— O‘qiganman, desam nega yolg‘on bo‘ladi?
— Ana ko‘rdingizmi, siz ham buning tarixini bilmaysiz. Bu asarning nomigina qolgan, xolos. CheKa uni o‘sha yillariyoq yo‘q qilib yuborgan. Bu asarda Hamza dashnoqlarning yovuzligini tasvirlagan ekan. Tomoshani Toshkentda bir martagina ko‘rsatishgan. Ikkinchisida CheKa bosgan. Keyin Turkkomissiya Farg‘onani tekshirib, Hamzani haq deb topgan. Dashnoqlarga chora ko‘rganday bo‘lishgan. Ana o‘shandan keyingina mahalliy millatdan partiyaga olish kerak, degan masala ko‘tarilgan. Birinchi bolshevik paydo bo‘lganda bosmachilarni qirib bitirishgan edi. Xolidiy deganingiz tarixchimi o‘zi?
— O‘, nimasini aytasiz, tarixchi bo‘lganda ham zo‘rlaridan.
— E, o‘rgildim.
— Choyni ichib bo‘lganga o‘xshaysiz, a? Men sizni bir xonaga kuzatib qo‘ysam. O‘lmas Akrom degan bir yigit shu dargohning xo‘jayini. «Menga Xolidiy domla keraklar, kitoblarini o‘qib, atay yo‘qlab keldim», deysiz. Boshqa gapni aytmay turasiz. Xolidiyni darrov chaqirtiradi. Ana undan keyin aytasiz.
Anvar shunday deb uni qabulxonaga boshladi. Kotibaga mehmonni tanishtirgach, iziga qaytdi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng sodir bo‘lajak voqeani ko‘z oldiga keltirib o‘zicha jilmayib qo‘ydi: ...avvaliga O‘lmas Akrom ham, Xolidiy ham quvonadi. Kitobimni o‘qib, ziyorat qilgani kelibdi, deb taltayadi. So‘ng... tarix o‘qituvchisidan eshitadiganini eshitib, yetti qavat terisi shilinib tushadi. O‘lmas tarix o‘qituvchisini «izzat-ikrom bilan» ko‘chaga qadar kuzatib qo‘yadi. So‘ng kotibadan mehmonni kim boshlab kelganini so‘raydi...
Ko‘p o‘tmay hamxonalari kelishdi. «Eng kichik ilmiy xodim» Anvar bilan salomlashib, hol-ahvol so‘ragach, kitob varaqlashga tushdi. «E g‘ofil banda, — deb o‘yladi Anvar, — tarix ilmini suvdek ichib yuborsang ham, Xolidiyga mute bo‘lish ilmini egallamasang, shu holda qog‘oz titib umringni o‘tkazasan. Sen ishga vaqtida kelding. Ahmoq bo‘lib joyingda o‘tiribsan. Boshqalarga qara, dahlizda turishibdi. Ustozga salom berish uchun uning yo‘lini poylashyapti. Ular tarixni titgani emas, ustozlarini ziyorat qilgani kelishadi. Sen ahmoq esa, ziyorat qilishga bo‘yning yor bermagani uchun kichik ilmiy xodim maoshi bilan pensiyaga chiqasan. O‘lganingda miyangni ochib qarashsa, g‘ij-g‘ij aqlni ko‘rishadi. Akademik bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Sen esa kichik ilmiy xodimsan. Afsuski, aqlni tiriklikda ham, o‘lgandan keyin ham ko‘rib bo‘lmaydi...»