Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282920 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:30:31

Bo‘lim boshlig‘i o‘zini tanitgach, Zohid «zo‘rsizlar-ku!» degan ma’noda Muovinga qarab qo‘ydi-da:
— Men yuritilayotgan ish yuzasidan keldim bu yerga, — deb izoh berdi.
— Ishga ularning dahli yo‘q. Darhol uzr so‘rangu huzurimga yetib keling.
— Yaxshi. Yana bir-ikki savol beramanu yetib boraman.
— Hech qanday savol berilmasin!
— Yaxshi.
Zohid go‘shakni Muovinga uzatib:
— Bu imorat ancha baland qilib qurilgan ekan, a? — dedi.
— Siz shoshib turibsiz shekilli, chaqirishyaptimi? — dedi Muovin qoshlarini chimirib.
— Ha, hozircha shoshib turibman. Keyin bafurja gaplashamiz.
— Ovora bo‘lib kelib yurmang. Boshqa aytadigan gapim yo‘q sizga.
— Endi opajon, bu masalani biz hal qilamiz. «Ovora bo‘lib kelib yurmang», deb yaxshi aytdingiz. Sizga chaqiruv qog‘ozi yuboraman, prokuraturaga o‘zingiz bora qolasiz.

Muovin gezrayganicha qolaverdi. Zohid xonadan chiqdi-da, «Qorovul balo ekan», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:31:01

Qorovul esa uni bir piyola choyga taklif qilib:
— Qalay, qopmadimi? — deb so‘radi.
— O‘zi qopolmadi, zo‘rrog‘i bor ekan, o‘shanga qoptirdi, — deb kuldi Zohid.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:31:33

Zohid qorovulga kulimsirab gapirgani bilan nayza sanchilgan holga kelgan qalbi faryod urardi. Zohid chigirtkaday ko‘ringan ayolning bu darajadagi ofat ekanini tasavvur ham qilolmagan edi. Mana hozir orqasidan tepki yegan notavon odam kepatasida bo‘lsa ham qorovulga sir boy bermaslik uchun hazil bilan javob qilib, ko‘chaga chiqdi. Chiqdi-yu, yana qaytgisi, ustalik bilan, madaniy tarzda tepib chiqargan Muovinning opajoni huzuriga kirib borgisi keldi. Zohid uni sirtdan bilardi. Zohidga ma’lum bo‘lgani — u qahramon! Radio-televizorda, matbuotda nomi tez-tez zikr etiluvchi ayol. Zohid semiz bu kampirning qiyofasini ko‘z oldiga keltirib «Kattamizni terlatganga o‘xshaydi-da», deb qo‘ydi. U bilmaydiki, qahramon kampir u o‘ylagan «katta»ga emas, balki undan kattarog‘iga arz qilgan. O‘sha kattaroq pastroqqa, unisi yana pastroqqa zug‘um qilgach, zanjir reaktsiya amalga oshib, Zohidning boshlig‘i bevoshlikda ayblanib, unga «siyosiy ko‘rlik» «unvoni» berildi. Buni anglab yetgan rahbar cho‘g‘ni bosib olganday talvasaga tushdi. Kimgaki, «siyosiy ko‘rlik» «unvoni» nasib etdimi, baland martabalar yo‘li to‘silishi ham mayli, tagiga suv keta boshlaydi. Bir ahmoq xodimining qilig‘i uchun mansabdan ayrilishni kim ham istar edi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:31:53

Zohid hali bularni bilmaydi. U hozir ko‘chada ketaturib iziga xayolan qaytib, har narsaga qodir o‘sha kampirshoga achchiq-achchiq gaplarni aytardi: «Minbarlarda aytgan gaplaringiz nima-yu, bu qilig‘ingiz nima? Adolat, adolat, deysiz, xalq manfaati, deysiz. O‘zingiz esa xalqning bir farzandini beayb qamatib yuborasiz. Mening bilganim faqat Sunnatullaev. Siz yana nechta odamning umriga zomin bo‘lgansiz? Hech hisob-kitob qilganmisiz? Siz minbarda ko‘pirib aytgan adolat boshqa, biz himoya qilmoqchi bo‘lgan adolat boshqami? Adolatning rangi nechta o‘zi? Oddiy odamlar adolati jonsizu sizlarniki O‘lmas Kashcheydek davron suraveradimi? O‘sha O‘lmas Kashcheyingizning joni qaysi qutichada saqlanadi o‘zi? O‘sha qutichaga bizning qo‘limiz yetmaydimi? Undagi tuxumni olib quritishga kim qodir?..»

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:32:22

Qahramon kampirshoga bo‘lgan qahrini xayolan sochib borayotgan Zohid bir zum to‘xtab, o‘zidan-o‘zi nafratlandi. Shartta qaytishga, bu gaplarni uning yuziga tik qarab turib aytishga jur’at qilolmagani uchun o‘zidan-o‘zi nafratlandi. Erkakning o‘zini nochor sezishi — qalbi uchun og‘ir azobdir. Tan azobidan bir necha hissa ortiqroqdir. Tan azobigayu malham em bo‘lar, qalb azobiga-chi? Duradgorning mixi tugasa, bir-ikki kun nochor bo‘lar. Ammo adolat mix emaski, bu do‘konda bo‘lmasa, boshqasidan topib ishini davom ettiraversa...
Zohid g‘ashlangan ko‘yi idorasiga yetib bordi. Navbatchi rahbari kutayotganini ma’lum qilgach, «Telefondagi gapi chala qolgan ekan-da» degan fikrda uning xonasi tomon yurdi.
Ichkaridan rahbarining baqirib aytayotgan gaplarini eshitib to‘xtagan edi, kotiba «kiravering, kutyaptilar», dedi. Zohid eshikni ochib, ichkariga ikki qadam qo‘ydi-yu, to‘xtadi. Rahbari qo‘lida bir tutam qog‘ozni ushlab, silkitganicha Zohidning hamkasbiga tanbeh berardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:32:36

Zohidning kirib kelganini ko‘rsa ham, e’tibor bermay, dag‘dag‘asini davom ettirdi:
— Siyosiy ko‘rlikdan qachon qutulasanlar o‘zi?! Qachongacha men sen galvarslarni deb dakki eshitaman? Sen, qovoqmiya, bularga nima deb ayb qo‘yyapsan?
— Banditizm... — dedi tergovchi.
— Ha, banditizm! Ko‘r emasman, o‘qidim, ayblovingni. Endi men shu ahmoqona qog‘ozingga qo‘l qo‘yaymi? Senga qo‘shilib men ham partiya siyosatiga qarshi chiqayinmi? Seni deb men ham qamoqda chiriyinmi? Sen menga ayt, KPSS yigirma birinchi s’ezdi qarorlarini o‘qiganmisan? Ayt, o‘qiganmisan?
— Esimda yo‘q...
— Ha, esingda yo‘q. Esning o‘zi bormi, sen galvarsda? Sen uchun men o‘ylashim kerakmi, a? Senlar jaraq-jaraq pul ishlayverlaring, boyvachcha bo‘lib kerili-ib yuraverlaring. Men esa senlar uchun o‘ylab yuray, eslab yuray... Hozir chiqib, s’ezd qarorlarini o‘rganib, keyin kelasan, — u shunday degach, qog‘ozlarni tergovchiga qarab otdi. Qog‘ozlar mo‘ljaldagi manzilga yetmay, sochilib ketdi. Tergovchi qog‘ozlarni yig‘ishtirayotganida rahbar Zohidga qaradi:
— Qani, dono yigit, sen bilasanmi, partiya qarorlarini?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:33:05

— Partiyaning qarorlari ko‘p, qaysi birini aytyapsiz?
— Qara-ya, yaxshi eslatding, men ahmoq qarorlarning ko‘pligini bilmas ekanman. S’ezd faqatgina banditizm haqida qaror qabul qilgan, deb yurarkanman, — dedi rahbar piching bilan. — Qani, nima degan, sen menga ayt!
Zohid yelka qisdi: yigirma birinchi s’ezd qachon bo‘lganu nima degan, kimning esida turibdi? Hatto partiyaning rahbarlari ham unutishgandir bu qarorlarini. Nafsilamrni aytganda, o‘zini siyosiy hushyor, bilag‘on qilib, xodimlarini ezayotgan bu rahbar ham s’ezdning faqat shu qarorinigina bilardi.
— Bilmaysanlar! Ha, bilmaysanlar, lekin donolik qilib, osmondan kelasanlar. O‘rgildim, sendaqa donolardan! Senlardaqa yuzta dononi yig‘ib kelsa, bir gramm aql topilmaydi-yu, yana karillaysanlar-a! Bilib qo‘ylaring: KPSS yigirma birinchi s’ezdi qarorlarida «SSSRda banditizm barham topgan», deyilgan! Sen esa, — u tergovchiga barmog‘ini bigiz qildi, — «yo‘q, s’ezd adashgan, bizning shaharda banditizm bo‘lib turadi», demoqchimisan? E, o‘rgildim, senlardaqa kaltabinlardan. Yarim soatdan so‘ng ayblovni o‘zgartirib kel.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:33:24

— Nima deb qo‘yay? — deb so‘radi tergovchi qog‘ozlarni yig‘ishtirib bo‘lgach.
— Balo deysanmi, battar deysanmi, o‘yla, kallangni ishlat! Shu ishing uchun davlat senga pul to‘laydi. Kallang po‘la bo‘lsa, bo‘shatib qo‘y, kallalilar ishlasin!
Tergovchi yelkasiga shu kabi tavqi la’nat toshlarini ortib, nochor ahvolda xonadan chiqdi. Zohid esa asta yurib borib uning o‘rniga turdi. Go‘yo qolgan-qutgan la’nat toshlarini ortish uchun yelkasini tutdi. Rahbar unga qovoq uyub qaradi, o‘zi ham o‘tirmadi, uni ham o‘tirishga taklif etmadi.
— Xo‘sh, dono yigit, qaerga borganingizni bilasizmi, o‘zi?
— Oddiy bir idoraga, — dedi Zohid o‘zini xotirjam tutishga tirishib.
— Siz uchun oddiydir. Ammo, — rahbar ko‘rsatgich barmog‘ini shiftga qarab nuqdi, — yuqoridagilar uchun oddiy emas. Sen bola, Sunnatullaevning almisoqdan qolgan ishini nimaga kavlashtiryapsan? Senga bu «Ish» tugallangan, yop, deyilganmi, nega yopmayapsan?
— Ish hali mutlaqo mavhum.
— Nimasi mavhum? Sunnatullaev o‘ldirildimi? Uni o‘ldirganlar ham o‘ldirildimi? Unisi ham, bulari ham dordan qochgan jinoyatchilarmidi? Senga yana nima kerak? Xursand bo‘lib yopavermaysanmi? Sen qilolmagan ishni o‘zlari qilishyapti. Bir-birining go‘shtini yeyapti. Yig‘ishtir, bunaqa donoligingni!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:33:42

Zohid Said Qodirovning topshirig‘ini eslab, rahbarga e’tiroz bildirdi:
— Bu ishni yopolmayman. Meni majbur qilolmaysiz. Kerak bo‘lsa, yuqoriga arz qilaman.
— O‘h-ho‘... zo‘rsan-ku, a?! Qani, yozib ko‘r-chi? E, senga xat-savod o‘rgatganni... — rahbar so‘kinib, joyiga o‘tirdi. — Mishig‘ini artolmaydi-yu, yana men bilan olishadi-ya! — U shunday deb stoli ustidan bir «Ish»ni olib, Zohidga uzatdi: — O‘n besh kunda javobini aytasan. Bor, ishingni qil.
Zohid «Ish»ni olib burildi. Ostonaga yetganida rahbarning so‘kishi eshitildi. Zohid orqasiga keskin o‘girilib, ko‘zlaridagi g‘azab o‘ti bilan unga javob qildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:35:35

3

U xonasiga kirgach, joyiga o‘tirgisi ham kelmadi. Yuzasi choynak izlaridan dog‘ bo‘lgan stol ko‘ziga battar xunuk ko‘rindi. Qo‘lidagi «Ish» zil-zambilday tuyulib, stol ustiga «tap» etib tashladi. Qog‘ozlar qatidan yengil g‘ubor ko‘tarilib, dimog‘ini qichishtirdi. Ikki-uch aksa urgach, yengillashganday bo‘ldi.
Biron ishga qo‘l urilgan mahalda yuqori martaba egalarining aralashuvlari, oqibatda ojiz odamday chetga chiqib qolinishi Zohid uchun yangilik emas. Akasining o‘limidan so‘ng bunday haqsizlikni ko‘p ko‘rdi. Odam zoti yantoqzorda yurib, oyoqlari tikonlarga o‘rganganday, haqsizlikka uchrayversa, unga ko‘nikib qoladi. Hatto haqsizlikka uzoq vaqt duch kelmasa, uni qo‘msaydi ham. Zohid haqsizlik deb atalmish to‘qayzorda yurganini allaqachon fahmlab yetgan, necha yilki, bu to‘qayzorda adolat gulini izlaydi. U bilmaydiki, to‘qayzorda gul bitmas, adashib bitgan taqdirda ham undagi to‘ng‘izlar yancharlar, yo‘q qilarlar.

Qayd etilgan