Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282599 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:01:17

Kesakpolvonning mo‘ljalicha Xumkalla tabibni bu yerga yarim soatdan keyin boshlab kelishi mumkin edi. Shu bois ishning «beliga tepmay», yakunlanishini kuzatmoqchi bo‘ldi. «Qozi»ga yaqin o‘tirgan, kiyimlari yirtilib, qovog‘i ko‘kargan yigitga qarab, «aybdor» shu ekanini fahmladi. Turli yoshlardagi to‘rt kishining tashqi ko‘rinishlaridan musofir ekanliklarini anglamoq mumkin edi. Da’vogarlarning yoshi ulug‘rog‘i eshikdan kirib kelgan ko‘rimsiz gavdali, eti ustixoniga yopishgan, qaldirg‘och mo‘ylovli Kesakpolvonga bir qarab oldi-yu, «e’tibor berishga arzigulik odam emasga o‘xshaydi», debmi yana «qozi»ga o‘girilib, gapini davom ettirdi:
— Yoshulli, bu mang‘layi qora pulimizni, poezd pattasining haqini ham to‘lashi kerak. Siz undirib bering, yoshulli, biz sizni injitmaymiz.
— Bekorlarni aytibsiz, bir tiyin ham bermayman, — dedi qovog‘i ko‘kargan yigit, o‘jarlik bilan.
— Bermasang, teringni shilib olaman, mang‘layi qora! — deb baqirdi da’vogar.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:01:39

«Qozi» ularni tinchitish uchun stolni mushtladi:
— Ovozlaringni o‘chir! Men so‘rayman, sen esa javob berasan, — deb javobgarga qaradi: — Demak, dispetcherning xonasida choy ichib chiqdingmi?
— Ha, aytdim-ku?
— Javob ber, mahmadanalik qilma.
Bu savolga yaqinginada javob qaytargan yigit Kesakpolvon uchun so‘roq atayin takrorlanayotganini fahmlamadi. Aksincha, qayta so‘roq zamirida bir shumlik yotibdimikin, deb xavotirlanib, dovdiragan holda javob berdi:
— Tramvayim chet yo‘lda turuvdi. Qarasam, eshiklari ochilib qolibdi. Bular bemalol joylashib o‘tirishibdi. Bir kishi «Shu qarindoshlarimni vokzalga olib borib qo‘yasan, rozi qilishadi», dedi.
— U bizarning qarindosh emas, uni tanimaymiz. U sening hamtovog‘ing, — dedi da’vogar. — Unga yo‘lkirani naqd sanab berdik. U «Tramvaychi oshnam, bir og‘iz aytsam, o‘n besh minutda biron yerda to‘xtatmay g‘ir etib eltib tashlaydi», dedi.
Bu gapni eshitib, javobgar hazin jilmaydi:
— Esi joyidami bularning. Tramvayni to‘xtatmay haydab bo‘larkanmi? Oldindagi tramvaylarning tepasidan uchib o‘tamanmi?
— Chalg‘ima, bo‘ladigan naqd gapni gapir, — dedi «qozi».

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:02:05

— Ishim oxirlab qoluvdi. Pul bersa teshib chiqmaydi, olib borib qo‘ya qolay devdim. Qayrilishga yetganda to‘xtab, pulni berib qo‘yinglar, dedim. Bunaqalar tramvayga chiqqanida mard, manziliga yetganida tirriqlik qilishadi. O‘ylaganimday bo‘ldi: pulni sherigingga berdik, deb g‘irromlik qilishdi. «Mening hech qanaqa sherigim yo‘q», desam ham ishonishmadi. «Agar pulni bermasalaring boshqa yoqqa qarab burvoraman», desam ham ko‘nishmaganidan keyin tramvayni shartta parkka qarab haydadim. Keyin meni do‘pposlab qolishdi. Meni deb poezdlariga kechikishganmish.
— Yoshulli, siz buni emas, meni tinglang! Bu mang‘layi qoraning sherigi bor. Bizar poezdning pattasiga kuydiqmi, bu birmi? Bizar bozordan qoldiqmi, bu ikkimi? Ana shuning jarimasini to‘lasin.
«Qozi» o‘z ishiga puxta bo‘lsa-da, hojasining martabasini izzat qilib «siz buyuring», deganday qaradi. Kesakpolvon uning savol nazarini e’tiborsiz qoldirmay da’vogarni so‘roqqa tutdi:
— Sherigiga qancha pul beruvdilaring?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:02:20

— O‘n so‘m so‘rovdi, ammo uchga rizo bo‘lib edi, — dedi da’vogar unga o‘girilib.
«Bu qanaqa go‘l odam o‘zi, — deb o‘yladi Kesakpolvon. — Shoshib turgan odam ham tramvayni kira qiladimi?»
— Bu xom ish, — dedi Kesakpolvon masalaga yakun yasab. — Pulni kimga bergan bo‘lsalaring, o‘shani topib kellaring.
— Yoshulli, siz haqiqat qilmadingiz, — da’vogar o‘rnidan turib, qo‘lini paxsa qildi: — Biz bularni tanimasak. Shaharni bilmasak...
— O‘tir, — dedi Kesakpolvon, unga o‘qrayib. — Sen menga qo‘lingni paxsa qilma! Onangning uyimas bu. Necha kishilashib urdilaring buni?
— Bizmi?.. Bir-ikki turtdik-da.
— O‘zing ayt, necha kishi urdi seni?
— Yettita edi.
— Bekordan-bekor urganlaring uchun har bir kishi bo‘yniga ikki yuzdan, ja’mi bir ming to‘rt yuz berasanlar.
— Biz beramizmi? — dedi da’vogar ajablanib.
— Oldin milisaga ham borishgan, — dedi «qozi» masalaga aniqlik kiritib. — Guvohlar ham bor...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:02:35

— E, hali shunaqami? Unda hisobga to‘g‘ri qilib, ikki mingni sanab berishsin-u, qoralarini o‘chirishsin. Boshqa gap yo‘q!
— Yoshulli, sizlar adolat qilasizlar, deb eshitgan edik?
— Bu adolat bo‘lmay nima?
— Biz to‘lamaymiz. Milisaga arz qilamiz.
— Milisaga borib ovora bo‘lmaysan. Milisaning o‘zi o‘ligingni olib ketadi, — dedi «qozi» sovuq ohangda. Javobgarning dovdiraganini ko‘rib qo‘shib qo‘ydi: — Uch-to‘rt kundan keyin zovur yoqasida quloq-burunlaringni itlar g‘ajib ketganidan keyin topishadi.
Bu gapni eshitgach da’vogarlar bir-birlariga mo‘ltillab qarab qolishdi. Nazarlarida ularning quloq-burunlarini hozirning o‘zida itlar g‘ajib tashlaganday bo‘lib, etlari seskandi.
— Yoshulli, adolat qiling, — dedi shu paytgacha gapga aralashmayotganlardan biri. — Durust, biz milisaga bormasmiz, bu ag‘ajonga ham da’voyimiz yo‘qtur. Ijozat eting, yurtimizga ketaylik.
— Bu yerda hukm bitta bo‘ladi. Sening da’voying bo‘lmasa, buniki bor. Pulni to‘laysan, tamom! — dedi «qozi».
Kirasolib ishni buzgan qaldirg‘och mo‘ylovli bu kishidan najot tilab mo‘ltillab qaradilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:02:45

— Bizning buncha pulimiz yo‘q, — dedi hozirginada qo‘lini paxsa qilib gapirgan da’vogar.
— Puling bo‘lmasa moling bor. Shaharda qarindoshlaring bor, oshna-og‘aynilaring bor, — dedi Kesakpolvon. — Sen bir soatda pulni olib kelasan. Sheriklaring shu yerda o‘tiradi.
— Lyuks xonamiz bor, — dedi «qozi», — bir soatda kelmasang, har soatiga yana mingdan qo‘shiladi. Soat o‘n ikkigacha yetib kelmasang, sheriklaringdan umidingni uz. O‘zingni ertalab o‘zimiz qidirib topamiz.
Bu gapdan keyin da’vogarlar o‘rinlaridan turib qochishga shaylanishgan edi, orqada turgan yigitlardan bittadan musht yeb, masala uzil-kesil hal bo‘lganini angladilar. Da’vogarlarning uchtasi tashqaridagi hujraga qamalib, bittasi pul topib kelgani ketgach, Kesakpolvon «qozi»ga qarab:
— Buning haqini berib yubor, — dedi.
«Qozi» cho‘ntagidan pul chiqarib sanadi-da, javobgar yigitga uzatdi:
— Omading chopib qoldi, ma, ol, — dedi himmat qilib.
— Kerakmas, pul kerakmas, shulardan qutqarganlaringiz uchun rahmat sizlarga, — dedi yigit puldan ko‘zlarini olmay.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:03:10

— Sening haqing bizga ham kerakmas, — dedi Kesakpolvon. — Olaver, ust-boshingni tuzat. Yigit bo‘lsang, bundan keyin uch so‘mga past ketma.
Hozirgina bir baloga mubtalo bo‘lishdan qo‘rqib o‘tirgan yigit ishonqiramagan holda bir pulga, bir «qozi» ga qarab, qo‘lini cho‘zdi.
— Hech kimga aytmayman, — dedi minnatdor ohangda.
Bu gapdan «qozi»ning ensasi qotdi.
— Xohlasang radioda gapirmaysanmi! Bor jo‘na, qip-qizil to‘nka ekansan-ku?!
Yigit qayta-qayta rahmat aytganicha shoshilib chiqib ketdi.
— Qo‘yib berganingizda bu to‘nkaning yelkasiga ham bir-ikki so‘m ilardim, — dedi «qozi».
— Buning nimasiga ilasan, uch tiyinlik patta sotib kun ko‘radigan bola bo‘lsa. Puli yo‘qligidan uch so‘mni talashib kaltak yeb yuribdi-da. Anavi go‘llarni jazolash kerak. Ikkinchi lallayib yurmaydigan bo‘lishadi. Sen endi yigitlaringni olib tashqarida kut. Bir odam keladi. Hushyor bo‘llaring. Yakkama-yakka gaplashishim kerak.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:03:21

— Dasturxonni yangilaymi?
— Ha. Sal odambashara qilib qo‘y. O‘tirgan joylaring molxonaga o‘xshaydi. Odammisanlar yo molmisanlar?!
Keyingi gapini xuddi Asadbekka o‘xshab aytdi. Tartibni yaxshi ko‘radigan Asadbek duch kelgan joylarda o‘tiravermasdi. Biron-bir choyxonaga borguday bo‘lsa ham irkit ko‘rpachalar, yog‘ tomgan sholchayu dasturxonni ko‘rgach, bir zum qarab turardi-da, so‘ng indamay iziga qaytardi. Kesakpolvonga esa farqi yo‘q edi. Charchagan bo‘lsa, irkit ko‘rpachaga ham yonboshlab olaverardi. Uning hozirgi tanbehi qozi uchun yangilik bo‘lsa-da, «nozikroq odam keladi shekilli», deb o‘ylab, ijroda ikkilanmadi. Bir zumda dasturxon almashtirildi. Patir nonlar, meva-cheva... shunga yarasha ichimlik bilan bezaldi. Xuddi shuni poylab turganday ostonada avval Xumkalla, so‘ng ko‘zlarida hayrat va xavotir zohir bo‘lgan tabib ko‘rindi.
Xumkalla tabibni «bir og‘ir kasal bor, ko‘rib qo‘ying», degan iltimos bilan boshlab kelgan edi. Mashina choyxona hovlisiga kirib to‘xtagach, tabib unga ajablanib qaradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:03:32

— Orqadan yaqin yo‘l bor, u yoqqa moshina o‘tolmaydi,— dedi Xumkalla uning savol nazariga javoban.
Tabib bir nimani sezdi-yu, ammo qaytishga istihola qilib, ergashdi.
Tabib Xumkallani tanirdi, ammo nima ish bilan shug‘ullanishini bilmasdi. Agar birov unga «Shu xumkalla Asadbekning odamlaridan» desa, ishonmay kulgan bo‘lardi. Lekin uning ustidagi kiyim, tagidagi mashina bu odamning anoyilardan emasligini bildirib turardi. Tabib uni kasalxonada bir necha bor ko‘rgan, ammo aytarli e’tibor bermagan edi. Onasini olib ketgach, ikki-uch oy ko‘rinmadi. Keyin kutilmaganda paydo bo‘lib, tuguncha uzatdi-da:
— Oyim sizga atagan ekanlar, — dedi.
— Oyingiz... tuzukmilar? — dedi tabib.
— O‘ldilar. Oxirgi kuni ham sizni duo qildilar.
— Kasalni sal o‘tkazib yuborgan ekansizlar, — dedi tabib o‘zini oqlash maqsadida.
— Oyim «Xudoning xohishi shu», dedilar...
Tugunchada bir joynamoz, ko‘ylak, ozgina pul bor edi...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:03:44

Shundan keyin ham Xumkalla ikki-uch kelib xastalangan tanishlarinikiga olib bordi. Shu bois ham uning bugungi tashrifi tabibda hech qanday shubha uyg‘otmagan edi.
Hojatxona yonidan o‘tayotganida shu tomonga tikilib turgan yigitlarga ko‘zi tushib, xavotiri uyg‘ondi. Ostona hatlab ichkari kirishi bilan ro‘parada o‘tirgan qaldirg‘och mo‘ylovli odam «keling, do‘xtir!» deb qo‘ygach, shu yerda bir balo bo‘lishini fahmlab, oyog‘ida qaltiroq turdi. «Kim bu o‘zi? — deb o‘yladi u. — Bittasi «Hech kimga aytmaysan», deb qasam ichirdi. G‘ilayi kelib «jon kerakmi, qasam kerakmi?» deb kekirdagimni sug‘urib olay dedi. Bunisi qaysi tomon?»
— O‘tiring, do‘xtur, — dedi Kesakpolvon, — kasal ko‘raverib ezilib ketgandirsiz. Sog‘ odamlar bilan ham bi-ir otamlashing, — Kesakpolvon shunday deb Xumkallaga qarab qo‘ygan edi, u asta iziga qaytib, eshikni zichlab yopdi. Tabib o‘tirishi bilan Kesakpolvon qo‘liga piyolani oldi-da:
— Oqidanmi yo qizilidanmi? — deb so‘radi.
— Rahmat, men ichmayman, — dedi tabib.
— Nima balo, so‘fimisiz? Do‘xtir zotining ichmaydigani bo‘lmaydi, — u shunday deb piyolalarga konyak quydi. — Qo‘rqmang, men sizni o‘ldirish maqsadida chaqirmadim.

Qayd etilgan