Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282906 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:45:42

3

Dorining xumori tutib to‘lg‘onayotgan Zaynabni ko‘rgan Chuvrindi masala yanada murakkablashganini bildi. Hozir Zaynabga gapirish foydasiz edi. Shu sababli Elchinni kasalxonaga tashlab, so‘ng orqaga qaytishga qaror qildi. Shu bugun, ayniqsa, shu damda sodiq yigitlariga ehtiyoj sezdi. Zaynabni yolg‘iz tashlab chiqayotganida Jamshidni qo‘msadi. U bo‘lsa edi, ish bir oz yengillashardi. Zaynabni tabibga olib borishni, eng muhimi — «Elchinni otgan odamni ko‘rgan» bir-ikki guvoh topishni unga bemalol ishonsa bo‘lardi. To‘g‘ri, yigitlar orasida ishonchga sazovorlari ham bor, ammo ularni bunday qaltis ishlarga jalb qilishga ko‘ngli chopmaydi. Yo‘lda ketaturib, Halimjonni yoniga olganidan picha afsuslandi. Garchi Halimjon qaysi bir jihatlari bilan Jamshidni eslatsa-da, beg‘ubor ko‘zlari halolligidan darak bersa-da, ba’zan qarashlarida «mendan ehtiyot bo‘l» degan o‘t chaqnab qoladi. Chuvrindining ziyrak nigohi bu o‘tni ilg‘aydi. Ilg‘agani uchun ham ehtiyot chorasi haqida o‘ylaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:46:06

Eng yaqin yoki birinchi duch kelgan kasalxonaga olib borish — kutilmagan falokat ilonining dumini bosib olish demakdir. Har bir kasalxonada bir-ikki tanishi yoki ishonchli odamlari bo‘lsa-da, masala ENG ishonchli odamlar yordamida hal etilajagi sababli shaharning kunbotar tomonidagi yangi kasalxona tomon yurdi.
Chuvrindi orqa o‘rindiqda, Elchinning boshini tizzasiga qo‘ygan holda o‘tirardi. Dam-badam uning peshanasini ushlab qo‘yadi. Bir mahal Elchin qattiq ingradi. Chuvrindi kaftini uning peshanasiga bosib:
— Hofiz, ozgina chidang, hozir kasalxonaga yetamiz, — dedi. So‘ng so‘radi: — Hofiz, gapimni eshityapsizmi? Men — Mahmudman, javob bering, eshityapsizmi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:46:20

Bir necha nafasdan so‘ng Elchin ingrab javob berdi:
— Ha...
— Bek akam o‘ch olmoqchi edilar. Falokat oyoqostidan chiqib qoldi. Buni keyin tushuntirib beraman. Hosil o‘lishi shart edi, o‘ldi. Ammo buni hech kim bilmasligi kerak. Siz ham unuting. Gapimni eshityapsizmi? — Chuvrindi «bu gap senga ham tegishli» deganday Halimjonga bir qarab oldi. — Hofiz, eshityapsizmi?
Elchin bu safar ham qiynalib «ha» deb qo‘ydi. U Chuvrindining ovozini quduq tubida turib eshitayotganday edi. Shu sababli Chuvrindining gaplarini durust idrok qilolmadi.
— Hofiz, — dedi Chuvrindi, — siz yo‘lda ketayotgan edingiz, bir mashina quvib o‘tib, to‘xtadi. Mashinadan tushishingiz bilan sizni otdi. Otgan odamni tanimaysiz. Gapimni eshitdingizmi?
Elchin javob bermadi. U quduq tubiga cho‘kib borar, Chuvrindining ovozi esa tobora uzoqlashardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:46:33

Chala qurilgan imoratlar yonidan o‘tishayotganda Chuvrindi Halimjonga qarab:
— Hofizni shu yerda tasodifan ko‘rib qolib, mashinangga olding. Boshqa hech narsa bilmaysan, — dedi.
Halimjon ma’qul ishorasini qilib, jim ketaverdi.
Kasalxona hovlisiga kirishlari bilan mashina to‘xtab, Chuvrindi tushib qoldi. Mashina qabul bo‘limi sari yurgach, u asosiy bino tomon yo‘naldi. Kerakli odamni topib, izoh berib o‘tirmadi, buyruq qisqa bo‘ldi — u o‘lmasligi kerak!
Tabiblar, hamshiralar yarador atrofida girdi-kapalak bo‘lishayotganida Asadbekning boloxonasidagi telefon jiringladi. Hofizning mashinasini qaerga eltib qo‘yish xususida buyruq olgan ikki yigit tezlik bilan yo‘lga tushdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:46:46

4

«Men senga qasos olish qanaqa bo‘lishini ko‘rsataman. Hozir o‘lishi kerak bo‘lgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulg‘adi...»
Asadbek shunday deb ko‘cha eshigiga tikildi. Elchin esa u aytgan gaplarning asl mag‘zini chaqish uchun bir unga, bir ko‘cha eshigiga qaradi. Asadbekning shaxsan o‘zi qasos olmoqchi bo‘layotgani unga ajabtovur tuyuldi. Bittagina imosiga ilhaq o‘nlab yigitlari turganida to‘pponcha yalang‘ochlab, deraza panasida pusib o‘tirishning boisini anglab yetishi mushkul edi.
«O‘lishi kerak bo‘lgan odam kim? —deb o‘yladi Elchin. — Ikkimizning nomusimizni bulg‘ashi mumkin bo‘lgan kim ekan? Jamshidmi? U qaytib kelganmi? Uni nima uchun o‘ldiga chiqarishdi? Endi chindan ham o‘ldirmoqchimi? Zaynab... demak, o‘shanda to‘g‘ri aytgan ekan-da... Men laqma...»
Zelixon Sochidan telefon qilganidan beri bularning o‘yiniga tushunolmay gangib yurgan Elchin yana xalta ko‘chaga kirib dovdiradi. Agar hozir eshik ochilib, Jamshid kirib kelsa-yu, Asadbek uni otsa... so‘ng... «Chotingda bezing bo‘lsa, bu yuvuqsizni topib o‘zing o‘ldirishing kerak edi. Qasoskorman, deb katta ketishni bilasan. Sen erkakmisan, sen — dayussan!» deydimi?..

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:46:58

Xayoliga daf’atan kelgan bu fikr butun badanini, badani nima ekan, oyoqlarining barmoqlarigacha, barmoqlar nima ekan, tirnoqlarigacha muzlatib yubordi!
To ko‘cha eshigi ochilib, ostonada Hosilboyvachcha ko‘ringuniga qadar Elchin Jamshidga qarab o‘q uzilishiga amin edi. Shu sababli Hosilboyvachchaning sovuq basharasi ko‘ringani hamon ajablanib, qaynotasiga savol nazari bilan boqdi: buning aybi nima? To‘yda meni xorlaganimi? Nahot shuning uchun?.. Uyg‘ongan savollar oqimi oxiriga yetmay o‘q uzildi. So‘ng Asadbek to‘pponchani uzatib, qahrli ovoz bilan amr etdi:
— Chiq tez, o‘lmadi shekilli, qo‘lim titradi. Tirik bo‘lsa, ot!
— Nimaga?
— Chiq deyapman! Zaynabni bulg‘adi bu, eshityapsanmi?! Erkakmisan, o‘zing?
Elchin bu gapga ishonqiramasa ham, vujudida uyg‘ongan bir kuch to‘pponchaga qo‘l uzatishga majbur etdi. Asadbek yana baqirgach, hovliga chiqdi. U Asadbekning gaplaridan tamoman gangigan edi. U qattiq yerda yurib emas, go‘yo savollar botqog‘iga tobora botib borardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:47:14

Asadbek «ot!» deb buyurdi, u amrga itoat etib, hovliga chiqdi, o‘lja sari yurib boryapti. Lekin tepkini bosa oladimi yo yo‘qmi — aniq bilmaydi. Chunki Hosilboyvachchaning gunohidan bexabar. «Zaynabni qanaqasiga bulg‘ashi mumkin? Axir Zaynab o‘z og‘zi bilan Jamshidni aytgan-ku? U rasvoni deb o‘lmoqchi bo‘ldi-ku?..» deb garangsiydi.
Asadbek reja tuzayotgan chog‘ida Elchin Hosilboyvachchani otgani chiqadimi yo rad etadimi, deb ko‘p o‘ylagan edi. «Xotinini bunday holatda ko‘rgan hebbim ham chidab turolmaydi», degan fikr rejaning to‘liq amalga oshishiga ishonch tug‘dirardi. U Elchin qalbida g‘azab gulxani yoqish uchun Zaynabning hammomdagi sharmandali holati tasvirini ko‘rsatmoqchi ham bo‘ldi. Shu fikrga kelishi bilan o‘zi uyatdan yorilib ketay dedi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:47:30

U kuyovini o‘limga hukm qilgan edi. Ammo o‘limning totli labidan o‘pmoq arafasida turgan bu odamga ham tasvirlarni ko‘rsatishga jur’at qila olmadi. Hosilboyvachchaning aybini otish oldidan qisqa tarzda bayon qilishni ham o‘yladi. Biroq, bunga ham tili bormadi. O‘q uzilgach, «Zaynabni bulg‘adi bu!» deyishi esa Elchinda g‘azab gulxanini yoqa olmadi, balki savol botqog‘iga botirdi.
Qat’iyatsizlik bilan qadam bosib borayotgan kuyoviga qarab, Asadbek g‘ijindi. U nishonni aniq olganiga, g‘animning jon taslim qilganiga ishonchi komil edi. Yana to‘qqiz-o‘n qadam qo‘ygach, bir necha oy kuyovlik libosida yurgan Elchin ham «baxtiyor» hayotiga shu yerda yakun topmog‘i lozim edi. Lekin u o‘sha to‘qqiz-o‘n qadamni bosishni istamayotganday imillaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:47:41

Bir necha nafaslik fursat Asadbekka bir necha asrday g‘oyat uzoq tuyuldi. Shubha yo‘qki, qo‘lida yana bir to‘pponcha bo‘lganida, oqibatini o‘ylab o‘tirmay, Elchinni shartta-shartta otib tashlardi.
Elchin esa og‘ir qadam bosayotganini o‘zi ham sezdi. «Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshiliq», deb afg‘on chekuvchi, o‘zini halol deb hisoblovchi, aslida esa o‘zi bilmagani holda shaytonning suyukli fuqarosiga aylangan bu odamga o‘limning issiq tafti sari borayotgani, bir tasodif bilangina tirik qolajagi hozircha noma’lum edi. To‘g‘ri, u qorong‘u uyda Zaynabga tegingan ondan boshlab Asadbekdan o‘lim hukmini kutib yashardi. Hatto to‘yidan keyin ham bu xavotir buluti tarqamagan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:47:55

«Jamshidda nima qasdingiz bor edi?!» deb jag‘iga musht solganida qaynotasining hukm sari yaqinlashayotganini sezgan, ammo aynan shu bugun, aynan shu hovlida, hukmning ijro bo‘lishini o‘ylamagandi. Hozir, Hosilboyvachchaga yaqinlashar chog‘ida ham qaynotasining rejasidan bexabar, hatto eshik zarb bilan ochilib, G‘ilayni ko‘rganida ham buni fahm etmadi. Avval ko‘kragiga, so‘ng biqiniga o‘q qadalganidan keyingina bir «oh» uradi. Keyinroq, hushiga kelganida esa bu holatini eslab, laqmaligi uchun o‘zini la’natlaydi. «Taqdir (Asadbek emas!) qo‘limga to‘pponcha tutqizgan ekan, hammasini otib tashlamaymanmi, hammasidan birato‘la qutulmaymanmi», deb o‘kinadi. Lekin... So‘nggi pushaymondan kim lazzat topibdiki, Elchin huzurlansa...

Qayd etilgan