Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 212428 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:30:55

Siz ranjimang, kinoya qilayotganim yo‘q. Cho‘kayotganimiz aniq. Men sizga bekor qiziqib qolmadim. Sizda ilmiy tahlilga intilishni ko‘rdim. Mana, kechagi xabar: Rusiyada bir manyakni ushlashibdi. O‘n yettita xotinni zo‘rlab, o‘ldirgan. Bu xabar yuzaki qaraganda men uchun ahamiyatli emas. Lekin ikki yil ichida o‘n yetti xotinning qotili izlangan. Uchtasi hatto «topilgan». Ahmoqlikni qarangki, bitta xotinning erini qotil deb gumon qilib, otishga hukm qilishgan, bolalarini yetimxonaga joylashgan. Agar u ahmoqlar ilmga asoslanib ish yuritishganda shunday bo‘larmidi?
— Bizda ahmoqlar yo‘q deysizmi?
— Ha, qoyilman. Hamma gap shunda. Shuning uchun Sunnatullaevning eski «Ish»ini bir ko‘ring dedim. Mening fikrimcha, har bir jinoiy ishning ochilishi — ilmiy ish. Menga qolsa, Sunnatullaevning ishini ochsangiz, shartta «huquqshunoslik fanlari nomzodi» yoki «do‘kto‘ri» unvonini berib yuborardim.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:31:04

— Rahmat, xuddi unvonni olganday bo‘ldim, — dedi Zohid kulimsirab.
— Endi ishimizga taalluqli bir savol: Asadbekka o‘xshaganlar, jinoiy guruhlar nima uchun taltayib ketishdi? Ular oldin pastki qobiqda pisib yurishardi. It qutursa egasini qopadi, deyisharmidi? Ularni nima quturtirdi?
— Buning sabablari ko‘p. Jamiyatning tomir urishiga qarab, sabablarni axtarish kerak.
— Siz bir axtaring. Ungacha mening javobimni eshitib ko‘ring. Jamiyatning kasalini eslaganingiz yaxshi. Asadbeklar paytdan foydalanishdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:31:13

Oshqovoq Gdlyan tepa tomonni sur-sur qilayotganida bular bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldimi? Kadrlar masalasi ko‘tarildimi? Ko‘p joylar bo‘shadimi? Bular o‘sha joylarga o‘zlariga sodiq odamlarini tiqishtira boshlashdimi? O‘rtada pul degan nozanin o‘ynadimi? Bu nozanin bir karashmasi bilan necha jonlarni behalavot qilarkin? Bular hali ham o‘sha-o‘sha zamon deb o‘ylashyapti. Hali ham aytganlarini qonun deb ishonishadi. Bir jihatdan shunday deb o‘ylashlari ham durust. Ilm deganim — rentgenday gap. Biz ularning o‘pka-jigarlarigacha ko‘rib turishimiz shart. Bo‘lmasa kasalning ildizini topa olmaymiz... Ustozim to‘g‘ri aytgan ekanlarmi, qahva aqlni peshlarkanmi? Yana bittadan ichamizmi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:31:24

Zohid piyolani chetga surib, iltifoti uchun Said Qodirovga rahmat aytdi-da, ketishga ijozat so‘radi. U ostona hatlab xonaga kirishida ezgin kayfiyatda edi, chiqishda boshqa holda bo‘ldi. «Gapi boshqa, ishi boshqalarga o‘xshamaydi», deb o‘ziga-o‘zi taskin berdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:31:56

2

Jamshid Sunnatullaevning avvalgi jinoiy ishini o‘rganishni Zohid e’tiborga molik masala deb hisoblagan bo‘lsa-da, bu vazifani bajarishni keyinroqqa qo‘ygan edi. Said Qodirovning huzuridan chiqqach, Jamshid o‘smirlik chog‘ida ishlagan idoraga qarab yurdi. U «Ish» bilan dastlab tanishgan chog‘ida pala-partishlikni, da’vogar qizning tergovdagi gaplari bilan sudda aytganlari orasida mantiqiy bog‘lanish buzilganini aniqlagan bo‘lsa-da, hali unda «Sunnatullaev tuhmat bilan qamalgan ekan-da?» degan fikr uyg‘onmagan edi. Hozir borishidan maqsadi ham tuhmatni fosh etish emas, balki Sunnatullaevning «Ish»iga aniqlik kiritish, Asadbekning to‘dasiga qanday kirib qolganini bilishga intilish edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:32:26

U Jalol Komilovning shaxsini oz bo‘lsa-da, aniqlashtirdi. Jinoyatchilar ko‘chasiga qanday kirganini taxmin qila oldi. Eng muhimi — osilgan odamning Jalol Komilov ekani aniq. Hamdam hatto uning laqabini ham aniqlashtirib berdi — Shilimshiq. Zohid buni eshitishi bilan «Shilimshiq bo‘lsa, o‘ladigan odam ekan-da», deb ham qo‘ydi.
Jamshidning «Ish»i hiyla murakkab, chunki «o‘ldi» degan fikr bilan ko‘milsa-da, aslida tirik bo‘lishi haqiqatga yaqinroq. Komilov bilan Sunnatullaevning bir jihati o‘xshash — ikkoviga ham aza ochilmadi. «Voy, jigare-em!» deydigan odam topilmadi. Axir qarindosh-urug‘lari bor-ku, ular nima uchun jim? Ular yigitlarning nima ish bilan shug‘ullanishganini bilishganmi, bilganlari uchun «O‘lgani yaxshi bo‘libdi», deb qo‘ya qolishganmi? Yo qo‘rqishganmi? Kimdan qo‘rqishadi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:32:39

Kuzning bir oz izg‘irinli, ammo yoqimli shabadasi esib turgan xiyobondan yurib borayotgan Zohid bu haqda avval ham o‘ylagan, avval ham «Kimdan qo‘rqishadi?» degan savol devoriga boshini urib, to‘xtagan edi. U bir narsani idrok qila olmayotgan edi: Komilov ham, Sunnatullaev ham Asadbekning odamlari. Bir xilda o‘ldirildi. Bunday holda Asadbek indamay ketaveradigan latta odammi? «O‘zi o‘ldirtirgan bo‘lsa-chi?» degan taxmin o‘rinsiz. Agar o‘zi o‘limga hukm qilsa, bunday namoyishkorona osib qo‘ymas edi. «Balki boshqalarga o‘rnak bo‘lsin», degandir?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:33:16

Baribir bunday yo‘l tutishi aqldan emas. Zohidni ko‘proq qiynagan savol begona odamning murdasini «Jamshid Sunnatullaev» deb ko‘mishlari. Bu o‘zlarining nayranglarimi yo go‘lliklarimi? «Siz ko‘mgan odam Sunnatullaev emas», desak qidirishadimi? Yo uni o‘zlari yashirishdimi?..
Savollar Zohidning nazarida qavat-qavat qo‘yilgan beton devorga o‘xshardi. Bu devorni yiqish uchun Said Qodirov aytganday «Ilm» deb atalguvchi portlatgich zarur.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:33:27

Zohid xiyobondan o‘tgach, avtobusga chiqdi. Yarim soat deganda Jamshid ishlagan idoraga yetib bordi. Keng dahlizning boshlanishiga qo‘yilgan eski yozuv stoli yonida yoshlari oltmishlardan oshgan ikki kishi choyxo‘rlik qilib o‘tirishardi. Idoraga kirib kelgan begona odamni ko‘rib ikkovlari uni savol nazari bilan qarshiladilar. Zohid odob bilan salom berib ko‘rishgach, ulardan biri choy quyib uzatdi-da:
— Keling, inim, birovni izlayotganga o‘xshaysiz? — dedi.
— Qaerdan bildingiz? — dedi Zohid choy ho‘plab.
— Bilamiz-da, shu yerda o‘tirib rizqimizni terib yeganimizdan keyin kim keldi, kim ketdi, kimning dardi nima — sezib turamiz-da.
— Bu yerda anchadan beri ishlaydiganga o‘xshaysiz, a?
— Oltinchi yil ketyapti. Mamasodiqning bir og‘iz gapi bilan issiq joyimni tashlab kelganman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:33:37

Buning o‘zi yigirma yildan beri shu yerda. Galma-gal turamiz. Hozir ismen almashadigan paytga keldingiz. Ismen bahona ikkita chol valaqlashib olamiz-da.
Zohid choyni ichib bo‘lib piyola uzatgach, maqsadini aytdi:
— Mamasodiq aka, bundan o‘n ikki o‘n uch yil oldin shu idorada Jamshid degan yigitcha ishlagan ekan, eslaysizmi, bir qizni zo‘rlayman, deb qamalib ketgan ekan?
— Jamshidmi? Sunnatvoyning o‘g‘lini aytyapsiz-da, a?
— Ha. Bir qizni...
— Bo‘lmagan gap! Boyaqish mo‘min-qobil bola edi. Otasi ham tilla odam. Hozir yotib qolgan...
— Yosh bola narsaga shayton vasvasa qilgan bo‘lsa, ko‘zi qonga to‘lgan payt sho‘xlik qilgandir, — dedi Mamasodiqning sherigi.
— E, yo‘q, qo‘ysangiz-chi bu gaplarni, — dedi Mamasodiq bosh chayqab. — Siz uni ko‘rmagansiz, bilmaysiz. Shaytonga bo‘yin egadigan bolamas edi. Bu yerda bir tuhmat bo‘ldi chog‘i.

Qayd etilgan