Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282817 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:08:00

Ko‘ngilning bu qora burchagi yillar davomida lim-lim to‘lgan, endi vulqon kabi otilishga yetilib qolgan edi. Xumkallaning tashrifi vulqon otilishi fursatining yaqin kelganidan bir darak bo‘ldi.
«Mamlakati» bu qadar qudrat kasb etmagan damlarda, tetapoya chog‘larida, militsiyaning bir chertishida kunpayakun bo‘lishi mumkin paytlarda, dudamaning o‘tkir tig‘i ustida yashagan kezlarida Asadbek Kesakpolvonning maslahatlariga quloq solardi. Agar Kesakpolvon ahmoq bo‘lsa, bema’ni maslahatlar bersa bu «mamlakat» qaddini rostlab olarmidi? Bu Chuvrindiga qachon aql bita qoldi? Kesakpolvonni nari surib, dono vazir martabasiga qachon o‘tirib oldi?
Har bir gunohkor banda kabi Kesakpolvon ham o‘z aqlu farosatiga behad yuqori baho beradi. «Asadbek mening maslahatlarimsiz xoru zor bo‘lardi» deb ham o‘ylaydi. Lekin bergan maslahatlarining yuzdan to‘qsoni (balki ko‘prog‘i) Asadbekning qulog‘iga kirmagani, Asadbek bu «mamlakat» poydevorini o‘z aqli bilan bunyod etganini tan olgisi kelmaydi.
Avvallari abri nayson singari laxtak-laxtak suzib yurgan bulutlar endi birlashib, vahimali qora tusga belangan, hademay jala quyishi, sel kelishi kutilmoqda edi. Osmon bulutlari rahmat yomg‘irlarini yog‘dirgan chog‘da, Kesakpolvonda mavjud alam bulutlari olovli qahr yomg‘irini yog‘dirishga shaylanmoqda edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:08:55

Kesakpolvon bir qism g‘ashliklarini ko‘nglining qora burchagiga yashirsa, bir qismini ajdaho o‘t purkaganday sochib turardi. Uning bu holati Asadbek uchun kinodagi ajdaho kabi edi: bu ajdaho olovini «hadeb jirillayverma» deb birpasda o‘chirib qo‘ya qolardi.
Ertakdagi uch og‘a-ini kabi ular uch yo‘l qarshisiga kelib qolgan edilar. Asadbek borsa-kelmas yo‘liga ro‘para kelib turibdi. Ma’murlik yo‘li tor, unga bir kishigina sig‘adi. Chuvrindi otni qamchilab shu yo‘lni egallamoqchimi?zahring menga o‘tmaydi, bola! Asadni Asadbek qilgan sen emas, men bo‘laman. Kecha kavushingni sudrab, poezdga osilib kelib, bugun taxtga o‘tirmoqchimisan? Taxt ancha balandda, bola, chiqaman, deb choting yirilib ketadi-ya!.. Asad... bekman, deb kerilasan-u, ammo g‘irt ahmoqsan. Qimorni tashlagan paytlaringda seni kim boquvdi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:09:14

O‘n so‘m o‘marsam, yettisi seniki edi. Sen ye-eb yotarding. Men esa sal narsaga qamalib ketishim mumkin edi. Endi mendan nimani yashirasan? Kasalingni bilsam, tirikligingcha ko‘mib kelarmidim?.. Ishongan bolang ajalingdan oldinroq o‘ldirsa-chi? Bilaman, sen yaxshi xo‘jayinsan, itingning oldiga suyak tashlashni unutmaysan. Menga ham nimadir berasan. Lekin sen yanglishasan, oshna, men suyakka qanoat qiladigan iting emasman. Men qo‘lingdagi suyakni olib, kimga lozim bo‘lsa unga o‘zim tashlayman. Suyak g‘ajish Chuvrindiga yarashadi. Lekin sen o‘lishga shoshilma, oshna. Meni ahmoq qilmoqchi bo‘lsalaring, mayli urinib ko‘raverlaring. Sening joningni olmoqchi bo‘lgan Azroil bilan o‘zim olishaman. Bir kun bo‘lsa ham umringga umr qo‘shtirmasam yurgan ekanman...»
Eshik qiya ochilib, ostonada «qozi» ko‘rindi.
— Xumkallaga tilla berdingizmi, ja-a og‘zi qulog‘ida, — dedi u yaltoqlanib.
Kesakpolvon o‘zi erk bergan xayollarini yana o‘z joyiga jamlab, zanjirlab, «qozi»ga qarab zaharli iljaydi:
— Unga bergan narsamni million tilla bilan ham sotib ololmaydi.
— Nima ekan u?
— Yo otang, yo onang go‘ngqarg‘a sen bolaning. Hamma narsaga burningni tiqaverma, deb necha marta aytganman-a! Yo burningni kesib tashlaymi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:09:32

«Qozi» bu po‘pisa amalga oshib qolmasin, deb qo‘rqibmi, darhol qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-yu, bosh egib mutelik ko‘rinishini zohir etdi. Kesakpolvon uning ta’zimiga e’tibor bermay piyolaga konyak quyib ichdi-da, gazak qilmay o‘rnidan turdi. «Qozi» itoatkor mulozim ko‘rinishida uni ko‘chaga qadar kuzatib bordi. «Lozim bo‘lsa ignaning teshigidan tuyani ham o‘tkazib yubora olaman», deb katta ketuvchi «qozi» xo‘jayinning fe’li aynib turganini fahmlab, bunday kezlarda chorakta gap ham ortiqchaligini bilgani uchun lom-mim demay, barcha ehtiromini ta’zim orqali izhor eta qoldi.
Choyxona hovlisidagi mashina yonida turgan yigitlardan biri orqa eshikni ochdi. Ammo Kesakpolvon haydovchi o‘rni tomon yurdi. Uning maqsadini anglagan haydovchi darrov joyni bo‘shatdi. Kesakpolvon «qozi»ga xayr ham demay, eshikni yopdi-da, mashinani yurgizdi. Kuzatuvchi yigitlar tushgan kulrang «Jiguli» beto‘xtov ravishda unga ergashdi.
«Qozi» kirgan vaqtda Kesakpolvon xayolini kishanlagan bo‘lsa-da, yuragini qizdirayotgan g‘alayon o‘tini o‘chira olmagan edi. Bu o‘t choyxonadan uzoqlashgach, kishanni parchalab, yana xayollariga erk berib yubordi. Mashinani o‘zi haydashidan maqsadi — ko‘ngli yolg‘izlikni qo‘msaganidan edi. Har bir inson bolasida mavjud bo‘lganidek, unda ham ba’zan shunday hol yuz berar edi. Ammo u g‘ofil banda dunyoga kelganidan beri yolg‘iz ekanidan bexabar edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:09:47

To‘g‘ri, vohidlik — faqat Ollohga xos. Ammo odamlar orasida yashovchi bandaning samimiy do‘sti yo‘q ekan, o‘zi Ollohdan uzoq, Yaratganni o‘ziga hamroh bilmas ekan, uni yolg‘iz sanash mumkin. Alqissa, yolg‘iz odamgina yolg‘izlikni istaydi. Kesakpolvon atrofidagi odamlardan ba’zilarini do‘st, ayrimlarini mulozim deb hisoblardi. Lekin jilmayib turuvchi bu do‘stu mulozimlar boshga tushgan dastlabki baxtsizlikdayoq sinovdan o‘ta olmasliklarini u o‘ylab ko‘rmagan edi. Agar sadoqat — do‘stlik yuragi sanalsa, Kesakpolvon atrofidagilarni yuraksiz bandalar deb aytish joizdir. Bir donishmand «urush — botirni, jahl — dononi, yo‘qchilik — do‘stni sinaydi» degan ekan. Ko‘p yillardan beri yo‘qchilik nima ekanini bilmaydigan bu odam uchun do‘stni sinash imkoni ham yo‘q edi. Uning Asadbek bilan yaqinligi garchi do‘stlik libosida ko‘rinsa-da, aslida odam bolasiga xos samimiylikdan yiroq, faqat bir maqsad yo‘lidagi majburiy birlashuv edi. Ular shu yillar ichi tirishib, tirmashib tog‘ cho‘qqisi tomon intildilar. Yo‘llari xatarli edi. Cho‘qqiga yakka-yolg‘iz yeta olmasliklarini bilar edilar. Shu sababli bir-birlarini himoya qiluvchi arqon bilan bog‘langan edilar. Ular bu arqonni do‘stlikning temir zanjiri deb faraz qilardilar. Ammo birovlari toyib bu arqonga osilsa-yu, ikkinchisining hayoti xavf ostida qolsa, bu arqonning kesiluvi tayin edi. Chunki ular «bir kishi o‘rniga ikki kishining o‘lmoqligi bema’nilikdir» degan o‘zlariga xos hayot falsafasiga amal qilib yashardilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:09:55

Cho‘qqiga yetgunlariga qadar ular bu sinovga uchramadilar. Bir cho‘qqini egallashgach, narida yanada balandrog‘i ko‘ringanida Asadbek uni egallashni istamadi. Ular yaxshi hamroh bo‘-lar, deb Chuvrindini ham cho‘qqiga olib chiqqan edilar. Mana endi Asadbek cho‘qqini tashlab ketmoqchi. Endi bu cho‘qqi kimga nasib etadi? Chuvrindigami?
Kesakpolvon «cho‘qqidagi taxtga Chuvrindi da’vogar», degan fikrga kelib, yanglishmagandi. Asadbek chindan ham o‘rnini Chuvrindi egallashini istardi. Ammo bu ikki a’yonning cho‘qqi talashib, oqibatda ikkovi baravar qulashi mumkinligini ham sezib turardi. Shu sababli kaftdek cho‘qqini ikkiga bo‘lib, o‘rtadan devor olib, ikki «mustaqil mamlakat»ga aylantirmoqni o‘ylardi. Shubhasizki, Asadbekning bu o‘yidan Kesakpolvon bexabar edi. Bilgan taqdirida esa bu xom xayolning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymagan, «Men bor joyda Chuvrindi chuvrindiligini qilsin, joyini bilsin», degan bo‘lar edi.
 U mashinani shaharga olib boruvchi yo‘l qolib, dala tomon beixtiyor burdi. Uning ko‘ngli faqatgina yolg‘izlikni emas, kenglikni, jim-jitlikni ham istayotgan edi. Kenglikni esa daladan topmoqni umid qilgandi. Ajablanarli yeri shundaki, tor ko‘ngil daladan panoh izlamoqda edi. Tor ko‘ngil hech qachon kenglik bilan murosa eta olmasligini esa u bilmasdi. Jimlikni ham daladan istayotgandi. U kishanni parchalay olgan xayollari shovqini jim-jitlikni yaqin yo‘latmasligini ham bilmasdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:10:08

Asfalt tugab, traktor g‘ildiraklari o‘yib yuborgan yo‘l boshlangach, mashina bir-ikki qattiq silkinib, to‘xtadi. Izma-iz kelayotgan mashina ham o‘ttiz qadamcha narida to‘xtadi.
Kesakpolvon «nima bo‘ldi ekan?» deb o‘ylamadi ham, tushib qaramadi ham. Faqat ro‘parasidagi kaftdek ko‘zgu orqali orqasiga bir nazar tashlab qo‘ydi. Ammo uzoq o‘tira olmadi. Yuragi toshib, tashqariga chiqdi-da, mashinadagi yigitlarga qarab baqirdi:
— Ho‘, ammamning buzog‘i, nimaga anqayasan?! — savol quruq bo‘lmasin, deb yigitlarning onalarini bir sidra «eslab», «o‘qib tashlagach», sal hovuri pasayib, yaqinda karamlari yig‘ishtirib olingan, endi mollarga rohat baxsh etayotgan dala sari yurdi. Bu manzara ko‘zni quvnatadigan darajada go‘zal bo‘lmasa-da, yuragida jindek sururi bor odam o‘zicha taskin topishi mumkin edi. Bunday fazilat ulashilganda navbati yetmay qolgan Kesakpolvonga sal narida bezrayib qarab kavsh qaytarayotgan sigir yoqmadi. Engashib mushtday tosh oldi-da, sigirning onasiga ham «muhabbatini izhor etib» otdi. Sigir qochmoqchi bo‘lib bo‘ynini bir qayirdi-yu, so‘ng «o‘zing pachoqqina odam ekansan, nimaga do‘q qilasan, yo shoximga ilib otib yuboraymi?» deganday mo‘’rab qo‘ydi. Kesakpolvon otgan ikkinchi kesak yag‘riniga tekkach, «pachoq bo‘lsang ham shaytonning jiyaniga o‘xshaysan, sen bilan pachakilashmay qo‘ya qolay», debmi, burilib nari ketdi. Cho‘chib qochmay, asta burilib ketishi ham Kesakpolvonning g‘ashini keltirib, uchinchi marta kesak otdi. Sigir esa pashsha qo‘riganday dumini havolatib qo‘yib, sekin ketaverdi.
Yigitlar qorni yerga tiralib qolgan mashinani itarib katta yo‘lga olib chiqishgach, Kesakpolvon iziga qaytib, haydovchisiga qarab baqirdi:

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:10:22

— Nega serrayib turibsan! O‘tir, hayda mashinani!
Hojasining bunday qiliqlariga ko‘nikib ketgan haydovchi ham, yigitlar ham bir nafasdayoq joy-joylarini egalladilar.
Haydovchi shahar yo‘liga chiqquncha indamadi. So‘ng aybdor odamning ovozida so‘radi:
— Qayoqqa hayday?
Kimni chaqishni, zahrini kimga solishni bilmayotgan Kesakpolvon unga o‘qrayib qarab:
— Onangnikiga... — deb so‘kindi. So‘ngra tog‘ dovoni ortidagi bir joyning nomini aytdi.
Haydovchi «rost aytyapsizmi?» deguday bo‘lsa, onasiyu buvilari yana qayta eslanishi mumkinligini bilib, shaharga kirmay, aylanma yo‘l orqali tog‘ sari yurdi. Dovondan oshib o‘tishganida qorong‘i tushib qolgan edi. Kesakpolvon tabib chol yashaydigan joyni tunda qidirib topish qiyinligini fahmlab, mashinani soy bo‘yidagi choyxona sari burishni buyurdi.
Yoz oylari tunu kun yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘luvchi choyxonaning egasi barcha qatori ularga ham lutf ko‘rgazib kutib oldi-da, «Tashqari salqin, ichkarida o‘tira qolinglar», deb pastak uyga boshladi.
Shahar tomonlarda kuz borliqqa hukm o‘tkazayotganidan taltaymoqda esa-da, qishning barvaqt hamlasiga dosh berolmasligini bilib, bu yerlarni tezroq tashlab qochmoq harakatiga tushgan edi. Yarim tunda turgan qattiq shamol bo‘g‘otlarga urilib, uvillay boshladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:10:32

Tongga yaqin qor aralash yomg‘ir yog‘di. Yigitlarning biri shu uyda, qolganlari mashinada edilar. Barchalari sovqotib, subhda uyg‘onishdi-da, choyxonachi bilan hisob-kitob qilib yo‘lga tushishdi. Vodiyni kesib o‘tib, tabib chol yashaydigan tog‘ yonbag‘ridagi qishloqqa peshinga yaqin yetib kelishdi

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:11:01

4

Daraxtzorga burkangan qishloq osuda, ezib yog‘ayotgan yomg‘ir qishloq ahlini uy-uyiga haydagan, shag‘al bostirilgan ko‘chalar kimsasiz edi.
Tabib chol asli bu yerlik emas. Yigirmanchi yillarda jamiyat vasvasaga tushib, «qama-qama», «quloq qil», degan kasalga uchragan damlarda bu balo ofati ularni issiq uylaridan haydab chiqarib, shu yerga haydab kelgan edi. U paytlarda qishloq sal pastroqda bo‘lib, «To‘ng‘izqoya» deb ataluvchi bu joyga odamlar yaqinlashishni istashmas edi. Uzoqdan to‘ng‘izning tumshug‘iga o‘xshab ko‘rinadigan qoya atrofidagi toshloq yerda daraxt o‘stirish qiyin bo‘lgani sabablimi, qishloq past tomonga qarab kengayar, bu tomonga chiqishni istovchilar esa topilmas edi.
Ular dastlabki yili bir dehqonning katalakdek uyidan panoh topishdi. Keyingi yozda shu qoyaga orqa qilib bir bostirma solib, ko‘chib chiqishdi. Tabiblik— cholga ota meros, to‘qqiz ajdodi tabib o‘tgani unga ma’lum. Bobolari Ollohning bandalariga shifo berishida sababchi bo‘lishganini, ammo bu xizmatlari evaziga bemordan sariq chaqa ham olishmaganini yaxshi biladi. Odamlarga xolis xizmat qilish ham ota meros. Bir-ikki bemor avvalo Ollohning marhamati, qolaversa, otasining ilmi tufayli sog‘aygach, ularning obro‘lari oshdi. Shu obro‘ orqasidan serhosil yerlarga egalik qilishlari ham mumkin edi. Biroq otasi «Bu yer shu qishloq odamlarining rizqi.

Qayd etilgan