Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282868 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:05:25

Kesakpolvonning tili bir qichidi-yu, ammo o‘zini tiydi.
— Xo‘p, jirillamasam jirillamadim, — deb to‘ng‘illaganicha tashqariga chiqdi. Ko‘cha eshigini ochib, Bo‘tqani chaqirdi.
— Manavini bir balo qilib, yukxonaga joyla.
Bo‘tqa uchun shu buyruqning o‘zi kifoya qildi. Bir daqiqaning o‘zidayoq qonga belangan murda ikki buklanib, yukxonadan joy oldi. Bo‘tqa buyruqni ijro etgach, «yana xizmat bormi, akaxon?» deganday eshik og‘zida qo‘l qovushtirdi.
— Ko‘tar buni, og‘zini och, — dedi Kesakpolvon G‘ilayga ishora qilib.
Bo‘tqa uni tiklab, yiqilmasligi uchun bir qo‘li bilan suyab, ikkinchi qo‘li bilan yelim tasmani ko‘chirdi. G‘ilay chuqur nafas oldi.
Kesakpolvon cho‘ntagidan sigaret chiqarib bittasini G‘ilayning labiga qistirdi-da, yoqqichni yondirdi. Pilik yorug‘ida G‘ilayning yuzi yanada xunuk ko‘rindi. U och qolgan odamday yutoqib tutatdi. Kesakpolvon yoqqichni o‘chirmadi, pilik alangasini uning jag‘iga tutdi. Jag‘i kuygan G‘ilay boshini orqaga tortdi.
— Shunaqa, og‘aynichalish, — dedi Kesakpolvon, — xo‘jayinni almashtiradigan vaqt keldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:06:25

 Yangi xo‘jayinga tobing bormi yo eskisining orqasidan jiyda-xaltangni ko‘tarib jo‘nab qolasanmi? Kinolarda ko‘rgansan, a? «Xo‘jayinimga sodiqman» deydiganlarning oyog‘idan osib qiynashadimi-ey. Kinodagilar ahmoq, a? Yo sen ahmoqmisan? Sening oyog‘ingdan ossam yarashmas, a? Yo kindigingdan kekirdaginggacha tilib, tuz sepsam, mazza qilasanmi? Qo‘y, bunaqa mazzalar ahmoqlarga atalgan. Sen ahmoq emassan. Kimga sodiq bo‘lmoqchisan? O‘lik odamgami? Xo‘sh, endi gapir, kelishamizmi yo otamlashamizmi?
Kesakpolvon uning labidagi sigaretni olib tashladi. G‘ilay yengil yo‘taldi.
— Qani, endi gapir-chi? Kesakpolvon pilik olovini uning burniga yaqinlashtirdi. G‘ilayning burnidan chiqib turgan tuklarning uchi kuyib, chayonning nishiday gajak bo‘lib oldi. G‘ilay pastki labini cho‘zib pilik olovini puflab o‘chirdi-da:
— Gap yo‘q, kelishamiz, — dedi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:06:41

— Qoyilman, o‘g‘il bola, — dedi Kesakpolvon zaharli jilmayib. Keyin Bo‘tqaga buyurdi: — Akangning qo‘l-oyog‘ini yech. Qaysi ahmoq bog‘ladi o‘zi buni. Men shunaqa o‘g‘il bolalarga besh ketaman o‘zim. Qani, okasi ko‘zidan, endi ayt-chi, atrofdagi ko‘chaga qancha bola qo‘ygansan?
— To‘qqizta.
— Ular nimaga tuxum bosib o‘tirishibdi, nimaga yordamga kelishmadi?
— Ishora bo‘lgunicha kutishlari kerak edi. Bu yog‘i bunaqa bo‘lib qoldi.
— Asadni... o‘ldirmoqchimidilaring?
— Bu haqda gapirmovdi.
— Unda nimaga keldi?
— Menga ish buyurardi, men bajarardim. Men bilan maslahatlashmagan.
— Odamlaringning hammasini bir yerga to‘plashing kerak.
— Kerak bo‘lsa yarim soatda to‘playman.
— Qitmirlari yo‘qmi? G‘alva qilishmaydimi?
— Bilmayman. Balki... bu gaplarni aytmaslik ma’quldir ularga?
— Qoyilman, kallang g‘ij-g‘ij aql-a, toshib ketmaganiga hayronman, — dedi Kesakpolvon kesatib. — «Xo‘jayin bizlarni Asadbekning ixtiyoriga topshirib o‘zi safarga ketdi», deysan. Qaerga to‘playsan bolalaringni?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:06:53

G‘ilay shahar chetidagi bog‘ni aytdi.
— Yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi Kesakpolvon. Keyin bir oz o‘ylanib turib o‘ziga ma’qul boshqa yerni aytdi-da, Bo‘tqaga qarab qo‘ydi. Bo‘tqa bu qarashning ma’nosini angladi — demak, o‘sha yer yigitlar bilan o‘rab olinishi kerak. Bo‘tqa «tushundim» deganday bosh irg‘ab qo‘ygach, Kesakpolvon G‘ilayni ko‘cha tomon boshladi: — Yur, endi. Oshni pishiraylik. Tezroq damlamasak, tagiga oladi.
Kesakpolvon nozaninni kuzatganday G‘ilayning qo‘ltig‘idan oldi. Katta ko‘chaga chiqishgach, mashina to‘xtadi.
— Bolalaringni chaqir, — dedi Kesakpolvon.
G‘ilay tushib, uch-to‘rt qadam yurgach, qo‘l silkib qo‘ydi. Ko‘chaning narigi betidagi yigitlardan biri yugurib keldi. G‘ilay unga bir nima degach, u shoshib iziga qaytdi. Bu orada Bo‘tqa Xumkallaga hojasining buyrug‘ini yetkazdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:07:25

G‘ilay mashinaga o‘tirgach, Kesakpolvon uning yelkasiga qo‘l tashladi.
— Endi akangnikiga kirib o‘taylik. Bola-chaqasi xavotir olmasin, safarga ketganini aytib qo‘yishing kerak.
— Aka, bir joyga kirib yuzta-yuzta qilib olaylik, bosh yorilib ketay deyapti, — dedi G‘ilay yalinchoq ohangda.
— Boya aytmaysanmi shuni? — dedi Kesakpolvon, so‘ng Bo‘tqaga buyurdi: — ol, anavi yerda ochilgani bo‘lishi kerak.
Bo‘tqa peshoyna ostidagi mo‘’jaz yukxonani ochib, bir shisha aroq bilan piyola oldi-da, quyib uzatdi. G‘ilay uni bir ko‘tarishda bo‘shatgach, chuqur nafas olib qo‘ydi.
Kesakpolvon uning ruhiy holatini tushungandek, unga hamdard bo‘lgandek mehribonlik qilib, sigaret tutdi. G‘ilay yana bir piyola so‘radi. Uni ham sipqorgach, sigaret tutatdi. Bir necha nafasdan so‘ng yana so‘ragan edi, Kesakpolvon unamadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:07:36

G‘ilayning shartga osonlik bilan rozi bo‘lganidan u ko‘p ham ajablanmadi. Chunki sadoqat degan tushunchaning ruhi unga begona edi. «Xo‘jayiniga xiyonat qildi, sotdi», deb ham nafratlanmadi. Chuni «xiyonat — gunoh», degan tushunchadan ham yiroq edi. Agar dunyo teskari aylanib, G‘ilayning o‘rnida o‘zi bo‘lib qolgan taqdirda, hech bir ikkilanmagan holda shu yo‘lni tanlagan bo‘lardi. Dunyo-ku teskari aylanmas, u G‘ilayning o‘rnida bo‘lmas. Lekin Asadbekning qo‘li titrab, niyati amalga oshmay, o‘zi nobud bo‘lib hukmronlik supasiga Hosilboyvachcha ko‘tarilganida unga xizmat qilaverishi aniq edi. Undagi betayinlikni Asadbek azaldan bilar, shu bois ham ko‘proq Chuvrindiga suyanardi.
Kesakpolvon cho‘ntak kesib yurgan kezlarida Asadbekning bir cho‘talchisi bo‘lardi. Seryo‘talroq, nimjonroq bola edi. Kasalvand bo‘lgani uchunmi, Asadbek uning turish-turmushidan xabar olib turardi. Yigitcha ham Asadbekka sodiq edi. Nomi cho‘talchi, asli esa ayg‘oqchi edi. Qimorbozlarga xizmat qilib yurib, ko‘rgan-bilganlaridan Asadbekni ogoh etib turardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:07:53

Bir kuni Kesakpolvon kattaroq ovni mo‘ljal qilib, uni yoniga oldi. Ov yurishmadi-yu, ammo yigitcha anqovlik qilib qo‘lga tushdi. «Uchastkovoy aka» deb murojaat qilishlariga ko‘nikib qolgan milisa Kesakpolvonni tanir edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, u vaqti-vaqti bilan Kesakpolvondan «sovg‘a-salom» olib turar, shuning evaziga ba’zi paytlarda, ba’zi ko‘chalardan ko‘zlarini yumib o‘tardi. Bir kasofat bo‘lib, shayton yo‘ldan uribmi, ko‘zlarini behos ochgan ekan, o‘sha yigitchadan gumonsirabdi. Kesakpolvon «Bu bola bizning ukaxon», deb cho‘ntagini bir kavlab qo‘ysa, olam guliston edi. Shuni istamadi. Chunki «Bu bizning ukaxon» degan uchtagina so‘z tildan osongina uchgani bilan, to gap egasining qulog‘iga yetgunicha cho‘ntak orqali o‘tishi shart. Kesakpolvon esa mayda o‘g‘riligiga borib, sarf-xarajatdan qochadi. U birovning cho‘ntagiga qo‘l solsa biron nimani ilashtirib chiqishni xush ko‘radi. O‘z cho‘ntagidan chiqqan damlarda esa joni sug‘urilganday tuyulib, azoblanadi. Yigitchani qutqarishdan bo‘yin tovlaganining ikkinchi boisi — gap chuvalashmasin, dedi. O‘shanda Asadbek undan norizo bo‘lganida «Ikki kishi o‘rniga bitta odam o‘tirgani durust emasmi?» deb o‘zini oqladi. Uning falsafasi shunday edi: ikki kishi o‘rniga bir odam qamalgani yaxshi. Qamalguvchi odam kasalvand bo‘lsa ham mayli, qamoqxonada joni uzilsa ham mayli... Kesakpolvon bu «falsafasi» bayrog‘i ostida ko‘p ishlar qildi. Bugunga kelib bu bayroq yana ko‘tarildi. Faqat yozuv bir oz o‘zgartirildi: Asadbekning mulki ikki kishiga emas, bir kishiga qolishi kerak!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:08:06

G‘ilayning osongina bo‘yin egishi Kesakpolvonda hech qanday tuyg‘u uyg‘otmadi, demak ham noo‘rindir. G‘ilay qarshilik ko‘rsatmagach, Kesakpolvon undan xavotirlandi. G‘ilayning qayoqqa yoki kimga qarayotganini bilib bo‘lmaganidek, xayolida qanday shumlik yashiringani ham noma’lum edi. Shu xavotir tufayli ko‘chaga chiqishganida «Old tomonga o‘tir», deb Bo‘tqaga imo qilgan edi.
Mashina o‘rnidan jilganidan beri xayolning bir ulushi biqiniga botib turgan to‘pponchada, o‘ng qo‘li esa qulluq qilganday ko‘kragida — to‘pponchani olishga shay edi. Ketma-ket ravishda ming marta, balki undan-da ko‘p hariflarining kuragini yerga tekkizgan polvon agar dono bo‘lsa, o‘ziga bino qo‘ymaydi, ming birinchi harifni ham albatta majaqlayman, deb katta ketmaydi. Afsus shuki, Kesakpolvon u dono polvonlar toifasidan emas. Agar G‘ilay tirsagi bilan turtib yuborsa, to‘pponchasi ish bermay qolishi, hatto Bo‘tqaning o‘girilishga ham ulgurolmasligi mumkinligini o‘ylamaydi. Uning baxtiga G‘ilayda achinish hissi yo‘q. Bo‘lsami edi, Hosilboyvachchaning o‘limi uning uchun izsiz ketmas, hech bo‘lmasa bir harakat bilan o‘ch olishga intilar edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:08:30

Hovliga bog‘lab qo‘yilgan it hech mahal «Hojam o‘lsa shu uyga xo‘jayin bo‘laman», deb orzu qilmagani kabi Shomil g‘ilay ham «Hosilboyvachchadan keyin uning mulki menga qoladi», deb fikrlamagandi. Agar birov «Hojang yaqinda itday o‘lim topadi, tayyorgarligingni ko‘rib qo‘y», deb bashorat qilsami, bir oyli chaqaloqning kallasiday keladigan mushtdan tatib ko‘rishi tayin edi. G‘ilayning shu xayolda yurmagani ham Kesakpolvonning baxtidan. Agar mulkka egalik hissi uyg‘onsami, bu tuyg‘u jon achchig‘iga nisbatan qudratliroq bo‘lar, oqibatda uni uncha-buncha zanjir jilovlay olmas edi. G‘ilay qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda, gardanidagi og‘riqdan azoblanib yotganida hojasini ko‘z qiri bilan ko‘rib, nima qilishini fikrlagan, o‘zining chorasizligiga amin bo‘lgan edi.
Keyingi kunlar ichi Hosilboyvachcha g‘olib odamning qadamlari bilan odimlay boshlaganida G‘ilayning shum ko‘ngli bir noxushlikni sezgan, uni yo‘ldan qaytarishni xayol ham qilgan, ammo hojasi o‘zgalarning maslahatiga yurmasligini bilgani uchun tilini tiygan edi. U buyruqni bajaruvchi so‘qir jangchi edi, uzoqni ko‘ra oladigan basir sarkarda emasdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:08:53

Mashina Hosilboyvachchaning darvozasi qarshisida to‘xtaganida Kesakpolvon «Tushaver» degan ma’noda G‘ilayga qaradi. G‘ilay o‘rnidan darrov jilmadi. Bir necha soat ilgari bu ostonadan mag‘rur holda bosib chiqqan odamning endi bu uyga mutlaq qaytmasligi uning qalbini eza boshladi, demak yolg‘ondir. Qalbi ezilmasa-da, bu uyning hojasiz qolgani uning uchun noxush edi. Hozir mashinadan tushishi kerak. Hovliga kirib «kennayi!» deb chaqiradi. (Hosilboyvachcha ham, xotini ham o‘zidan ancha kichik bo‘lishsa-da, hojasining hurmatini qilib, «kelin» emas, «kennayi» derdi). Hojasining (endi sobiq hojasining) zavjasi chiqqach, «Akam safarga ketdilar», deydi. Bunaqa hol ko‘p bo‘lgan. Shu sababli ayol «qayoqqa ketdilar, qachon keladilar?» deb so‘ramaydi. G‘ilay uchun shunisi durust.
Kesakpolvon bir necha nafasgina taraddudlangan G‘ilayning yelkasiga «tusha qol» degan ma’noda asta turtdi. G‘ilay unga bir qaragach, mashina eshigini ochdi. Kesakpolvon qo‘liga to‘pponchani oldi.

Qayd etilgan