Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264124 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 54 B


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:00:22

— So‘ramayman, gapingizdan qitmirlikning hidi kelib turibdi.
— Qitmirlik emas. Hali bu taklifim moydek yoqib, menga rahmat, akaxon, ham deysan. Xullas, gap shuki, sen mashina chaqirasan, biz o‘tiramiz, keyin anhor bo‘yidagi o‘zing bilgan pivoxonaga boramiz. Sen bitta, men ikkita pivo ichamiz. Jaz-buz deganday, a?
    Zohid Hamdamning maqsadini anglab, jilmaydi. U anhor sohilidagi ko‘rimsiz pivoxonani bilardi. Hamdam «bu pivoxona emas, mish-mishxona, har qanday axborot shu yerga oqib kelib, jamlanadi», derdi. Hamdam pivoxona xo‘jayini bilan o‘zaro og‘zaki shartnoma tuzib olgan edi. Bu shartnomaga muvofiq Hamdam uni nazoratchilardan himoya qilardi, u esa barcha mish-mishlarni oqizmay-tomizmay Hamdamga yetkazardi. Ham tijorat, ham siyosat, deganlariday, Hamdam ham bo‘layotgan yoki sodir bo‘lishi kutilayotgan voqealardan ogoh etilardi, ham baqaloqning ziyofatidan huzur topar edi. Aynan shu mish-mishxonadagi gaplar unga ba’zan chigal masalalarni yechishga yordam berardi. Zohid buni bilgani uchun ham jilmayib:
— Rahmat, akaxon, — dedi, so‘ng Solievga yuzlandi. — Maqsud aka, bu topshiriqni bajarmasak bo‘lmaydi. Fahmni charhlab kelaylik.
    Bir necha daqiqadan so‘ng uchchovlari mashinaga o‘tirib, eski shahar tomon yurdilar. Bozordan o‘tganlaridan so‘ng yo‘l bo‘yida ikki-uchta g‘isht ustiga qo‘yilgan bo‘sh pivo idishlari ko‘rindi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:00:47

— Ko‘cha harakatining yangi belgilari, — dedi Zohid kulib.
— Militsiyada endi ish boshlaganimda ustozim bo‘lardi, urushda jang qilgan, halol inson edi, — dedi Soliev. — Ammo xayolparastroq edi, bechora. O‘sha odam, hademay to‘qchilik boshlanib, jinoyat kamayadi, derdi. To‘qchilik ham boshlandi, erkinlikni ham berib yuborishdi. Mana ahvol.  Xohla molingni sot, xohla o‘zingni sot. Pul topib o‘zingni xursand qilsang bo‘ldi.
    Mayorning gaplarini eshitib kelayotgan Hamdam bir shumlikni o‘ylab mashinani to‘xtatdi. Pastga tushib yo‘l yoqasidagi bo‘sh shishalarni bir chekkadan yig‘ishtira boshladi. Tol soyasidagi pivoli shishalarni olayotganida sal narida turgan xotin «hay-hay»lab yugurib keldi.
— Hoy, baloyi nafs, nima qilobsan?
— Musodara qilyapman.
— Kimsan o‘zing, musodara qilasan?
— Melisaman.
— Ko‘rsat qog‘ozingni.
— Ana, — dedi Hamdam mashinani ko‘rsatib.
— Bunaqa moshin Haydar jinnida ham bor.
— Qani yur, bo‘lmasa. Moshinga o‘tir, Haydar jinnini melisada aytasan.
— Ha, baloyi nafs, pivoni qo‘y joyiga. Haqqingni beray. Shune sotmasam bolalarem och.
— Bolang hozir och emas, yolg‘on gapirma. Hozir olib borib qamayman, keyin och qoladi.
— Hay, hay, sovuq gap gapirma, bacham. O‘rtog‘ung durust bacha ekan, sen nodurust ish qilma.
— Qaysi o‘rtog‘im?
— Doniyor-da. Ertalab kelade, haqqini olade, ketade. Qamayman, demayde, senga ham berayinme?

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:01:10

— Doniyorni ham qamayman, — dedi Hamdam jiddiy tusda. Ayol: «Doniyorni qamasa kattaroq kishi ekan», deb o‘ylab, dovdiradi. Hamdam Doniyor degan yigitni tanirdi. Unga ham bir qitmirlik qilib qo‘ygisi kelib ayolga qat’iy tarzda buyurdi: — Xo‘-o‘sh, buguncha seni qamamayman. Shu ko‘chadagi hamma chayqovchilarga aytib chiqasan: agar shu ishni yig‘ishtirmasalaring, Sibirga olib borib qamayman. Doniyorga ham ayt, general kelib seni so‘kdi, deb ayt.
— Ibi, siz ginrolmi?
— Ishonmaysanmi? Qog‘ozimni ko‘rsataymi?
— Ishondim, o‘rtoq ginrol. Hammasi yest bo‘lade. Uyda xaladiynada muzdagi bor, olib chiqaymi? Sizga tekun.
— Pora bermoqchimisan?
— Pora emas, bolangdan aylanay ginrol. Yordamchilaringiz ichsun, duo qilsunlar.
— Sen buyurgan ishimni bajar. Mashinaning no‘merini ko‘rdingmi? Yodlab ol, Doniyor so‘raydi. — Hamdam shunday deb yukxonasi eshigini yopdi-da, mashinaga o‘tirdi. Ayol: «Bu rostdan ginrol bo‘lsa, nima uchun shisha yig‘ishtirib yuribdi», deb o‘ylamadi ham.
Mashina yurgach, Hamdam qilgan ishidan zavqlanib, xaxolab kuldi.
— Doniyorni taniysan, a? Anavi yumshoq supurgi-chi? Bularni soqqani kelganida xotindan bu gaplarni eshitadi. General kim ekan, deb boshi qotadi. Mashina nomerini bilgach, prokuraturadan kim kelibdi, deb paytavasiga qurt tushadi.
    Zohidga ham, mayorga ham Hamdamning bu shumligi ma’qul kelib, kulimsirab qo‘yishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:02:12

    Anhor sohilidagi pivoxona bo‘sh, ko‘ylagi tugmachalarini yechib, yelkasiga kirlangan sochiq tashlab olgan xo‘jayin hisob-kitob bilan band edi. Yo‘l chetida to‘xtagan «Volga»ni, undan tushayotgan Hamdamni ko‘rib, irg‘ib o‘rnidan turdi-da, yo‘l-yo‘lakay ko‘ylagi tugmalarini solib ularga peshvoz chiqdi.
— Hisob-kitob qalay, qurug‘idan tushib turibdimi? — dedi Hamdam u bilan so‘rashib.
— Ha endi, sizlar bor, hisob ham qoyili maqom-da.
— Hisobing biz bilan emas, lo‘lilar bilan bitadi. Lo‘lilar pivofurushlikni o‘rganganlaridan beri yayrab qolding, a?
— Ha endi, akaxon, tirikchilik, o‘zingiz bilasiz. Joyni qaerga qilay?
— Shu so‘raydigan gapmi? Mana bu yigitni taniysan, a?
— Ha. Akaxon, kamnamo?
— Bu hozir prokurorlarning kattasi bo‘lib ketgan. Mashinasini ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim, qoyili maqom. Muborak bo‘lsin, akaxon.
— Bu kishi shu prokurorning ustozi. Bilding, a, shunga qarab muomala qilaver.
— Muomalaning zo‘ri bizda-da. Chexnikidan olib qo‘yibman.
Ular pivoxonaning orqa tomoniga o‘tishdi. Xo‘jayin baqaloq bo‘lgani bilan chaqqon edi.
— Akaxon, kallangiz g‘ij-g‘ij aql-da. Kelib juda yaxshi qilibsizlar. Issiqni qarang, yamlamay yutaman, deydi. Bugun qirqdan oshar, a?
— Shu ham issiqmi? — dedi Hamdam. — Ellik bo‘lganda edi, suyaklarga sal issiq o‘tardi.
— Gapni ham olasiz, a? — deb qorinlarini selkillatib kuldi xo‘jayin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:02:53

— Biz yuz darajada qaynaydigan odamlarmiz. Qirqing nima ekan.
— Gapni ham ezvordingiz.
— O‘zing yetmish olti bo‘lib olibsan shekilli?
— Ha endi, akaxon, kecha ko‘payib ketgan ekan. Qultomitsindan sabuhiy aylamasak bosh og‘riq bosilmaydi.
— Eshitdingizmi? — dedi Hamdam mayorga qarab. — Poxmelni «sabuhiy» deydilar, bu akam. Odamlarning issig‘i o‘ttiz olti bo‘lsa, bu akaxonniki hamisha yetmish olti. Aroqdagi qirq darajani qo‘shib yuradilar. — Hamdam uning qorniga qo‘lini bigiz qildi. — Bu qorin emas, restoranning  ombori.
    Soliev bu hazildan kulib qo‘yib, pivoxona xo‘jayiniga zimdan nazar tashlab qo‘ydi.
Muzdek pivodan ichishayotganda xo‘jayin g‘oyib bo‘ldi. Dam o‘tmay ikkitadan non orasiga qo‘yilgan kabobni ko‘tarib keldi.
— Shuni tamaddi qilib turinglar. Dimlamani ham boplab qo‘ydim. — U shunday deb iziga qaytmoqchi edi, Hamdam to‘xtatdi:
— Yangiliklardan gapir.
— Yangilik uncha yo‘g‘am. Kecha to‘qqizinchi qavatdagi bitta juvon o‘zini tashlabdi. Avval o‘zini osmoqchi bo‘lgan ekan. Sal esi og‘ibroq qolgan ekan, deyishdi. Eri...
— Xo‘p, buni bilaman.
— Boshqa gap yo‘q, bo‘lmasam.
— Bordir, eslab ko‘r. Bitta odamni osib, yoqib yuborishibdi-ku?
— E, umi?.. — Xo‘jayin sal dovdirab Solievga xavotir bilan qarab qo‘ydi.
— Gapiraver, — dedi Hamdam uning xavotirini sezib. — Seni so‘roq qilgani kelishgani yo‘q. Dimlamangni maqtab olib kelganman bularni. Xo‘sh, odamlar nima deyishyapti?
— Ha, endi odamlarni bilasiz-ku?
— Gapni yamlama.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:03:25

Xo‘jayin gapimni birov eshitib qolmasin, deganday qaddini sal egib, pastroq ovozda dedi:
— Asadbekning odamini o‘ldirib ketishganmish. Asadbek uni o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rarkan. Shuning uchun o‘zining uyidan chiqarishibdi.
— Bunisi yolg‘on, — dedi Hamdam. — Sherigining uyidan chiqarishgan.
— Eshitganimni aytdim, o‘zimdan qo‘shmadim.
— Xo‘p, kim o‘ldiribdi?
— Biri u deydi, biri bu deydi.
— «U», «bu»ning oti bormi?
— Hosilboyvachchaning Shomil degan yigiti bor ekan, o‘shaning ishi deyishyapti. Yana bittasi Moysyanmidi... o‘shaning odamlari ham chatoq emish-da. Asadbek bilan vinzavodni talashishayotgan ekan.
— Yana?
— Bo‘ldi.
— Bu dimlamangni xom pishiribsan. Gaplaringga besh ketmadim. Bor, ovqatga qara. Ha, shopirning qornini to‘yg‘az. Yukxonada shishalar bor, lo‘li xotinlaring berib yuborishdi. Senga duoyi salom, o‘sha. Shuning hisobiga shopirga ham ber pivongdan, uyiga borganida ichar. Bilib qo‘y, o‘sha odamni Asadbekning o‘zi o‘ldirtirgan. Yana birovga gullab qo‘yma.
Xo‘jayin uzoqlashgach, Zohid Hamdamga norozi qiyofada boqdi.
— Nega unday dedingiz? Gullab qo‘yma, deganingiz bilan bugunoq olamga yoyar?
— Menga shunisi kerak-da. Shu gap Asadbekka yetib borsin. Buni asp yurish deydilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:03:54

2

    Anvar Elchinni yo‘qlab kelganida chindan ham xush kayfiyatda edi. U bir necha yildan beri ruhiyatdagi o‘zgarishlarni kuzatib, bu kun kayfiyati yaxshi yo yomon bo‘lishini tongdayoq sezadigan bo‘lib qolgan. Mana shu sezgi ruhiga o‘zi xo‘jayin emasligini anglatgan. Ba’zan sababsiz holda ko‘ngli ravshanlashib ketadi. Ba’zan esa g‘ashlanadi. Birov uni urishmaydi, so‘kmaydi. Lekin ko‘ngli g‘ashlanib yuraveradi.
Bu tun uyqusi yaxshi bo‘lmasa ham tetik holda uyg‘ondi. Nonushta payti choy uzatayotgan xotini shiringina jilmayib qo‘ydi. Mana shu jilmayish unga yoqib ketdi, tuyg‘ularini qitiqlab uyg‘otdi. Onasi bo‘lmaganida shartta turib, bag‘riga olishi tayin edi. Onasi ham nonushta payti nasihatlarini, hasratlarini unutib, Xonzoda keliniga yoshligidagi ajib voqealarni so‘zlardi. Ishga otlanish chog‘ida xotini yana bir jilmayish bilan ko‘ngliga navbatdagi chiroqni yoqdi. Bu safar jilmaygani uchun eridan mukofotini oldi.
— Nimaga ertalabdan jilmayib qolding? — dedi Anvar uni bag‘ridan bo‘shatib.
— Jilmayib bo‘lmaydimi, xo‘mrayib yurayinmi?
— Endi aytaman-da. Bekorga jilmaymassan?
— Bekorga emas, haqqini oldim-ku?
Bu nozli gapdan so‘ng bir jilmayishning haqqi ikki hissa tarzida taqdirlandi.
— Oyim aytdilar, eringizga ertalabdan jilmaysangiz, uyingizga farishta kiradi, dedilar.
— Yaxshi gap ekan. Oldinroq aytmaydilarmi shu gapni.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:04:27

    Anvar kuzatgan: yaxshi kayfiyat bilan uydan chiqsa, avtobus ham darrov kela qoladi, odam ko‘p bo‘lmaydi, eng qizig‘i — faqat chiroyli qiz-juvonlarni uchratib, ko‘ngli yayraydi. Aksincha, dili xufton tarzda chiqsa, avtobusni uzoq kutadi, odam ko‘p bo‘ladi, xunuk qiz-juvonlarni ko‘rib, g‘ashi keladi.
    Bugun malohatli qiz-juvonlarni ko‘rish nasib etgan kun edi. Avtobusda, xuddi atayin uyushtirganday, bittagina joy bo‘sh edi. Anvar go‘zalligini ta’rif etmoqqa so‘z ojiz bir qiz ro‘parasiga o‘tirdi. Qarab qizni hijolat qilmay desa ham, ko‘zi qurg‘ur bo‘ysunmadi. Qiz bunday suqli qarashlarga ko‘nikkan yoki bezib ketganmi, beparvo holda deraza osha ko‘chaga ko‘z tikkan edi. Anvar beixtiyor ravishda:
Labing malohati g‘avg‘o qo‘pordi olamdin,
Shakarni bo‘yla kishi qayda ko‘rdi sho‘rangiz, —
deb yuborgisi keldi-yu o‘zini tutdi. Manziliga yetganida uni birov bo‘ynidan bo‘g‘ib tushirganday bo‘ldi. Avtobus izini ko‘zlari bilan o‘pdi — chunki unda malohat sohibasi bor edi. O‘pa turib alam qildi: sen ham odammisan, deb bir qarab qo‘ymadi-ya!
Institutga kiraverishda to‘rxalta ko‘targan o‘rta yosh kishi uni to‘xtatdi:
— Jiyan, shu yerda ishlaysizmi? — deb so‘radi u.
— Ha, — dedi Anvar unga salom berib.
— Menga bir odam kerak. Xolidiy degan olim. Shu yerda ishlar ekan?
Anvar bu nomni eshitib unga zimdan ko‘z yugurtirdi. Ko‘rinishidan kambag‘algina, soddagina kishi. To‘rxaltada ikkita kitob. Belboqqa o‘ralgan narsa non bo‘lsa kerak. Shimlari g‘ijim. Poezdda shu holda yetgandir. Yuvilaverib holdan toygan ko‘ylak yoqasining uchlari shoyigulning barglariga o‘xshab buralib qolgan. «Qarindoshiga o‘xshamaydi. Qiziq, nimaga kerak ekan?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:04:54

— Xolidiy domlangiz hali kelmagandirlar. Ish vaqti bo‘lgani yo‘q.
— Choy-poy ichib kelsammikin? Ikki soatdan beri shu yerdaman. Poezddan tushib to‘g‘ri kelavergan edim.
— Ie, shunaqami, yuring, bo‘lmasa, choy-poyni birga ichamiz.
U «qanday bo‘larkin?» deb istiholaga borib o‘tirmay, Anvarga ergashdi. Anvar xonaga kirib choy qo‘ydi. U kishi to‘rxaltadan belbog‘ni olib, ochdi. Bitta non, uch-to‘rt qant-qursni o‘rtaga qo‘ydi. Nonni sindirdi-da:
— Oling, jiyan, mozorbosdi, — dedi.
Choy ichayotgan mahalda Anvar so‘ramasa ham, o‘zi muddaoga ko‘chdi:
— Men maktabda tarixdan dars beraman. Uch-to‘rt kun burun bitta kitobcha qo‘limga tushib qoldi. Chiqqaniga ancha bo‘lgan ekan. Mana, — u to‘rxaltadan kitobchani olib Anvarga uzatdi. — «Qishloqlarda Sovet hokimiyatini mustahkamlashda partiya yacheykalarining ro‘li» ekan.
— Bilaman, ko‘rganman, — dedi Anvar, kitobni qo‘lga ham olmay.
— Bilmaysiz, jiyan, — dedi mehmon kitobni varaqlab. — Kitob asosan Shoto‘ra, Sultonobod, Mushtketdi qishloqlari misolida yozilgan. Bitta gapi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
— Unchalik emasdir, — dedi Anvar. — Shu ishi uchun bu odamga fan do‘kto‘ri degan ilmiy unvon berilgan.
— E balo berilmaydimi, menga desa! Yolg‘on gaplar yozilgan deyapman-ku, sizga! O‘n yetti-o‘n sakkizinchi yillarda bu qishloqlarda partiyaning urvog‘i ham bo‘lmagan. Partiya nimaligini bilishmagan. Hamzaning «Farg‘ona fojiasi» degan asarini eshitganmisiz? Faqat o‘qiganman, deb yolg‘on gapirmang.

Qayd etilgan


AbdurRohman  26 Oktyabr 2007, 18:05:20

— O‘qiganman, desam nega yolg‘on bo‘ladi?
— Ana ko‘rdingizmi, siz ham buning tarixini bilmaysiz. Bu asarning nomigina qolgan, xolos. CheKa uni o‘sha yillariyoq yo‘q qilib yuborgan. Bu asarda Hamza dashnoqlarning yovuzligini tasvirlagan ekan. Tomoshani Toshkentda bir martagina ko‘rsatishgan. Ikkinchisida CheKa bosgan. Keyin Turkkomissiya Farg‘onani tekshirib, Hamzani haq deb topgan. Dashnoqlarga chora ko‘rganday bo‘lishgan. Ana o‘shandan keyingina mahalliy millatdan partiyaga olish kerak, degan masala ko‘tarilgan. Birinchi bolshevik paydo bo‘lganda bosmachilarni qirib bitirishgan edi. Xolidiy deganingiz tarixchimi o‘zi?
— O‘, nimasini aytasiz, tarixchi bo‘lganda ham zo‘rlaridan.
— E, o‘rgildim.
— Choyni ichib bo‘lganga o‘xshaysiz, a? Men sizni bir xonaga kuzatib qo‘ysam. O‘lmas Akrom degan bir yigit shu dargohning xo‘jayini. «Menga Xolidiy domla keraklar, kitoblarini o‘qib, atay yo‘qlab keldim», deysiz. Boshqa gapni aytmay turasiz. Xolidiyni darrov chaqirtiradi. Ana undan keyin aytasiz.
    Anvar shunday deb uni qabulxonaga boshladi. Kotibaga mehmonni tanishtirgach, iziga qaytdi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng sodir bo‘lajak voqeani ko‘z oldiga keltirib o‘zicha jilmayib qo‘ydi: ...avvaliga O‘lmas Akrom ham, Xolidiy ham quvonadi. Kitobimni o‘qib, ziyorat qilgani kelibdi, deb taltayadi. So‘ng... tarix o‘qituvchisidan eshitadiganini eshitib, yetti qavat terisi shilinib tushadi. O‘lmas tarix o‘qituvchisini «izzat-ikrom bilan» ko‘chaga qadar kuzatib qo‘yadi. So‘ng kotibadan mehmonni kim boshlab kelganini so‘raydi...
    Ko‘p o‘tmay hamxonalari kelishdi. «Eng kichik ilmiy xodim» Anvar bilan salomlashib, hol-ahvol so‘ragach, kitob varaqlashga tushdi. «E g‘ofil banda, — deb o‘yladi Anvar, — tarix ilmini suvdek ichib yuborsang ham, Xolidiyga mute bo‘lish ilmini egallamasang, shu holda qog‘oz titib umringni o‘tkazasan. Sen ishga vaqtida kelding. Ahmoq bo‘lib joyingda o‘tiribsan. Boshqalarga qara, dahlizda turishibdi. Ustozga salom berish uchun uning yo‘lini poylashyapti. Ular tarixni titgani emas, ustozlarini ziyorat qilgani kelishadi. Sen ahmoq esa, ziyorat qilishga bo‘yning yor bermagani uchun kichik  ilmiy xodim maoshi bilan pensiyaga chiqasan. O‘lganingda miyangni ochib qarashsa, g‘ij-g‘ij aqlni ko‘rishadi. Akademik bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Sen esa kichik ilmiy xodimsan. Afsuski, aqlni tiriklikda ham, o‘lgandan keyin ham ko‘rib bo‘lmaydi...»

Qayd etilgan