Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264272 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 54 B


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:55:04

    Ehtimol... Ehtimollar ko‘chasi tog‘dagi so‘qmoqlarday behisob. Zohidga esa bittagina yo‘l kerak — haqiqatga olib boradigan yo‘l.
    Zohid yana bir oz o‘yga tolib turgach, o‘rniga qaytdi. Biroq uyqusi kelmadi — tongni bedor tarzda qarshiladi.
    Ertalabki nonushtadan so‘ng o‘g‘lini bog‘chaga olib borgach, Jamshidning uyiga qarab ketdi. Eski shaharning ko‘chalari tor, ko‘rimsiz bo‘lgani bilan nomlari as’asa-yu dabdabadan iborat edi: Shodagul, Fayzobod, Qichqiriq, Gulxayri... Mahallada dunyo kezgan biron amaldor yashaganmi yo olam kezishni orzu qilgan xayolparastmi — har nechuk jahonning mashhur shaharlari nomlarini ham uchratish mumkin edi. Jamshid yashagan uy Varshava ko‘chasida ekan. Bir arava arang sig‘adigan bu ko‘cha qachonlardir katta ko‘chalardan hisoblangan bo‘lsa kerak. Uylar biri-biridan kam farqlanadi, hammasi ellik-oltmish yilning naryog‘ida qurilgan. Deyarli hammasida boloxona mavjud, ammo darvozasi yo‘q. Darvozaga ne hojatki, ko‘chaga mashina sig‘masa? Jamshid yashagan uy boloxonasi ko‘pdan qarovsiz bo‘lganidan nuray boshlagan edi. Qo‘ng‘iroq bo‘lmagani uchun Zohid ko‘p yildan beri bo‘yoq ko‘rmagan ikki tabaqali eshikni taqillatdi.  Ichkaridan ayol kishi ovoz berdi. Dam o‘tmay yoshi ellikdan oshgan bo‘lsa-da, chiroyini yo‘qotmagan bir ayol ko‘rindi. «Onasimikin?» Salom berishdan avval Zohidning xayoliga shu savol keldi. Ayol salomga alik olgach, Zohid o‘zini tanitdi. Ayol esankiramadi, ajablanmadi. Ichkariga ham taklif qilmadi. Shu sababli Zohid maqsadini dab-durustdan aytishga ikkilandi. Ayol mezbonlik odobiga zid ish tutayotganini bilib, xijolatomuz tarzda izoh berdi:
— Adalari insult bo‘lganlar. Qo‘l-oyoqlari ishlamaydi. U kishi bilmay qo‘ya qolsinlar, dardlariga dard qo‘shilmasin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:57:32

    «Nimani bilmay qo‘ya qolganlari ma’qul? — deb o‘yladi Zohid. — Bu ayol biladimi? Birov xabar qildimi? Kim?»
— Kechirasiz, siz Jamshidning onasimisiz? — deb so‘radi Zohid, ajablanganini yashirmagan holda.
— Men... nima desam ekan... — ayol o‘ng‘aysizlandi, keyin past ovozda: — Men o‘gay onasiman, — deb qo‘ydi.
— Uzr, bilmagan edim.
— Onalari... Jamshidjon qamalganlarida uzilgan ekanlar. Mening... bolam yo‘q. Jamshidjonga ona bo‘larmikinman, deb umid qiluvdim. Xom xayol ekan. Adalariga qarab o‘tiribman... Peshonam shu ekan...
    Bu ayolga Zohidning rahmi keldi. Ko‘z oldiga Jalolshilimshiqning onasi keldi. Bola ko‘rganiga pushaymon yegan, qoshlarini chimirib, odamga mensimay qarovchi u ayol kimu tirnoqqa zor holda yashagan, yigit yoshidagi bolaga ona bo‘larmikinman, deb umid qilgan bu ayol kim? «Xom xayol ekanman», deb turgan bu ayol qalbida ozgina bo‘lsa-da umid saqlanib qolgandir.  «Jamshidjon «ona», demasalar ham mayli, uylansalar, farzand ko‘rsalar, shu bolachalar buvijon, desa, men ularga onalik qilsam, yuvib-tarasam, onalik mehrimni bersam, kelinni qizim desam...» Zohid shularni xayolidan kechirib, beixtiyor ayolning ko‘zlariga qaradi. Chiroyli ko‘zlar atrofini ajin qoplaganini endi ko‘rdi. «Ajinlar o‘tgan umrning muhri», deyishadi. Balki muhri emas, tarixidir? — deb o‘yladi Zohid.— Agar ajinlarni o‘qiy oladigan kompyuter ixtiro qilinsami? Bu ayolning ajinlari nimalarni hikoya qilar ekan? Tunlari beshik tepasida mijja qoqmay chiqishni orzu qilganlarinimi? Yo «ona» degan birgina so‘zni eshitish ilinjida yashagan yillarinimi?.. Hozir o‘gay o‘g‘li o‘limini eshitgach, yuziga yana bir ajin tushmaydimi?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:57:55

Zohid aybdor odam qiyofasida yerga qarab, gap boshladi:
— Men xunuk xabar bilan keldim. Jamshid... o‘g‘lingizni...
— Bilaman,— dedi ayol Zohidning mushkulini osonlashtirib. Mushkulni-ku, oson qildi, lekin hayratini yuz chandon oshirdi.
— Bilasizmi? O‘ldirib ketishganini bilasizmi?
— Ha, kecha aytishdi. Adalariga bildirmadik. Tutingan akalarinikidan chiqarishdi,— ayolning lablari titradi, ko‘ziga yosh keldi.— Odamlar bunchayam zolim bo‘lishmasa! Chimildiq ko‘rmay ketdi, boyaqish. Borib yig‘i chiqardim. Mendan boshqa kim ham yig‘lardi... Berahmlar... yoqib yuborishibdimi?.. Menga ko‘rsatishmadi...
— Tutingan akalari kim?
— Mahmudjon. Qamoqdan chiqarishda ham ko‘p yordamlari tekkan ekan. Adalari doim duo qilardilar u kishini.
— U kishi qaerda turadilar?
Ayol aytdi, Zohid yondaftarchasiga tez-tez yozib oldi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon ko‘ruvdingiz?
— Uch-to‘rt kun bo‘luvdi. Adalaridan xabar olib ketuvdilar.
— Bu yerda turmas edimi?
— Shu yerda turardilar. Safarda ko‘p bo‘lardilar-da. Ishlari shunaqa...
— Qaerda ishlardi? Maktabda emasmi?
— Bilmasam... Yoshlar o‘zingizga ma’lum-ku, shamoldek uchib yurishadi.
— Men... faqat xabar bergani kelmaganman. Uyni ko‘rib chiqishim kerak.
— Voy... adalari sezib qolsalar...
— Boshqa iloj yo‘q, meni ham tushuning. Mana, order.—Zohid shunday deb ruxsatnomani ko‘rsatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:58:41

— Ishonaman, qog‘ozingiz kerakmas. Faqat... sezib qolsalar... Yomon bo‘ladi-da... Ertami-indin kelsangiz-chi?
— Erta-indin ham ahvol shu bo‘ladi-ku?
— Yo‘q... Men adalarini kasalxonaga yotqizamanmi, deb o‘ylovdim. Jamshidjon ham oxirgi kelganlarida shunday devdilar. Endi... bunaqa bo‘lganidan keyin... bu yerda ham is chiqarish kerak. Xayri-xudoyi qilish kerak. Kasalxonaga yotqizmasam bo‘lmaydi. O‘sha yerda qarayman. Siz xotirjam bo‘ling, narsalariga tegmayman. Tegsam, Xudo ursin!
Zohid papkasidan tashrif qog‘oz chiqarib, ayolga uzatdi:
— Qasam ichmang. Kasalxonaga yotqizganingizdan so‘ng, menga xabar bering. Tanishingiz bormi yo biz aralashaylikmi?
— Bor, siz tashvish chekmang. Akam o‘sha yerda ishlaydilar.
Zohid xayrlashib, iziga qaytdi. Yigirma qadamcha bosib, orqasiga o‘girildi. Ayol hamon eshik oldida turardi.
    «Nimaga bu ayolga ishona qoldim? Rahmim kelganidanmi? Shu holni Hamdam akaga aytsam, meni kalaka qilardi. «Bu sohada bizning eng katta dushmanimiz — rahmdillik» deydi. Balki shundaydir. Jinoyatchiga rahm qilsang, u seni berahmlarcha o‘ldirishi ham mumkin. Lekin barcha jinoyatchi emas-ku? Hozir uyga bostirib kirganida nima bo‘lardi? O‘g‘lining o‘limini sezgan otaning joni uzilishi hech gap emas. Bittagina nojo‘ya harakatim bilan uning o‘limiga sababchi bo‘larmidim? Ha... Lekin meni hech kim qotil demas edi. Holbuki uning o‘limiga men sababchi bo‘lardim. Qiziq hol... Ko‘pchilik infarktdan o‘ladi. Surishtirib kelinsa, uni kimdir bir soatmi yo bir kunmi oldin qattiq xafa qilgan bo‘lib chiqadi. O‘sha xafagarchilik yuragiga ta’sir etgan... Lekin o‘sha ranjitgan odamni hech kim ayblamaydi. Yuragiga xanjar ursa, darrov qamaymiz. Yomon so‘z yurakka sanchiluvchi ko‘zga ko‘rinmas xanjar emasmi?..» Zohid shu fikrga kelib, ichkari kirmagani uchun o‘zini ayblamadi. Uydan bir oz uzoqlashgach, Jamshidning tutingan akasi haqidagi ayolning gaplari uni shartta to‘xtashga majbur etdi. «Mahmudjon, dedimi?» Tanish ism. Qaerda uchratganman? Ha, Asadbekka yaqin odamlardan biri Mahmud edi. O‘sha emasmikin? Qiziq, ularga kim xabar berdi? O‘likni olib chiqib ko‘mishga ham ulgurishibdi... Bu oddiy odamning qo‘lidan keladigan ish emas...»
    Zohid orqasiga o‘girildi. Ayol ko‘rinmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 16:59:36

2

    Bu bolaning turqi sovuqroq edi. Birovdan so‘kish eshitsa ko‘zini lo‘q qilib indamay turaverardi. Keyin esa... o‘z bilganidan qolmas edi. Ba’zan maqtov ham eshitardi. Shunda U sovuqqina tirjayib qo‘yardi. Turqi-tarovatida sovuqlik zuhr etgani uchunmi bu mahallaga ko‘chib kelishganidan beri bolalar Uni qatorlariga qo‘shishmasdi. To‘p tepishsa ham, chillak o‘ynashsa ham davraga chorlashmas edi. U ham «meni o‘yinga qo‘shinglar», deb yalinmasdi. O‘yinni tamosha qilib turaverardi.
    Ular uch mahalla naridagi uyda yashashardi. Aka-ukalar tor hovlida siqilib qolishgach, otasi shu mahalladagi shinam uyni sotib oldi. Uzoqdan emas, uch mahalla naridan ko‘chib kelishgan bo‘lsa ham U bolalar orasida «kelgindi» degan nom oldi. Uni «gap ta’sir qilmaydigan bez edi», desak xato gapirgan bo‘lamiz. Bolalarning o‘yinga qo‘shmasliklari, ayniqsa «kelgindi» deb chaqirishlari Uning g‘azabini keltirardi. Ammo g‘azabga oshno bo‘lib qolmaslik uchun o‘zida kuch topa olardi. U zohiran tengdoshlarining o‘yinini kuzatardi. Xayoli esa bu bolalar ustidan hukm o‘tkazish yo‘llarini izlash bilan band bo‘lardi. Bir necha kun ichida U rejasini pishitdi. Otasi Maskovga qatnaydigan poezd restoranida ishlardi. Shuning uchun ham uylarida bu shaharda topilishi qiyin bo‘lgan sigaret, shokolad, saqichlar ko‘p edi. Mollar vaqtida sotilmagani uchun ba’zan to‘planib qolardi. Otasi ko‘pincha yo‘lda, onasi esa mollarni qayta-qayta sanashni yoqtirmas edi. U mana shundan foydalandi. Bir kuni maktabdan qaytdi-yu, ikkita «VT» sigaretini cho‘ntagiga solib, kinoxona tomon yurdi. Kinoxona ikki ko‘cha narida, shu atrof mahallalarining zo‘rlari shu yerga makon qurishgan edi. Bolalar bulardan qo‘rqishardi. Zo‘rlarning zo‘ri — Shomil degan g‘ilay yigitcha erta-yu kech shu yerda. Kinoxona atrofida u o‘zini podshoday his etar, atrofidagi bolalar esa unga mulozimday xizmat qilishar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:00:08

    U kinoxona ro‘parasidagi anhor qirg‘og‘ida ikki bola bilan gaplashib o‘tirgan G‘ilay Shomil tomon dadil yurdi. G‘ilay yo‘lga orqa qilib o‘tirgani uchun uning yaqinlashganini sezmadi. U G‘ilayga yaqinlashib, to‘xtadi. Indamay turaverdi. Yo‘lga yonbosh o‘tirgan, G‘ilayning o‘ng tomonidagi bola Unga qarab: «He, chumo, ishing bormi?» deb so‘radi. U indamadi, bolaning «chumo» deb haqoratlaganini diliga tugib qo‘ydi. G‘ilay Unga o‘girilib qarashi bilan cho‘ntagidagi sigaretni olib uzatdi. G‘ilay sigaretlarni olib, yonidagi boladan so‘radi:
— Kim bu?
— Tomi ketganlardan bittasi-da,— dedi bola. Bu gap ham Uning diliga tugildi.
— Sigaret olib kelishni senga kim buyurdi? — deb so‘radi g‘ilay.
— Hech kim.
— O‘zingcha olib keldingmi?
— Ha.
— Nima uchun?
— Sizni yaxshi ko‘raman.
— Yaxshi ko‘rasanmi? Vo‘, klass! Nima uchun?
— Siz — zo‘rsiz!
Bu baho G‘ilayga yoqib, xaxolab kulib yubordi.
— Eshitdilaringmi, vo‘, klass! — dedi sheriklariga qarab.
— O‘, bor, quloqqa lag‘mon osma,— dedi o‘ng tomonda o‘tirgan bola.
— To‘xta, haydama,— dedi g‘ilay Shomil,— ke, bratishka, o‘tir. Kallang bor ekan, sen ham zo‘r bo‘lib ketasan. Oting nima?
— Hosil.
— Klass! Zo‘r ot! Sen pro‘sta Hosil emas, Hosilboyvachcha bo‘lasan. Ketvorgan boyvachcha bo‘lasan! — Shomil shunday deb uning yelkasiga urib qo‘ydi. Sigaretni ochib bittasini labiga qistirdi, so‘ng sheriklariga tutdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:02:05

    U ertasiga ham sigaret olib keldi. Taklifni kutmayoq, G‘ilayning yonidan joy oldi. Bundan bolalarning g‘ashi keldi, ammo G‘ilay indamagani uchun ular ham mum tishlab qolaverishdi. Shu-shu bo‘ldi-yu, U g‘ilay Shomilning yonidan doimiy joy oldi. Maskovdan kelgan toza aroq (Shomil shunday deb baho berdi)lardan birini olib chiqqach, martabasi yana ham yuqorilaganday bo‘ldi.
Bir kuni oqshom chog‘i Shomilning yonidan qaytayotib ko‘chasidagi bolalarning to‘p o‘yiniga duch keldi. O‘yinga bir oz qarab turdi. To‘p yonidan o‘tayotganida shartta tutdi-da, ustiga o‘tirib oldi. Uni «kelgindi» deb mensimaydigan bolalardan biri:
— Koptokni bu yoqqa cho‘z! — deb buyurdi.
    U tirjayib qo‘ydi. Joyidan jilmadi. Uning maqsadi janjal chiqarish edi. «Yana bir do‘q ursin, so‘ksin, keyin ko‘radiganini ko‘radi», deb o‘yladi. Lekin u bola boshqa baqirmadi, so‘kmadi. To‘g‘rirog‘i, so‘kishga ulgurmadi. Boshqa bir bola kelib, qulog‘iga nimadir deb pichirladi. Aftidan: «Bu bilan hazillashma, Shomilning odami», dedi shekilli.
    Do‘q urgan bola unga o‘qrayib qaradi-da, burilib ketdi. O‘yin buzildi. Uning janjal chiqarish maqsadi amalga oshmadi — qal’a jangsiz taslim bo‘ldi. Bu Uning birinchi g‘alabasi edi! U cho‘ntagidan pichoqcha chiqarib, to‘pni ikkiga bo‘ldi. Tarqalmay turgan bolalardan biri «koptogim!» deb yubordi. U esa ishshaydi. Mag‘rur holda cho‘ntagidan bitta o‘n so‘mlik chiqarib, bo‘lingan to‘p ustiga tashladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:02:49

— O‘ynaydigan bo‘lsalaring, tuzukroq koptokda o‘ynalaring,— deb mag‘rur qadamlar bilan uyiga qarab ketdi. Bu — uning kibr yo‘lidagi dastlabki qadami edi. Ko‘p o‘tmay xoinlik ko‘chasidagi qadamini ham qo‘ydi. U Shomilning o‘g‘irlik qilishini aniq bilmasdi, ammo gumoni bor edi. Bir kuni gap orasida otasining yaqin do‘sti boy ekani, savdogar ekanini aytdi. Shomil esa uyida nimalar borligi bilan qiziqdi. U bilganicha aytdi. Shomilga shu bilganlarining o‘zi kifoya qildi. Ikki kundan so‘ng uni maktabidan, dars paytida chaqirtirdi.
— Bratishka, hozir paxaningning og‘aynisinikiga borasan. Oti nimaydi, Hasanmi? Ha, opoqingga aytasan: «Hasan amakimni mentlar tutib oldi, narsalarni gum qilar ekansiz», deysan.
Unga bir gapni ikki marta tushuntirishning hojati yo‘q edi — Shomil aytganiday qildi. Uning hovliqib aytgan gapini eshitib opoqisi tamom gangib qoldi. Bir oz nima qilarini bilmay talmovsirab turdi-da, so‘ng: «Voy, aylanay sendan», deb ichkariga boshladi. U esa o‘zini go‘llikka solib yordam berdi. Har xil qimmatbaho matolar, kiyimlar tugildi, tilla taqinchoqlar o‘raldi. Endi qo‘shninikiga olib chiqib yashiramiz, deb turishganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Opoqi qo‘rqqanidan tugun ustiga o‘tirib oldi. U eshikni ochdi. Qarasa — qora «Volga», bashang kiyingan ikki yigit. «Bu kimning uyi?» deb so‘rab ham o‘tirishmadi. «Biz tintuv qilgani keldik», deb ostona hatlashdi. Semizligidan yurganida hansirab qoladigan opoqi tugun ustida haykalday qotgan, oyoq-qo‘lining yengil titrashidan uning hali hayot ekanini payqash mumkin edi. Yigitlar zinaga yaqinlashganda unda yana bir jon nishonasi sezildi: «Voy o‘ldim, voy xonavayron bo‘ldim», deb fig‘onini boshladi. «Sizlar kimsizlar, o‘zi? Tintuvga ruxsat qog‘ozinglar bormi?» deyish xayoliga ham kelmas edi. Nazarida eri qamoqda azob chekmoqda, hozir uni ham olib borib ilon-chayon bilan to‘la zindonga tashlashadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:03:31

— Agar mollarni yashirmay o‘z xohishingiz bilan topshirsangiz, eringizning gunohi yengillashadi. Uch-to‘rt oyda eson-omon qaytadi. O‘jarlik qilsangiz, kamida o‘n yilga ketadi. Sherik sifatida siz ham qamalasiz, uyingiz musodara qilinadi,— dedi kelganlardan biri.
— Voy, qamalmay men o‘la qolay,— dedi opoqi yig‘lamsirab.— Mana, hammasi tayyor, hozir o‘zim olib borib topshiraman, deb turuvdim, Hosiljon, bolam, sen aytgin, topshirmoqchiydim, a? Ana qo‘shnim guvoh, ayt, bolam.
— Ha, topshirmoqchiydilar,— dedi U ming‘irlab.
— Sovet kishisining fazilati shunday, —        dedi qo‘rqitayotgan yigit.— Halollik — sog‘lik garovi.
U ayvonga chiqib tugunlardan birining chetini ochib ko‘rdi.
— Hammasimi? Yashirmadingizmi?
— Voy, yashirib go‘rimga ortmoqlab ketamanmi? Xudo ursin, hammasi shu, ana, guvoh bolam aytsin.
— Qani, bratishka, ko‘tar, mashinaga olib chiq.
«Bratishka»... demak, «Shomilning odamlari», deb o‘yladi U. Tomoshadan zavqlangan holda, buyurilgan ishni bajardi.
— Ertaga soat o‘nda idoraga borasiz. Tilxat yozib beramiz.
Ular shunday deb chiqib ketishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:04:11

    Tomoshani-ku, ko‘rib maza qildi. Ayni choqda, tomosha nima bilan tugashini fahmlab, javoblarini ham puxtalab qo‘ydi. Shomil o‘shanda Unga qoyil qolgan edi. Boshqa bola bo‘lganida yugurib kelardi, «endi nima qilaman», deb zir titragan bo‘lardi. Yoki uyidan qochib ketardi. U esa parvoyi palak — quyosh botishini kutib, uyida o‘tirdi.
    Quyosh botdimi, demak, bozordagilar ham uy-joylari borligini eslashadi. Kun bo‘yi ming qiyofaga kirib, dam aldab, dam yalinib, dam maqtab, Xudodan emas, nazoratchilardan qo‘rqib charchagan bozorchilar so‘nggi hunarlarini ishga solib, avtobusga kira haqi to‘lamay, uylariga yetib oladilar. So‘ng yostiqqa yonboshlab pul sanaydilar. Ana shu pulni sanash chog‘ida bir kunlik hordiq ko‘tariladi... Hasan aka esa bu shom yostiqqa yonboshlashga, pul sanashga ulgurmaydi. U Hasan akaning uyga kirib kelishini, xotini bilan uchrashishini o‘zicha ko‘z oldiga keltirib kulimsirab qo‘yadi.
    ...Shubhasizki, Hasan aka uyga kirib kelgach, xotini dovdiraydi. Otasi go‘rdan qaytib kelsa bunchalik ajablanmas, ammo «kamida uch-to‘rt oy qamoqda o‘tirishi lozim bo‘lgan» erining kirib kelishidan hayron bo‘ladi.
— Voy, Xudoyimdan aylanay, qo‘yib yuborishdimi, a? — deydi xotin.
— Kim qo‘yib yuboradi? — deb ajablanadi er.
So‘ng... boshlanadi. So‘ng... g‘azab otiga mingan er-xotin uzun-qisqa bo‘lib kirib kelishadi.


Qayd etilgan