Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar.
— Otalar, xafa bo‘lmaysizlar, bir gap aytay?
— Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib o‘tiring, xo‘bmi, qani, Sotvoldi, tur.
— To‘xta, hovliqmasang-chi, gaplari bo‘lsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali tog‘angiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni.
— Aytmoqchimanki... chiqimini to‘laymiz.
— Astag‘firulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a? Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb o‘yladingiz?
Hayitali gapira-gapira so‘ridan tushib, kavshini oyog‘iga ildi. Sotvoldi oqsoqol unga ergashdi. Zelixon uchinchi piyoladagi choyni ichishga ulgurmay Hayitali oqsoqol ko‘rindi. U choyxona sari emas, mashinaga qarab yurdi. Ahadbeyga qarab: «Endi bandalik-da, inim, xudo sabr bersin», dedi-da, haydovchi yoniga o‘tirdi. «Qani haydang inim», deb yo‘l ko‘rsatdi. Zelixon yugurib kelib joyidan jilayotgan mashinaga chiqib oldi.
Mashina bir uy qarshisida to‘xtadi. Bu yerda bir necha odam to‘planib turgan edi. Zelixon ham, Ahadbey ham bu uy Hayitali oqsoqolniki ekanini keyinroq bilishdi. Mayitni uyga olishgach, Hayitali Ahadbeyga yaqinlashdi.
— Inim, otangizning birodarlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ingiz bordir, a?
— Bor, — dedi Zelixon o‘rtog‘i uchun javob berib. — Adirda qolishgan.
— Nimaga qolishdi? Nimaga kelishovurmadi?
Zelixon ham Ahadbey ham bu savolga javob berolmay ko‘zlarini olib qochishdi. Hayitali ham savoliga javobni talab qilmadi.