Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264217 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 B


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:31:21

    Boradigan joylari bu yerdan uzoq emasdi. To‘rt qavatli g‘ishtin imoratning uchinchi qavati. O‘n yettinchi xonadon. Eshik qulflanmagan. Chuvrindi bir itargandayoq ochildi. U ichkari kirmoqchi edi, Asadbek yelkasidan ushlab to‘xtatdi-da, o‘zi oldinga o‘tdi. O‘ng tomondagi eshik o‘rniga parda tutilgan. O‘sha xonadan Zaynabning ovozi keldi. Asadbek pardani yuldi. Qizi bilan yigitning sharmandali holatini ko‘rib, taxtadek qotdi. Yuragi urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Qo‘l-oyog‘i muzladi. Parda yulinganini sezgan yigit o‘girildi. Asadbekni ko‘rgach, qo‘rquvdan ko‘zlari kosasidan chiqar darajada baqraydi. Uning qo‘rquv aralash qarashi Asadbekni hushiga keltirdi. Titroq barmoqlari cho‘ntagidan to‘pponchani oldi. Tepki bosildi. Zaynab chinqirdi. Yigit oh urishga ham ulgurmadi. To‘pponchadagi barcha o‘qlar uning ko‘kragidan makon topdi.
    Chuvrindi Asadbekni to‘xtata olmadi. Aniqrog‘i to‘xtatishga harakat ham qilmadi. Boshqa chora yo‘qligini u bilardi. Faqat Zaynabga o‘q tegmaganiga ajablandi.
    To‘pponchada o‘q qolmagan bo‘lsa-da, Asadbek uning dastasini mahkam siqib turardi. Chuvrindi barmog‘ini dastadan ayirib, to‘pponchani oldi-da, Zaynab tomon bir qarab olib:
— Pastda kutamiz,— dedi.
Ko‘chaga chiqishganda Asadbek bukchayib qolgan edi. Undagi g‘azab chekinib, vujudiga dam qasos, dam alam hislari hukm o‘tkazardi. Kechagina kimsan, Asadbek (!) edi. Endi-chi... O‘z qizi nomusini himoya qila olmagan bir notavon... O‘z holiga yig‘lagisi keldi. Bu sharmandalik yukini ko‘tarib yurgandan ko‘ra o‘zini otishni ham istadi. Barmoqlari beixtiyor ravishda cho‘ntakni paypaslab to‘pponchani izladi. Mashinaga o‘tirgach, Chuvrindi gap boshladi:
— Kasalxonada ignaga o‘tqazishganga o‘xshaydi. Uyda igna bilan doriga ko‘zim tushdi. Bo‘lmasa bunaqa qilmasdi.
— Yonini olma...
— Yonini olayotganim yo‘q...
— Ovozingni o‘chir... Ketdik...
— Chiqsin...
— Yur, dedim, senga!
— Odamlar ko‘rmasin... olib ketaylik.
Dam o‘tmay zamin qadar og‘ir dardni yelkasiga ortib, dir-dir titrayotgan Zaynab ko‘rindi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:34:52

4

    Onasining safar tadorigi, kuzatish tashvishlari bilan bo‘lib Zaynab dori topib emlash chorasini qila olmadi. Onasini kuzatdi-yu, ortiq chiday olmay, Mardonaga telefon qildi. Mardona qaerga kelish lozimligini aytgach, bu yangilikni darrov Hosilboyvachchaga ma’lum qildi. Bu xabarni intiq kutayotgan Hosilboyvachcha videokassetani olib, Asadbek huzuriga yo‘l oldi.
    Bu harakatlarni Zaynab bilmas edi. U parda yulinib, otasi ko‘ringanda ham, nima bo‘layotganini anglamay karaxt edi. O‘q otilib, beixtiyor chinqirib yuborganidan keyin hushiga kelib, qo‘rquv iskanjasiga tushdi. Qonga belangan to‘shakdan darrov turib keta olmadi. O‘rnidan turgach, nima qilarini bilmadi. Deraza oldiga yaqinlashib, o‘zini pastga otgisi keldi. Mashina sari yurib borayotgan otasini ko‘rib, yuragi ezildi. «O‘zingni otma, otang bunga chiday olmaydi», dedi. «Nega chiday olmaydilar? — deb o‘ziga o‘zi savol berdi.— Bu sharmandalikka-chi? Chidaydilarmi? Nega meni otmadilar? Ayadilarmi? Endi-chi, endi nima bo‘ladi? Onajonim... yaxshi ham ketganlari...»
    Zaynab dovdirab tura-tura kiyinib, pastga tushdi. Mashina eshigini ochishga madori yetmadi. Uyga borishgach, mashinadan birinchi bo‘lib tushdi.
Asadbek hovliga kirgach, Chuvrindiga qaramagan holda buyurdi:
— Otarchidan xabar ol, uyidamikin? Uyida bo‘lsa bil: bugun otari bormi?
Chuvrindi boloxonaga ko‘tarilib, bir nafasda qaytdi. Unga qadar Asadbek joyidan jilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:38:25

— Uyda ekan. To‘rt yarimlarda jo‘narkan.
— Soat beshda kel, bo‘lmasa.
— Bek aka, aql o‘rgatyapti, demangu...
— Soat beshda kel, dedim, tushunmadingmi?
Chuvrindi itoatkorona bosh egib, ko‘cha tomon yurdi.
    Soat beshga qadar bo‘lgan vaqt Asadbekning nazarida go‘yo ming yildek cho‘zildi. Keng, yorug‘ mehmonxona tor, qorong‘u zindon kabi tuyuldi. To‘rt devor tobora bostirib kelayotgandek bo‘laverdi. Xotini ketishi bilan huvillagan, endi esa zindonga aylangan uydan qochib chiqib ketgisi keldi. Ezilgan, poralangan notinch yuragi ko‘krak qafasini zarb bilan tepib, sindirib kenglikka chiqishni istadi. Yurak kenglikni sog‘inadi, qani o‘sha kenglik? Yurak halovatni qo‘msaydi, qani o‘sha halovat? Yurak yarasiga malham istaydi, qani o‘sha malham?.. Malham — qasosmi? Ha, g‘alayon qilayotgan yurak qasosni tilaydi. Yigitlarni to‘plab, Hosilboyvachchanikiga borib uni o‘z qo‘llari bilan qiyma-qiyma qilib tashlash Asadbek uchun hech gap emas. Lekin uning sog‘lom aqli yurakning bu injiqliklaridan ustun turadi. Qasos onlarini keyinroqqa suradi. Hozir esa qizini sharmandalik yukidan ozod qilishni o‘ylaydi. Buning yo‘li bir — uni hur qizlar safiga uzatish... Bu mudhish fikr unda videokassetani ko‘rgandayoq uyg‘ongan, sharmandalikka o‘zi guvoh bo‘lgach, qat’iylashgan edi. O‘sha uyda to‘pponcha og‘zini unga qaratishni istamadi. Bu haromxonada qon to‘kishini, jon berishini xohlamadi.
    Tobora bostirib kelayotgan devorlardan qizaloqning shirin kulgisi shirin til bilan «adajon, menga nima opkeldiyiz» degani eshitildi. Bu — kichkina Zaynabning shirin kulgisi, shirin tili... Unut bo‘layozgan ovozni shu devorlar o‘ziga singdirgan edi, hozir yillarni oralab o‘tib, aks-sado beryapti. Asadbek eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib oldi. «Ada, adajon...» Devorlar shunday deb aks-sado beraverdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:40:19

    Soat beshga qadar shunday bo‘laverdi. Soat beshga qadar, Asadbekning nazarida, ming yil bu ovoz tinchlik bermadi. Lekin mudhish fikr shirin xotirotdan ustun edi...
    Asadbek uyga sig‘may, hovliga chiqdi. Hovlini, oshxonani, yerto‘lani kezdi. Nimadir izladi. Oxiri yerto‘ladan bir qulochli arqon topib, bilagiga o‘rab oldi.
    Chuvrindi aytilgan vaqtda kelib, bilakka o‘ralgan arqonni ko‘rdi-yu, muddaoni fahmladi. Arqonni olmoqchi edi, Asadbek siltab tashladi.
    Chuvrindi Zaynabni chaqirdi. Mashinaga o‘tirdilar. Elchinning uyi sari yurdilar. Darvoza qulf edi. Zaynab tushib ochdi.
— Mahmud, ayt unga, poklanib chiqib, kelinlik ko‘ylagini kiysin.
Ostonada nima qilarini bilmay qotib turgan Zaynabga Chuvrindi bu amrni yetkazdi.
Zaynab o‘lik oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab ichkari kirdi. U otasining bilagiga o‘ralgan arqonni ko‘rgan, umri nihoyasiga yetganini sezgan edi.
    ...Atrofga shom qorong‘usi bostirib keladir. Kech kuzning izg‘irinli nafasi sochlarini asta to‘zitadir. Juvonning vujudini esa xufton zulumoti bosadir, yurakkinasi muzlaydir, tanasi sovuqdanmi, yoxud o‘lim sharpasining qo‘rquvidanmi yengil titraydir... Kumushbibi bo‘lmoqni orzu etgan, bokira, ammo inju orzulari loyga qorishgan Tuproqbibi, undan-da battar qavmda so‘nggi nafas sari boradir...
Otasi poklanib olsin, debdi, suv poklay olarmikin uning ruhini?
    Asadbek bir soatga yaqin mashinada o‘tirdi. So‘ng asta tushib hovliga, undan uyga kirdi. Nazarida, oyoqlari chalishdi. Qandaydir kuch ko‘kragidan itardi, orqasiga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Boshqa bir kuch esa tislanishga yo‘l bermadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:43:04

    Zaynab oq libosda, uy o‘rtasida harakatsiz turar edi. Asadbek ostonada bir nafasgina to‘xtadi. Shunda ularning ko‘zlari to‘qnashdi.
— Jon qizim, men seni jazolamoqchi emasman, seni bu dunyoning iflosliklaridan qutqarmoqchiman,— dedi Asadbekning ko‘zlari.
— Jonim adajon, qiynalib ketdim, qutqara qoling... faqat onajonimni sog‘inaman... Onamni bir o‘psam edi...
— Sen hur qizlar bilan birga bo‘lasan...
— Yo‘q, ular mendayin sharmandani qatorlariga olmaslar...
— Hademay izingdan yetib boraman...
Asadbek bir qadam qo‘ydi. Zaynab otasi tomon intilib, u ham bir qadam qo‘ydi. Ota ko‘ngli qizini so‘nggi bor bag‘riga bosmoqni istadi. O‘zini tutdi. Qiz ota oldida tiz cho‘kmoqni istadi — tiz cho‘kdi. Asadbekning ko‘ziga yosh quyilib kela boshladi. Faryod urib yubormaslik uchun bilagidagi arqonni bo‘shatib, Zaynab oldiga tashladi-da, shart burilib chiqib ketdi. Tiz cho‘kkan Zaynab otasining birgina so‘ziga zor bo‘lib, iltijoli nigohini uning izlariga qadab qolaverdi.
Rozi-rizolik so‘ralmadi.
    Asadbek mashinaga indamay o‘tirdi. Ko‘kragini rulga qadab olgan Chuvrindi qaddini ko‘tarib, unga savol nazari bilan qaradi.
— Hayda,— dedi Asadbek hirqiroq ovozda.
Chuvrindi uy tomonga qarab qo‘ydi-yu, buyruqqa itoat etdi. Mashinani sekin yurg‘izdi. Asadbek: «Nima uchun tezlatmayapsan?» deb so‘ramadi.
    «Gunohlarni sen qilding-u, jabrini qizing tortdi, aybdor o‘zing bo‘la turib qizingni jazoladingmi?..»
Orqa o‘rindiqda o‘tirgan kimdir shunday deb baqirganday bo‘ldi. Asadbek cho‘chib, orqasiga qaradi. Hech kim yo‘q... takrorlandi. Endi ovozni tanidi — Jalil. Yanada qattiqroq aytdi gapini. So‘ng yana takrorladi. Har gapirganda yurakdagi muz parchalana bordi. Yurak muzdan xoli bo‘lib, iliy boshlagach, baqirib yubordi:
— To‘xta! Qayt orqaga!
Chuvrindi mashinani qaytarayotganida Asadbek:
— Zaynab, jon qizim! — deb ho‘ngrab yubordi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:45:05

S o‘ n g g i  b o b
yoxud uchinchi kitobning debochasi

Asadbek, Elchin, Hosilboyvachcha.
1989 yil, 29 noyabr
1

    Hosilboyvachcha bu olishuvda mutlaq g‘olib chiqqaniga amin edi. Hatto Xongireyga qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alaba bilan qutlagan, «akaxon, siz bu yerlarning xo‘jayinisiz, biz sizga noibmiz xalos», deb kamtarlik niqobi ostida yaltoqlangan edi. U endi keyingi qadamlari haqida bosh qotirar edi. Asadbek o‘lgach, avval Kesakpolvonni yo‘q qilishni o‘ylardi. Chuvrindi bilan gaplashib ko‘radi, xizmat qilishga ko‘nsa, unga tegmaydi. Ko‘nmasa urug‘i bilan quritib yuboradi. Ana undan keyin mayda-chuyda to‘dalar o‘z xohishlari bilan emaklab kelaverishadi. Egilgisi kelmaganlarning beli sinadi... Hosilboyvachcha yangi yilni rejasi bo‘yicha yagona hokim sifatida qarshilashi kerak. Bu Hosilboyvachcha uchun xom xayol emas, tayyor pishirilgan osh edi. Suzib yesa, bas...
    Biroq... pishgan oshni yeyish hammaga ham nasib etavermaydi. Hosilboyvachcha orzu bulutiga yonboshlab, rohatlanib suzib yurganida Asadbek qo‘ng‘iroq qildi.
— Hosil...— Asadbek shunday deb sukut qildi. Gapini aytishga qiynaldi.
— Gapiring, akaxon,— dedi Hosilboyvachcha mehribonlik bilan.
— Senga tan berdim, gap yo‘q...— Asadbek shunday deb xo‘rsindi.
Hosilboyvachchaning yuzini shodlik yeli silab o‘tdi. Mag‘lubni bir oz kalaka qilish maqsadida:
— Sizga ham qoyilman. Bunaqa tan berish faqat o‘g‘il bolaning qo‘lidan keladi,— dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:46:35

Asadbek uning bu lutfini javobsiz qoldirib, muddaoga ko‘chdi:
— Hosil, menga videokassetaning asl nusxasini berasan.
— Gap yo‘q, akaxon.
— Anavi qanjiqni qaerga qochirding, uni ham berasan menga.
— Bunisi endi to‘g‘ri kelmaydi. U qanjiq hali menga ko‘p kerak bo‘ladi. Uning ishini uncha-muncha qanjiq eplolmaydi.
— Baribir topaman uni.
— Bir ukalik maslahatim — uni qidirmang. Men uni sizning o‘nta yigitingizga ham alishmayman. Siz kassetani olingu boshqasini unuting. O‘zingiz kelasizmi, yo odam yuborasizmi?
— Bu ikkalamizning oramizdagi ish. Men borolmayman. Kasalman, bilasan. Eski shahardagi uyimda kutaman. Yolg‘iz o‘zing kel. Birga bir gaplashaman. Vinzavodga tegishli qog‘ozlar bor, beraman. Agar yana boshqa da’volaring bo‘lsa, aytasan, kelishamiz.
— Men o‘ylab ko‘raman, akaxon.
— Mayli, o‘yla. Kallali bolasan. Sen men qilgan xatolarni chetlab o‘tsang, uzoqqa borasan. Bugun soat beshda kel, bir o‘zim kutaman. Qo‘rqma, pistirma qo‘ymayman. Mening o‘yinim hamma vaqt o‘g‘il bolacha bo‘ladi, bilasan-ku?
    Hosilboyvachchaning ko‘ngli qandaydir noxushlikni sezdi, ammo g‘oliblik sururi bu sezgini bo‘g‘di. U Asadbekning taklifini ko‘p mulohaza qilib o‘tirmadi. Jon taslim qilayotgan g‘animning iltijoli ko‘zlarini ko‘rgisi keldi. Ko‘kragiga oyoq qo‘yib, qah-qah otib kulishni istadi.
    Soat to‘rt yarimda videokassetaning yana bir nusxasini olib Shomil bilan birga eski shahar sari yo‘l oldi. Shomilni o‘ttiz-o‘ttiz besh qadam berida, ko‘cha muyulishida qoldirib o‘zi Asadbek hovlisiga kirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:48:06

2

    Asadbek bolaligi o‘tgan hovliga peshinda keldi. U xastalik oqibatidami yo keyingi kunlarda ko‘rgan-kechirganlari ta’siridami, ancha holsizlanib, ruhsizlanib qolgan edi. Mashinadan tushishda bir oz qiynaldi. Chuvrindi chaqqon turib uning qo‘ltig‘iga kirdi. Kecha Chuvrindini yaqin yo‘latmay, qaddini tutib olgan edi. Bugun qarshilik bildirmadi. Ular hovliga kirishgach Chuvrindining topshirig‘i bilan uyga qarab turgan yigit chiqdi. Asadbek issiq tanchaga o‘tirib rohatlandi. Chuvrindi uzatgan piyoladan bir ho‘plam qaynoq choy ichdi.
— Mahmud, men dushmanlarimdan o‘ch olmay turib keta olmayman. Qasossiz ketsam, yotqizib ko‘ma olmaysan, go‘rimda tik turaman.
— O‘sha odamlarni ayting, ezg‘ilab tashlayman.
— O‘z qo‘lim bilan o‘ldirmasam, xumordan chiqmayman. Hozir otarchi keladi. Hosilni ham chaqirganman. Sen nima qilishingni bilib ol.
Asadbek Chuvrindiga rejasini tushuntirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:49:20

3

    Elchin qaynotasining kutilmagan yo‘qlovidan ajablandi. Odam yubormay, shaxsan o‘zi qo‘ng‘iroq qilganiga, eski shahardagi uyiga chaqirganiga, mashinani katta ko‘chaga qo‘yib kelishni tayinlaganiga hayron bo‘ldi. Hatto bir oz xavotirlandi. Qaynotasining bir shumlikni o‘ylab qo‘yganini sezdi. Unda mulohaza qilish uchun muhlat kam edi. Shu sababli aytilgan vaqtda yo‘lga otlandi.
    Asadbek bu uyga kelganida albatta mashinada poyloqchi o‘tirguvchi edi. Katta yo‘l yoqasiga mashinasini qo‘ygan Elchin asta yurib kelib, poyloqchi yo‘qligidan hayron bo‘ldi. Keyin «Asadbek kelmagandir», degan xayolda hovliga kirdi. Ichkaridagi chiroq yorug‘ida yolg‘iz o‘tirgan Asadbekni ko‘rdi.
    Asadbek kuyovi kirganda o‘rnidan jilmadi. O‘tirgan yerida qo‘l uzatib ko‘rishdi. Elchin o‘tirayotganida yo‘tal tutib, ancha rohatsizlandi. Yo‘tal bosilgach, ko‘z yoshini artib, bir oz sukut saqladi. Keyin Elchinga qattiq tikilib, so‘z boshladi:
— Men hayotimda ko‘p xato qilmaganman. Eng katta xatoim nima, sen bilasanmi?
Qaynotasining dabdurustdan sensirashidan suhbat oqibatida ko‘ngilga xanjar bo‘lib sanchilajagini sezdi. Sezgani uchun ham savolga javob qaytarmadi. «Qani, gapiravering», deganday boshini egib o‘tiraverdi.
— Eng katta xatoim — seni o‘ldirmaganim. Sen qizimning hayotini barbod qilding. Men hotamtoylik qilib yubordim. Sen Shilimshiqni o‘ldirding. Aslida u seni o‘ldirishi kerak edi. Sen xotinni eplaydigan er emas ekansan. Zaynabni sen badnom qilding... Men senga hamma gapni aytmayman. Endi bir o‘g‘il bolalik qilasan, o‘ch olasan!

Qayd etilgan


AbdurRohman  14 Noyabr 2007, 17:50:16

Elchin bu gapni uncha tushunmadi. Boshini ko‘tarib so‘ramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi:
— Jim bo‘l. Sen bugun aytganimni qilasan. Qolgan gaplarni keyin bilasan. Hozir aytadiganim bitta: erkak bo‘lganingdan keyin erkakcha yasha. Chiroqni o‘chir.— Asadbek shunday deb soatiga qarab oldi. Elchin chiroqni o‘chirgach, o‘rnidan turib borib deraza yoniga o‘tirdi. Uy sovuq emas edi. Elchin uning qo‘lqop kiyib olganidan ajablandi.
— Derazani qiyalab och,— deb buyurdi Asadbek.
— Tashqari salqin-ku?
— Bir tabaqasini qiyalab och. O‘zing panada o‘tir. tur deyishim bilan turasan. Aytgan ishimni tez bajarasan. O‘ylab o‘tirishga fursat bo‘lmaydi.
— Nima qilmoqchisiz, bilishim mumkinmi?
— Men senga qasos olish qanaqa bo‘lishni ko‘rsataman. Hozir o‘lishi kerak bo‘lgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulg‘adi.
Asadbek shunday deb qo‘njidan to‘pponcha chiqardi-da:
— Endi menga xalaqit berma,— deb qiya ochiq deraza osha ko‘cha eshikni mo‘ljalga oldi.
Asadbek bolaligida, yangi yil kutadigan kuni shu eshik ochilishini, otasining kirib kelishini, so‘xtasi sovuq ikki kishini urib-urib haydab yuborishini kutgan edi. Bu ikki kishi otasini olib ketganidan keyin ham shu yoqqa ko‘p tikildi. Uning uchun bu eshik hovli bilan ko‘chani bog‘laydigan bir vosita emas, balki umid qopqasi edi. Afsus shuki, o‘sha yillar bu umid eshigi ochilmadi...

Qayd etilgan