Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282695 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:33:47

— Yosh o‘smirda kimning xusumati bo‘lishi mumkin? Yo otasining dushmanlari bormidi?
— Bunisini bilmayman, uka, siz nima uchun surishtirib qoldingiz?
— Men prokuraturadanman, — Zohid shunday deb hujjatini ko‘rsatdi. — Siz aytganday tuhmat bo‘lishi mumkin. Tuhmatligi aniqlansa, u oqlanadi.
— Ie, haliyam qamoqdami u? — deb ajablandi Mamasodiqning sherigi.
— E, yo‘q, — dedi Mamasodiq, — ikki yilmi uch yilmi o‘tirib chiqdi. Endi oqlashlaringning nima foydasi bor? Onasi bu sharmandalikni ko‘tarolmay o‘lib ketdi. Otasi ishdan bo‘shadi. Issiq joyini sovutdi. Oqibat na o‘likmas, na tirikmas — yotibdi.
— Shunday deysiz-ku... oqlansa... har holda yelkasidagi sharmandalik yuki olib tashlanadi-ku?
— Baribir foydasi yo‘q. Uni oqlab, tuhmat qilganlarni qamash qo‘lingizdan keladimi? Kelmaydi-da. Shuning uchun foydasi yo‘q, dedim.
— Siz tuhmat deyapsiz. O‘sha paytda nima uchun aytmagansiz?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:33:55

— Biz kimmiz, bizning gapimizni birov sariq chaqaga olarmidi? Qorovulning gapini eshitadigan quloq bormi o‘zi? O‘shanda birdan mish-mish tarqaldi. Tergovchi keldi, opa bilan gaplashdi. Opa kimni chaqirsa, o‘sha guvohlik beribdi. O‘sha kuni men ismenda edim, birov bir nima deb so‘ramadi. «Sendan so‘rashni istashmayotibdimi, sen bir faqir odam, lozim bo‘lmagan ishga burningni tiqma», deb jim qolaverdim-da.
— Siz Jamshidning zo‘rlashi mumkinligiga nima uchun ishonmayapsiz?
— E, inim, zo‘rlaydigan bolaning ko‘zi o‘ynab turadi. «G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha arqonini uzmaydi», degan maqolni eshitganmisiz? Jamshidniki emas, o‘sha... hajiqizning ko‘zi o‘ynab turardi. G‘arko‘z edi u. Hozir ham o‘ynab turadi. Uning o‘zi Jamshidga osilib, labini cho‘zib yurardi. Imoratni ko‘rib turibsiz. Shu uchinchi qavatdan o‘zini tashlagan odam tirik qoladimi? Xo‘p, adolat qilmoqchi ekansiz, yuring, ko‘rsatay.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:34:05

Mamasodiq shunday deb o‘rnidan turdi-da, hovli tomon yurdi.
— Ana, osma tik tarnovni ko‘ryapsizmi, deraza yonidan o‘tgan. O‘shanga osilib, manavi tomga tushgan, undan yerga sakrab, dod-voy qilgan. Derazadan tashlagan odam hech bo‘lmasa manavi tomga tushadi, hech bo‘lmasa tunukani pachoq qiladimi?.. Gap shu ukam, adolat qilaman, desangiz, o‘sha hajiqizning bo‘yniga qo‘yib, qamang.
— U hozir qaerda, bilmaysizmi?
— Qaerda bo‘lardi, go‘rga ketadimi, shu yerda. Opaning muovini hozir. Nomi muovini, aslida opa hamma ishni shuning qo‘liga topshirib qo‘ygan. Bu shaytonning urg‘ochisidan hamma bezor.
— Gapingizga qaraganda uni yomon ko‘radiganga o‘xshaysiz.
— Men yomon ko‘rdim nima-yu yaxshi ko‘rdim nima, foyda-zarari yo‘q hech kimga. Men bir qorovul odam bo‘lsam, kelayotganida o‘rnimdan turib salomimni beraman, hushiga kelsa alik oladi, kelmasa yo‘q, alik olmasang onangnikiga, deb qolaveraman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:34:15

Idora xodimlariga achinaman-da. Ba’zan duch kelganni itday qopadi. Yo qudratingdan, bu yalmog‘iz doim chap yoni bilan turadimi, deyman. Huzuriga kirmoqchi bo‘lganlar zirillab turishadi. «Hajiqizning kayfiyati qalay, kirsak bo‘larmikin?» deyishadi.
Zohid tajangroq ko‘ringan Mamasodiqning bu gaplarini eshitib kulimsiradi:
— Unda men ham so‘ray: kayfiyati qalay, hozir kirsam bo‘larmikin?
— Bugun qopadigan kuni. Qo‘rqmasangiz, kiravering.
— Qopsa qopar, do‘xtirga borib qirqta ukol olsam, tuzalib ketarman, quturmasman.
Zohidning hazili Mamasodiqqa ma’qul kelib, jilmaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:34:44

IV   b o b
[/b]

1
[/b]

O‘zining o‘rmoniga sig‘magan bir sher boshqa bir o‘rmonga borib qarasaki, o‘zidan zo‘rrog‘i yo‘q. Shunda u behad quvonib «Men shu o‘rmonning shoh-arsloniman! Hamma qarshimda tiz cho‘ksin!» deb na’ra tortibdi. Bu nodon o‘ylamabdiki, bu o‘rmonning o‘z xo‘jasi — arsloni bordir, u pinakka ketgandir, hademay uyg‘onar, uyg‘onsa ish rasvo bo‘lar...
O‘z ko‘nglicha shaharga yakka hokim bo‘lib olgan Hosilboyvachcha ana shu nodon sher toifasidan edi. Yengil-elpi g‘alabalar bilan shu martabaga yetgan u aqli qosir mutlaq hokimlikka erishmoq uchun bittagina asosiy g‘alaba yetarli deb o‘yladi. Agar u qimorboz bo‘lsa edi, oshig‘i hamisha olchi turishi mumkin emasligini bilardi. U oshiq tepishni yaxshi o‘rganmay turib bor mulkni, hattoki jonni tikdi. Tikdi-yu, Asadbekning oshig‘i olchi turib, u yutqizdi. Agar Hosilboyvachcha din ahlidan, yoinki ularga yaqinlardan bo‘lsa edi, «Iza tavotiru aala ahadikum an nia’mu fal-yabki aala nafsihi fa qod salika g‘ayra tariyqus-solihin»* hikmatining ma’nisini chaqarmidi. Afsuski, u o‘z holiga yig‘lay olmay ketdi.
______________
*M a ‘ n o s i   b u d i r: «Agar birortangizga ne’matlar ketma-ket kelaversa, bas, ul kishi o‘z holig‘a yig‘lasin. Chunki u yaxshi odamlar yo‘lidan yurmayotgan ekan».

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:35:02

Har bir qush qaerga, qanday in qurishni biladi. Buni bilibdimi, demak, yashashdan maqsadi ne ekanini ham anglaydi. Jonzotlar orasida eng onglisi hisoblanuvchi inson vakili bo‘lmish Hosilboyvachcha qush bilgan narsaga fahmi yetmadi. Chumchuq hech qachon burgut uyasini orzu qilmaydi. U esa orzu qildi... Chumchuq bilan burgutning qanoti ham, changali ham har xil bo‘lishini bilmadi...
Asadbek esa bu o‘yinda yutishiga ishonardi. Inson qalbi haqiqatdan, adolat va muruvvatdan o‘z xohishi bilan emas, o‘zi bilgan va bilmagan kuch orqali zo‘rlik bilan uzoqlashadi. Asadbek uni o‘ldirishni istamagan edi. U Hosilboyvachchaning ko‘p qiliqlarini kechirib kelardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:35:12

Ayrim izdihomlarda «Shu bola oxiri to‘qmoq yeydi», deb qo‘yardi, lekin «shu to‘qmoq bilan o‘zim ursam kerak», deb o‘ylamasdi. «Yovni ayagan yara yer, kaltagini sara yer», deb bejiz aytishmagan. Asadbek bu maqolni bilmas edi, ammo u «Senga zulm qilsalar, sen o‘n karra zulm bilan javob qaytar», degan o‘z aqidasiga sodiq holda yashardi. Hosilboyvachchaning zarbidan so‘ng quyosh yuzi to‘silib, sovuq bosh ko‘targani kabi, Asadbekda zulm uyg‘ondi. Afsus shuki, kechroq uyg‘ondi. Asadbek Hosilboyvachchaning zarbaga shaylanayotganini sezgan edi. Qilich Sulaymonovning «Shu ish bahona bo‘lib Asadbekni yo‘qotish kerak. Bu shaharga xo‘jayinlik qilish faqat sizga yarashadi», degan gaplarini yozib olib taqdim etishi yoki Elchinni to‘yda haqoratlashga jur’at etishining o‘ziyoq ogohlantiruvchi zarbalardan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:35:30

Asadbek «Hosilboyvachcha kuchliroq zarba berishga qodir emas», deb yanglishdi.
Asadbekning keyingi kunlardagi ahvolini ko‘rgan Chuvrindi «kasallik xuruj qilyapti», deb xavotirlandi. Asadbek esa kasalini qariyb unutgan, butun fikri-zikri Hosilboyvachchada edi. U ko‘zlarini yumdi deguncha qizi sharmandali holda gavdalanar, bu manzara temir tirnoqlar bilan ruhini ezardi. Uning ingrashlari tan azobidan emas, ruh qiynog‘idan edi.
O‘sha kuni qizi titroq ovozda, «Ada, siz hech kimni o‘ldirmaysiz, ularni o‘zim o‘ldiraman», deganida zimiston ko‘ngliga bir yorug‘lik mo‘raladi. Ehtimol, qaysi bir ota shunday fojiaga ro‘para bo‘lsa-yu, qizi qasos istagida shunday desa, balki «Mayli, qizim, o‘ch ol!» der. Lekin gap shundaki, u «qaysi bir ota» emas. U — ASADBEK!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:35:43

U erkak bilan ayolning vazifalarini ajrata oladi. O‘lar holida ham bu ishni qiziga qoldirmaydi. Agar o‘g‘illari shu yerda bo‘lishganida, shubhasiz, ular singillarining toptalgan nomusi haqqi qasos olishga otlanishardi. Ammo o‘shanda ham Asadbek ularning yo‘lini to‘sgan bo‘lardi. Chunki farzandlarini yovuz shamoldan asray olmagan ota kabi u o‘zidan-o‘zi nafratlanardi. Eng muhimi — Zaynab nomusi bir vosita, shu orqali o‘zining nomusi bulg‘anganini yaxshi idrok etadi. Agar o‘z nomusi uchun qasos olishga qurbi yetmasa, erkakman, deyishni xayf sanaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:40:41

U mag‘rur yashadi. O‘layotganida ham mag‘rur tarzda o‘lishni istadi. «Qasossiz ketsam, yotqizib ko‘ma olmaysan, go‘rimda tik turaman» degani shunchaki oddiy gap emas, qalb nidosi edi.
U ota hovlisiga qadam bosganida holsiz edi. Chuvrindi buni kasallik hukmi deb o‘yladi. Reja amalga oshgach, Asadbek uydan bitta-bitta bosib chiqib keldi. U endi bir necha soat ilgarigi holsiz odam emas, qaddini mag‘rur tutuvchi Asadbek edi.


Qayd etilgan