «nega g‘aflatda qoldim?» deb ezildi.
    Xongireyning chiqib ketayotib, eshik ostonasida aytgan gapi Asadbekni ham, Chuvrindini ham uzoq o‘yga botirdi. «Bir yigiting endi mening xizmatimni qiladi. Uni qidirma, u sen uchun o‘lgan», degan gap Asadbek uchun muammo bo‘lib qolaverdi. Chuvrindiga esa chigalning bir uchi ko‘rindi. U o‘sha kuniyoq Sochiga, Jamshid yashayotgan uyga qo‘ng‘iroq qildi. Uy bekasi Jamshidni ikki yigit kelib olib ketganini aytdi. Chuvrindi Jamshidni Xongireyning yigitlari olib ketganini tushundi. Lekin unga bir narsa qorong‘i edi: Xongirey Jamshidning iziga qanday tushdi?
    ... Asadbek kutib olgani chiqqan Kesakpolvonga qarab «eski shaharga boraman», dedi. Uning xohishi Kesakpolvonga g‘alati tuyulsa-da, amriga itoat etdi.
    Asadbek bolaligi o‘tgan uyga qadam bosganida o‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Bo‘g‘zi faryod to‘lqinlariga to‘g‘on bo‘lsa-da, kipriklari yosh daryosini to‘sa olmadi. Chuvrindi uning holatini bilib, Kesakpolvonni to‘xtatdi. Ikki a’yon hovlida qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:12:40

    Asadbekning xayolida onasi uyda o‘tirgandek, «bolam, adangni ko‘rib keldingmi?» deyayotgandek edi. Ichkari uyda Samandar xasta ovozi bilan «Samalo‘t, qanotiyni pastlab o‘t...» deganday bo‘ldi... Asadbek kursiga dahanini tirab, anchagacha o‘tirdi. Ko‘zlaridan yosh quyulaverdi. Bo‘g‘zini hatlab o‘tolmayotgan faryod yuragini ezaverdi.
U qancha o‘tirganini bilmaydi, yosh daryosi qurib, faryod pinakka ketganida Chuvrindini chaqirdi:
— Mahmud!
Yig‘i aralash, titrab chiqqan bu ovozni eshitib, ikkala a’yon ham shoshilib ichkari kirdilar.
— Mahmud, sen mahallaga chiqib, Soli otani top. Elliginchi yilda bir pochtachi bo‘lardi. O‘shani boshlab kelsinlar. Ha, chap qulog‘ini o‘q olib ketgan pochtachi degin.
    Chuvrindi ko‘chaga chiqib ketgach, Kesakpolvon «men uyda qolaveraymi yo chiqaymi?» degan ma’noda qaradi. Xayoli ota-onasi bilan band bo‘lgani uchun Asadbek unga e’tibor ham bermadi. Krasnoyardagi uchrashuvda otasining uydan maktubni orziqib kutganini eshitgandayoq chap qulog‘i yo‘q odam bilan gaplashib qo‘yishni niyat qilgan edi. Asadbek uning ismini bilmasdi. Yodida qolgani — onasi deyarli har kuni uning yo‘lini poylardi. Ko‘chada ko‘rinishi bilan Asadbekni chaqirardi. «Bolam, xatchi amaking kelyaptilar, yugura qol, «adamlardan xat bormi?» deb so‘ragin. Avval salom ber, xo‘pmi?» derdi.
    Asadbek har safar unga peshvoz chiqib «assalomu alaykum» derdi. U esa qovoq uyub qarab qo‘yardi, alik olmasdi. Asadbek onasiga «xatchi amaki salomimga alik olmayapti, endi salom bermayman» deganida, onasi «alik olmasa gunohi o‘ziga, sen salom beraver», deb yalingan edi. Bir kuni xatchi salom bergan Asadbekning qulog‘ini buradi:
— Hoy, dushman bolasi, — dedi o‘dag‘aylab, — sen nega menga Xudoni gapirasan?
Asadbek tushunmadi:
— Qachon gapirdim? — dedi yig‘lamsirab.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:14:02

— «Assalomu alaykum» deysanmi? Bu nima degani, bilasanmi? Xudodan sog‘liq so‘rayman, degani. Men sening xudo-pudoyingga ishonmayman, bildingmi! Men ateistman! Men boevoy kommunistman! Ikkinchi shunaqa desang, tilingni sug‘urib olaman. Xat ham so‘rama. Men dushman xatini tashiydigan ahmoq emasman!
    Asadbek onasiga bularni aytmadi. Onasi yo‘lga chiqarganda itoat etaverdi, ammo xatchiga salom ham bermadi, «adamlardan xat bormi?» deb ham so‘ramadi. O‘sha damlarda u «nima uchun oyimning o‘zlari so‘ramaydilar», deb ko‘p o‘ylardi. Savoliga javobni keyinroq, ulg‘aygach topdi. «Xatchi oyimga sasigan bo‘lsa, so‘rashga cho‘chib qolgan ekanlar-da», degan ajrimga keldi.
Chuvrindi ko‘p o‘tmay Soli ota bilan xatchini boshlab kirdi. Asadbek o‘rnidan turib Soli ota bilan ko‘rishdi. Xatchining uzatilgan qo‘li muallaq qoldi. Asadbek unga o‘tli nazarini qadadi:
— Meni taniysizmi? — dedi qahr bilan.
— Taniyman, Bekjon o‘g‘lim, adangiz bilan frontovoy o‘rtoq edik.
Tilyog‘lamalik bilan aytilgan bu gapdan Asadbek portladi:
— Frontovoy o‘rtoqmiding hali sen?! Adamning xatlarini nima qilarding, xunasa?!
Asadbekning vajohatidan cho‘chigan Soli ota «yana urib qolmasin», degan xavotirda o‘rtaga tushdi.
— Asadjon, bolam o‘zingni tut. Bu bechorani kasal yotgan joyidan turg‘izib olib keldim.
— Bunaqa to‘ng‘izni ajal ham olmaydi, — dedi Asadbek. — Urug‘i bilan quritib yo‘q qilish kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:15:41

Asadbek bu gapni g‘azab olovida aytib yuborgan, xatchidan, uning oilasidan qasos olish yoki jazolash niyati yo‘q edi. Xatchi esa bu gapni qat’iy hukm o‘rnida qabul qilib talvasaga tushdi:
— Menda ayb yo‘q, — dedi u yig‘lamsirab. — Menga buyurishgan.
— Kim?
— Domkom.
— Kim u?
— U odam rahmatli bo‘lib ketgan, — dedi Soli ota.
— Xatlarni nima qilgansan?
— Yoqardik. Bir o‘zim emas, domkom bilan...
— Mahmud, yo‘qot buni, turqi qursin.
Xatchi yukdan bo‘shagan qopday, shalvirab tiz cho‘kdi:
— O‘ldirmang meni, — dedi yig‘lamsirab.
— Yo‘qol-e, — dedi Asadbek bir qadam tislanib.— O‘zi o‘lolmay yuribsanu seni o‘ldirib nima baraka topdim. Yo‘qol, deyapman! Mahmud, uyiga olib borib qo‘y, yo‘lda o‘lib qolmasin. Soli ota, sizni ham olib borib qo‘yadi. Krasnoyarga borib, adamlarning qabrlarini topdim. Keyinroq xotirjam gapirib berarman.
    Ular chiqib ketishgach, Asadbek yana jag‘ini kursiga tirab o‘tirib oldi. Bir ozdan so‘ng qattiq yo‘tal tutib, sillasini quritdi.
    ...Asadbek Kesakpolvonning qistovi bilan uyiga ketdi. Uning niyati tunni bolaligi o‘tgan uyda o‘tkazish edi. Bedardning oldida boshimni og‘ritma, deganlariday, Kesakpolvon do‘stining dardiga sherik bo‘la olmas edi. Garchi umr deb atalmish yo‘lda bir aravada borayotgan bo‘lsalar-da, ularning yuraklaridagi dard boshqa-boshqa edi.
    Manzura eriga bir qarashdayoq ahvolini sezdi. Asadbekning ozib, yuzlari za’faron tus ola boshlaganini uning ziyrak nigohi ilg‘adi. Asadbek mehmonxonada, o‘zi oshxonada bo‘lsa ham erining yo‘talini eshitib yuragi ezildi. Mehmonlarning tezroq qaytishini istadi. Yo‘qlab keluvchilarning jilish niyatlari yo‘qligini fahmlab, Chuvrindini imlab chaqirdi:
— Akangiz charchaganga o‘xshaydilar?

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:16:22

Chuvrindi uning maqsadini angladi.
— Hozir imi-jimida bir nima deb qo‘yaman.
Chuvrindining «imi-jimida» gapidan so‘ng mehmonlar qo‘zg‘olishdi. Bir oz fursat o‘tib Kesakpolvon bilan Chuvrindi ham ketishgach, Manzura idish-tovoqni qiziga topshirib, o‘zi mehmonxonaga kirdi.
Divanda yonboshlab yotgan Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘olmadi.
— Joyingizni qilib beraymi? — deb so‘radi Manzura.
— O‘tir, — dedi Asadbek. — Nima qarorga kelding?
— Bilmasam... Siz nima desangiz shu.
— Unda tayyorgarligingni ko‘r.
— Qizlari... — Manzura «qanaqa ekan?» deb so‘ramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi.
— Qizlari o‘g‘illaringga yoqibdi. Sovchi bo‘lgan kishi qizlar yevropacha emas, musulmoncha tarbiya ko‘rgan, dedi. Sen avval bor, ko‘r, yoqsa kelin qil, yoqmasa yo‘q. Men o‘g‘illaringni o‘sha yerda o‘qib, o‘sha yerda ishlashini xohlayapman.
— Biz-chi?
— Biz... nima, uch-to‘rt yilga chiday olmaysanmi? Ish o‘rganib, o‘zlarini tutib olishgach, kelishadi.
— Butunlay qolishmaydimi, ishqilib?
— Kallang bormi? Butunlay qoladiganlar boshqa, bolalarimiz boshqa. Xullas, ovoza qilmay, tayyorlanaver.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:17:24

— Zaynab-chi?
— Uni keyinroq yuboramiz.
— Kuyovingiz...
— Nima bo‘ldi yana?
— Hech nima bo‘lmadi, o‘zi aytaman-da...
— Chaynalma.
— To‘ylarda yurib... qizingiz yolg‘iz qolyapti-da. To‘y-po‘yni yig‘ishtirsa bo‘lmasmikin? Boshqa ish topib berasizmikin, devdim.
    Zaynab kasalxonada ekanida Asadbek ham buni o‘ylagan, ammo aniq bir qarorga kelmagan edi. Xotini qo‘rqibgina aytgan gap ma’qul tushgan bo‘lsa-da, sir boy bermay:
— Sen aralashma bunga,— deb qo‘ydi.
Kechasi Asadbekning kuragida yana og‘riq qo‘zg‘oldi. Xotinining xavotirli ko‘ziga qarab: «Shamollash tarqamayapti», deb izoh berdi. Kuragiga isitgich qo‘ygach, joni orom olib, uyquga ketdi. Ertalab uyg‘onganida og‘riq ham bosh ko‘tardi. «Uyda o‘tirsam battar bo‘ladi», deb Chuvrindi kelishi bilan shahar markazidagi qarorgoh tomon yurdi.
    Asadbek kechqurun xayrlashar mahalida Kesakpolvonga Qilich Sulaymonovni topishni tayinlagan edi. Kesakpolvon buyruqni bajarib, uch qavatli imorat yerto‘lasida Asadbekni kutib oldi.
— Turma yoqibdi senga,— dedi Asadbek, Qilich Sulaymonov bilan ko‘rishib.— Odambashara bo‘lib qolibsan.
— Akaxon, aybimga yarashasi bo‘ldi, gap yo‘q,— dedi Qilich Sulaymonov bosh egib.
— Aybingni bilganing yaxshi, do‘zaxdan seni kim olib chiqdi, buni bilasanmi?
Qilich Sulaymonov darrov javob bermadi. Shomil: «Ishingni Hosilboyvachcha to‘g‘riladi», devdi. Necha oy yotgan bo‘lsa, G‘ilay xabar olib turdi. Asadbek buni biladimi yo yo‘qmi, Qilich Sulaymonovga qorong‘i. Bilib so‘rayaptimi yo piching qilyaptimi, buni ham farqlay olmadi. Eng yaxshi javob sukut deb bilib, boshini egganicha turaverdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:18:11

— Mahmud, bunga tushuntirib qo‘y. Xo‘sh, zavodda ishlayapsanmi?
— Ishlayapman, rahmat.
— Amaling direktorlik bo‘lmasa ham ishni o‘zing yuritasan. Olimchadan qo‘rqma. Krasnoyarga tsisternalarda vino yuborish kerak. Bexit qilish qo‘lingdan keladimi?
— Kelishga keladi-yu...
— Chaynalma.
— Olim bolangiz... Ba’zi qog‘ozlarga uning qo‘li kerak.
— Qo‘l qo‘yadi. Shu bugun ishga kirish. Olimchadan rostdan ham qo‘rqayotgan bo‘lsang, u yaqin kunlarda Portugaliyaga ketadi. Mahmud, ishi to‘g‘ri bo‘lyaptimi?
— Ha, bugun o‘zim shug‘ullanaman. Faqat... eshitishimcha, qurug‘ini tortishdan qaytmabdi.
— Qaytmasa ham jo‘nat. Bir-ikki oy yursin. Qilich, birinchi tsisternani uning qo‘li bilan chiqarasan. Ishkal bo‘lsa, g‘alvadan yiroqda turaverasan. Bilib qo‘y: sen mening odamimsan. Men seni olimchaga almashtirganim yo‘q. U ham kerak menga, lekin sen boshqasan. Seni xoinliging uchun jazoladim. Bizning oramizda xoinga faqat bitta jazo berilardi. Seni ayadik. Shunga yarasha qadam bos endi.

Qayd etilgan