Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282928 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:23:39

— O‘zing ber.
— Men nima deb beraman?
— O‘g‘irladim, deysan.
— Sendan ko‘rishyapti, o‘zing berganing yaxshi.
— Men bersam, men o‘g‘irlagan bo‘lib chiqaman.
Kesakpolvon bu gapni eshitib, birpas o‘ylandi-da, «Gaping to‘g‘ri, shu yerda tur», deb nari ketdi. Turdialiev degani doimo ozoda kiyinib, bo‘yniga shohi qizil galstuk taqib yuruvchi nimjonroq bola edi. Kesakpolvon uni chaqirib, panaroq joyga boshladi. Ammo juda xilvatga o‘tishdan o‘zini tiydi. Asadbekning shu tomonga qarab turganiga ishonch hosil qilgach, avval yaxshilik bilan gap boshladi:
— Peroyingni Asad o‘g‘irlaganini ko‘rdingmi?
— Yo‘-o‘q, — dedi Turdialiev.
— Bo‘lmasa direktoringga kirib ayt, peroimni yo‘qotib qo‘ygan ekanman, topdim, de.
— Senga nima? Seni o‘g‘ri qilmadik-ku?
— O‘g‘ri menman! — Kesakpolvon shunday deb uning kekirdagiga chang soldi: — Yo aytasan, yo o‘lasan! Men detdom bolasiman, a? Aytasanmi yo yo‘qmi?
Esxonasi chiqib ketgan Turdialiev xirilladi:
— Aytaman, qo‘yvor endi.
Kesakpolvon cho‘ntagidan uch-to‘rt pero chiqarib unga uzatdi:
— Tanlab ol, qaysi biri seniki?
Turdialiev titroq barmoqlari bilan otasi Moskvadan olib kelgan peroni tanlab oldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:24:01

— Buni eskitib qo‘yibsan. Ertaga menga yangisini olib kelasan. To‘xta, yana bitta gap bor: sinfda yigirma ikkita bola bor, a? Har bitta boladan besh tiyindan to‘plab berasan.
— Nimaga?
— Tupurganlaring uchun. Bitta tupurish besh tiyin. Sen o‘zing o‘n besh tiyin to‘laysan. Seni deb bo‘ldi hammasi. Bilib qo‘ylaring: g‘iring desalaring — so‘yaman! Bitta-bitta ushlab so‘yaman. — U shunday deb cho‘ntagidan buklama pichoqcha chiqargach, Turdialievning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
Shu voqea bahonasida u o‘zi ham kutmagan holda sinfning zo‘riga aylanib qoldi.
Asadbek undan anchagacha nafratlanib yurdi. Kesakpolvon uning nafratini sezib turar, ammo bu nafratni uyg‘otuvchi omilni idrok qila olmas edi. Garchi Asadbek «dushman bolasi» tamg‘asi ostida yursa-da, uning boshqa olam farzandi ekanini tushunmasdi. Tushunmoq uchun esa o‘zining valadi zino ekanini bilmog‘i lozim edi.
Maktabda, xususan, ularning sinfida o‘g‘irlik davom etar, chuv tushgan ayrim bolalar yonida pichoqcha olib yuruvchi bu «detdomchi»dan qo‘rqishib indashmas, ayrimlari arzi hol qilgan taqdirlarida ham undan gumonlari borligini bildirishmas edi. Asadbek yana ikki karra nafrat nishoniga aylangach, Kesakpolvon uni tartibga chaqirmoqchi bo‘ldi:
— Ikkitasini boplab abjag‘ini chiqargin, keyin tuflamaydigan bo‘ladi. Nima, qamalishdan qo‘rqasanmi? Bunaqa turgandan ko‘ra qamalib ketgan ming marta yaxshi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:24:19

Bu zaharli gapdan keyin Asadbek «yorildi»:
— Qamoqdan qo‘rqmayman, — dedi u. — Men qamalib ketsam oyimlarga kim qaraydi?
Kesakpolvon Asadbekning bu dardiga ham tushunmadi. Ona sutiga, mehriga qonmagan, qalbi «onaga muhabbat» degan tuyg‘udan holi bu bola ona huzuridagi mas’uliyat, burch degan tushunchalarni idrok qilishi mumkin ham emasdi.
Kesakpolvon o‘sha onlarda yuqori sinflarda o‘qiydigan zo‘rlarga ham yaqinlashishga harakat qildi. Ulardan bir-ikki tepki yegach, bu yil bo‘lmasa kelasi yili maktabning mutlaq zo‘ri martabasiga yetuvchi Asadbekdan durustrog‘i yo‘q ekaniga ishondi. Asadbek «Sen bola, o‘g‘irlik qilma!» deb urganida ham ranjimadi. Asadbekning ko‘ngli sovib, gaplashmay qo‘ygan kezlarida esa yuqori sinfda o‘quvchi Jalilni ishga soldi. To‘g‘ri, avvaliga Asadbek bilan Jalilning oralaridan qil o‘tmas darajadagi do‘st ekanliklarini bilib, g‘ashlandi. O‘zini Jalilning o‘rnida ko‘rishni istadi. Ammo bu do‘stlikni uncha-buncha kuch buzolmasligini bilgach, Jalildan foydalanadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:24:35

Bolalar uyidagi hayoti oyoqlab, «katta hayot»ga uchirma bo‘lishga hozirlik ko‘rib yurgan kezlari bir ayol keldi. Tarbiyachilar uni «Sening onang», deb tanishtirishdi. Ayol yig‘lamsirab «Bolam!» deganicha uni bag‘riga bosdi. Kesakpolvonning eti hatto jimirlamadi. Bir paytlar bolalarga qo‘shilib onasini kutgan Kesakpolvon bo‘zlayotgan bu ayolning onasi ekanini his eta olmasdi. Ayol shu sog‘inch, shu bo‘zlash bilan xarsang toshni quchib mehrini bersa, balki tosh erib ketardi. Lekin Kesakpolvon o‘shanda qilt etmadi.
Onasi urush ofatlarini, asirlik azoblarini, qamoq jafolarini aytib yig‘lardi. Kesakpolvonning esa kiprigi qilt etmasdi. Kesakpolvon toshdan ham qattiqroq edi — yorilmadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:24:57

Onasi «uyga olib ketaman», dedi. «Baribir qaerdadir yashashim kerak-ku», deb ko‘ndi. Jangda jarohatlanib asirga tushib qolgan, urushdan keyin qamalgan onasi Sibirda o‘ziga o‘xshagan odam bilan topishgan ekan. U «Xohlasang «dada» de, xohlasang «Toshmat aka» de», deb o‘zini tanishtirdi. O‘z onasini «ona» deya olmaydigan odam begonani «dada» dermidi? «Toshmat aka», deyaverdi. Toshmat aka deganlari juda injiq ekan. Kesakpolvonning har qadamini kuzatadi. «Unday qilma, bunday qil», deb aql o‘rgataveradi. Bu ham yetmaganday, kechalari baqirib, kimlarnidir jangga boshlaydi. Xullas, bu hayoti joniga tegib, uydagi qo‘lga ilinarli narsalarni o‘mardi-yu, g‘oyib bo‘ldi.
Kesakpolvon onasini tushunmadi. Tushunishi mumkin ham emasdi. Onasi esa g‘olib nafsning lahzalik rohati uchun bu dunyodagi umrini qurbon qilganini anglab yetdi. Shu bois o‘g‘lini boshqa qidirmadi...


Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:25:31


VI   b o b

1
Zohid «Yoshligida Jamshid Sunnatullaevga oshiq bo‘lgan bu xonim kim ekan?» degan qiziqish
 bilan muovinning eshigini asta taqillatdi. Ichkaridan «Bandman!» degan ingichka ovoz eshitildi. Zohid odob yuzasidan picha kutdi. So‘ng yana taqillatdi. Ichkaridan bu safar «Bandman!» degan ovoz zardali ohangda keldi. Zohid bu zardaga parvo qilmay eshikni qiya ochdi-da «Mumkinmi?» dedi.
— Bandman, kuting, — dedi muovin jahl bilan.
Zohid bu gapni ham eshitmaganday eshikni kattaroq ochib, ostona hatladi. Xona to‘ridagi katta stolga tirsagini tirab o‘tirgan jikkakkina, qaldirg‘och qanotiday qayrilma qosh ostidagi dumaloq ko‘zlaridan qahr yog‘ilib turgan ayol «Bu bezbet yigit kim bo‘ldi ekan?» deb o‘ylab ham o‘tirmadi.
Uning huzuriga turli yumush bilan turli toifa odam kelib turardi. Bular orasida muloyimlari ham, bezbetlari ham, shirinso‘zlari ham, to‘nkamijozlari ham bo‘lardi. U barchani bir tarzda — qoshlarini chimirgan holda qabul qilardi. Faqatgina gap orasida husnini maqtab o‘tuvchi erkaklargagina bir jilmayish hadya etib qo‘yar edi.
Agar Zohid shoirtabiat bo‘lganidami, «Bu ohu ko‘zlarga g‘azab emas, kulib turish yarashadi», degan gaplar bilan ko‘nglini ovlardi. Zohid shoirtabiat ham emas, bu ayolning ko‘nglini ovlash niyati ham yo‘q. Bundan tashqari xonasiga kiruvchini it kabi qopadigan rahbaru rahbarchalarga azaldan tobu toqati yo‘q. U ichkariga bir qadam qo‘yishi bilan muovin jahl bilan o‘rnidan turdi:
— Sizga «Bandman!» dedim?!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:25:54

— Eshitdim, — dedi Zohid. — Afsuski mening vaqtim ziqroq, boshqa kutolmayman.
— Mening ham vaqtim ziq. Sizni qabul qila olmayman.
— Vaqtingiz bo‘lmasa ham bostirib kirishga majburman. Xizmatim shunaqa. — Zohid shunday deb unga yaqinlashdi-da, hujjatini uzatdi. Muovin guvohnoma bilan tanishgach, shashtidan qaytdi. O‘rniga o‘tirdi. Ammo jiddiyligini yo‘qotmadi, qoshlarini chimirgan holda:
— Xizmat? Biz nima gunoh qilibmiz? — dedi.
— Gunohingiz yo‘q. Bir ishga aniqlik kiritishda yordam bersangiz?
— Marhamat, so‘rang. Faqat imillamang, vaqtim ziq.
— Siz... Jamshid Sunnatullaev degan yigitni tanirmidingiz?
«Tanirmidingiz?» degan so‘z muovinga «o‘sha voqeani eslaysizmi?» degan pisandaday tuyulib, yuragi shuv etib ketdi. Chimirlagan qoshlari asl holiga qaytdi. «Shuncha yildan keyin nimaga kavlashtirib keldi?» degan o‘y uni muovinlik shohsupasidan oddiy gunohkor banda holiga bir zumgina tushirdi. Yillar bo‘yi vujudini boshqarib kelayotgan kibr bu oniy chekinishdan g‘olib chiqib, uni yana o‘sha shohsupaga ko‘tardi. U yana qoshlarini chimirdi:
— Kim dedingiz? Eslolmayapman?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:28:04

— Nahotki?— Zohid ajablanganday unga tikildi.— Sizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan yigit... Qamalib ketgan.
— Ha, umi... ancha yil bo‘ldi. Esimdanam chiqibdi.
— Qiziq?
— Nimasi qiziq?
— Bunaqa voqea esdan chiqmasa kerak deb o‘ylarkanman.
— Yana nimalarni o‘ylaysiz? — dedi Muovin piching aralash zarda bilan. — Yoshligimda bunaqa yigitlardan mingtasi atrofimda ilakishib yurardi.
— Buni bilmadim... Balki mingtadan ham ko‘proqdir. Lekin ularning hammasi qamalmagandir? Bunaqasi bittadir?
— Balki bittadir... Qani, gapni aylantirmay, maqsadingizni ayting.
— Sunnatullaevni oxirgi marta qachon ko‘rgan edingiz?
— Beting qurg‘urni o‘sha suddan keyin ko‘rmadim.
— Keyin... qamoqdan chiqqanidan keyin ilakishmadimi?
— Keyin ko‘rganim yo‘q.
— Siz uning taqdiri bilan qiziqmadingizmi?
— Nimaga qiziqishim kerak ekan?
— Axir... otasi bilan birga ishlar edingiz?
— Ishlar edik. U odam ishdan bo‘shab ketgan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:28:24

— U odam hozir og‘ir kasal emish?
— Bo‘lsa bordir. Issiq jon...
— Ha, issiq jon... Sunnatullaevni o‘ldirib ketishibdi, eshitmadingizmi?
— Men o‘ldirmabmanmi, ishqilib?
— Yo‘q, sizmasdirsiz.
— «Sizmasdirsiz?» Nima demoqchisiz?
Zohid ko‘mirga aylangan murda suratini cho‘ntagidan olib, unga uzatdi:
— Bunaqa ish sizning qo‘lingizdan kelmasa kerak, demoqchiydim.
Muovin Jamshidning o‘lganini eshitgan, ammo bunday vahshiylik sodir bo‘lganini bilmagan edi. Suratni ko‘rib bir cho‘chib tushdi. Uni bu noqulay ahvoldan mo‘’jaz reproduktordan kelgan ovoz qutqardi:
— Markazkomdan shoshirishyapti, xat tayyor bo‘ldimi?
Muovin shoshib mikrofonga engashdi:
— Yo‘q, opajon.
— Nimaga cho‘zyapsiz? Bu masala plenumga qo‘yilishini aytdim-ku sizga!
— Prokuraturadan bir o‘rtoq kelib, meni so‘roq qilyapti.
— Huzurimga kiring. Tez bo‘ling.
Muovin «eshitdingizmi?» deganday qoshlarini chimirdi-da, betakalluf tarzda xonadan chiqdi. Bir necha daqiqadan so‘ng ancha dadillashgan holda qaytib, joyiga o‘tirdi.
— Yana nimani so‘rab bilmoqchisiz?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:28:47

— Sunnatullaev sizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan o‘sha ishda siz tergovchiga «Undan qochaman, deb o‘zimni derazadan tashladim», degansiz. Sudda esa «Derazadan itarib yubordi», degansiz. Qaysi biri to‘g‘ri?
— Bu odamning o‘limiga mening ko‘rsatmalarimning nima dahli bor? Siz qotilni qidiryapsizmi yo eski go‘ngni tityapsizmi? Maqsadingiz nima?
— Siz savolimga javob bermadingiz?
— Javob bermayman ham. Qandaydir tergovchining bema’ni savollariga javob qaytarishga toqatim ham, vaqtim ham yo‘q.
Zohid qayrilma qosh bu Muovinning bu tarzda dadillashishi sababini bilmay turganida telefon jiringlab masalaga oydinlik kiritdi. Muovin telefon go‘shagini qulog‘iga tutdi-da, «Ha, shu yerda», deb Zohidga ma’noli qarab qo‘ydi. So‘ng go‘shakni uzatdi:
— Sizni so‘rashyapti.
Zohid ajablangan holda go‘shakni qulog‘iga tutdi-da:
— Eshitaman, Sharipov, — dedi.
— U yerda nima qilib ivirsib yuribsiz. Hurmatli odamlarni behurmat qilishga kim sizga huquq berdi?
— Kechirasiz, sizni tanimay turibman? — dedi Zohid.

Qayd etilgan