Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282902 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:48:10

Eshik tepki zarbidan ochilib, Elchin cho‘chib tushdi. Ostona hatlayotgan Shomilning g‘ilay ko‘zlari bilan uning nigohi to‘qnashdi. O‘zini himoya qilishni o‘ylashga ham ulgurmadi. Uning nigohidagi «nimalar bo‘lyapti, o‘zim ham tushunmayapman», degan savolga javoban Shomil to‘pponcha tepkisini bosdi. Hojasini yolg‘iz qo‘yganidan o‘kinib, vajohat bilan yugurib kelgan
G‘ilay qanday voqea sodir bo‘lganini aniq bilmasa-da, yerda cho‘zilib yotgan Hosilboyvachchaga shu Elchin o‘q uzgan deb gumon qilib, to‘pponchasidagi bor o‘qlarning barini uning jismiga bo‘shatishi mumkin edi. Yaxshiki, Chuvrindi izma-iz yetib keldi...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:48:23

Elchin to‘pponcha og‘zidan sachragan olovni ko‘rdi, so‘ng... chuqur quduqqa ag‘anadi. Yuragi qinidan chiqquday bo‘lib shitob bilan tubsizlik sari uchaverdi. Uchaverdi, uchaverdi... quduqning tubidan esa darak yo‘q. So‘ng... qorong‘ulik chekinib, atrofi yorisha bordi. G‘alati manzaralar ko‘rindi. Keyin birdan... xarobgina bostirma yonida ota-onasini ko‘rib, titrab ketdi. Volidayn tajribaxonada kiyadigan oq liboslarida edilar. Elchin shum xabarni eshitiboq maktabdan yetib kelganida ular qo‘lansa hidli tajribaxonada shu kiyimda, jonsiz holatda yotar edilar. Ularning kimyoviy tajriba o‘tkazayotib zaharlanishganini keyinroq bildi. Shu paytgacha biron marta bo‘lsin «zaharlanishganmidi yo hasadchi hamkasblari zaharlashganmidi?» deb sira o‘ylamagan edi. Hozir tubsizlik sari uchib borayotganida nechukdir shu savol xayoliga keldi. Picha to‘xtab, so‘rog‘ini so‘radi, ammo javob o‘rniga boshqa gap eshitdi:
— Sen bu yerda to‘xtama, seni Noila kutyapti, — dedi onasi joyidan jilmay

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:48:33

— Nima uchun bu xarob bostirmada yashayapsizlar? — deb so‘radi Elchin.
— Har kim amaliga yarasha ajr olar ekan, — dedi otasi.
Elchin bu gapning ma’nosini tushunmadi.
— Meni axiyri otishdi, — dedi Elchin. — Oyi, esingizdami, qamoqdaligimda kelib, boshimni silardingiz, o‘zim himoya qilaman, derdingiz?
— Himoya faqat Yaratgandandir. Biz Tangrimning xohishi bilan seni himoya qilar edik. Bizga berilgan bunday huquq kuchi bugun qirqildi. Biz sendan har on duolar kutdik. Aqalli bir martagina peshanang sajdaga tegib, haqqimizga duo qilsang, bizlarni bu xorlikdan oz bo‘lsa-da, qutqarar eding.
— Imkonim bo‘lmadi.
— Imkon o‘z qo‘lingda edi. Sen ham biz kabi Tangridan yiroqlashding. — Bo‘ldi, bas, to‘xtama, endi qiyomatda diydor ko‘rishamiz.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:48:43

— Men... o‘ldim... endi sizlar bilan birga bo‘lishni istayman.
— Yo‘q, bolam, bu baxtdan bizlar benasibmiz...

...Bu ayovsiz hukmni eshitib, Elchin ingrab yubordi. Kuyovining harakatsiz gavdasi uzra engashgan Asadbek shu alamli, azobli ingrashni eshitgan edi...
...Ota-onasi bag‘riga sig‘magan Elchin yana ucha boshladi. So‘ng yaydoq dalada, o‘tlari, chechaklari toptalgan kenglikda Noilasi ko‘rindi. O‘sha ko‘ylakda, ammo... ko‘kragida qonli dog‘ yo‘q. O‘sha pichoq... ko‘kragida emas, qo‘lida... uchidan qon tomib turibdi. Qamoqda ekanida, tushlarida ko‘rganida bu ko‘ylakda qonli dog‘ bo‘lguvchi edi. Endi esa top-toza...
— Noilam, nihoyat keldim, endi hamisha birga bo‘lamiz. Otishganidan xursandman. Lekin afsusim ham  bor... Oxirigacha qasos ololmadim. Faqat bittasini o‘ldirdim... Nega indamaysan, Noila?
— Bittasini o‘ldirdingiz... bir begunoh bokira qizni esa, bulg‘ab  tashladingiz. Bu kammi sizga?!
— Bu — qasos, Noila! Axir esingdami, tushlarimga kirib, qasosga undar eding?
— U men emas edim.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:49:00

— Nima uchun bunday deyapsan, tushlarimga kirguchi sen eding!
— Yo‘q, adashyapsiz, u — qalbingizdagi shayton edi. Mening qiyofamga kirib sizga ko‘rinar edi. O‘ylab ko‘rmadingizmi, bir qizni bulg‘ashga men sizni da’vat etishim mumkinmidi? Men sizni hech yomonlikka qarab undaganmanmi? Mana bu toptalgan chechaklarni ko‘ryapsizmi? Bularning bari bulg‘angan qizlar. Zaynab ham bir kuni shu yerga keladi. Men sizni deb bir necha daqiqaga turdim, hademay yana chechakka aylanaman.
— Men keldim, Noila, u dunyoda zurriyodim qolmadi. Yolg‘iz o‘g‘il edim, urug‘imiz quridi.
— Farzand ko‘rishni o‘zingiz istamadingiz, yoshlikda o‘ynab qolaylik, dedingiz. O‘ynab-o‘ynab shu martabaga yetdingiz.
— Gunohlarim ko‘p, bilaman, Noila, endi ilojsizman. Endi biz birga bo‘lamiz.
— Yo‘q, sizning joyingiz boshqa. Siz izingizga qaytasiz.
— Noila, meni ota-onam ham haydashdi, sen haydama. Men endi ayriliq azobiga chiday olmayman.
— Sizni haydovchi men emasman. Siz Zaynabga qayting.
— Unday dema, Noila, qaytmayman. Haydama meni... Bilaman, sening oldingda gunohkorman.
— Siz Olloh oldida gunohkorsiz. Men sizdan roziman, ammo Olloh rozi bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman. Qayting!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:49:10

— Haydama, Noila!
— Sizni haydaguvchi men emasman.
Shunday deb Noila ko‘zdan yo‘qoldi — chechakka aylandi. Elchin faryodli ovoz bilan chaqirdi:
— Noila!
Uning nolasi sahro bag‘riga tomgan tomchi kabi samarasiz bo‘ldi. Ko‘kragida alam iloni to‘lg‘onib, ingradi.
Mashinada ketayotgan Chuvrindi ana shu ovozni eshitdi. Yana ucha boshlagan Elchin esa tanish ovozni ilg‘adi:
— Hofiz, ozgina chidang...
...«Kim bu menga gapirayotgan?» deb atrofga alanglaydi. Tushunuksiz manzaralarda inson zoti ko‘rinmaydi.
— Hofiz, gapimni eshityapsizmi?
...Yana alanglaydi. «Ha», deb javob beradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:49:26

Uchdi, uchaverdi... Tikonzorlardan o‘tdi, tikanaklar badanini tildilar. Chayonzordan o‘tdi, chayonlar nishlarini sanchdilar. Ilonzorga yetdi, ilonlar chaqdilar. Bu ham kamlik qilib, bo‘yniga o‘ralgancha bo‘g‘dilar.
Elchin azobdan to‘lg‘onar. Kimlardir, qaydadir uning holiga kular, kulaverar.
Shu azoblar gulxanida kuyayotganida ilonzorda Hosilboyvachcha ko‘rindi. Nechundir ilonlar uni chaqmaslar, bo‘g‘maslar. Bir yo‘g‘on ilon esa nozanin kabi uning beliga o‘ralar, so‘ng labidan bo‘sa olar. U esa kular, kulaverar. Oxir-oqibat kulgidan charchab, Elchinga qarar:
— Bular hammasi meniki. Men sendan oldinroq keldim. Endi meniki bular.
— Men... Mening makonim shu yermi? — dedi Elchin.
— E, yo‘q, bu yer mening mulkim. Senga joy yo‘q. Sen keyin kelasan. Kunduzi ilonlar seni chaqadi, go‘shtlaringni yeb tugatadi. Shomgacha quruq suyaging qoladi. Tunda esa yana go‘sht o‘sib chiqadi. Ertalabdan yana ilonlarga yem bo‘lasan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:49:35

— Sen-chi?
Hosilboyvachcha bu savolga javoban xoholab kuldi, bir buralib ilonga aylandi, so‘ng yana asliga qaytdi.
— Kimsan o‘zing, Hosilmisan yo shaytonmisan?
— Xohlaganing.
— Hosil bo‘lsang, ayt: Zaynabga tegindingmi?
— Buni qaynotangdan so‘raysan.
— Unda ayt: to‘g‘ri, men gunohkorman, jazo olishim tayin. Sen-chi? Gunohlaringning cheki-chegarasi yo‘q-ku?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:49:46

— Shu yerda ham o‘zbekligingga borasan-a? Yaxshi hamki qiyomatda sen gunoh tortuvchi tarozibon bo‘lmaysan. Naq hammaning sho‘rini quritasan! Sen o‘zing uchun javob ber. Boshqalar bilan ishing bo‘lmasin!
U uzoqlasha boshladi. Uzoqdan turib yana ovoz berdi:
— Hofiz, gaplarimni eshityapsizmi?
Chuvrindining ovozi unga Hosilboyvachchaniki bo‘lib tuyuldi.
U uchdi. So‘ngsiz ravishda uchaverdi.
Dam-badam notanish ovozlarni eshitdi:
— ...Tampon... tiking... puls...
Uchib yurishlar nihoyasiga yetib, ko‘zlarini ochdi.


Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:50:20

V  b o b
[/b]

1
[/b]

Kesakpolvon shaharga oqshomda kirib keldi. Avval Asadbekni izladi. Keyin Chuvrindini yo‘qladi. Ularning qaerga ketganini hech kim bilmadi. Kesakpolvon boloxonadagi yigitlarning onasi-yu, opa-singillarini uch-to‘rt sidra «o‘qib» ham xumoridan chiqmagach, birining jag‘iga musht tushirib, boshqasini tepib qoldi. Agar Kesakpolvon meduzasifat to‘rt qo‘l, to‘rt oyoqli bo‘lib yaralganida edi, boloxonadagi boshqa yigitlar ham uning mushti, tepkilaridan bebahra qolishmas edi. Yigitlar «Okaxon, biz bor-yo‘g‘i bir poyloqchimiz, Bek akamdan «qaerga ketayotganlarini so‘rashga haqqimiz bo‘lmasa...» deb o‘zlarini oqlashdi. Ularda bunday huquq yo‘qligini Kesakpolvon yaxshi biladi. Ham bo‘ydan, ham pokiza aqldan qisilgan bu banda jahl yuhosi qo‘zg‘olgan damda tuproqqa yaqinlashish lozimligini bilganida edi, alamdan bu tarzda chiqish yo‘lini tanlamagan bo‘lardi.

Qayd etilgan