Shu fikrga bandi bo‘lgan holda mashinadan tushib, Bo‘tqaning salomiga alik ham olmay, eshikni zarb bilan ochib, ichkariga qadam qo‘ydi. Qadam qo‘ydi-yu, hovlida cho‘zilib yotgan ikki odam qorasini ko‘rib, taqqa to‘xtadi. U «bir balo bo‘lganini» sezgan edi, ammo hovliga qadam qo‘yib, ikki o‘lik ustidan chiqaman, deb xayol qilmagandi. Cho‘zilib yotganlarni ko‘rib, ikkovini ham o‘lik deb o‘yladi. G‘ira-shirada avvaliga ularni tanimadi. Shu sababli eshikka yaqinroq yotganiga engashib qarab, G‘ilayni tanidi. Qo‘l-oyog‘i bog‘langanidan uning hali tirikligini fahmladi. Keyin yuziga eski qog‘oz parchasi tashlangan Hosilboyvachchani tanib, bir seskandi. Dovon oshib kelayotganida Hosilboyvachcha bilan hufyona uchrashmoqni, gap gapga qovushsa, vaqtinchalik ittifoq tuzmoqni xayol qilgandi. Chuvrindini yo‘ldan supurib tashlash uchun shu ittifoq zarur deb topgan edi. Chunki Asadbekning umr shami o‘chib borayotganidan darak topgan Hosilboyvachcha ham tek turmas, bir tomondan Chuvrindi, ikkinchi tomondan Hosilboyvachcha yurish qilsa, orada xarob bo‘lishiga aqli yetardi. U xaroblikdan qutulish chorasi deb g‘anim tomonni ko‘zladi. Ko‘zladi-yu, oradan bir necha soat o‘tib, peshonasi tosh devorga urildi.