Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282853 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:03:55

— Qo‘rqayotganim yo‘q... — deb gap boshladi tabib. Ammo Kesakpolvon uni gapirtirmadi.
— Qani, olaylik, oldirmaylik. Yigit o‘lmaylik, balo ko‘rmaylik.
Kosagul piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatib, tamshanib qo‘ygach, gapni chuvalashtirmay ichavergani ma’qul ekanini fahmlab, piyolani qo‘liga oldi. U ichib bo‘lgunicha Kesakpolvon kutib turdi, so‘ng yana quydi-da:
— Juft bo‘lsin, — deb izoh berdi.
Juftdan so‘ng toq, keyin yana bir karra juft bo‘lib, tabibning yuzlariga qizillik yugurgach, Kesakpolvon muddaoga o‘ta boshladi:
— Ochig‘ini aytsam, do‘xtir zotiga tobim yo‘q. O‘n yilmi yo o‘n besh yilmi oldin biqinim og‘rib do‘xtirxonaga boruvdim. Bittasi ikkinchisiga ro‘para qildi, unisi o‘ninchisiga yubordi, xullas, otning kallasidek qog‘ozga kasallarimni yozib berishdi. Yetti-sakkiz xil kasalim bor ekan. Vey, tomi ketganlar, shuncha kasal o‘likda ham bo‘lmaydi, dedim. Bergan dorilarining bittasini ham ichmadim. Mana, yuribman, o‘lmay.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:04:08

— Endi do‘xtir tekshirib ko‘rib, borini yozadi-da.
— He... yozsa yozib bo‘ksin. Siz... meni taniysizmi?
— Yo‘q.
— Xumkalla... kimligimni aytmadimi?
— Bir kasalni ko‘rib qo‘ying, devdi.
— Ha... o‘sha kasal — menman.
— Siz?
— Ha, men. Mening bitta kasalim bor. Kim mendan sir yashirsa, o‘shanga qiziqaveraman. Bilib olmagunimcha qo‘ymayman. Xo‘p, meni tanimasangiz Asadbek degan odamni eshitganmisiz?
— Eshitganman, — tabib shunday deb Kesakpolvonning o‘tkir nigohiga dosh berolmay ko‘zlarini olib qochdi.
— Eshitganmisiz yo taniysizmi?
— Taniyman.
— U-chi? U ham sizni taniydimi?
— Bilmadim. Tanisalar kerak.
— Tanisalar kerak?.. Hm... men ham tanisa kerak, deb o‘ylovdim. Mahmud-chi, uni ham taniysizmi yo eshitganmisiz?
— Nima uchun so‘rayapsiz?
— Hozir aytdim-ku, shunaqa kasalim bor, deb. Agar to‘g‘risini aytmasangiz kasalim qo‘zib, tutqanog‘im tutib qolsa, chatoq. Javob bering!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:04:37

— Taniyman.
— Qanaqasiga taniysiz? Kim tanishtirgan?
— Ko‘rib qo‘yganman.
— Kimni? Mahmudning onasinimi?
— Yo‘q. Onasini tanimayman.
— Kimni ko‘rgansiz? — Kesakpolvon endi tahdid ohangiga o‘tdi. Bu ohang tabibga tutqanoqning boshlanishiday tuyulib, bir seskandi.
— Kimni deyapman?
— Aytolmayman... Qasam ichganman.
— Menga aytishing mumkin, — Kesakpolvonning sensirashga o‘tishi o‘zi aytgan tutqanoqning boshlanishidan darak edi. Tabib bu ham g‘ilayga o‘xshab kekirdagimga chang solmasin, deb qo‘rqib, aybdorlarcha sekin dedi:
— Asadbek akamni...
— Asadnimi? Uni nimaga ko‘rasan? Kasalmi?
— Aytolmayman... qasam...
— Qasam-pasamingni qo‘y. Men Asadning eng yaqin oshnasiman, men bilishim kerak. Gap ikkalamizning oramizda qoladi.
— Bittasi ham shunaqa devdi, aytib qo‘yibdi.
— Kim?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:04:48

— Tanimayman... gavdali bir g‘ilay odam.
— Shomilmi?
— Otini bilmayman. Kelasolib tomog‘imdan bo‘g‘di. «Asadbekning kasalini aytasan», deb turib oldi. «Aytmasang o‘lasan», dedi.
«Ha, bu — Shomil, — degan qarorga keldi Kesakpolvon. — Bu xunasa qaerdan is oldi? Asadbekning kasali bilan nega qiziqdi?»
— Aytdingmi?
— Ha.
— Qasamni buzgan bo‘lsang... o‘lishing kerak.
— Aybim nima?
— G‘ilayga nima deding?
— Kasalini aytdim.
— Qanaqa kasal? Shamollaganmi?
— Yo‘q... kasallari juda jiddiy... rak. O‘pkalarida.
— Nima?! — Kesakpolvon sapchib turib, stol atrofini aylanib o‘tdi-da, tabibga yaqinlashgach, yoqasiga chang solib bir-ikki silkidi: — Nima deyapsan, xunasa! Yo‘talsa rak bo‘laveradimi?!
— Tekshirdim. Krasnoyarda ham qaratishgan ekan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:05:23

Krasnoyarni eshitib, tabibni qo‘yib yubordi. «Otamni ziyorat qilaman», deb ketuvdi, do‘xtirga tekshirtirgani borgan ekan-da?» deb o‘yladi. Joyiga qaytib borishga madori yetmayotganday tabibning yoniga o‘tirdi. «Asadga nima bo‘ldi? Nima uchun dardini mendan yashirdi? Nima uchun bu sirni Mahmud bilishi mumkin-u, men bexabar qolishim kerak? Do‘xtirni sir ochilmasin, deb o‘ldirishmoqchi bo‘lishdimi? Yo G‘ilayga aytib qo‘ygani uchunmi? G‘ilay bildimi, demak, Hosil g‘imirlab qolgan. «Rak bo‘lsa, erta-indin o‘ladi», degan. Hosilning-ku, muddaosi aniq. Mahmud-chi? Mendan ko‘rgan yaxshiliklariga javobi shumi? Chuvrindi degani chuvrindiligicha qolarkan-da, a? Asadning o‘rniga ishtaha saqlayaptimi? Menga xo‘jayin bo‘lmoqchimi?.. Yebsan!»
Kesakpolvon keyingi so‘zni beixtiyor ovoz chiqarib aytdi. Tabib uning nima deganini anglamadi:
— Gapingizga tushunmadim?
Kesakpolvon chalg‘igan xayolini bir yerga jamlab, tabibga qaradi:
— Balki adashayotgandirsan? Krasnoyardagilar ham yanglishishgandir?
— Bo‘lishi mumkin...
— Bo‘lishi mumkin? Unda nima uchun vahima qilasan?
— Shunga asos bor-da. Uzil-kesil xulosa chiqarish uchun kasalxonada yotishlari kerak. O‘pkadan suv olsak, keyin aniq bo‘ladi.
— Nimasi aniq bo‘ladi?
— Agar suv toza chiqsa, boshqa gap, qonli, yiringli bo‘lsa, unda... chorasi qiyin...
— Nega yotqizmading?
— Ko‘nmadilar.
«Ovoza bo‘lishdan qo‘rqqandir», deb o‘yladi Kesakpolvon.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:06:05

— Shu sohadagi do‘xtirlarning zo‘ri senmisan?
— Mendan zo‘rroqlari ham bordir... lekin... xafa bo‘lmang-u... hozir chorasi yo‘q, ular ham hech nima qilisholmaydi.
— Qo‘llaringdan hech balo kelmasa, nima qilib yuribsanlar do‘xtirman, deb kerili-ib? Birovning erta-indin o‘lishini aytish uchun ham do‘xtir bo‘lish kerakmi? E, xunasai davronlar! — Kesakpolvon xumoridan chiqqunicha so‘kindi. Tabib xalq og‘zaki ijodini o‘rganayotgan olimday boshini egib, sukut saqlaganicha toqat bilan tingladi.
— Xo‘p, — dedi Kesakpolvon sal hovuridan tushgach,— do‘xtirlaring eplolmabdi, yangi chiqqan ekstrasenslar-chi?
Tabib bosh chayqadi:
— Ular lo‘ttiboz-ku!
— Tuzatishayotganmish-ku? Odamlari bormish-ku?
— Men u lo‘ttibozlarga ishonmayman. Asablari zaif odamlarni laqillatishadi.
— Tuzatish o‘zingning qo‘lingdan kelmaydi, lo‘ttibozlarga ishonmaysan. Bir odam shunaqa bo‘lib o‘lib ketaveradimi? Bilib qo‘y, Asad o‘lsa, sen yarim kun ham yashamaysan!
— Nimaga axir... men...
— Lattachaynarlik qilma. Bu hukmni men chiqarmaganman. Bekor ham qilolmayman. Joningni saqlashning yo‘li bitta — Asadni tuzatasan.
— Yotishlari kerak. Nur berib ko‘rish kerak. Dori-darmonlarni aytganman.
Kesakpolvon «Asadni tuzatasan» deb buyurishga buyurdi-yu, «Bu endi unga qanday ro‘para bo‘ladi, o‘lishi kerak-ku?» deb o‘yladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:06:19

— Sen tuzatolmaysan. Do‘xtirning zo‘rini top, — deb buyrug‘iga o‘zgartish kiritdi.
Tabib o‘ylanib turib, uch kishining ismini aytdi. Kesakpolvon ularni birma-bir surishtirayotganida ikkilangan holda yana bir ismni tilga oldi.
— Kim u? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— U do‘xtirmas, keksa bir tabib. Chorasiz kasallarni ham tuzatar emish. Lekin... hammani ham qabul qilavermas ekan. Hushiga kelmagan odamni yaqinlashtirmas emish. Men uni ko‘rmaganman. Eshitganman. Balki o‘sha...
— Tabib dedingmi? Ha, ana endi o‘zingga kelding. Do‘xtiringdan shu tuzuk. Senlar o‘likning qornini yorib, keyin kasalini aytasanlar. Tabib tomir ushlab turib biladi. Shuni topamiz. Sen esa... Hayronman, seni nima qilsam ekan... Sen qasamni buzgansan. Ochig‘ini aytayinmi — joning Xumkallaning qo‘lida. U seni hurmat qilarkan. Joningni saqlab qolmoqchi. Mayli, men roziman. Sen esa o‘lmay desang, uning chizgan chizig‘idan chiqmaysan. Yot desa — yotasan, tur desa — turasan. Odam zotining ko‘ziga ko‘rinmaysan, tuxum bosib yotasan, tushundingmi? Biz chiqaradigan hukm bilan hazillashma. Endi boraver. Xumkallaga ayt, kirsin.
Tabib Asadbekni tekshirib, kasalining rak ekanini aytganida Mahmud «Bu sirni birov bilsa — o‘lasan» deb ogohlantirgan edi. Tabib buni o‘sha onda shunchaki bir po‘pisa sifatida qabul qilgan edi. Qasami ham astoydil emas, ularning ko‘nglini tinchitish uchungina edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:06:32

Bu omi banda islom farzandi uchun bunday qasam ichmoq durust emasligini bilsa edi, tiliga ehtiyot bo‘larmi edi. U qasamini unutayozgan ham edi. G‘ilay kelib hiqildog‘idan olganda o‘t bilan o‘ynashayotganni fahmladi. Hozir Kesakpolvonning gaplarini eshitib, boshi uzra qanday abri balo to‘planib qolganini idrok etdi. Cho‘chqaning ozg‘ini, negrning mallasi bo‘lmaganidek, bu toifa odamlarning mehr-shafqati yo‘qligini shu paytga qadar bilmas edi. Tabib bu yerdan eson-omon, ayni choqda joni omonat holda chiqib ketajagini anglab o‘rnidan turdi. Holdan ketib, titrayotgan oyoqlarining o‘ziga bo‘ysunishi qiyin bo‘ldi. Uch-to‘rt qadam yurmay, Kesakpolvonning ovozini eshitib, to‘xtadi.
— Agar... hech chorasi topilmasa... qancha yashaydi?
— Aniq aytolmayman... uzog‘i bilan besh oyga borar. Yana Xudo biladi. Agar qaralmasa, tezlashib ketishi ham mumkin.
— Agar yana birov surishtirib qolsa, rak emas, deysan. Hiqildog‘ingdan olsa ham, «besh-olti yil yashaydi», deysan. Tushundingmi, endi bor, jo‘na!
Tabib chiqqach, Xumkalla kirib keldi.
— Seni qarzdor qilib qo‘ydim, — dedi Kesakpolvon unga tikilib. — Bo‘yningga ikkita jon ilindi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:06:45

— Rahmat akaxon... lekin... sal tushunmadim?
— Tushunish uchun kalla kerak. Do‘xtirni o‘ldirmaylik, dedingmi? Bu bitta jonmi? Endi buning yoniga o‘zingnikini qo‘sh. Sen xo‘jayiningni sotding, aytgan ishini bajarmading. Mahmudga aytsam, do‘xtiring bilan bitta go‘rda achomlashib yotarmiding?
— Rahmat akaxon, endi tushundim. Yaxshiligingizni unutsam, til tortmay o‘lay.
— To‘xta, o‘lmay tur. Avval qarzingni uz. Sen menga Mahmudning har bir aytgan so‘zini yetkazasan. Har bir bosgan qadamini kuzatasan. Bildingmi?
— Bildim, akaxon.
— Do‘xtirni nima qilasan?
— Ishidan javob olsa...
— Xo‘jayining juda aqlli-ku, senga o‘rgatmaganmi? Kalla bormi, o‘zi? Senga uni o‘ldir, debmidi? Ishxonasidan ruxsat olib, keyin o‘ldirasanmi? He, ahmoq! Hozirning o‘zida uni pana joyga yashir. Ishxonasi ham, bola-chaqasi ham bilmasin. Yo‘qoldi, deb qidiraverishsin. Bir oymi, bir yilmi, qancha kerak bo‘lsa, shuncha o‘tiradi. Xohlamasa, yuraversin, sen bo‘lmasang, boshqalar o‘ldirishadi. Orqasidan o‘zing ham jo‘naysan. Xo‘jayiningga «O‘ldirib, suvga tashladim», deysan. Men bilan bexit uchrashib turasan.
Xumkalla ishning o‘zi o‘ylagandek yakunlanganidan quvonib, bir irshaydi-da, yangi hojasiga qulluq qildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:07:25

3

Xumkallaning «oson qutuldim», deb quvonishi bejiz emas edi. U o‘z hojasining ayrim aybdorlar gunohini kechib yuborganini eshitgan, ammo «Kesakpolvon falonchiga marhamat qilibdi», deb qulog‘iga chalinmagan. Xumkalla aniq biladi: yangi, pinhoniy hojasi shunchaki po‘pisa qilmadi — xohlasa, tabibga qo‘shib o‘ldirtirib yuborishi hech gap emas. Xumkalla faqat bir narsani ajrim qila olmadi: u-ku, o‘z hojasiga xoinlik qilish evaziga jonini saqlaydi. Tabib-chi? Tabibga nima sababdan marhamat qildi? Nahot tabib uning birgina iltimosi bilan tirik qolgan bo‘lsa? Bu nodon bandaning ojiz o‘yiga kelgan fikrni qarang: o‘ziga bino qo‘ygan Kesakpolvon beo‘xshov bir maxluq sifatida ko‘ruvchi shu odamchaning iltimosini inobatga olarkanmi?..
Kesakpolvon tabibdan «zo‘r do‘xtirlar»ning nomini so‘rab olgan bo‘lsa-da, ularga murojaat qilish niyati yo‘q edi. Chunki u boshqa tabib jalb etilsa yana bitta guvoh ko‘payishini, shaharga ovoza tarqalishini biladi. Kesakpolvon «kerak bo‘lib qolsa shu tabibning o‘zini ishga solaveraman», degan maqsadda unga iltifot ko‘rsatgan edi.
Hozirgi fikri o‘ziga-da ma’qul kelgan Kesakpolvon bir necha nafas huzur qildi. So‘ng nimadir yuragini siqib kela boshladi. Omburning ikki jag‘i kabi siqayotgan o‘sha «nimadir»ning bir tomoni gumon, ikkinchisi xavotir edi. Gumoni — Chuvrindi, xavotiri— Asadbek. Qaysi masalada bo‘lsin, Asadbek Chuvrindining maslahatiga quloq tutsa, Kesakpolvon g‘ashlanardi. Bu g‘ashlikni ba’zan hasad libosiga o‘rab, ko‘nglining qorong‘u burchagiga to‘plardi.

Qayd etilgan