— Uyda ekan. To‘rt yarimlarda jo‘narkan.
— Soat beshda kel, bo‘lmasa.
— Bek aka, aql o‘rgatyapti, demangu...
— Soat beshda kel, dedim, tushunmadingmi?
Chuvrindi itoatkorona bosh egib, ko‘cha tomon yurdi.
Soat beshga qadar bo‘lgan vaqt Asadbekning nazarida go‘yo ming yildek cho‘zildi. Keng, yorug‘ mehmonxona tor, qorong‘u zindon kabi tuyuldi. To‘rt devor tobora bostirib kelayotgandek bo‘laverdi. Xotini ketishi bilan huvillagan, endi esa zindonga aylangan uydan qochib chiqib ketgisi keldi. Ezilgan, poralangan notinch yuragi ko‘krak qafasini zarb bilan tepib, sindirib kenglikka chiqishni istadi. Yurak kenglikni sog‘inadi, qani o‘sha kenglik? Yurak halovatni qo‘msaydi, qani o‘sha halovat? Yurak yarasiga malham istaydi, qani o‘sha malham?.. Malham — qasosmi? Ha, g‘alayon qilayotgan yurak qasosni tilaydi. Yigitlarni to‘plab, Hosilboyvachchanikiga borib uni o‘z qo‘llari bilan qiyma-qiyma qilib tashlash Asadbek uchun hech gap emas. Lekin uning sog‘lom aqli yurakning bu injiqliklaridan ustun turadi. Qasos onlarini keyinroqqa suradi. Hozir esa qizini sharmandalik yukidan ozod qilishni o‘ylaydi. Buning yo‘li bir — uni hur qizlar safiga uzatish... Bu mudhish fikr unda videokassetani ko‘rgandayoq uyg‘ongan, sharmandalikka o‘zi guvoh bo‘lgach, qat’iylashgan edi. O‘sha uyda to‘pponcha og‘zini unga qaratishni istamadi. Bu haromxonada qon to‘kishini, jon berishini xohlamadi.
Tobora bostirib kelayotgan devorlardan qizaloqning shirin kulgisi shirin til bilan «adajon, menga nima opkeldiyiz» degani eshitildi. Bu — kichkina Zaynabning shirin kulgisi, shirin tili... Unut bo‘layozgan ovozni shu devorlar o‘ziga singdirgan edi, hozir yillarni oralab o‘tib, aks-sado beryapti. Asadbek eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib oldi. «Ada, adajon...» Devorlar shunday deb aks-sado beraverdi.