Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282804 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:09:31

Mashina bilan uy orasidagi masofaga qil ko‘prik tortilgan, G‘ilay shu qil ko‘prik ustidan, langar cho‘psiz borardi. Sal og‘sa o‘lim jariga qulaydi. Kesakpolvon gardaniga urib o‘tirmaydi, tepkini bosa qoladi. G‘ilay buni bilgani uchun ham oshiqcha harakatdan o‘zini tiydi. Hojasi qonga belangan, ikki bukilgan holda mashina yukxonasida yotibdi. Asadbekning mulkiga ega chiqqan holda mag‘rur qaytmoqni xayol qilgan odam chorasiz, bir janozaga, bir kafanga, ikki quloch yerga zor yotibdi. Kafansiz, janozasiz ketishi aniq, ikki quloch yerga ega bo‘lishi esa Kesakpolvonning «marhamati»ga bog‘liq. U marhamat qilsa, qabristonga tashlab o‘tadi. Go‘rkov egalari unutgan biron eski qabrga joylaydi. Oqibatda biron kampirmi yo cholningmi suyaklari yonida uning jasadi ham chiriydi.
Qutlug‘ tabiatli shoh Jamshid bir buloq boshidagi toshga shunday bitik yozdirgan ekan:
Bul chashmaga bizdek baso lab urdilar,
Keldilar bir lahza, so‘ng ko‘z yumdilar.
Oldilar dunyoni mardlik, zo‘r bilan,
Eltmadilar, qoldilar bir go‘r bilan...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:11:32

Haqiqat shulkim, hech kim mulkini orqalab o‘zi bilan u dunyoga olib ketmagan. Shoh Jamshidday zot mulkini go‘riga elta olmaganidan keyin Hosilboyvachchaga yo‘l bo‘lsin! Shohning-ku, o‘z go‘ri bor edi. Hosilboyvachchada shu ham yo‘q. Birovning qabridan joy tekkaniga ham shukr qilsa bo‘lar.
Qil ko‘prikdan borayotgan G‘ilay ham, uning har bir harakatini kuzatayotgan Kesakpolvon ham bularni o‘ylashmaydi. Birining maqsadi yangi hojalari bilan «yaxshi ishlab ketish», ikkinchisiniki esa mulkka ega chiqish. Iblis ularni o‘z chodiriga shu qadar o‘rab-chirmab tashlaganki, G‘ilay ham, Kesakpolvon, Bo‘tqa, haydovchi yigit ham «bizning taqdirimiz yukxonadagi boyvachchanikiga o‘xshasa-chi, go‘rga yetisholmay yukxonada ikki buklanib yotsak-chi?» deb fikr qilishmaydi. Yaratganning o‘zi «Kallaa, innal insana lo yatg‘o. An roa xus tag‘no»*, deganda shu toifa bandalar nazarda tutilmadimi ekan, vallohi a’lam?
_________________
*M a z m u n  b u d i r: «Darhaqiqat inson o‘zini boy-behojat ko‘rgach, albatta tug‘yonga tushar yo haddidan oshar». («Alaq» surasi, 6-7-oyatlar. Alouddin Mansurning ma’no tarjimasidan.)

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:11:46

Tangrining emas, erining qudratiga ishonib qolgan, «Bu dunyo faqat yaxshi yeb-ichish, yaxshi kiyinish, to‘y-hashamlarda zeb-ziynatlarni ko‘z-ko‘z qilib o‘tirish uchungina yaratilgan», deb fikr qiluvchi, «Yashamoqdan maqsad nima?» deb so‘ralguday bo‘lsa, eri bilan bir xilda «Yashamoqdan maqsad — mazza qilib yashamoqdir», degan javobni qaytaruvchi, husn ila aqlning nomutanosibligini o‘zida mujassam etgan bu ayol G‘ilayning gapiga darrov ishona qoladi. Xavotir hissi ko‘nglini zirillatmaydi. Ollohning emas, erining quliga aylangan bu juvondan yana nimani kutish mumkin? Zanglagan temir qafasda o‘tirgan qul bilan tilla qafasdagi qulning farqi bormi? Aslida-ku, ikkovi ham bir — qul! Ikkovi ozodlikdan mahrum. Ammo temir qafasdagisi ozodlikni qo‘msaydi, tilla qafasdagisi esa bu fazilatdan mahrum. Agar unga ozodlik berilsa ham qafasni o‘zi bilan ola ketishni o‘ylaydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:11:59

Shu toifaga mansub bu juvon bir necha qadam narida erining xorlangan holda yotgani, G‘ilay aytgan «safar» indamaslar yurtiga ekani, adoqsiz ekani, oradan oylar o‘tib, haqiqat bulog‘idan suv ichuvchi «mish-mishlar»ga ishonishni ham, ishonmasligini ham; aza ochishni ham, ochmasligini ham bilmay garang yurajagini hozir bilmaydi.
G‘ilay aytadiganini aytib, orqasiga xotirjam qaytdi. U «Endi bu xonadonga qaytmasman», deb o‘yladi. Kesakpolvonning xohishi bilan, yanada aniqroq aytilsa, Asadbekning buyrug‘iga ko‘ra hojasi «safardan qaytgunicha» hech narsa bo‘lmaganday har kuni shu yerda yurishi mumkinligi xayoliga ham kelmadi.
Mashina o‘rnidan jilgach, Kesakpolvon G‘ilayning yelkasiga urib qo‘ydi.
— Qoyilman, erkak degani shunaqa bo‘ladi. Endi, okasi ko‘zidan, sen ham charchading, men ham ezilib ketdim. Bi-ir maishat qilmasak yorilib o‘lamiz. Bugungi maishat sendan. Diding zo‘r, deb eshitganman. Qani, marjalaringning mazasini biz ham bir totib ko‘raylik-chi...
— Gap yo‘q, okaxon, — dedi G‘ilay.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:12:13

G‘ilayning «okaxon» deyishi Kesakpolvonga moydek yoqdi. G‘ilay qaysi tomonga yurish lozimligini aytgan edi, Kesakpolvon uning gapini bo‘ldi:
— To‘xta, avval akaxoningni joyiga tashlab ketaylik, orqada dimiqib ketgandir, — dedi. Keyin haydovchi yigitga qaysi qabristonga borilajagini tushuntirdi. Yo‘l-yo‘lakay go‘rkovning uyi qarshisida to‘xtab, Bo‘tqa shirakayf bir kishini boshlab chiqdi. G‘ilay yonidan joy olgan eski choponli go‘rkovdan irganib yuzini burdi. Ajab hol: odam o‘ldirishdan irganmagan G‘ilay odam ko‘muvchidan irgansa?..
Mashina zulmat qo‘ynidagi qabriston yonida to‘xtagach, Kesakpolvon G‘ilayga qaradi:
— Tush, akaxoningni kuzatib qo‘y, harholda qadrdon edinglar, yana narigi dunyoda sendan xafa bo‘lib, arazlab yurmasin.
G‘ilay bu buyruqqa ham itoat etdi.
Yo‘lga chiqishgan onda Kesakpolvon murdaning qaysi qabristonga eltilganini G‘ilay bilmay qo‘ya qolsin, deb o‘ylagan edi. Keyin «Bilsin, o‘zi ko‘tarib kirsin, «g‘ing» desa akaxoni yonidan joy olishini ham bilib qo‘ysin» degan qarorga keldi. G‘ilay mashinaga qaytgach, pisanda qildi:
— Bu yerda ancha bo‘sh joylar bor.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:12:37

G‘ilay uning nima demoqchi bo‘lganini fahmladi. Garchi ichida «o‘zingga buyursin», deb o‘ylasa-da, tilidan boshqa gap uchdi:
— Bu yer menbop emas ekan...
G‘ilay boshlab kelgan maishatxonaga kirib borishayotganda Kesakpolvon uni to‘xtatib, so‘radi:
— Do‘xtirning oldiga sen boruvmiding?
— Qaysi do‘xtir?
— O‘zingni go‘llikka solma, Asadni ko‘rgan do‘xtirni aytyapman.
— Ha, umi... boruvdim.
— O‘ladi, dedimi?
— Shundoq dedi.
— Sen shu gapni akaxoningga aytibmiding?
— Aytuvdim.
— Akaxoning Asadnikiga shuning uchun boruvdimi?
— Yo‘q, bir nima ko‘rsatmoqchiydi.
— Nima?
— Qizi shalava bo‘lib ketgan. Shuni vidikka oldirgan edi.
— Quloqqa tepma.
— O‘zim organizovat qilganman.
Kesakpolvon uning kekirdagiga chang soldi:
— Ovozingni o‘chir. Agar akaxoningga ergashishni istamasang, bu gapni esingdan chiqar. Do‘xtirning aytganini ham unut. Asad o‘lmaydi. Do‘xtirning zo‘ri bilan gaplashdim. Davolaydigan bo‘ldi. Akaxoning ahmoq edi. Asad o‘ladigan bo‘lsa, bu yerda men turibman!
Kesakpolvon shunday deb bir qadam tashladi-yu, to‘xtadi:

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:12:51

— Kasseta kimda, sendami?
— O‘zida edi...
— Voy ahmoq...
Kesakpolvon orqasiga qaytib Bo‘tqani imlab chaqirdi-da, qabristonga qaytib borib murdaning kiyimlarini tintib ko‘rishni tayinladi. Bo‘tqa eshik tirqishidan qarab Chuvrindining tintiganini, nimalarnidir olganini ko‘rgan edi. Shunday bo‘lsa ham, Kesakpolvonga gap qaytarmay «xo‘p» deganicha mashinaga o‘tirdi.
Kesakpolvonning «bu yerda men borman!» degan gapiga G‘ilay yaxshi tushundi. Yangi hojasi bir qanotini ko‘tardimi, bas, issiq pinjiga kirishi kerak. U ahmoq jo‘ja emaski, jonsiz tovuqning qanotida umr kechirsa! Shu bois Kesakpolvonga yoqadigan yana bir gap aytdi:
— Hadeb «akaxoning» deyavermang, mening akaxonim — sizsiz!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:14:36


2

Abdurahmon tabib garchi «sen... valadi zinoga o‘xshaysan», degan gapni jahl ustida bilib-bilmay aytib yuborgan bo‘lsa-da, yanglishmagan edi. Kesakpolvon «valadi zino» nima ekanini bilmasdi, shu sababli cholning gapiga tushunmadi, «Bu nima degani ekan?» deb boshini qotirib ham o‘tirmadi. Tushungan taqdirda buni haqorat fahmlab, cholning kekirdagidan olgan bo‘lardi. Abdurahmon tabib tiliga kelib qolgani uchun shu gapni aytib yubordi. Hatto Kesakpolvonning o‘ziga ham ma’lum bo‘lmagan haqiqatni u qaerdan bilsin?
Kesakpolvonning bilgani — otasi urushda halok bo‘lgan. Onasi esa... Buning o‘zi bir tarixkim, Kesakpolvon eslashni ham istamaydi. Chuvrindining volidasi vafot etganida «Mahmud, ranjimagin-u, ammo menga qolsa, onangning xor bo‘lib yurishlarini, xorlanib o‘lishini, xor bo‘lib ko‘milishini videoga olib, televizorda ko‘rsatardim. «Bolasini tashlamoqchi bo‘lganlar, ko‘rib qo‘ylaring, erta-indin senlar ham xorlanasanlar», derdim», deb aytgani bejiz emasdi. Bu gaplarni aytmoqqa qalbining ovloq va zimiston yerida yashirinib yotgan bir dard sabab bo‘lgan ediki, bu darddan eng yaqin birodari hisoblanmish Asadbek ham bexabar edi. O‘shanda bu gapni eshitgan Chuvrindi «Haydar akamning ahmoqliklari chegara nima ekanini bilmaydi», deb ranjigan, Asadbek esa «bu qovoq miya qachon o‘ylab gapiradigan bo‘ladi», deb g‘ijingan edi.
Kesakpolvon Chuvrindining onasidan nafratlanardi. Shilimshiqning onasini esa ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Ular haqida biron so‘z eshitsa o‘z onasini eslab, g‘azabdan titrab ketardi. Holbuki... uning onasi bo‘lak taqdir egasi edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:14:53

Bu o‘rinda Tangri Taoloning «Ey Odam, sen o‘z jufting bilan jannatni maskan tutg‘ilkim, unda ko‘nglung nimani tusasa taomlang‘il, osh bo‘lsin, ammo mana bu daraxtga zinhor yaqin kelmag‘il, yaqin kelsang zolimlardan bo‘lursan», degan muqaddas kalomini eslamog‘imiz joizdir. Yaqinlashmoqlik man’ etilgan mazkur daraxt nafs uchun bir sinovdirki, bu balo g‘olib kelguday bo‘lsa odam bolasi umrining oxiriga qadar qaqshaydi. Ne ajabki, Odam bolalari buni bilsalar-da, necha ming yillardan beri bu daraxtga yaqinlashaveradilar, unga intilaveradilar. Bu intilish esa «sevgi-muhabbat tuyg‘usi», degan choyshabga o‘rab e’zozlanadi. Yaratganga bo‘lgan muhabbatdan ko‘ra bu tuyg‘u ko‘proq sharaflanadi. Bu tuyg‘uning olib borar manzili bittagina — to‘shak... To‘shakdagi oniy farog‘atni boqiy farog‘atdan afzal biluvchilar o‘zlariga zulm qilayotganlariga fahmlari yetsami edi...
Mohichehra — Kesakpolvonning onasi hayotining eng shirin pallasida shu toifa yurguvchi ko‘chaga adashib kirib qolganlardan biri edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:15:05

Tog‘ yonbag‘rida joylashgan qishloqlarida bunday noxush voqealar kamdan-kam sodir bo‘lardi. Qariyalar toshbo‘ron qilingan yigit-qizlarning taqdiridan hikoya qilardilar, ammo bu voqea shu qishloqda bo‘lganmi yo uzoq qishloqdami — aniq bilishmasdi. O‘zlari esa bunaqa sharmandalikning guvohi bo‘lishmagan edi. Shu bois ham Mohichehra qishloqdan bosh olib ketishga majbur bo‘lgandi. Urush bahona bo‘lib, uning avval shaharga, so‘ng janggohga ketishining sababini birov bildi, birov bilmadi. Birov ishondi, boshqasi ishonmadi...
O‘ninchini bitirgan, ismi jismiga monand — oy yuzli durkun qiz harbiy xizmatdan qaytib maktabdagi kashshoflarga yetakchilik qilayotgan yigitni sevib qolgan edi. Mohichehra yigitga o‘g‘rincha tikilar, Yetakchi esa unga suqlanib boqardi. Uning ko‘nglida yomonlik yo‘q, aksincha, otasining yili o‘tgach, Mohichehraga sovchi yubormoqni umid qilar edi. Sirli qarashlar nomus chegarasiga yaqinlashgan damlarda ularni bug‘doy o‘rimiga jo‘natishdi. Xumor boqishlar ana o‘sha yerda chegaradan chiqdi. O‘sha daraxtning mevasi ularning tuyg‘ulariga egalik qilib, nafs sinovida g‘olib keldi-yu, pokiza to‘shak emas, bir uyum somon ustiga boshladi. Yozning farahli kechalarida ular iblisga bor vujudlari bilan bandi bo‘ldilar.

Qayd etilgan