Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282606 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:15:21

O‘sha totli kunlarda qishloqdagilar ular uchun noma’lum bo‘lgan sabab bilan daraklamay qo‘yishdi. Oziq-ovqatlar tugay boshlagach, Yetakchi xabar olgani qishloqqa jo‘nadi. Tongda yo‘lga chiqqan yigit oqshomga qadar qaytishi lozim edi. Mohichehra uni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutdi. Ertasiga ham, indiniga ham... Darak bo‘lavermagach, xavotirlanib qishloqqa qaytdi-yu urush boshlanganini eshitdi. Mohichehra bu xabardan emas, Yetakchining urushga jo‘natilganidan dahshatga tushdi. U urushning nima ekanini, el boshiga qanday kulfatlar keltirishini bilmas edi. U urushning sovuq nafasidan emas, sharmandalikning vujudni kuydiruvchi olovidan titrar edi. «Fashist zang‘arni bir-ikki oyda enasinikiga kiritib qaytib kelishadi», degan umidli gaplarga ishonib, kutishdan o‘zga chorasi yo‘q edi.
Ikki oy o‘tdi, uch oy... «Fashist zang‘ar enasinikiga kirishga» shoshilmadi. Umidli gaplar o‘rnini vahimali mish-mishlar egalladi. Bu orada mish-mishlardan ham vahimaliroq, dahshatliroq voqea yuz berdi— ko‘ngli aynib, holsizlanib yurgan Mohichehra yukli ekanini fahmladi. Fahmladi-yu, qishloqdan ketishdan o‘zga chorasi yo‘qligini bildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:16:13

Haydar — Kesakpolvon shaharda tug‘ildi. U urushdan titrayotgan dunyoni tezroq ko‘rishga shoshildimi yo onasining sharmandali yukdan tezroq holi qilishni istadimi, harholda muddatidan ertaroq tug‘ildi. Kattaroq telpakka sig‘ishi mumkin bo‘lgan darajadagi mitti chaqaloqning bu dunyoda yashab qolishi gumon edi. Lekin bu valadi zinoning jussasi kichik bo‘lsa ham umri qisqa emas ekan. U yoshiga to‘lmay turib, hali erga tegmagan onasining «tug‘ib qo‘ygani» haqidagi xabar qishloqqa yetib bordi. Bu sharmandali xabar qishloqqa bordi-yu, o‘rniga Yetakchining halok bo‘lgani haqidagi shum xabar qaytdi. Mohichehra sharmandali yukni ko‘tarib yurishga chidamadimi yo chindan ham «fashistdan o‘ch olmoq» qasdidami, harholda urushga jo‘navordi. Hatto ijarada turgan uy bekasiga ham aytmadi. Ijara pulini to‘larmikin, deb kutayotgan ayolga shu bola qoldi. Ayol taqdirga tan berib bir necha oy boqdi. Keyin... bolalar uyiga topshirdi...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:16:38

Kesakpolvonning tili bolalar uyida chiqdi. Bolalar uyida atak-chechak qildi. Bolalar uyida esini tanidi. Asosiy hunari — o‘g‘irlikni ham shu yerda o‘rgandi.
Urush oyoqlab bo‘lgan, ammo dunyo tashvishlari ozaymagan edi. «Urush tamom bo‘lsa ota-onam kelib, meni olib ketadi», degan umid bilan ulg‘ayayotgan bolalar, tushlarida ota-onalarini ko‘rib, tongda ko‘z yoshi bilan ulg‘ayayotgan dili poralarning yorug‘lik kunidan esa darak yo‘q. Yoshi kattaroq bolalar «Ota-onalarimiz urush asoratlarini tugatish uchun uzoqlarda mehnat qilishyapti» yoki «Bizni qidirishyapti» deb o‘zlariga o‘zlari tasalli berishardi. Urush nima ekanini, uning asorati ne ekanini bilmaydigan, tasavvur ham qila olmaydigan Haydar — bo‘lajak Kesakpolvon esa ularga qo‘shilib umid quyoshidan bahra olardi. U otasining o‘g‘il farzandli ekanidan, o‘zidan haromi bo‘lsa-da, zurriyod qolayotganidan bexabar hayotdan ko‘z yumganini, onasining esa behush holda asirga tushganini, urush tugab, asirlikdan qutulib, «Vatan xoini» degan la’nat tamg‘asi bilan tumanli, sovuq o‘lkalarda azob chekayotganini, Haydar deb ism qo‘yib, begonalar qo‘liga tashlab kelgan bolasini sog‘inayotganini, tonglarni ko‘z yoshlari bilan qarshilayotganini bilmas edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:17:15

Bolalar umid quyoshiga sig‘inib yurgan kezlarida ularning saflariga sakkiz-to‘qqiz yoshlardagi bir bola qo‘shildi. Nonushta chog‘ida u Kesakpolvonning yonida o‘tirdi. Berilgan nondan bir-ikki tishlagach, qolganini cho‘ntagiga yashirdi.
— Noningni nimaga yemading? — deb so‘radi Kesakpolvon.
Bola javob bermadi.
Kesakpolvon uning biqiniga turtib yana so‘ragach, bola yon-atrofga bir olazarak bo‘lib olib, so‘ng past ovozda dedi:
— Oyimlarga beraman.
Bu gap Kesakpolvonni xayratga soldi:
— Hali oying bormi?
— O‘zingniki yo‘qmi?
— Mening oyim urushda.
— Urush tamom bo‘lgan.
— Urush asoratlarini tugatyapti.
Bola «Qanaqa asorat? Gapingga tushunmadim?» deganday qarab qo‘ydi. Yaxshiki «asoratlaring nima o‘zi?» deb so‘ramadi. So‘ragandami, Kesakpolvon qanday javob qaytarishni bilmay gangib qolgan bo‘lardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:19:54

To‘yib ona sutini emmagan, to‘yib non yemagan Kesakpolvon bolaning bu qilig‘iga tushunmadi.
Ular panjaraga yaqin yerda o‘ynar edilar. O‘zlari o‘yin bilan band, ko‘zlari esa bir arava arang sig‘adigan ko‘chada bo‘lardi. Shu ko‘chadan ularga non olib kelishardi! Toshbaqani eslatadigan usti yopiq to‘rt g‘ildirakli arava ko‘rinishi bilan barchalarining zimiston yuraklariga chiroq yoqilar, «Non kelyapti! Non! No-on!!» degan baxtiyor ovozlar yangrardi. Har safar ularning nazarida arava ko‘proq non keltirayotganday bo‘lardi. Shu umid bilan yemakxonaga kirishib, yana o‘sha hajmdagi burda nonni ko‘rishgach, «Nega ko‘proq olib kelmaydi?» deb o‘ylashar, enagalarining «Sabr qilinglar bolalar, urush tugasin, to‘yib-to‘yib non yeymiz», degan gaplariga ishonishardi. Urush tugasa ham to‘yib non yeya olmayotgan, hanuz non tashiydigan aravani kutayotgan bolalar sabrga ko‘nikib qolgan edilar. Ana shu sharoitda bolaning bir-ikki tishlam nonga qanoat qilishi Kesakpolvon uchun ajab hol edi. U «Bola aldayapti, hali berkitiqcha yeb oladi» deb poyladi. Yo‘q, bola aldamadi, ertasiga ham, indiniga ham nonni yashirdi. Uni kunda poylayotgan Kesakpolvonning sabri ortiq chidamadi. Nonni o‘g‘irlab yedi! Biram rohatlandi, biram rohatlandi!.. «O‘g‘irlik rohat keltiradi», degan tushuncha o‘shanda tug‘ildi. Tug‘ildi-yu, ongiga muhrlandi. Oradan yillar o‘tib ham bu tushuncha zarracha o‘zgarmadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:20:29

— Anov bola meni o‘ldirmoqchi, — dedi ezgin ohangda. Bu ohang zamirida «Men o‘lib ketsam sen ayg‘oqchisiz qolasan», degan ma’no ham yashiringan edi. Homiy buni angladimi yo ayg‘oqchisiga rahmi keldimi, harholda bolaning ta’zirini berib qo‘ymoq uchun chaqirdi:
— Bu yoqqa kel, dushman bolasi, — dedi Homiy.
— Men dushman bolasi emasman! — dedi bola titroq ovozda.
U yarim kechada notanish odamlar kelib, onasini usti yopiq qora mashinada olib ketishganini biladi. Onasiga «sen xalq dushmanining xotinisan, demak, sen ham dushmansan!» deyishganini eshitgan, ammo bu ayblovning ma’nosiga tushunib yetmagan edi. Hozir bu ayblovni Zo‘rning tilidan eshitib, yuragidagi yara tirnaldi.
— Mening oyim do‘xtirlar, dushman emaslar! — dedi ovozini bir oz ko‘tarib.
— O‘chir! — dedi Homiy rasta ovozda. — Buni nega o‘ldirmoqchisan?
— Nonimni o‘g‘irladi.
— Qanaqa non?
— Dushman oyisiga yig‘ayatuvdi, yo‘qotib qo‘yibdi, — dedi Kesakpolvon, «dushman» so‘ziga urg‘u berib.
— Bu dushmanning ishi! Sen yetimlarning haqini dushman onangga bermoqchi bo‘ldingmi?! Seni bolshevikchasiga tarbiyalashimiz kerak. — Homiy qanday tarbiya qilishni bir oz o‘ylab olgach, qat’iy tarzda hukm chiqardi: — Har kuni noningning yarmini menga berasan!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:21:20

— Bermayman, — dedi bola.
— Bermasang — o‘lasan!
— O‘lsam ham bermayman. Sen — tekinxo‘rsan!
Homiysi oldida botirlashgan Kesakpolvon bolaning kekirdagiga chang soldi.
Xulosa shuki, bola nonining yarmini bolshevikcha tarbiya uchun qurbon qilishga majbur bo‘ldi. Yarmini esa... onasining haqiga xiyonat qilmadi, o‘zi yemay, yig‘averdi. Kunlar o‘tgani sayin u holdan toyib, ranglari sarg‘ayaverdi. Bir kuni oshxonaga kiraverishda boshi aylanib, yiqildi. Uni kasalxonaga olib ketdilar. Bolani boshqa ko‘rmadilar. Uning ahvoli, taqdiri bilan qiziqmadilar...
Vaqt o‘tib, qorin nonga to‘yadigan kunlar ham keldi. Voyaga yetib, bolalar uyidan uchirma bo‘lgan bir Zo‘rning o‘rnini ikkinchisi egallayverdi. Shu zaylda Kesakpolvonning homiylari ham o‘zgaraverdi. Yozilmagan qonun asosida yangi Zo‘r salafining ishini risoladagiday davom ettirardi. Yosh ulg‘ayishi yoki Zo‘rning xohishi bilan ayrim bolalarning vazifalari o‘zgarardi. Boshqalar ayg‘oqchilikni durust eplasha olmasmidi, yo bu «vazifa»dan hazar qilisharmidi, harholda Kesakpolvon bu kasbidan uzoqlashmadi.
U ba’zan martabasi ko‘tarilmayotganidan afsuslanardi. Ammo boshqa vazifalarga nisbatan aynan uning — ayg‘oqchining Zo‘rga yaqinligi tasalli berardi. Aynan shu yaqinlik tufayli bir kunmas bir kun Zo‘rning o‘rnini egallashi mumkinligiga aqli yetib turardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:22:25

Muddaosi sari yaqinlashayotgan damda kimningdir istagi bilan bu bolalar uyi yopildi. Ular turli bolalar uylariga tarqatildilar. Kesakpolvon katta shaharga shu zaylda keldi. Asadbek bilan ham shu bahonada tanishdi. Aniqrog‘i, Asadbek o‘qiydigan sinfga kelib, eng oxirgi partaga, bo‘yi boshqalarnikidan uzunroq bo‘lgan bola yoniga o‘tirdi. Qovog‘ini solib, tumshayib o‘tiradigan bu bolaning ismi Asad edi. Kesakpolvon uning bo‘yiga, avzoyiga qarab, «Zo‘ri shu bo‘lsa kerak», deb o‘ylab yanglishmadi. Asadbek boshqalarni huda-behuda urmasa ham, so‘kmasa ham yoshi kattaroq bo‘lgani uchun undan hayiqishardi. Kesakpolvon uning maktabga kechroq chiqqanini, otasi qamalgan yili esa sinfda qolganini dastlabki kezlar bilmasdi.
Bir kuni sinf rahbari kirib Asadbek bilan Kesakpolvonni o‘rinlaridan turg‘izdi.
— Turdialievning perosini qaysi biring o‘g‘irlading? — dedi g‘azabli ko‘zlarini ularga tikib.
Bu davrga kelib Kesakpolvon ko‘zlarini lo‘q qilib qarashning ustasi bo‘lib qolgan edi — o‘qituvchiga «Bunaqa gapdan xabarim yo‘q», deganday bezrayib qarab turaverdi. O‘g‘irlikni or deb bilgan Asadbek esa bunday qila olmadi. Gumonning o‘ziyoq uni uyatdan bosh egishga majbur etdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:22:46

— Men o‘g‘ri emasman, — dedi u o‘qituvchiga tik qaray olmay.
Shu zahoti uning yuziga shapaloq tushdi:
— Sen, unsurning bolasi, menga to‘ng‘illama. Dars tugaguncha peroni joyiga qo‘ymasang — qamalasan! Endi hamma turib, xalq dushmanining o‘g‘liga, o‘g‘riga o‘z nafratini izhor qilsin!
Kesakpolvon nafrat qanday izhor qilinishini bilmas edi. Otasi qamalganidan beri bunday xorlik tuzini tatib ko‘rayotgan Asadbek qochmoqchi bo‘ldi. Ammo sinf rahbarining omburday qo‘llari qulog‘ini burab, joyidan jildirmay qo‘ydi. Bolalarning ayrimlari unga yaqinlashib, tap tortmay tupurdilar. Ayrimlari esa qo‘rqa-pisa «tuf» deb o‘tdilar. Sinf rahbari istamayroq tupurganlarni to‘xtatib, nafratni astoydilroq izhor etishga majburladi. Shu zaylda nafratlar izhor etilib bo‘lingach, sinf rahbari Kesakpolvonga qarab:
— Sen-chi? — dedi.
Dushmanlar ro‘yxatiga tushib qolmaslik uchun Kesakpolvon ham tupurdi. Bu dunyoning ajabtovurligi shundaki, valadi zino halolga, o‘g‘ri to‘g‘riga tupurdi! Kesakpolvon boshqalarga qo‘shilib «nafratini izhor» etdi-yu, «Hali bu abjag‘imni chiqarmasa edi», deb qo‘rqdi.
Tanaffus paytida sinfning zo‘ri bo‘lmish Asad bolalarni chertmadi ham, so‘kmadi ham. Hovliga chiqib, daraxtga suyanganicha ma’yus holda turaverdi. Ertaga qichishi mumkin bo‘lgan yerini bugun qashib qo‘yishni o‘rganayotgan Kesakpolvon unga qo‘rqibgina yaqinlashdi.
— Og‘aynichalish, sen mendan xafa bo‘lma. Agar tuflamasam mendan ko‘rardi.
Asadbek o‘ziga nisbatan yoshi ham, bo‘yi ham qisqa bu bolaga bir qarab oldi-yu, indamadi.
— Peroni sen olmagansan. Otang dushman bo‘lgani uchun...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:23:19

— Mening otam dushman emas! — dedi Asadbek o‘qrayib. Uning mushtlari tugilib, vajohati o‘zgardi. Bolalar tupurayotganda bunaqa holga tushmagan edi.
— Men dushman demadim-ku! Ular shunaqa deb o‘ylasharkan-da. Sinfda bir narsa yo‘qolsa yo sendan, yo mendan ko‘rishadi. Men detdom bolasiman. Demak, men ham yomonman.
— Yomonliging to‘g‘ri. Peroni sen olgansan.
— Yo‘-o‘q, olganim yo‘q.
— Olding. O‘zim ko‘rdim.
— Ko‘rgan bo‘lsang... unda nimaga aytmading?
— Men sotqin emasman. Senga o‘xshagan o‘g‘ri ham emasman...
— Meni o‘g‘ri deyapsanmi?.. Ha, mayli, o‘sha perosini men oldim. Berib tur, desam bermadi. Bermagandan keyin olaman-da. Agar o‘zi yo‘qotib qo‘yganida ham baribir bizdan ko‘rishardi. Undan ko‘ra o‘zimiz olganimiz yaxshi emasmi? Ma, — u shunday deb cho‘ntagidan pero chiqarib uzatdi, — egasiga ber. Yana qamatib yurmasin.

Qayd etilgan