Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282609 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:41:02

2
[/b]

Biri kam dunyo, deb shunga aytadilar.
Mo‘ljaldagi ishni o‘ylab-o‘ylab obdon pishitasan. Nimadan boshlab, nimadan tugatishgacha belgilab olasan. To‘siq bo‘luvchi yo xalal beruvchi, yoyinki o‘ylaganingni chippakka chiqarib yuborishi mumkin bo‘lgan yuz (balki ming) tasodiflarni hisobga olasan. Yo‘lingda o‘sha hisobga olganing yuz (balki ming) tasodif emas, yetti uxlab tushingga kirmagan yuz (balki ming) birinchi tasodif qad rostlaydi. Bu tasodif to‘sig‘ini yanchib yo aylanib, yoyinki oshib o‘tishni bilmay garang bo‘lib turganingda mo‘ljalingdagi ishingdan latta hidi kelib qoladi.
Qaddini mag‘rur tutib, o‘ljalari yoniga yaqinlashayotgan Asadbekni o‘sha yuz (balki ming) birinchi tasodif kutardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:41:52

Uning rejasi oddiy: bir o‘q bilan ikki quyonni urmoq edi. Asadbek Hosilboyvachchaning G‘ilaysiz kelmasligini bilardi. O‘q ovozini eshitgan G‘ilayning hovliga otilib kirishini ham hisobga olgan, shu sababli ham Chuvrindiga izma-iz kelishni tayinlagan edi. G‘ilayning pistirmada turganiga amin bo‘lgani uchun ham to‘pponchani Elchinga berdi. Elchin dovdirab, nima bo‘layotganini anglab yetgunicha G‘ilay uni daf qilishi, so‘ng o‘zi ham shu yerga behush cho‘zilishi lozim edi. Dastlabki reja bo‘yicha Shomil ham jon berishi kerak edi. Asadbek arqonni uzun tashlab, bu ishga Xongireyning ham aralashishi mumkinligini hisobga olib, unga omonlik berishni lozim topdi. Vazifa bir oz yengillashdi, ayni choqda chigallashdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:42:13

O‘ljasiga yaqinlashayotgan Asadbek o‘z xayolicha qurgan qasos imoratining bir tomoni o‘pirilayotganidan bexabar edi. U «ikki mal’unning oqqan qonini ko‘rib, ko‘nglim taskin topar, qalbni burab azob berayotgan ombur kuchdan qolar», deb o‘ylab adashgan edi.
O‘qlar zarbidan chalqanchasiga yiqilgan Hosilboyvachcha bulutli osmonga tikilib, najot kutayotganday edi. U tirikligida ham ko‘zlarini chaqchaytirguvchi edi. Asadbek shu chaqchaygan ko‘zlarni dastlab ko‘rganidayoq yoqtirmay, to‘daga qo‘shmagandi. Hozir ham unga qarab battar g‘ashlandi. Elchinning qo‘lidan to‘pponchani olib ikki o‘q bilan bu chaqchaygan ko‘zlarni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Engashib, kuyovi changalidan to‘pponchani olmoqchi bo‘lganida Elchin ingradi. Bu ovozni eshitib, Chuvrindiga «O‘lmabdi-ku?» degan savol nazari bilan qaradi. G‘ilayning qo‘lidan to‘pponchani olishga ulgurgan Chuvrindi «otaymi?» deganday shaylandi. Uchinchi o‘q otilmay turib G‘ilayga zarba bergani uchun u o‘zini aybdor his qilib, xatosini to‘g‘rilamoqchi bo‘ldi. Ana shunda Asadbek bir qalqib ketdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:42:23

Kuyovini o‘limga hukm qilganida diydasi qattiq edi. Uning qat’iy fikricha, Elchinga bundan bo‘lak mukofot bo‘lishi mumkin emas edi. U «Elchinning yuragi ko‘pdan beri bir-ikki o‘qni sog‘inib qolgan», deb o‘ylardi. Aslida Elchinning yuragi Zaynab o‘g‘irlangan kunlariyoq qo‘rg‘oshin o‘qlarni yutib, tepishdan to‘xtashi lozim edi. Zaynabning keyingi taqdiri, sharmandalik chodiriga o‘ralishining sababchisi ham Asadbek nazarida Elchin edi.
Asadbekning qo‘lqop kiyib olganiga Elchin ajablangandi. Holbuki, qo‘l sovqotadigan darajada ayoz tushmagan edi. Elchin to‘pponchada barmoq izlari qolmasligi uchun qo‘lqop kiyilganini, to‘pponchada Hosilboyvachchaning qotili emas, balki o‘zining barmoq izlari qolajagini qaerdan bilsin? Hosilboyvachchaga o‘q uzgan to‘pponcha Elchinda, Shomilniki esa Hosilboyvachcha qo‘lida bo‘lgach, milisa chaqirilishi mo‘ljallangan edi. Ana o‘shanda milisa bir-birini «o‘ldirgan» ikki nodon «Ish»i bilan shug‘ullana boshlardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:42:41

Rejadagi ish nihoyasiga yetay deganida Elchin ingrab yotibdi, joni qattiq ekan, o‘lmabdi. Bu xatoni tuzatish oson — bir imo qilsa bas, Chuvrindi o‘q uzadi. Lekin... imo qilishga jur’at eta olmadi. Ko‘z oldida parishon Zaynab ko‘rindi. Qulog‘i ostida uning «otmang!» degan hayqirig‘i eshitilganday bo‘ldi. Bir soniyaning o‘zida, Elchining hayoti qilga osilib turgan nafasda Asadbek o‘zi kutmagan holga tushdi. Uning ro‘parasida, parishon Zaynabning yonida Elchinni otilajak o‘qdan himoya qilganday onasi, so‘ng... xastalikdan ozib ketgan kichkina Samandar ko‘rindi. Asadbek bu holatini keyinchalik ham ko‘p o‘yladi. Onasining ko‘ziga ko‘ringanini tushunish mumkin. Onasining ruhi nabirasi Zaynabning taqdirini o‘ylab nabira kuyovning hayotini saqlab qolmoq uchun bezovta bo‘lgandir? Samandar-chi? Go‘dak ukasining ruhi nechun bezovtalandi? Bu savolga Asadbek keyinroq javob topishga harakat qiladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:42:59

Ayni damda Chuvrindi izn kutib, hojasiga tikiladi. Asadbek esa ko‘ziga ko‘rinayotgan yaqinlari oldida ojiz.
Payg‘ambar afandimiz (sallallohu alayhi vasallam) namoz so‘ngida o‘ng tomonga salom berib, chap tomonga salom berishga ulguramanmi, yo‘qmi, Xudo biladi, degan ekanlar. Kishi olgan nafasini chiqara oladimi yo u nafas bilan joni qo‘shilib chiqadimi — bilmaydi. Bilmagani holda xuddi dunyoda mangu qoladiganday mag‘rur yuradi. Qorni bir kosa ovqatga to‘ygani holda doshqozonda to‘la osh bo‘lmog‘ini istaydi. Shu uchun kurashadi, yon-atrofidagilarni bosib-yanchadi. Suyagini qizg‘anib irillagan itdan kuladi, o‘zi esa faqatgina irillab qo‘ya qolmaydi, g‘anim deb bilgani birodariga tashlanadi, kekirdagidan oladi. Umri davomida bu dunyoning hoyu-havaslari deb necha odamning ruhini majaqlaydi. G‘ofil banda... o‘zicha oltmishmi yo to‘qson yilmi umr ko‘radiganday kerilib yuradi. Holbuki uning umri birgina im qoqish bilan uzilishi mumkin.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:43:16

Mana, hozir Asadbek birgina imlasa tepki bosiladi, o‘q ko‘z ilg‘amas tezlikda olovli iz qoldiradi-yu, Elchinning issiq qalbidan makon topadi. Tamom-vassalom.
Chuvrindi hojasidan izn kutadi. U nodon banda «otarchining hayoti begimning qo‘lida», deb o‘ylaydi. U bilmaydiki, olam tig‘i joyidan qo‘zg‘olgan taqdirda ham Xudo xohlamasa, biron tomirni ham qirqolmas. Bu onda Yaratgan taqdir yozug‘iga xiyonat qilmadi — im qoqilmadi, tepki bosilmadi, o‘q o‘zining sovuq makonida qoldi.
Asadbek bir zumgina ko‘zlarini yumdi-yu, temir tirnoqlar hukmidagi qalb azobidan ingrab yubordi. So‘ng Elchin qo‘lidan to‘pponchani oldi-da qasos o‘tining zabtidanmi yo kuyovini o‘limga hukm etishga jur’ati yetishmagani alamidanmi, ko‘zlarni mo‘ljalga olishni ham unutib, barcha o‘qlarni jonsiz jasadga qadadi. Chuvrindi hojasini shu paytgacha bu ahvolda ko‘rmagan edi. Shu sababli uning vajohatidan bir oz cho‘chidi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:43:25

Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi yaqindagina mag‘rur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, o‘lim to‘shagi sari borayotgan xasta odam ko‘rinishida edi. Uch-to‘rt qadam bosgach, u to‘xtab, o‘girildi:
— Do‘xtirga olib bor.
Shunday deb uyga kirib ketdi.
Chuvrindi reja o‘zgarganini fahmladi. Hojasidan «yana nima qilay?» deb so‘ramadi. Asadbek gapni cho‘zmadimi, demak, bu yog‘i uning fahm-farosatiga bog‘liq. Chuvrindini Yaratgan fahm-farosatdan qismagani esa Asadbekka ma’lum. Agar hozir Kesakpolvon bo‘lganida «G‘ilayni bog‘la, Otarchini do‘xtirga olib bor, «uyida kimdir otib ketibdi», de, qorong‘u tushganida Hosilni ko‘mib kel», deb birma-bir tushuntirgan bo‘lardi.
Chuvrindi tezlik bilan harakat qilib, avval ipak kanop bilan G‘ilayning qo‘l-oyoqlarini bog‘ladi, so‘ng yelimli tasmani og‘ziga yopishtirdi. Shundan keyingina Elchin ustiga engashib, biqin tomoni qonga belanganini ko‘rdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:45:19

Halimjon Chuvrindining topshirig‘i bo‘yicha izma-iz yurib kelib, endi eshikning naryog‘ida amrga mahtal turgan edi. Chuvrindi ichkaridan «mashinani olib kel!» deb baqirgach, katta ko‘cha tomon yugurdi.
Asadbekning «do‘xtirga olib bor», degani «kuyovimning jonini asrab qol», degan ma’noni anglatishini Chuvrindi bilardi. Kasalxonaga olib borsa, bundan milisa ogoh topadi, milisa bildimi, kavla-kavla boshlanadi. Busiz ham Shilimshiq bilan Jamshid(?)ning o‘limi ularning boshlari uzra balo bulutiday soya tashlab turibdi. Qo‘llari uzun bo‘lgani bilan hamma yoqqa yetavermasligini boshqalar bilmasa ham Chuvrindi payqaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:45:30

Ayniqsa, Zohid co‘roqqa chaqirganida, uyiga kelganida yuragi noxushlikni sezdi. Endi Elchin otilgani bilan shug‘ullanishsa, latta isi kelishi hech gapmas. Yetti qo‘shnidan hech bo‘lmasa bittasi besh-o‘nta o‘q ovozi eshitganini aytib qo‘yadi. «Xo‘-o‘sh, — deb o‘ylaydi tergovchi (balki o‘sha prokuraturadagi Zohiddir?), — ikkita o‘q Elchinning biqinida, qolganlari qani?».
Chuvrindi mashina kelgunicha bir qarorda to‘xtashi shart edi. Elchinni uyiga olib borib, so‘ng tabibni olib kelish ko‘p vaqt talab qiladi, bu vaqt ichida yarador omonatini topshirib qo‘yishi hech gap emas. Reja o‘zgarganidan keyin esa, uning o‘lishi sira ham  mumkinmas... Chuvrindi avval Elchinni uyiga olib borishga, Zaynabni ogohlantirganidan so‘ng kasalxona sari yurishga ahd qildi. Elchinning uyiga borgach, bu rejasini yana o‘zgartirmoqqa majbur bo‘ldi.

Qayd etilgan