Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264148 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 54 B


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:53:01

Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar.
— Otalar, xafa bo‘lmaysizlar, bir gap aytay?
— Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib o‘tiring, xo‘bmi, qani, Sotvoldi, tur.
— To‘xta, hovliqmasang-chi, gaplari bo‘lsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali tog‘angiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni.
— Aytmoqchimanki... chiqimini to‘laymiz.
— Astag‘firulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a? Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb o‘yladingiz?
    Hayitali gapira-gapira so‘ridan tushib, kavshini oyog‘iga ildi. Sotvoldi oqsoqol unga ergashdi. Zelixon uchinchi piyoladagi choyni ichishga ulgurmay Hayitali oqsoqol ko‘rindi. U choyxona sari emas, mashinaga qarab yurdi. Ahadbeyga qarab: «Endi bandalik-da, inim, xudo sabr bersin», dedi-da, haydovchi yoniga o‘tirdi. «Qani haydang inim», deb yo‘l ko‘rsatdi. Zelixon yugurib kelib joyidan jilayotgan mashinaga chiqib oldi.
    Mashina bir uy qarshisida to‘xtadi. Bu yerda bir necha odam to‘planib turgan edi. Zelixon ham, Ahadbey ham bu uy Hayitali oqsoqolniki ekanini keyinroq bilishdi. Mayitni uyga olishgach, Hayitali Ahadbeyga yaqinlashdi.
— Inim, otangizning birodarlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ingiz bordir, a?
— Bor, — dedi Zelixon o‘rtog‘i uchun javob berib. — Adirda qolishgan.
— Nimaga qolishdi? Nimaga kelishovurmadi?
Zelixon ham Ahadbey ham bu savolga javob berolmay ko‘zlarini olib qochishdi. Hayitali ham savoliga javobni talab qilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:53:49

— Siz, inim, — dedi Ahadbeyga qarab, — ichkariga kiring. G‘assolga qarashasiz. Siz esa men bilan yuring, — dedi Zelixonga. Zelixon «qayoqqa?» deb o‘tirmay, unga ergashdi.
    Adirdagi qo‘ni-qo‘shni, Ismoilbeyning birodarlarini olib qaytishganda dafn marosimiga lozim bo‘lgan yumushlar bajarib bo‘lingan edi. Hovliga joy qilingan, katta qozonda esa sho‘rva qaynab turardi.
    Ahadbey mashinadan tushayotgan orqadoshlarini ko‘rib, yig‘lab yubordi. Otasining joni uzilganidan beri ko‘ziga endi yosh keldi. U otasining o‘lganidan yoki uning qadridan emas, qishloqdagilarning oqibatidan hayajonlanib yig‘lardi.
    Hayitali oqsoqol cho‘rtkesar, bir so‘zli edi: dafn marosimidan keyin ham mehmonlarga ijozat bermadi. Shomga yaqin vakil xavotirlanib yetib keldi. Vaqtida qaytmaganlari uchun ulardan o‘pkaladi.
— Qishlog‘imizda avboshlar yo‘q, Xudoga shukr. Shu yerda turaverishsin. Biydek cho‘lda nima bor ekan? Chollarni urintirib qo‘yibsiz, inim, — dedi Hayitali unga.
— Boshqa choramiz yo‘q, otaxon, qishlog‘ingiz tinch, bilamiz. Lekin bu yerda turklar borligini bilsa, shahardagi betamizlar yetib kelib bir balolarni boshlaydi. Adirda bularni askarlar qo‘riqlaydi.
— To‘rtta-beshta bezorini jilovlay olmasangiz, nima qilib hukumat bo‘lib yuribsiz, inim, shu ham ishmi? Yomonga yomon bo‘ling, shartta-shartta oting-da, vassalom!
— Aytishga oson... — deb ming‘irladi vakil, so‘ng Zelixonga «bu g‘alvani siz boshlab edingiz, endi o‘zingiz eplang bu yog‘ini» deganday najot ko‘zi bilan boqdi. Zelixon Hayitali oqsoqolga, uning hamqishloqlariga minnatdorlik bildirib, qariyalarni mashinaga taklif etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:54:52

5

    O‘sha do‘nglik... Yana ikki kishi... Yana shom... Ammo shom azoni eshitilmaydi. Hech kim namoz o‘qimaydi. Do‘nglikdan ikki qadam narida Ahadbeyning oilasi, qo‘shni xotinlar, bolalar...
    Ahadbey bilan Zelixon qontalash ufqqa tikilishgan. Aytadigan so‘zlari yo‘qday... Jim... Jimlikni bolalarning ovozlari buzadi:
— Zarine, kel, mehmon-mehmon o‘ynaymiz. Sen mehmon bo‘lasan...
— O‘ynamayman. Hali haydab yubording-ku. Senga mehmon bo‘lmayman...
Bolalarning suhbatiga Ahadbeyning xotini qo‘shiladi:
— Zerine, o‘ynay qol, Gulsine mehmonni haydamaydi, u o‘zbek emas.
    Bu gap xayolga berilgan do‘stlar qulog‘iga o‘qday urildi. Ahadbey sapchib o‘rnidan turdi-da, xotiniga yaqinlashib yuziga tarsaki tushirdi. Bunga ham qanoat hosil qilmay tepdi. Yana tepmoqchi bo‘lganida Zelixon o‘rtaga tushdi.
— Nimaga urasiz? Gunohim nima? — dedi xotin yig‘lamsirab.
— Sen ahmoq odam aytadigan gapni aytding, — dedi Zelixon.
— Qaysi gap? — deb ajablandi xotin.
Ahadbey unga javoban so‘kindi. Zelixon uni yelkasiga qo‘lini qo‘yib nariga boshladi. Xotin javrab qolaverdi.
— Parvo qilma, xotin zoti nima gapirganini o‘zi ham bilmaydi, — dedi Zelixon do‘stiga tasalli berib.
    Atrofga qorong‘ilik cho‘ka boshladi. Katta chodir yaqinida ovqat ulashildi. Ular borishmadi. Yana kunbotarga tikilgancha jim o‘tirdilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:55:20

— Barmoqlarini to‘g‘rilash mumkin bo‘lmadi, — dedi Ahadbey.
— Nimaga ko‘targan ekanlar, bilmaysanmi?
— Namozda shunaqa odatlari bor edi. Bir kuni so‘rasam, payg‘ambar afandimizdan sunnat devdilar. Muhammad alayhissalom namoz o‘qib o‘tirganlarida tog‘ qulay boshlagan ekan. Namozni buzmay ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘targanlarining o‘zida tog‘ qulashdan to‘xtagan ekan.
— Men «Mesxetiyam shu yoqda» deb ko‘rsatmoqchi bo‘lganmilar, deb o‘ylabman.
Ahadbey bosh chayqaydi-yu, yengil xo‘rsindi. So‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday dedi:
Qo‘nma bulbul, qo‘nma bulbul
Daraxt shoxiga,
Nalar keldi, nalar keldi
Yurtim boshiga...
— Nima deding, tushunmadim?
— Bolaligimda otam shuni xirgoyi qilib yurardilar. Xalq qo‘shig‘i, der edilar.
Bu gapdan keyin Zelixon kecha tundagi suhbatni yodga oldi. Ismoilbey Vatan haqida gapira turib: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun», deb xo‘rsinib qo‘ygan edi. Zelixon bu gapni xotirasiga muhrlashga harakat ham qilmagandi. Hozir nechundir esladi. Eslab turib, badanida xuddi minglab chumoli barobar o‘rmalagandek seskandi.
    Yarim tunga qadar suhbatlashib o‘tirdilar. Tongga yaqin bir-birlariga suyangan holda pinakka ketdilar. Zelixon bir tutamgina uyqusida ikki marta cho‘chib uyg‘ondi. Har safar yoniga Ismoilbey kelib xo‘rsinadi-da, qulog‘iga shivirlaydi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun».

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:55:52

    Ertalab «yo‘lga hozirlaninglar» degan buyruq berildi. Peshinga yaqin turnaqator bo‘lib avtobuslar ko‘rindi. Qayoqqa borajaklarini hech kim bilmas edi. Kimdir umid bilan «Mesxetiyamizga olib borishsa edi», dedi. Dam o‘tmay bu umid «Mesxetiyaga qaytar ekanmiz» degan haqiqatga aylanib, tirnalgan qalblarga malham bo‘ldi.
Avtobuslar shaharga yaqinlashayotganda Zelixon Ahadbey bilan xayrlashdi.
— Qaerga borsang ham, seni topaman. Bu yerda qiladigan chala ishlarim bor.
— Tinch yur. Biz bilan ketaver. Chala ishlaring chalaligicha qolaversin.
— Hozir keta olmayman. Seni topaman...
Avtobus aeroport yonidan o‘tayotganida Zelixon tushib qoldi. Avtobuslar shoshilmay, sekin yurishardi. Zelixonning nazarida ular odamlar qalbidagi dardning og‘irligini tortolmayotganday edi. U avtobuslar ortidan kelayotgan harbiylar mashinasi ko‘zdan yo‘qolguncha ko‘zini yo‘ldan uzmadi. Shu holda turganida o‘sha tanish ovoz qulog‘i ostida yana shivirladi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:57:08

IV  b o b

1

    Zohid  Mahmud Ehsonovni so‘roqqa chaqirishga chaqirdi-yu, keyin to‘g‘ri qildimmi, deb boshi qotdi. Shu holda garang bo‘lib o‘tirganida xonasiga mayor Soliev kirib keldi. Zohid unga Jamshidning uyiga borgani, o‘gay onasi bilan gaplashgani haqida gapirib berdi. Qisqa hisobotning oxirida Mahmud Ehsonovni chaqirtirganini ham aytib «bunisiga nima deysiz» degan ma’noda mayorga tikildi. Mayor uning nigohidagi savolni to‘g‘ri uqib, javob berdi:
— Bekor chaqiribsan. Uning kimligini bilarding-ku? Asadbek ko‘proq shuning maslahatiga yuradi, deyishadi. Bu Chuvrindi Asadbekning boshi, Kesakpolvon deganlari oyoq-qo‘li.
— Demak, chaqirtirib to‘g‘ri qilibman. Demak, hamma ishlarning tepasida shu odam turgan. Demak, kalavaning uchi shuning qo‘lida. Demak...
— Demak, — dedi Soliev istehzo bilan, — demak, sen hali hech narsaga tushunmabsan. Ma, o‘qi. — U yon cho‘ntagidan bir varaq qog‘oz chiqarib, Zohidga uzatdi.
    Zohid yozuvlarga bir ko‘z yugurtirib, keyin mayorga hayrat bilan qaradi. So‘ng yana o‘qidi.
— Murda avval yorib ko‘rilgan? Bosh miya, buyraklari olingan? O‘sha yondirilgan murdami? Qayoqdan chiqdi bu gap?
— Avvalgi ekspertiza xulosasini amaliyotchi talaba yozgan ekan. Bularni yozish shartmasdir, deb o‘ylaganmish. Bo‘lim boshlig‘i bugun bilib qolib, menga qo‘ng‘iroq qildi. Uzr so‘radi. Yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolsin, deb yalindi.
— Birovga jon shirin, birovga joy shirin, — deb to‘ng‘illadi Zohid. — Bunaqa boshliqlarning onasini...

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:57:28

    Zohid o‘sha bo‘lim boshlig‘ining onasini nima qilish lozimligini aytdi-yu, tilini tiyolmagani uchun Solievdan xijolat bo‘ldi. Bir tomondan, g‘azab, bir tomondan, xijolat iskanjaga oldi. Mayor «o‘ziga kelib olsin», deb indamay o‘tirdi. Zohid odati bo‘yicha, bir varaqqa qandaydir formulalar yozdi, o‘chirdi, yana yozdi. Fikrini sal jamlab olgach, mayorga qarab kechirim so‘radi.
— Bu qo‘shimcha xulosasiz ham murda Jamshidniki emasligi bizga aniq edi. Murdaning kimligini endi aniqlab bo‘lmas. Falokatga uchragan, o‘likxonada egasiz yotgan balki biron mehmondir.
— Bu tomosha ularga nima uchun kerak? Shunga aqlim yetmayapti.
— Ularga, deganing kim?
— Asadbekka-da.
— Bu ishni Asadbek qilgan, deb ishonyapsanmi?
— Axir Jamshid deb ko‘mishibdi-ku? O‘likxonadan bizning ruxsatimizsiz olishgan. Qalbaki hujjat tayyorlashgan.
— Ehsonovga shularni aytasanmi?
— Aytmayinmi?
— Arqonni uzun tashla. Ular bizni laqillatmoqchi bo‘lishibdimi, mayli, laqmaga o‘xshab ko‘rinaver. Biz Jamshidni qidirishimiz kerak.
— Tirik deb o‘ylaysizmi?
— Bilmadim. Balki tirikdir. Balki o‘ldirib ko‘mib tashlashgandir. Harholda, ular Jamshidning tirik ekaniga ishonishimizni istashayotganga o‘xshashadi. Ekspertiza xulosasidagi kamchilik bekorga aniqlanmagandir. Bo‘lim boshlig‘i indamay qo‘ya qolsa ham bo‘lardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:57:49

— Yana bir gumon bor: balki ikkala o‘limning qotili bir ekaniga ham ishontirishmoqchidir? Birinchisi — chinakam qotillik. Jalol Komilov qiynab o‘ldirilgan. Balki qotil Jamshiddir? Bugun uni o‘ldiga chiqarib, ertaga boshqa hujjat, boshqa ism bilan tiriltirishsa-chi? Ikkinchisi qotillik emas, shunchaki o‘yin. Bir necha kun avval o‘ldirilgan odamning erkakligini kesib tashlashdan maqsadlari nima? Qotilning uslubi shu, deyishmoqchimi? Jamshid avval bir qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgani uchun qamalgan. Erkaklikning kesib tashlangani shunga ishora emasmi? Ha, aytmoqchi, marhumning buyraklari nega yo‘q bo‘ldi? Jigar ezilgan, bosh mayib. Har holda, mashina urib yuborgan bo‘lsa kerak. Buyraklarning kimga keragi bor?
— Ilmiy tadqiqot uchun olishgandir. Buyrakni ko‘chirib o‘tkazish markazi bor, eshitmaganmisan? Buyragi quriy boshlagan odamlar shunaqa hodisa bo‘lishini kutib yotishadi. Qiziq-a, o‘lmay qolish uchun boshqa bir odamning o‘lishini kutib yotishadi.
— Ha... — dedi Zohid, yengil xo‘rsinib, — o‘lmay qolishning turlari ko‘p.
    Shu payt xonaga Hamdam kirib keldi. Ko‘rinishdan kayfiyati yaxshi edi. Zohid bilan ko‘risha turib «bitta oshga tushding, prokuror» deb qo‘ydi.
— Zohidni bitta osh bilan qo‘rqita olmaysan, — dedi Soliev. — Qotilni topgan bo‘lsang, qo‘y so‘yadi. Aroq-sharog‘i mendan.
— Bunisi ham bo‘ladi, — dedi Hamdam kaftlarini bir-biriga ishqab. — Bugungisi bitta oshga arziydigan gap. Zohid, akangning tagi qimirlab qolganga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 17:59:37

— Qaysi akamning?
— Sobiq boshlig‘ing, kapitan Mirsultonov akang emasmi? Xo‘-o‘sh... bizdan o‘tgan ikki-uch ishni shahar sudi qaytargan edi. Bugun yuqorida kapitanni burashibdi shekilli. Hozir menga hasrat qilib qoldi. «Joyimga birov ko‘z tikib turibdi, ezmasdan to‘g‘risini ayta qolishmaydimi?» deydi. Men ham to‘g‘risini aytdim-qo‘ydim. «Akaxon, — dedim, — ayb o‘zingizda, qo‘rqoqlik bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Qo‘lga tushgan jinoyatchi albatta falonchining o‘g‘li bo‘ladi yoki pistonchining jiyani, yo qo‘shnisi bo‘ladi. Busiz iloj yo‘q. Hammaning ko‘ngliga qarab ish tutsak, ertalab qo‘lga olib, kechqurun uzr so‘rab chiqarib yuboraveramiz. Shuning uchun ham bizni birov bir tiyinga olmaydi», dedim. Shunaqa, prokuror, yig‘lab yuboray deb o‘tiribdi akang.
Zohidga bu gaplar malol keldi. Ayniqsa Solievdan xijolat bo‘ldi. Unga qaramaslikka tirishib:
— Hamdam aka, birovning tashvishidan quvonganimni avval ko‘rganmidingiz? — dedi.
— Buning nimasi  tashvish?  Sen  haqiqatparastsan-ku? Haqiqat istar eding, ro‘yobga chiqyapti. O‘z o‘rniga nomunosib odam ketadiganga o‘xshaydi.
— O‘z o‘rniga munosibi keladimi? — dedi Soliev uning gapini bo‘lib.
— Bunisi endi Xudoga bog‘liq. Bo‘pti, bu gapim yoqmasa, yoqadigani ham bor: bitta insofli odam topildi. Shoir ekan. Guvohlikka chaqirmaslikka ming marta qasam ichirib, keyin bir mashinaning nomerini aytdi. Kerak bo‘ladi, deb yondaftariga yozib qo‘yibdi. Aytgisi keladi-yu, qo‘rqadi — u ko‘krak cho‘ntagidan bir parcha qog‘oz olib Solievga uzatdi. Mayor qog‘ozga ko‘z yugurtirdi-yu, betoqat qarab turgan Zohidga uzatdi.
— Yana o‘sha taksoparkmi? — dedi Zohid ajablanib. — Nima, bu tasodifmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:00:01

Soliev «bilmayman» deganday yelkasini qisib qo‘ydi.
— Ikkidan biri: yo tasodif, yo kimningdir befahmligi.
— Yoki, — dedi Soliev, — bizni kimdir mayna qilmoqchi, laqillatmoqchi. Shu uchinchisi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Raqibni hech qachon befahm deb o‘ylamanglar. Agar shunday o‘ylasanglar, o‘zlaring kaltafahm bo‘lib qolasanlar. Taksoparkka bormagandirsan?
— Qarang, shu ishga kelganda fahmim uzunlik qilib, bordim, — dedi Hamdam kesatib. Haydovchi Sayfi Turdiev. Uch kunga ruxsat olib Uchariqqa ketibdi. Ukasi qamoqda ekan. Ertaga ishga chiqadi.
— Ertagacha Uchariq bilan bog‘lana olamizmi? — deb so‘radi Zohid mayor Solievdan. U mayorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish buyuraverishdan andisha qilib, ba’zan shunday savol bilan murojaat etardi. Soliev bu ishning muhimligini bilgani uchun telefon go‘shagini ko‘tarib, kerakli bo‘lim bilan suhbatlashib topshiriq berdi.
— Bugun kun isidi, — dedi Hamdam yelpinib. — Prokuror desa, savlatingdan eshak hurkadi-yu, xonangga bitta konditsioner qo‘ydirsang bo‘lmaydimi? O‘rtoq mayor, siz telefonda gaplashguningizcha men kaltafahmlik davosini o‘ylab topdim. Aytaymi?
— Ayt, — dedi Soliev kulimsirab, — piching darsidan bahoing a’lo, qani gapir-chi, uzunfahm.
— Do‘xtir yozib bergan zo‘r dori bor. Nomi «Vitamin-P». Uni topish uchun hozir shogirdingiz navbatchi mashinani chaqiradi. Ikki soatga «maxsus topshiriq» bilan bir joyga borib kelamiz. Qayoqqa, deb so‘ramaysanmi, prokuror?

Qayd etilgan