Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264477 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 B


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:19:36

    Qilich Sulaymonov podsho huzuridagi mulozim singari ta’zim qilib chiqdi. Shundan so‘ng Asadbek o‘yga tolib, anchagacha jim o‘tirdi. Ikkala a’yon ham uning muhim gapi borligini anglab, so‘z boshlashini kutishdi. O‘shanda Xongireyning xonaga kirib, amrini bayon etishi, hech bir qarshiliksiz, hatto e’tirozsiz chiqib ketishi Asadbekning ojizligini bildirib turardi. To‘g‘ri, Xongireyga bas kelib bo‘lmaydi. Ammo Asadbek kimning oldida bo‘lsin, ojiz ekanini bildirishni istamas edi. Aytmay desa, bu madda bog‘lagan yara, erta-indin yorilib, yiring oqib, hammayoqni bulg‘aydi. Aytay desa, til qurg‘ur tish hatlashni istamaydi. Sukutni uzoq cho‘zishi mumkin emasligini fahmlagan Asadbek nihoyat tilga kirdi:
— Hosil haddidan oshyapti,— dedi Kesakpolvonga qarab.
— Qilichga ega chiqmoqchimi?
— U endi Qilichni boshiga uradimi. Bu xunasaning ishtahasi boshqacharoq. Kozlovga osilyapti. Xongirey bilan tillashib qolgan, shunga hayronman.
— Voy itvachcha! — dedi Kesakpolvon.— Voy turqingga uray!..
— Voy-voylamay tur,— dedi Asadbek jerkib.— Xo‘p, deylik, biz Kozlov bilan oldi-sotdi qilmadik. Keyin nima bo‘ladi? Shu bilan to‘yadimi?
— To‘ymaydi,— dedi Chuvrindi.— U go‘rda ham to‘ymaydi. Men o‘zimcha bir fikr qildim. Hosilning asl mo‘ljali vinzavod emasmikin?
— Mening fikrim ham shunday,— dedi Asadbek.
— Vinzavod kerak bo‘lsa, Kozlovga osilib nima qiladi? — dedi Kesakpolvon.
— Vey, sen qaering bilan o‘ylaysan, o‘zi! — deb achchiqlandi Asadbek.— Kozlov bilan asosiy ishimiz nimada, vinodami? Qilichga nima uchun yopishdi.
— Chaqir uni. Ochig‘ini aytsin. U-bu desa tinchitib yuboramiz.
— Tinchitish osonmas,— dedi Chuvrindi.
— Osonmas...— dedi Asadbek.— Lekin tinchitish shart! Boshqa yo‘l yo‘q. Faqat... isini chiqarmay tinchitish chorasini topish kerak. Hozircha arqonni uzunroq tashlaylik-chi. Bir-ikki tsisterna yuborganimizdan keyin o‘zi ham g‘imirlab qolar. O‘shanda shartta bo‘g‘amiz. Men uni chaqirmayman, o‘zi kelsin...

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:20:49

2

    Osmonni balo bulut qoplagan, tepasidan qayg‘u yomg‘iri tomchilab, hovlisida tashvish alaflari ko‘kara boshlagan odam dardini kimga aytsin? Asadbek keyingi haftalar ichi ana shu holga tushdi. U ba’zan o‘zini qorong‘u jarlik ichida his etar, bu jarlikda abadul-abad qolib ketadiganday vahima bosardi. Biroq u vahima quli bo‘lib qolmadi. Bu jarlikdan chiqishga o‘zida kuch topdi. Dardi oddiy shamollashmasligini bilganida, bir cho‘kay dedi-yu, qaddini rostlab oldi. U tanish tabibga uchrashib haqiqatni aytishini talab qildi.  Asadbekka bunday bedavo xastalik bilan uzoq yashash mumkin emasligi ayon edi. Ayni choqda, o‘limidan so‘ng xonadonida hayot davom etajagini ham yaxshi anglar, o‘zidan so‘ng kechajak bu hayotning munavvar bo‘lmog‘ini istardi. Misqollab yiqqanini botmonlab sovurilishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. Haqiqatni bilgach, endigi hisobli kunlarida nima qilishi lozimligini o‘ylay boshladi. Birinchi galda, Manzurani o‘g‘illari yoniga jo‘natishni tezlatishi kerak edi. Xuftondan so‘ng u Chuvrindini chaqirtirdi.
    Chuvrindi darrov yetib keldi. Asadbek mehmonxonada edi. Kuzning salqini ta’sir etib, uy derazalarini ham yopib olgandi. Chuvrindini Manzura qarshilab, past ovozda:
— Mahmudjon, akangizni tuzukroq do‘xturga ko‘rsating. Balg‘am tashlashlari yaxshi bo‘lmayapti-da,— dedi.
Chuvrindi:
— Ko‘rsatyapmiz, Xudo xohlasa, tuzalib ketadilar,— deb mehmonxona sari yurdi.
Ichkari kirib, Asadbekning qarshisiga o‘tirdi. Asadbek unga sinov nazari bilan tikilib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:21:44

— Mahmud, Krasnoyarda mazam qochganida bilganmiding buni?
Chuvrindi javob bermay, ko‘zini olib qochdi.
— Yashirma. Sen bilibsan, boshqalar bilmasin.
— Do‘xturlar gapiraveradi. Kasalxonada yotib davolanish kerak.
— Yo‘q. Kasalxonaga yotsam, dunyoga ovoza bo‘ldi, degan gap. To‘g‘ri aytasan, balki unaqa kasalmasdir, Xudo biladi. Lekin yurakda g‘ulg‘ula bor. Shuning uchun ba’zi omonat gaplarni aytib qo‘yishim kerak senga.
— Yomon nafas qilmang.
— Gaplarimni eshit: sen menga begona emassan, ukamsan. O‘g‘illarim-jiyanlaring. Ularning o‘qishi chala qolmasligi kerak. Kennoyingni tezroq jo‘nat.
— Siz-chi?
— Meni qo‘ya tur. Tillani ko‘paytir. Kennoying belni baquvvat qilib borsin. Agar menga bir gap bo‘lsa, xabar bermaysan, o‘sha yoqda uzoqroq turaversin. Men senga ishonaman, lekin Haydar akangdan xavotirdaman. U xomkalla qovun tushirib qo‘yishi mumkin. O‘zi o‘ziga xon bo‘lsa, yo qamalib ketadi, yo itday o‘lim topadi. U ahmoq sening gapingga kirmaydi, sen uni boshqara olmaysan, bilaman. Ikkalang ikki qo‘chqor bo‘lib suzishsang — tamom!
    Asadbek unga tikilib olib gapirar, Chuvrindi esa boshini egib jimgina tinglardi. Moskvada ekanida, tibbiy xulosalarni yirtib tashlaganida yuragida umid bor edi. Bu yerdagi tabiblarning gaplari ham o‘sha xulosaga mos kelgach, yuragiga vahima oraladi. Uni haqiqatdan xabar topgan Asadbekning holati tashvishga solardi. Asadbekning o‘zini bu qadar dadil tutishini o‘ylamagandi. Ikkinchi katta tashvishi Asadbekdan so‘ng Kesakpolvon bilan bo‘lajak mojarolar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:22:53

    Asadbek aytadiganini aytib bo‘lgach, Chuvrindini gapirtirmadi. «Uyingga borib, damingni ol», deb ruxsat berdi.
    Chuvrindi ketishi bilan Manzura kirdi. Asadbek xotiniga yolg‘iz ro‘para kelishdan, uning gap boshlashidan cho‘chidi. Umrida birinchi marta nigohini yashirishga harakat qildi. Erining ko‘z qarashidanoq nima demoqchi bo‘layotganini anglashga o‘rgangan Manzura uning bir dardini yashirishga urinayotganini sezdi. Ro‘parasiga o‘tirib:
— Adasi...— deb gap boshlamoqchi edi, Asadbek o‘rnidan turdi.
— Safarga tayyormisan, erta-indin jo‘naysan,— dedi.
— Siz-chi? — deb so‘radi Manzura hayratlanib.
— Men... menga hukumat ruxsat bermabdi. To‘g‘rilasa bo‘ladi, deyishyapti, orqangdan yetib boraman. Borolmasam, to‘yni o‘tkazib, kelinposhshalarni boshlab kelaverasan. To‘yning o‘g‘il bolasini shu yerda qilamiz.
— Voy, adasi...
— Bo‘ldi, gapni cho‘zma. Men yotaman, charchadim.
Yotishga yotdiyu ko‘ziga uyqu ilinmadi. Yarim soatdan so‘ng telefon jiringlab, boloxonadagi yigit Krasnoyardan Kozlov so‘rayotganini ma’lum qildi.
Kozlov hol-ahvol ham so‘rab o‘tirmay, muddaoga ko‘chdi:
— Asad, menga hech nima yubormay tur, vaziyat o‘zgaradiganga o‘xshaydi.
— Ie, kecha bir tsisterna jo‘natdik-ku?
Bu gapni eshitib, Kozlov sukut qildi, keyin bir qarorga kelib:
— Bir ilojini qilarman, tashvishlanma. Juda bo‘lmasa Irkutskka o‘tkazib yuborarman. Hozircha aloqani uzib turamiz. Ish to‘g‘ri bo‘lishi bilan o‘zim xabar qilaman.
— Xongireymi?
—  Ha.
—  Ehtiyot bo‘l.
Shu so‘z aytilishi bilan telefon uzildi.
    Asadbek uchun bu kutilgan noxush xabar edi. Lekin u Xongirey bu tarzda tez siquvga olar, deb o‘ylamagandi. «Xongirey u tomonda ishga kirishgan bo‘lsa, Hosil nima karomat ko‘rsatar ekan?» Asadbek bu haqda ko‘p o‘yladi. O‘zi bergan savolga tayin javob topa olmagach, a’yonlarini chaqirtirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:24:33

3

    Qilich Sulaymonov qil ustida yashayotganini bilardi. Yolg‘iz Asadbekka xizmat qilayotgan bo‘lsa ham, yoki aksincha, faqat Hosilboyvachchaning yumushlarini bajarsa ham o‘lajagi unga ma’lum edi. Shu bois usta dorvoz holida yashashdan o‘zga chorasi yo‘q edi. U Asadbekning xizmatlarini bajarish barobarinda Hosilboyvachchani bo‘layotgan ishlardan xabardor qilib turardi. Krasnoyarga bir tsisterna vino yuborilgani Hosilboyvachcha uchun xushxabar edi. U xabarning suyunchisiga «zavodni o‘z-o‘zingga olib bermagan — nomard» deb va’da berdi. O‘sha zahoti bu xabar Xongireyga yetkazilib, mo‘ljaldagi rejani amalga oshirishga kirishildi.
    Hosilboyvachcha bunday fursatni uzoq vaqt kutdi. U avvaliga Asadbekka havas qilgan bo‘lsa, bora-bora bu havas hasadga aylandi. Bu hasad yillar bo‘yi bir on bo‘lsin, uni tinch qo‘ymadi. Agar shu yillar ichi undan «yashashdan maqsad nima?» deb so‘ralsa, shubhasizki, «maqsadim yagona — Asadbekni yanchish», derdi. U o‘ylay-o‘ylay g‘oliblikning eng qulay, eng yaqin yo‘lini topa oldi. Zo‘rni zo‘rroq bilan yiqish afzalligiga aqli yetgach, fursatni boy bermadi. Xongireyning qirq yoshga to‘lganini eshitdi-yu, «baxtimdan o‘rgilay», deb otni qamchiladi. Ortiqcha chiqimga toqati bo‘lmasa-da, bu safar xasislik qilmadi. Tilladan chiroyli tumor yasatib, «2049 yil, 100 yosh» deb yozdirdi-da, Moskvaga qarab uchdi. Uch kun davom etgan katta ziyofatga u yaqinlasha olmadi. Tantanalar tugab, Xongirey hordiq chiqargach, uni qabul qildi, Hosilboyvachcha salom berib kirib, uning bo‘yniga tilla tumorni osib, «Siz-bizning valine’matimizsiz», deyishi Xongireyga yoqdi. Kimligini so‘rab-surishtirdi. Xongirey Asadbekni bilardi. Asadbekning bir oz mag‘rurligi unga yoqinqiramasdi. Bu yigitning Asadbek o‘rnidan umidvorligi shu sababli ma’qul keldi. «Menga shunaqa mutelar kerak», deb uni qo‘llashga ahd qildi. Krasnoyarda Kozlovni sindirishi qiyin kechayotgan edi, endi bir hamlada ikki raqibni yengish imkoni tug‘ilib Hosilboyvachchaning tashrifidan mamnun bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:25:30

    Hosilboyvachcha orqasida qad ko‘tarayotgan tog‘dan quvvat olib, qal’ani to‘la zabt etmoq qasdida dadil hujum boshlashga ahd qildi. Ana shu paytda Shomil unga yana bir xushxabar yetkazdi:
— Asadbek o‘ladigan kasal emish,— dedi u irshayib.
— Qayoqdan olding bu gapni? — dedi Hosilboyvachcha ishonqiramay.
— Do‘xtiri aytdi. Asadbekni ko‘rib qo‘yganini eshitib, giribonidan oldim. «Qasam ichganman, aytolmayman», deydi. «Qasam kerakmi senga yo jonmi?» devdim, darrov gulladi. Yo ikki-yo uch oylik umri qolibdi. O‘lishi aniq ekan.
— Ikki-uch oylik dedingmi? Yaxshi! Vinzavodni o‘z qo‘li bilan topshirib ketsa ham bo‘larkan, a?
— O‘lishini kutmaysizmi?
— Yo‘-o‘q. Osongina o‘lib ketmasin-da. Mening kimligimni bilib, keyin o‘laversin. Bir paytlar ko‘kragimdan itarib, yoniga yo‘latmovdi. Mendan ko‘ra Chuvrindi qullarini afzal ko‘ruvdi. Baribir men uni yengdim! Avval mening kulgimni ko‘rsin, keyin o‘lsin!
— Endi unga kassetani ko‘rsatsa bo‘lar?
— Shoshmay tur. Men hali undan battarini ko‘rsataman. Sen lalayganroq yigitlaringdan birini tayyorlab qo‘y.
— Kesatyapsizmi, lalayganini nima qilasiz?
— O‘lib ketsa achinmagin deyman-da, — Hosilboyvachcha shunday deb kulimsirab qo‘ydi. Uning ko‘mma gapini G‘ilayning kalta fahmi anglab yetmadi. Tanlagan yigitini bir haftadan so‘ng qonga belanib yotganini ko‘rgachgina tushundi.
Unga qadar esa...

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:26:31

    Unga qadar Hosilboyvachcha Asadbekni yo‘qlab uch qavatli imoratning yerto‘lasidagi qarorgohiga bordi. Manzurani kuzatgach, Asadbek uyga borgisi kelmay to‘g‘ri shu yerga kelgan, xona issiq bo‘lishiga qaramay, qalin kiyimda o‘tirar edi. U Chuvrindi bilan qandaydir qog‘ozlarni ko‘zdan kechirayotganda Hosilboyvachcha kirdi. Chuvrindi qog‘ozlarni yig‘ishtirib «nima qilay?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. «O‘tir», degan ishoraga itoat etib, joyidan jilmadi.
— Bek aka, sog‘-salomat borib keldingizmi safarlarga? — dedi Hosilboyvachcha Asadbekni quchoqlab. Dimog‘iga yomon hid urildiyu nafasi qaytib «o‘lishi chin shekilli?» deb o‘yladi.
— O‘zing qalaysan? Ishlaring yurishyaptimi? — dedi Asadbek sovuqroq ohangda.
— Soyangizda yuribmiz-da, aka.
— Mening soyamdami? — dedi Asadbek sinov nazari bilan tikilib.
— Ha-da, sizni akam deganman.
— Shunaqami? Men akangmanmi? Xongirey-chi? Tog‘angmi yo ammangning erimi?
— Gapni ham qiyvorasiz-da, akaxon.
— Sen bo‘ladigan gapni qil. Shu paytgacha Asadbekni birov laqillata olmagan. Sen gijinglamaginu dardingni ayt: nima kerak senga?
— Dangal gapmi? Gapning o‘g‘il bolasi shuki, menga hozircha vinzavod kerak.— Hosilboyvachcha shunday deb g‘olib odamning nazari bilan unga tik qaradi. Asadbek undan bu darajadagi surbetlikni kutmagan edi. Shartta tarsaki tortib yubormoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tiyib so‘radi:
— Hozircha vinzavodmi? Undan keyin-chi?
— Undan keyingisini o‘shandan keyin gaplashamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:27:59

— Agar Xongireyga bachchalik qilmaganingda senga vinzavodni sovg‘a qilib berardim.
— Akaxon, og‘zingizga qarab gapiring. Bizda ham izzat-nafs bor.
— Senda izzat-nafs bor ekanmi? Kelib-kelib o‘sha haromiga orqa qilyapsanmi? Ikki o‘zbek mol talashsayu luqmasini begona olib ketsa, yana sen izzat-nafs haqida gapirasanmi? Bu kundan o‘lganing yaxshi.
— Endi, akaxon, sovuq nafas qilmang, hammamiz issiq jonmiz, kim oldin o‘ladi, Xudo biladi.
Hosilboyvachchaning bu ilmoqli gapini eshitib, Asadbek Chuvrindiga savol nazari bilan qarab oldi.
— Bek aka, jahlingiz chiqmasin, dunyo bozor-da, bir sizning omadingiz keldi, endi gal meniki. Vinzavodni tekinga olmayman. Juda katta narx qo‘yaman. Darrov rozi bo‘lganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz.
— Bu nima deganing?
Hosilboyvachcha kulimsirab pidjagi cho‘ntagidan videokassetani olib uzatdi.
— Bu nima? — dedi Asadbek ajablanib.
— Qo‘yib ko‘ring. Men yarim soatdan so‘ng telefon qilaman,— Hosilboyvachcha shunday deb chiqdi.
— Do‘xtirni top,— dedi Asadbek Chuvrindiga.— Gapini eshitdingmi, is olganga o‘xshaydi.
Chuvrindi lozim raqamni terib, tabibni topdi-da, dabdurustdan:
— Nega qasamni buzdingiz? — dedi. Tabib javobga taraddudlanganidan foydalanib, so‘roqni davom etdi:— Kimga aytdingiz?

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:29:12

Tabib g‘udranib bir g‘ilayning zo‘rlaganini ma’lum qildi.
— G‘ilay Shomil,— dedi Chuvrindi go‘shakni joyiga qo‘yib.— Nima qilamiz?
Asadbek yo‘talib olgach, yoshlangan ko‘zlarini unga qadab jahl bilan dedi:
— U qasamni buzdi!
Chuvrindi chiqib Bo‘tqaga tabibni nima qilish lozimligini aytgach, xonaga qaytib videokassetani qo‘ydi. Hammom... Ikki juvon... Biri birini quchoqlayapti...
— O‘chir! — deb baqirdi Asadbek. Chuvrindi amrni bajarishga ulgurmay, sapchib o‘rnidan turdi-da videomagnitofonni tepdi. Og‘ziga kelganini qaytarmay bo‘ralab so‘ka boshladi. U Hosilboyvachchani so‘kyaptimi, yo Zaynabnimi, Chuvrindi farqlay olmadi.
    Xastaligini ham, vujudidagi og‘riqni ham unutgan Asadbekni g‘azab o‘zini bilmas darajaga keltirgan edi. Uning ko‘ziga hozir hech nima ko‘rinmasdi. Mana shunday hol yuz berishi mumkinligini hisobga olgani uchun ham Hosilboyvachcha videokassetani tashlab, tezgina chiqib ketgan edi.
Chuvrindi hojasining yelkalarini silab, bir oz ovutganday bo‘ldi.
— Anavi qanjiq tanish ko‘rindi, kim u? — dedi Asadbek hansirab:
— Kasalxonadagi hamshiraga o‘xshatdim.
— Top uni, top! Yerning tagidan bo‘lsa ham topasan, o‘ligini bo‘lsa ham top, chotini o‘zim yirib tashlayman!
    Chuvrindi shoshib eshikni ochdi. Bo‘tqa hali topshiriqni bajargani ketmagan edi. Chuvrindi unga kasalxonaga borishni, Zaynabni boqqan hamshirani topishni buyurdi. Bu orada Asadbek o‘tirib, titroq barmoqlari bilan telefon raqamini terdi. Go‘shaqdan Elchinning  uyquli  ovozi  eshitilgach, baqirib so‘radi:
— Zaynab qani?
— Do‘xtirga ketuvdi...
— Ermisan yo hezalakmisan o‘zing?! — Asadbek shunday deb go‘shakni kuch bilan urib, telefonni sindirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:30:17

    Bir ozdan so‘ng eshik qiya ochilib, Bo‘tqaning ixtiyoridagi qiz asta mo‘ralab, Hosilboyvachcha degan odam telefonga chaqirayotganini aytdi. Chuvrindi eshik tomon bir qadam qo‘ygan edi, Asadbek «To‘xta!» deb o‘zi yurdi. Telefon go‘shagini ko‘tarishi hamon:
— Hosil, bilib qo‘y, kindigingdan bo‘g‘zinggacha tilmasam, yurgan ekanman, erkakman deb.
— O‘zingizni bosing akaxon,— dedi Hosilboyvachcha, uyqudan turib esnayotgan odam ovozi bilan.— Siz hoynaxoy kassetani oxirigacha ko‘rmagandirsiz? Tomoshaning zo‘ri bir joyda bo‘lyapti, istasangiz borib ko‘ring. Qizingiz o‘sha yerda ayshini suryapti.— Hosilboyvachcha ko‘chaning nomini aytdi, garang holdagi Asadbek darrov ilg‘ab olmadi. Hosilboyvachcha buni sezgandek, manzilni yana ikki marta takrorlab, gapni bas qildi.
    Asadbek merov odamdek qaqqayib turib qoldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, shasht bilan yurib, ichkari kirdi-da, temir javonni ochib, to‘pponchani qo‘lga oldi.
Mahmud masalaning jiddiyligini tushunib:
— Yigitlarni chaqiraymi? — deb so‘radi.
— Yo‘q! — Asadbek shunday deb tez-tez yurganicha ko‘chaga chiqdi. Mashinaga suyanganicha qo‘lini qovushtirib turgan Halimjon uning avzoyini ko‘rib shoshib qoldi.
— Mahmud, rulga o‘tir,— deb buyurdi Asadbek mashinaga yaqinlashgach. Mashina joyidan jilgach, manzilni aytdi.

Qayd etilgan