Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264150 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 54 B


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:06:15

    Gulnora kirib, Anvarning xayoli bo‘lindi. U shoshib kirib, shoshib salomlashib, sumkasidan bir nimani shoshib oldi-yu, shoshib chiqdi. «Ustoz kelgunga qadar, paytdan unumli foydalanib, sotadigan mataxini ko‘rsatib olishi kerak», deb o‘yladi Anvar.
    Anvarning mo‘ljalidagi yarim soat o‘tgach, dahlizdagi harakatlar tindi-yu, eshik ochilib, kadrlar bo‘limining mudirasi ko‘rindi. Anvar uni ko‘rgani hamon, qiziq hangomani kelgan joyidan davom ettirayotganday gap boshladi:
— Siz ishonmaysizu Sobirjon, bo‘lgan voqea emish, — dedi «eng kichik ilmiy xodim»ga qarab, — qassoblar do‘mboq xotinlarni o‘g‘irlab, so‘yib sotishayotgan emish. Mana, kecha kechasi bir erkak zaharlanib o‘libdi. Bozordan olgan go‘shtdan zaharlanibdi. Tekshirib  qarashsa,  o‘z xotinining go‘shti ekan. Qarang-a, ba’zi xotinlarning, — Anvar shu so‘zlarni chertib-chertib aytdi, — go‘shti zaharli bo‘larkan, a?
— Siz mening orqamdan yuring, — dedi mudira jerkib.
— Qayoqqa? Jinnixonagami? — dedi Anvar o‘rnidan turib.
— Ochiq go‘rga, undan ham nariga, — dedi mudira jahl bilan.
— Ochiq go‘rdan nariga bo‘lsa, demak, direktor chaqirayotgandir...
Anvar yanglishmagan edi. Mudira uni kuzatib kirib «Yana xizmat bormi?» deganday boshqonga qaradi. O‘lmas Akrom «ishingizga boravering» degach, burilib chiqdi.
    Anvar bir narsada — bu suhbatda Xolidiy ham ishtirok etar, deb yanglishgan edi. O‘lmas Akromning yolg‘izligini ko‘rib, ko‘ziga tikilganicha jilmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:06:39

— Bugun xursandga o‘xshaysanmi? — dedi O‘lmas Akrom.
— Jinnilar shunaqa bo‘lishadi. Bekordan-bekorga kulaverishadi.
— Jinniligingni boshqa yerda qil. Haligi o‘qituvchini sen boshlab keldingmi?
— Qaysi o‘qituvchi?
— O‘zingni go‘llikka solma.
— Ha, ertalab bir kishi turgan ekan. Ikki soat poylabdi, bechora. Ustozning kitoblarini o‘qigan ekan, ziyorat qilgani kelibdi. Har holda qora xalq-da. Xalq o‘z otasini ko‘rgisi kelsa, aybmi? Shu yerda poylang, deb boshlab keldim. Noto‘g‘ri qilibman-mi?
— Anvar, seni boshqalar  bilmasa ham men yaxshi bilaman. Nimalarga qodir ekaningni ham bilaman. Yuragingda nimalar yashiringani ham menga ma’lum. Maynavozchilikni yig‘ishtir. Ustoz bilan olishma. O‘zingni o‘yla. Oldinlari sen aytmoqchi bo‘lgan gaplarga yo‘l yo‘q edi. Endi hamma darvozalar ochildi. Istagancha gapir, istagancha o‘rgan, istaganingcha ilm qil. Fursatdan foydalanib qolsang-chi?!
— Chiroyli gapiryapsan. Istagancha ilm qilish mumkin, to‘g‘ri. Lekin sen istagan ilm jamiyatga keraksiz bo‘lsa-chi?
— Maydalashma!
— Xo‘p, maydalashmayman. Unda sen menga bir masalani yechib ber: qadim-qadimda ajdodlarimiz odam go‘shtini oddiy taom sifatida yeyishgan. U damlarda yovvoyi bo‘lishgan, nodon bo‘lishgan. Ular qorin to‘ydirish uchun bir-birlarini avval o‘ldirib, so‘ng go‘shtlarini yeganlar, to‘g‘rimi? Xo‘sh, endi-chi? Bir-birlarining go‘shtlarini tirik holda yemaydilarmi? Tirik holda yeb bitiradilar. Alhazar!

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:07:04

— Hamisha shunday bo‘lib kelgan. Buni o‘zing yaxshi bilasan. Falsafa so‘qimay qo‘yaqol. Men senga do‘st sifatida aytyapman bu gaplarni.
    Anvar unga tikilib qaradi: «Astoydil gapiryaptimi yo til uchida gapirib avramoqchimi? Yo ustozining topshirig‘ini bajaryaptimi?» Shu nafasning o‘zida g‘oyibdan bir ovozni eshitganday bo‘ldi: «Nima uchun hammadan xavfsirayverasan? Nima uchun odamlarning xolisona yaxshilik qilishlariga ishonmaysan?» O‘lmas Akromga nisbatan ko‘ngli yumshay boshlagan mahalda boshqa bir ovoz guldirab keldi: «Ishonma, aytayotgan erkinligiga ham ishonma. Mehribonligiga ham ishonma. Jonu dili amal, shuhrat bo‘lgan odamdan yaxshilik kutma!..»
Shu ovoz kuchlilik qilib, yumshay boshlagan dilni yana toshga aylantirdi.
— Ishonmayman, — dedi u beixtiyor.
— Nimaga ishonmaysan?
— Gaplaringga. Masalan, erkin ravishda ilm bilan shug‘ullanishimizga. Tizgin Maskovda ekan, erkinlik haqida gapirmay qo‘yaqol.
— Gapni siyosatga burma.
— Ana, ko‘rdingmi, darrov qo‘rqasan. Bizda ilm bilan shug‘ullanish erkinligi yo‘q. Bizda amalparastlik erkinligi, dunyoparastlik erkinligi, haqiqat ko‘ziga cho‘p tiqish erkinligi, laganbardorlik erkinligi bor. Bulardan ustozing to‘la foydalanib, maza qilib yashadi. Endi sen shunday yashaysan. So‘ng sening shogirding. Shunday ketaveradi zanjir reaktsiyasi bo‘lib. Senga bir hikmatli gap aytaymi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:08:11

— Bo‘ldi qil, boshimni g‘ovlatib yubording. Sen bilan gaplashgan odam baraka topmaydigan bo‘lib qolibdi. Sen ilmda orqada qolib ketayotganing uchun boshqalardan gina qilma. Ayb o‘zingda, butun kuchingni jag‘laringga beribsan. — O‘lmas Akrom stoli ustidagi bir varaq qog‘ozni olib, unga uzatdi. — Xavfsizlik qo‘mitasi arxividan foydalanmoqchi edingmi? Ruxsat berishdi. Mana bu odamga telefon qilib, istagan paytingda borishing mumkin.
Anvar qog‘ozni olib bukladi-da, e’tiborsiz narsaday cho‘ntagiga soldi.
— Ketaveraymi?
— Ha.
— Gapim ichimda qolmasin, haligi hikmatni aytay: bu jinnilarning gapi emas: «Sahli Su’lukiy debturki, man tasaddara qabla avonihi fa qad tasaddo li havonihi». Angladingmi?
— Tushundim, bor ketaver.
— Yo‘q, tushunmading. Tushunganingda sapchib ketarding. Meni tezroq chiqarib yuborish uchun shunday deyapsan. Bu hikmatning ma’nosi shuki, kimda-kim vaqtidan oldin boshliq bo‘lsa, o‘zining xorligiga mutasaddi bo‘ladi. Yana ham sodda aytilsa, layoqatsiz odam boshliq bo‘lib olsa, odamlar ko‘zi oldida o‘zini- o‘zi xorlagan bo‘ladi.
— Yo‘qol, ahmoq!
— Ana, aytdim-ku, tushunganing endi ayon bo‘ldi, — Anvar unga bir jilmayish hadya etib, xonadan chiqdi.
    U jinnixonada o‘tgan har bir kuni uchun bulardan shu zaylda o‘ch olaman, deb o‘ylardi. U o‘z nazarida hujumga o‘tgan, bular esa himoyada edilar. Bular Asadbek nomini eshitiboq gangib qoldilar, deb o‘ylardi. Uning ko‘p narsalarga yetadigan aqli Xolidiyni gangitish mumkin emasligiga yetmas edi. Xolidiy ajablanishi mumkindir, ammo gangimaydigan toifadan edi. Anvar jinnixonada nur bilan gaplashganida eshitganlarini unutayozgan edi: «Sen uning kelajakni ko‘ra bilish xususiyati borligini bilmaysan. Unga ertaga nima bo‘lishi ma’lum». Anvar O‘lmas Akromning jig‘iga tegayotganida Xolidiy uni ko‘zdan yo‘qotish choralarini izlayotgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:08:52

3

    Anvar peshinga qadar xush kayfiyatda yurib, tushlikdan so‘ng arxivga borish uchun ruxsat so‘rab ketdi. O‘lmas Akrom aldamagan edi, chindan ham arxivda istagan hujjatni beradigan bo‘lishdi. U buvasiga oid ma’lumotni ko‘rish istagini bildirgan edi, ikki kun ichida topib qo‘yadigan bo‘lishdi. Ishga qaytishni ixtiyor qilmay, Elchinni ko‘rgisi kelib, uning uyiga yo‘l oldi. O‘tgan kuni ham uyida hech kim yo‘q edi. Bugun ham darvoza berk. U do‘stiga hazilnamo noma bitdi-da, naycha qilib o‘rab, kalit solinadigan tirqishga tiqib, uyiga jo‘nadi.
    Xotinining ishdan qaytishini kutmay, o‘zi oshga unnadi. Oqshom chog‘i uyga kirib kelgan Xonzoda erini oshxonada ko‘rib «ko‘z tegmasin-ey» deb kulimsiradi.
— Ertalabki jilmayishingning haqqini ado etyapman, — dedi Anvar.
Osh suzilayotgan damda Elchin kirib keldi.
— Qaynotasi suygan yigit osh suzilganda kirib kelarkan, — dedi Anvar unga peshvoz chiqib. Anvar uning g‘ashiga tegish uchun atayin «qaynona» emas, «qaynota» degan edi. Elchin hozir qitmirlikni ko‘taradigan ahvolda emasdi. Shu sababli do‘stiga xo‘mrayib qaradi. Anvar ham hazili o‘rinsiz bo‘lganini sezdi. Elchinning yonog‘idagi ko‘k dog‘ni ko‘rib: «Ha, tinchlikmi?» dedi. «O‘tin tegib ketdi», dedi Elchin to‘ng‘illab. U Risolat kampir bilan so‘rashib chiqqach, mehmonxonaga o‘tishdi. Osh ikki laganga suzildi. Elchinning qorni och bo‘lsa-da, tomog‘idan ovqat o‘tishi qiyin edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:09:16

— Biz kundoshlarga o‘xshab qolibmiz. Mening kayfiyatim yaxshi bo‘lsa, seniki chatoq. Seniki yaxshi bo‘lsa, meniki chatoq. Nima gap, dilingni yorsang-chi?
— O‘zi yoriladigan bo‘lib turibman.
— Ichasanmi?
— Bormi?
— Topamiz. Lekin meni zo‘rlamaysan.
— Zo‘rlagan — o‘g‘ri.
Anvar kitoblar orasiga yashirib qo‘ygan shishani olib ochdi-da, piyolani lim-lim qilib to‘ldirdi. Elchin bir ko‘tarishda ichib, xo‘rsinib qo‘ydi. «Dardi og‘ir, oshnamning», deb o‘yladi Anvar.
— Quy yana.
— Oshdan ye.
— Oldin quy, keyin yeyman.
    Elchinni ezayotgan dard ikki piyola aroqning kuchi bilan tarqaydigan anoyi dardlardan emasdi. Elchin aroqni ichib bo‘lganidan keyin ham osh yemadi, tund holda o‘tiraverdi. Anvar ham toqat qilib, uning gap boshlashini kutdi. Aroq deganlari dardni yengillatmasa ham odamni sayratadi. Nihoyat, Elchin tilga kirdi. U Anvarga emas, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday so‘zlardi:
— Mening suratim odam... Aslida men ilon bo‘lishim kerak edi. Ularni bo‘g‘ib qiynashim lozim edi, qonlarini so‘rib lazzat topmoqchi edim. Men ularning ko‘zlarini o‘ymoqchi edim, tillarini sug‘urib, qo‘llarini sindirib, quloqlariga qo‘rg‘oshin quymoqchi edim. Umrimning mazmuni shu edi... Ilonman, desam... chuvalchang ekanman... men ularni bo‘g‘ib rohat qila olmadim...

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:09:58

— Yig‘la, to‘yib-to‘yib yig‘la, juda yarashar ekan, — dedi Anvar kesatib.
— Anvar, sen indamay o‘tirib quloq sol. Meni ahmoq qilishmoqchi. Jamshidning o‘limini mening bo‘ynimga ilishmoqchiga o‘xshaydi.
— Jamshiding kim?
— Asadbekning sodiq qullaridan edi. Men uni o‘ldirishim kerak edi.
— Sen? Nima uchun?
— Shuning uchunki... u... u... Haromi...
— Bo‘ldi, tushundim.
— Ha... tushunding... Uni o‘ldirishibdi. Xuddi Shilimshiqqa o‘xshatib...
— Shilimshiq kim?
— Indamay o‘tir, dedim senga... Shilimshiqni men o‘ldirgan edim. Qara-ya, uni qarmoqqa o‘zlari ilintirib, shunday tayyorgina qilib menga tortiq qilishuvdi. Nimaga shunday qilishganiga o‘shanda aqlim yetmabdi. Maqsadlari Jamshid ekan... Zaynab shu haromini yaxshi ko‘rar ekan. O‘zini osibdi-ya!..
— O‘libdimi?
— Yo‘-o‘q... u o‘lsa hozir men bu yerda o‘tirmas edim. O‘ligim axlatxonada yotgan bo‘lardi. Zaynab tirik ekan, men tirikman. Men uni... yaxshi ko‘ra boshlagan edim... Odam kepatasiga kira boshlagan edim... Balki u alam ustida yolg‘on gapirgandir, a? Lekin baribir dilni yaraladi. Bu yara tuzalmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:10:35

— Agar qotillikni sening bo‘yningga ilishmoqchi bo‘lishsa, aytish kerak.
— Kimga?
— Kimga? — Anvar o‘ylandi, birdan esiga Zohid tushdi. — Akamning bir shogirdi prokuror bo‘lgan. Halol bola. Olib boraymi?
— Yo‘-o‘q, aralashtirma uni. Men Asadbekdan qo‘rqmayman. Oxirigacha olishaman. O‘lsam o‘larman, o‘lishim aniq, ammo orqaga chekinish yo‘q. Quy yana.
Elchin piyola bo‘shatib o‘rnidan turdi.
— Bo‘sh kelish yo‘q, og‘ayni, sen gaplarimni unut. Dardimni senga to‘kdim, o‘rniga adovat urug‘ini sepdim. Bu urug‘ hademay unib chiqadi, ko‘rasan.
    Elchin shunday deb bir oz gandiraklagan holda uydan chiqdi. Anvar kuzatib qo‘ymoqchi edi, unamadi. Shu bo‘yi yarim tungacha tentirab yurdi.
    Anvar ertalab barvaqtroq yo‘lga chiqib prokuratura tomon ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:12:06

V  b o b

1

    Pivoxonadan chiqib mashinaga o‘tirishgach, Hamdam hamrohlariga saqich uzatdi:
— Pivoning hidini oladi. Har holda ishga borarsizlar, a?
Mashina o‘rnidan jilgach, Zohidga qarab dedi:
— Namozovning uyida yaqin orada bo‘ldingmi? O‘sha ko‘chadan o‘tib ketaylik.
Zohid uning maqsadini Sharif Namozov yashaydigan ko‘chaga burilishganda angladi. Lola ko‘chasida ko‘krak kerib turgan imoratlar qatorida bostirmaga o‘xshab g‘aribgina ko‘rinuvchi uy oldi qurilish maydoniga aylangan edi. Yog‘ochlari chiriy boshlagan eski darvoza endi temirdan bo‘libdi. Suvoqdan chiqqan boloxona esa savlat to‘kib turibdi. Peshtoqsiz uy tomi ochib tashlangan, oftobning o‘tli nafasiga qaramay, ustalar ishlashyapti. Mashina uy qarshisidan o‘tayotganida sekinladi, ammo Hamdamning buyrug‘i bilan to‘xtamadi. Darvoza oldida Nasiba qo‘shni ayol bilan suhbatlashib turar edi. Eri qamalib chiqqanidan beri, ayniqsa katta qurilish boshlanganidan beri atrofdagi har bir harakatga cho‘chibroq qaraydigan bo‘lib qolgan bu ayolning sekinlab o‘tayotgan «Volga»ni sezmasligi, Zohid bilan Hamdamni ko‘rmasligi mumkin emasdi. Nasiba ularni ko‘rdi, tanidi. Gapirayotgan gapidan adashdi, rangi o‘zgardi. Qo‘shni ayol buni sezdi. «Nimani ko‘rib bunchalik o‘zgardi?» degan muammo bilan orqasiga o‘girildi.
    Hamdamning rejasida Nasibaga duch kelish ko‘zda tutilmagan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:50:32

— Bizni ko‘rgani yaxshi bo‘ldi, — dedi u. — Eri kelishi bilan aytadi. Namozovning tinchi buziladigan bo‘ldi.
— Bugun nechta arining uyasiga cho‘p suqding o‘zi?— dedi Soliev kulib.
— Men manovi odil prokurorga haqiqat qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. «Bu odam olim ekan», deb bino qo‘ygan edi. Mana, olimning ahvoli. Olimda ham jig‘ildon bor, jigarim. Senga maslahatim: buni ham tinch qo‘yma. Burchakka siqib olib boraver. Shunday sayrab beradiki... Asadbek qafasga tushib qolganini o‘zi ham bilmay qoladi.
— Sening ishing oson, — dedi Soliev. — Ko‘rding, giribonidan bo‘g‘ding, qafasga tiqding.
— Hamdam aka qadim zamonda mirshab bo‘lishlari kerak edi, — dedi Zohid, mayorni quvvatlab. — O‘g‘rini ushlardilaru qo‘llarini kesardilar, tamom-vassalom.

Qayd etilgan