Urush tugaganidan beri qancha rahbar kelib-ketdi. Yurg‘izgan siyosatlarining oyog‘i osmondan bo‘ldi, lekin vatangadolar taqdirini birontasi o‘ylamadi. Oqibat esa mana bu: Vatanidan ajralgan bechoralarning omonat Vatani ham yonyapti! Bor mol-mulklariga qo‘shilib umidlari ham yonyapti. Kechagina bu xonadonda to‘y gulxani yoqilmog‘i lozim edi, bugun ajal alangasi yayrab quloch otadi. Bir sidra kiyim bilan qolgan bu odamlar jonlari hozircha o‘zlarinikimi yo bu omonatni ham egasiga hademay topshiradilarmi, bilishmaydi.
Zelixonning qulog‘iga olomonning shovqini kirmadi. U avvaliga karaxtman, deb o‘yladi. Boshini silkidi, barmog‘i bilan qulog‘ini uqaladi. Keyin ayvon zinasida tik turgan Yigitaliga qarab:
— Odamlar jimib qoldimi? — deb so‘radi.
— Qaysi odamlarni aytasiz? Haligilarmi? Ular odammidi? — dedi Yigitali yonayotgan uylardan ko‘z uzmay. — Bunaqasini ko‘rmaganman. Selday kelib, selday ketishdi.
— Qayoqqa ketishdi?
— Bilmadim. Tushunmadim, birodar, men hech narsaga tushunmadim, — Yigitali shunday deb o‘girildi. Zelixon uning yuzi shilinib, qontalash bo‘lib qolganini ko‘rdi.
Bu ko‘chaga faqat yong‘in hukmron emas ekan, fig‘onning ham haqqi bor ekan. Olomon bu ko‘chadan nari ketgach, jon talvasasida o‘tirganlar nimaga giriftor bo‘lganlarini anglab, ko‘rayotganlari tush emasligiga ishondilar. Ana shunda bir-birlarini qidirish, yo‘qlash boshlandi. Ana shunda dastlabki nola eshitildi. Nolaga nola ulanib, birpasda atrofni qiy-chuv bosdi. Bir necha daqiqa ilgari yovuzlik nafasi kelib turgan shovqin o‘rnini yaralangan qalblarning nolasi tutdi. Ismoilbeyga o‘xshaganlar Ollohga munojot etib «Gunohimiz ne edi, bizga bu ofatni ravo ko‘rding? Endi rahm qil. Parvardigorim, o‘z panohingda asra, shayton vasvasasiga tushganlarga insof ber», deb yolborsa, boshqalar og‘izlariga qanday gap, qanday qarg‘ish kelsa, qaytarmay baqirib, faryod urishardi. Kulfat millat tanlamaydi, odamlarni ajratib o‘tirmaydi. Ustiga sholcha yoki to‘n yopib, yoki suv sepib o‘chirilgan murdalar atrofida turk ham, o‘zbek ham, tatar ham baravar yig‘lardi.