Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264146 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 54 B


AbdulAziz  23 Fevral 2007, 03:02:03

Shaytanat (ikkinchi kitob)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 730 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:44:56



MUALLIFDAN

   Bismillohir Rohmanir Rohiym.
   Qalamga xiyonat qilmay yashamog‘imda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatguchi, niyatlarimni amalga oshiruvimda madad berguchi, mendayin ojiz gunohkor quliga vaqtida jazo berib, vaqtida tavbalarimni qabul etib, gunohlarimni kechirguchi, ulug‘ ustozlarga bergan ne’matlardan menga-da nasib etguchi Olloh taborak va taologa shukronalar, hamdu sanolar aytmoq bilan boshlagumdir.
   Ollohning madadi ila birinchi kitobga so‘nggi nuqta qo‘yganimdan so‘ng xiyla fursat o‘tdi. Asar o‘qig‘uvchiga yetib bordi. Dashnom ham, maqtov ham eshitish nasib bo‘ldi. Bu tabiiy bir hol. Hech bir asar barchaga barobar ma’qul bo‘lmas. Asarning qaeridir bir odamga yoqar, boshqa birovga esa yoqmas. Yozuvchilarning asari ham bir farzand misolidadur. Alhol, farzandingiz birovga xush yoqar, boshqaga esa yoqmas. Tanqidlarni tinglab to‘g‘ri xulosa chiqarishga intildim. Bu xususda mazkur ikkinchi kitobni o‘qib chiqib, tayin bir fikrga kelarsiz.
   Uchrashuvlarda ko‘p takliflar aytishdi, hatto iltimoslar qilishdi. «Elchinni o‘ldirmang, shuncha kulfat u uchun yetarli emasmi?», «Asadbekni o‘ldirmang...» Shunga o‘xshash gaplar. Men ularga aniq javob yoki va’da bera olmadim. Chunki asardagi qahramonlarga men hukm chiqarmayman. Hukm voqealar rivojiga qarab bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:46:34

   Ko‘pchilik asarda o‘ziga tanish odamlarni ko‘ribdi. «Asadbek falonchimi?», «Elchin pistonchimi?» deb so‘rashdi. Azizlarim, bu shunchaki bir tasodif. Hayotda ham kimdir kimgadir o‘xshaydi-ku? Birovga o‘xshatsangiz ham, aynan shu odam, degan qarorga kelmang. O‘qiy boshlaganingiz mazkur kitobda ham tasodiflarga duch kelsangiz, ajablanmang.
   Bu asarni ham toqat bilan o‘qib chiqishingizda Olloh sizga madad bersin.

Bismillohir Rohmanir Rohiym.
Al-yavma naxtimu ala afvahihim va tukallimuna aydihim va tashhadu arjuluhum bima kanu yaksibuun.*


Bir dev bor ichimda, asti pinhon bo‘lmas,
Boshini egmak aning oson bo‘lmas.
Iymon ne ekanligin anglatsam ham,
Kofir u ashaddiy, hech musulmon bo‘lmas.
Shayx Najmiddin Kubro


__________________
* Ma’nosi budir: Bu kun Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yurmiz va bizga ularning qilib yurgan ishlari haqida ularning qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur. («Yosin» surasining oltmish beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.)

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:48:22

I  b o b

1

   ...Yuqoridan turib qaraganida daryo suvi tiniq, sokin oqayotgandek edi. Suvni ko‘rdi-yu, tashnalik azobi yana zabtiga oldi. Hayajon bilan «suv!» deb baqirgisi keladi, ammo tashna lablarini jon tark etib bo‘lgan. Xarsang toshlarni oralab tezroq pastga tushmoqni istaydi, lekin jon tark etgan oyoqlar endi o‘ziga bo‘yinsunmaydi. Bo‘ysunmasa-da, jonsiz oyoqlar uni daryoga eltadi. Biroq tashna lablarga suv tegmaydi. Tepadan qaraganida ko‘ringan tiniq suvdan asar ham yo‘q. Daryo qurib qolgan (Nahot yetib kelgunimcha qurib bitdi, deb o‘ylaydi u), unda-bunda ko‘lmaklar ko‘zga tashlanadi. Ko‘lmaklardagi suvni ichib bo‘lmaydi — sasib yotibdi. Uning ko‘zlari kattaroq ko‘lmakdagi ilonga tushdi. Yo‘g‘onligi o‘qlovdek ham kelmaydi. Ajib manzara! Ilon bir baliqni o‘lja qilib yuta boshlaganu halqumining kichikligini hisobga olmagan. Oqibatda baliqning yarmigina ilon og‘zida — dam-badam jon achchig‘ida dumini asabiy ravishda silkiydi. Baliq nochor, ilon esa undan-da nochor — yutib yuta olmaydi, qo‘yib qo‘ya olmaydi. Baliqqa rahmi keldi. Uni ilon og‘zidan yulib olmoqchi bo‘ldi. Shu niyatda engashganida bir shovqin eshitildi — xuddi tunuka tom ustiga shag‘al ag‘darilganday bo‘ldi. U cho‘chib atrofiga alangladi. Ajib manzara! Daryoning quyi tomonida ko‘ringan sel oqimi o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlari bilan yuqoriga qarab bostirib kelardi. U qochmoqqa shaylandi. Jonsiz oyoqlari bo‘ysunmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:49:23

— Suvdan shunchalik qo‘rqasanmi? — dedi kimdir.
Kimdir... kim aytdi bu gapni? Nazarida baliq aytganday bo‘ldi.
— Suzishni bilmayman, — deb o‘zini oqladi.
— Suzishni bilmasang bu teskari daryoga nima uchun kelding?
— Chanqadim.
— Sen bu daryolardan suv icha olmaysan. Qochma. Tashnalikdan o‘lgandan ko‘ra suvga bo‘kib o‘lganing yaxshi emasmi?
— Ahmoq! Sen o‘zingni o‘yla!
— Men suzishni bilaman. Ammo shu suvda o‘laman...
    U toshlarga tirmasha boshladi. Oyoqlariga xarsang bog‘langanday — ilgarilashi og‘ir, juda og‘ir. Qayoqdan quvvat keldi, bilmaydi, harholda sel oqimidan qutulib oldi. Hozirgina tirmashayotgani xarsang toshlar baland minora g‘ishtlariga aylandi. Minora tepasidagi shaffof idishda suv bor edi, suv! U minora tepasiga yetay deganida, g‘ishtlar anor donalariday to‘kildi. U tubsizlik sari uchdi. Nafasi qaytdi. Onasi «baxtsizlikka uchrasang «la ilaha illolloh» deb aytgin», degan edi. Bu o‘gitni qariyb unutgan ham edi. Hozir, yuragi qinidan chiqayozgan holda qorong‘i bo‘shliq sari uchib borayotganda shu so‘zlarni esladi. Aytmoqchi bo‘ldi, tili aylanmadi. O‘zini zo‘rlab baqirdi: La ilaha illolloh!
— Adasi, adasi, ko‘zingizni oching, sizga nima bo‘ldi? Voy, biram bosinqiradingiz-ey...
Zohid ko‘zlarini ochib, sochlari to‘zg‘igan xotinini ko‘rdi.
— Hecham bunaqangi baqirmovdingiz-a, ko‘chaga chiqqaningizda gadoyga yetti tanga sadaqa bering. Balolardan asrar ekan. Tushingizda o‘lik-po‘lik ko‘rib qo‘rqdingizmi? — xotini savoliga javob kutmay, o‘rniga cho‘zildi. — Chalqancha yotmang, yana bosinqiraysiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:50:16

    Zohid xotinining amriga bo‘ysunib chap tomoniga yonboshladi. Yuragi tepishini aniq sezdi.  Xayolini chalg‘itish uchun yurak urishini sanab yotdi. Xotinining so‘nggi gapi unga g‘alati tuyuldi. O‘ylab qarasa, shu paytgacha tushida sira o‘lik ko‘rmabdi. Ishi yuzasidan turli murdalarni turli holatlarda ko‘raverib uning diydasi qotib ketgan. Mana, yo‘l chetida osilib turgan murdani ko‘rgan ba’zi odamning esi og‘ib qolishi ham mumkin. Zohid esa uni sinchiklab qarab chiqishga majbur. «Bir... ik-ki...» Yuragi xuddi askar yigitlarning qadam tashlashiday gursillay boshladi. Uyqusi tamom o‘chgan edi. Yuragida behalavotlik sezib, qaddini ko‘tardi. Xotini uxlamagan edi, boshini sal ko‘tarib «choy qo‘yib beraymi?» deb so‘radi. Zohid «uxlayver» deb o‘rnidan turdi-da, oyog‘iga shippakni ilib balkonga chiqdi.
    Oqshomda yerni yamlab yutaman degan hamla bilan yopirilib kelgan qora bulutlar to‘dasi ikki-uch o‘t purkab, guldurak solib, zaminni shiddatli tomchilar bilan savalagach, kuchdan qolgan zamin osoyishtalik hukmida beozorgina nafas olardi. Osmon toza, havo beg‘ubor... Zohid ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi. Xotinining gapidan keyin yoqib yuborilgan o‘lik ko‘z o‘ngidan ketmay qoldi. Shundaygina katta yo‘l bo‘yiga osilgan. O‘n-o‘n besh qadam naridan mashinalar o‘tib turgan. Avval ham shunday bo‘lgan. Avval ham, o‘tgan kuni ham biron-bir mashina to‘xtatmagan, «hoy, nima qilyapsanlar!» demagan. «Jon shirin-da, — deb o‘yladi Zohid.— To‘xtab, tanbeh bergan odam o‘lishi, omadi kelgan taqdirda, hushidan ketgunicha kaltak yeyishi mumkin edi. Hatto militsiya mashinasi ham to‘xtamagan. Shu joyga kelganda nima uchundir gapga chalg‘ib, ko‘rmay o‘tib ketishgan...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:51:04

    Zohid bu safar ishni guvoh topishdan boshlamoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda Hamdam Tolipovni avtomobil nazorati xodimlari bilan gaplashgani jo‘natdi. Oqshomdan tonggacha to‘xtatilgan mashinalarning ro‘yxatini oldirdi.
— O‘zlari ham tunda o‘tishibdi. Gap bilan chalg‘ib bu yoqqa qarashmabdi,— dedi Hamdam, so‘ng ularni   topgan bahonalariga qo‘shib, bo‘ralab so‘kdi.
— Hamdam aka, shu yo‘ldan o‘tgan mashina egalari bilan o‘zingiz gaplashib chiqasiz, — dedi Zohid.
— Foydasi bo‘larmikin? — dedi mayor Soliev,— ular ham aynan shu joyga yaqinlashganlarida gapga chalg‘igan bo‘lishadi.
— Chiqmagan jondan umid, deydilar, bir harakat qilib ko‘raylik-chi...
...Hamdamni kechgacha uchratmadi. Shu ish bilan mashg‘ul bo‘ldi shekilli. O‘zi oqshomga qadar tibbiy ekspertiza xulosalarini kutdi. Mashina egasini aniqlash qiyin bo‘lmadi: Jamshid Sunnatullaev. 1954 yilda tug‘ilgan. Nomusga tegishda ayblanib, qamalgan. Muddatidan ilgari ozod etilgan. Maktabda duradgor bo‘lib ishlaydi.
— Bu ham nomiga ishlagan. Maktabga borib yurma, uni baribir tanishmaydi,— dedi Soliev.
Zohid ham shu fikrda edi. Maktabga borsa faqat chalg‘ishi mumkin. Lekin Sunnatullaevning jinoiy ishi bayoni bilan tanishmoqni lozim, deb topdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:52:37

    Ba’zan odamzotning aqliga qoyil qolmoq kerak. O‘zining xotirasiga ishonmagani uchun «Arxiv» degan narsani topganki, bu ixtiroga tan bermoqdan o‘zga chora yo‘q. To‘g‘ri, xorijda bu vazifa kompyuter zimmasiga yuklatilgan. Ammo bizning qog‘ozlardan iborat bo‘lgan arxivimiz kompyuterdan ishonchliroqdir. Katta jinoyatlarni qo‘ya turaylik, lozim bo‘lsa, kunda necha marta aksa urgansiz — barchasini muhrlab qo‘yishi mumkin. Zohidga o‘xshagan azamat bir kuni arxivdagi «ish»ingizni ochib, «Xo‘-o‘sh, yigirma besh yil muqaddam, falon kuni, falon soatda aksirgan ekansiz, to‘g‘risini ayting, nima maqsadda aksirgansiz?» deb qolsa ajablanmaysizmi? Ana shu qog‘ozlar ichida Jamshidga aloqador hujjatlar ham saqlanar edi: bo‘yi 174 santimetr, yelkalari... ko‘kragi... og‘irligi, sochi... rangi... Surati: yonboshidan, ro‘paradan... Jingalak sochli xushro‘y yigit. Ko‘zlari ma’yus — «rostdan ham men jinoyatchimanmi, rostdan ham meni qamaysizlarmi?» deyayotganday.
    Zohid avvaliga «ish»ni hafsalasizlik bilan varaqladi. Yoshi o‘zidan kattaroq qari qizni zo‘rlamoqchi bo‘libdi. O‘smirlar orasida uchrab turadigan voqea. Uyg‘onish pallasida o‘zini boshqara olmay qoladigan o‘smirlar yuradigan yo‘l bu. Tergov bayonlari, guvohlarning so‘zlarini o‘qiy boshlagach, sergak tortdi. «Ish» bilan to‘liq tanishib chiqqach, tergovning ham, sud jarayonining ham belgilangan reja asosida borganini, Jamshid gunohsiz ekanini fahmladi. Zohid uchun bu ajablanarli hol emas edi. U faqat bir narsani bilmasdi — o‘smirlar-ku tabiiy bir kuch oldida ojiz qolishadi. Ammo bu ishni olib borgan tergovchi, hakam qanday kuch oldida ojiz qolishdi? Ularni qanday kuch boshqardi? Asadbekmi? Zohid uzzukun shu to‘dani o‘ylab yurgani uchun ham xayoliga birinchi bo‘lib Asadbekning nomi keldi. Keyin bu fikrdan qaytdi: Asadbek o‘smir bolani qamatib yuboradigan darajada mayda bo‘lmasa kerak. Jamshid qamalishda beayb ekan, jinoyatchi jandasini o‘sha yerdan kiyib chiqdimi? So‘ng kimga qo‘shildi? Nima ishlar qildi? Zohidning boshini garang qilgan savollar behisob edi. Bu savollar holva ekan. Sud tibbiy ekspertiza xulosalari uni gangitib qo‘yayozdi: murdaning yoshi ellik-ellik beshlarda. Jigari va boshiga qattiq narsa urilgan. Miyasiga qon quyilgan. O‘ng oyog‘i singan. Bo‘yi ham, ko‘krak qafasi ham Jamshidning «ish»idagi raqamlarga to‘g‘ri kelmaydi. Eng muhimi, osib o‘ldirilmagan. Bu odamning jon berganiga kamida yetti-sakkiz kun bo‘lgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:53:01

    Zohid avvaliga «boshqa odam haqidagi ma’lumotni adashib berishdimi?» deb o‘yladi. Telefon qilib surishtirdi ham. Yo‘q, bu o‘sha — katta yo‘l yoqasida osilib turgan murda edi. Zohidning iltimosi bilan yetib kelgan mayor Soliev ham, Hamdam Tolipov ham bu xulosadan ajablanishdi. Ular bir necha fursat jim qoldilar. Zohid muammoni ular yordamida hal etmoq niyatida edi. Xulosani o‘qigach, ularning ko‘zlarida ham savol zohir bo‘ldi. Ko‘pni ko‘rgan Soliev «bunaqa hodisalar yangilik emas», degan ma’noda qarab qo‘ygan bo‘lsa-da, o‘yga tolgani muammoga bandi bo‘lib qolganini oshkor etardi. Sukutning uzoq vaqt hukmronlik qilishiga Hamdamning toqati yetmadi:
— Xo‘sh, unda Jamshid qani? Bu odam kim? Uni Jamshid o‘ldirib, so‘ng qochib qolganmi?
— O‘zining o‘rniga mashinasini qoldirib, a? — deb piching bilan izoh berdi Zohid.
— Ha,— dedi Hamdam,— tashrif qog‘ozi bo‘lmasa o‘rniga mashinasini qoldiravergan. «Meni bi-ir mazza qilib qidirib topinglar» deganida bu.
Uning hazili javobsiz qoldi.
— Xulosa chiqarishga shoshilmanglar,— dedi Soliev o‘ychan tarzda.— O‘ldirilgan odam kim? Nima uchun uning murdasini bir necha kun saqlab turib, so‘ng osib, so‘ng namoyishkorona yoqib yuborishgan? Bu — oldingi o‘limga javobmi? Endi Jamshidning mashinasi... Ular kimnidir, balki bizni Jamshidning o‘lganiga ishontirishmoqchi bo‘lishganmi? Yoki...
— Yoki qotil — Jamshid, deyishmoqchi,— deb izoh berdi Hamdam.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:53:31

    Soliev o‘ychan tarzda, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday edi. Hamdamning izohidan so‘ng, unga norozi qiyofada boqdi:
— Ularni shunchalik kaltafahm deb o‘ylaysizmi? — dedi noxush ohangda. So‘ng Zohidga qaradi: — Nima qilmoqchisan?
— Hayronman. O‘ylab ko‘rishim kerak. Ertaga uyiga boraman.
— O‘zing xabar bermoqchimisan? — dedi Hamdam ajablanib.— Borma, baloga qolasan. Uchastkavoyga aytamiz.
— Siz... haydovchilar bilan gaplashdingizmi? — dedi Zohid uning gapiga e’tibor qilmay.
— Gaplashyapman. Uchtasini topdim. Ko‘rmadik, deb turib olishdi. Ko‘rdim, deydigan mardning topilishiga ishonmayman...
    Borliqqa shom qo‘ngan mahalda bo‘lib o‘tgan suhbatni Zohid hozir, yarim tunda esladi. Uyiga qaytib o‘g‘ilchasining behisob savollariga javob berayotganida ham, ovqatlanayotganida ham, yotganida ham muammolarning chigal kalavasi uni holi qo‘ymadi. Xayolan ming turli ko‘chalarga kirib javob izladi. U yer ostidagi zulumot yo‘lakka kirib qolgan — ro‘parada yilt etgan yorug‘lik yo‘q. Hali birinchi qotillik ildiziga bolta urmay turib, ikkinchisi mana men deb turibdi.
    Ko‘chada mashina ko‘rindi. Sekin yurayotgan mashinaning chirog‘i yo‘lni paypaslayotganga o‘xshaydi. «Yarim kechada nima qilib yuribdi? — deb o‘yladi Zohid.— Zarurat bordirki, ko‘chaga chiqqan. Jamshidning mashinasi ham yukxonasiga o‘likni ortib olib shunday yurgandir, murdani osishga joy qidirgandir? E, yo‘q, qidirmagan. Katta yo‘ldan uchib borgan. Osish joyini aniq bilgan. Keyin-chi? Keyin qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Balki... Jamshidning mashinasidan foydalanishgandir? Balki... o‘zi qaysi bir ovloqda yotgandir? Balki... uni ham o‘ldirib bo‘lishgandir?.. Ehtimol uning o‘ligini ham xuddi o‘sha daraxtga osib qo‘yishar?»

Qayd etilgan