Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282726 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:11:15

Olloh nasib etsa, biz o‘z yerlarimizga ketarmiz», deb qoya poyidagi qarovsiz joyni tanlagan edi. Tabib chol o‘shanda, bola kezlari ham bostirma emas, tuzukroq uy qurish imkoniyatlari mavjudligini bilardi. Bobolardan meros qolayotgan tillalar borligidan ham xabardor edi. U tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida dang‘illama imoratda emas, ko‘rimsizgina uyda yashagani, nazarga ilinarli mol-mulki yo‘qligi sababini keyinroq, otasi hayotdan ko‘z yumar paytda bildi. Bobolari bu yurtga boshqa yerlardan kelganliklarini, oxir-oqibat ajdodlar yurtiga qaytishni vasiyat qilganlari, tillalarni faqat o‘sha yerlarda ishlatishga ijozat etganlaridan xabar topdi. Bu vasiyat avloddan-avlodga meros qolar, kim, qachon bobolar yeriga qaytajagini bilishmasa-da, oila siriga xiyonat qilmas edilar. Otasi qishloq ahlini o‘limdan qutqarish uchungina xazinadan oz qismini ishlatgan, shundanmi umrining so‘nggi kunlarida jon berolmay azoblangan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:11:38

Xumkalla boshlab kelgan, Chuvrindi o‘limga hukm etgan tabib bu cholni ko‘rmagan, hayotini, tarixini ham bilmas edi. Faqatgina uning dovrug‘ini eshitgan edi. Kesakpolvonga uning manzilini aytayotganida «Asadbekka qaramasa kerak», deb o‘ylagan edi. O‘zini qudrat bobida ikkinchi o‘ringa qo‘yuvchi Kesakpolvon esa cholni shaharga olib kelishiga, do‘stining shu chol qo‘lidan shifo topishiga, shu tufayli «Asadbek — Chuvrindi» bitimining kulini ko‘kka sovurishiga amin edi. Qudrat bobida o‘zini ikkinchi o‘ringa qo‘yadi, deyilganda birinchi o‘rinda Yaratgan qodir Xudo turadi-da, deb anglashingiz tabiiy. Agar Kesakpolvonni nazarda tutib, shunday desangiz, adashasiz. Chunki u «kamtarin» banda qudrat bobida o‘zidan oldin faqat Asadbekni ko‘radi. Agar «hoy gunohkor banda, avvali Olloh!» desangiz-da, uchinchi o‘ringa tushib qolishni sira istamaydi. Agar shahardagi tabib «ovora bo‘lib borib yurma, o‘sha chol sening qudratingni bir pulga olmaydi, mag‘rur boshingni egadi, suzmoqchi bo‘lgan shoxingni sindiradi», deganida tili kesilishi mumkin edi. U cholning fe’lini yaxshi bilmagani uchun ham bunday jazodan qutulib qoldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:11:48

Cholning hovlisi gir aylana qo‘rg‘on qilib o‘ralgan, ammo darvoza o‘rnatilmagan edi. Hovlining bir qismiga pastak uylar qurilgan, asosiy qismi esa molxona, otxonadan iborat, etakdagi baland bostirma ostida qishlik xashak g‘amlab qo‘yilgan edi. Uylar oldiga ikki qator mevali daraxt ekilgan, hovli o‘rtasi yaydoq, to‘rt yerga yetti yashar bolaning belidek keladigan yo‘g‘onlikda, bo‘yi bir yarim qulochli xoda ko‘milgan edi. Tepa qismi odam boshini eslatadigan bu xodachalar otlarning qozig‘i ekani, bu xonadonda uloqchi chavandozlar yashashini hamma ham darrov anglayvermaydi. Harholda Kesakpolvon bunaqa manzarani ilk daf’a ko‘rishi edi. Shu sababli qaysi bir kinoni eslab, bu qoziqlar unga cho‘qinadigan butlar kabi tuyuldi.
Begona odamlar kirganini sezgan otlar pishqirishdi. Ikkita katta it o‘rnidan turib, «nimaga keldilaring?» deganday tikilib qoldilar-u, ammo vovullamadilar. Kesakpolvon it talab qolmasin, degan xavotirda tabib cholning otini aytib chaqirdi:
— Rahmon aka!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:11:58

Otxona tomondan «hozi-ir» degan ovoz keldi. Bir ozdan so‘ng egniga paxtalik, boshiga telpak, oyog‘iga kirza etik kiygan qora soqolli bir kishi chiqib kelib, ular bilan salomlashdi.
— Rahmon aka sizmisiz? — dedi Kesakpolvon, unga boshdan-oyoq razm solib. U tabib cholni farishta ko‘rinishida, oppoq libos kiyib yuruvchi oqsoqol bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edi.
— Yo‘q, men hamsoyalariman. Usta otga qarayatuvdilar. Bugun Aravonda katta uloq, deng, ashaqqa borish kerak. Endiyla jo‘naymiz, deb turuvdik.
— Biz shahardan keldik. Kasalimiz bor, — dedi Kesakpolvon.
— Picha kutib turallar, taqsir. Qani, ichkariga kirsinlar, bu yer shabadaroq, ustingiz yupun ekan.
Kesakpolvon sovqota boshlagan edi, noz qilib o‘tirmay, chap tomondagi birinchi xonaga kirdi. Yigitlar chekishni bahona qilib, tashqarida qolishdi. Kesakpolvon kirib o‘tirgach, mezbon fotiha o‘qib, uzr so‘radi-da, chiqdi. Dam o‘tmay qirra burunli bir o‘spirin salom berib kirib, dasturxon yozdi. Kesakpolvon bir piyola choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, baland bo‘yli, qirra burunli, ko‘zlari dumaloq, qoshlari qalin, kalta soqolli odam ko‘rinib salom berdi. Kesakpolvon bilan so‘rashib o‘tirgach, fotiha o‘qidi. So‘ng o‘rnidan turib yengil ta’zim qilganicha «xush keldingiz», deb kalta soqolini silab qo‘ydi.
— Rahmon aka sizmisiz? — deb so‘radi Kesakpolvon.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:12:11

Bu gap cholga yoqmay, peshanasini tirishtirdi:
— Men Xudo emasman. Ollohning quliman. Ismim Abdurahmon.
Kesakpolvon uning nima sababdan bunday deganiga tushunmadi. Buni olifta bir gap o‘rnida qabul qildi. U «shahardan atay kelganimizni bilib bu qishloqi tabib xursand bo‘lib ketadi», deb o‘ylagan edi. Cholning mensimayroq qarashi uning ham g‘ashini keltirdi. Xudoning qudratini qarangki, ular dastlabki salom-alikdayoq bir-birlariga yoqmadilar. Chunki ikkovlarida ham bir onning o‘zida kibr uyg‘ongan edi. Bandaga xos bo‘lmagan kibr o‘zining eng zo‘r vazifa-sini — odamni-odamga yomon ko‘rsatish, bir kimsani ikkinchisidan nari itarish ishini amalga oshirishga kirishgan edi.
— Dovrug‘ingizni eshitib, shahardan atay keldim, — dedi Kesakpolvon «shahardan» so‘ziga urg‘u berib. — Oshnam kasal, borib ko‘rsangiz, xursand qilamiz.
Keyingi gap choldagi qaysarlik darvozasini lang ochib yubora qoldi. U soqolini silab, Kesakpolvonga tikildi. Har bir narsani pulga sotib olish mumkin, deb hisoblovchi Kesakpolvon ro‘parasidagi bu cholning benihoya ko‘p boylik egasi ekanini qaydan bilsin? Bu cholning har qanday boylikka nafrat bilan qarashini bilgan taqdirda ham nima uchun shundayligini Kesakpolvon fahmlay olmagan bo‘lardi.
Abdurahmon tabib unga bir oz tikilib turgach, tilga kirdi:
— Oshnangiz xasta bo‘lsa, Olloh shifosini bersin.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:12:21

— Mashinada borib kelasiz. Urinmaysiz. Tuzatsangiz, og‘zingizga siqqanicha so‘raysiz, bir tiyin kam bergan — nomard!
— Shundaymi? — dedi chol, Kesakpolvondan ko‘z uzmay. — Pulingiz shunaqa ko‘p bo‘lsa do‘xturlarga bermaysizmi?!
— Ularning qo‘lidan kelmaydi. Oshnam rak bo‘lib qolgan.
— Ha-a... dardi og‘ir ekan, boyaqishning. Lekin men siz aytgan joyga bormayman.
Choldan bunday gapni kutmagan Kesakpolvonning jahli chiqib, o‘rnida bir qimirlab oldi. Atrofidagilarning hamisha qulluq qilib turishiga, aytgan amri beto‘xtov ijro etilishiga ko‘nikib qolgan Kesakpolvon uchun bu gap kutilmagan bir zarba edi. Yaqin orada hech kim unga bu tarzda muomala qilmagandi. Kimsan, Haydarbek, katta boshini kichik qilib, qancha yo‘l yurib kelsa-yu, bu pistako‘mirga o‘xshagan chol oliftalik qilsa!
«O‘zim ahmoqman, — deb o‘yladi Kesakpolvon, — yigitlarni yuborsam-ku, yumaloq-yostiq qilib bo‘lsa ham yetkazishardi...» Yigitlarning o‘zlarini jo‘natish fikri shahardayoq xayoliga kelgan, ammo guvoh ko‘payishini istamay, o‘zi yo‘lga chiqqan edi.
— Amaki, o‘ylab gapiryapsizmi? Qancha yo‘l yurib kelganimizni bilasizmi?
— Bilmayman. Qaerdan kelganingizning menga farqi yo‘q.
— Siz tabibmisiz o‘zi?
— Odamlar shunaqa deyishadi. Olloh istasa men bir vosita bo‘lamanu dardmandga shifo yetadi. Bo‘lmasa yo‘q.
— Nima, mening oshnamni davolashni Xudoyingiz istamayotibdimi? — dedi Kesakpolvon, g‘ijinib.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:12:31

— Olloh, bir meniki emas, barchamizniki, — dedi chol ovozini bir parda ko‘tarib. — Siz nomusulmon odamga o‘xshab so‘zlar ekansiz.
Shu payt tashqarida yuk mashinaning pishqirib to‘xtagani ovozi eshitildi. Keyin eshik ochilib, hamsoya ko‘rindi-da, kutilayotgan mashina kelganini ma’lum qildi.
— Otlarni olib chiqaveringlar. Mehmon shoshib turibdilar. Gapimiz ham bitdi, — dedi Abdurahmon tabib unga javoban.
Cholning bu gapi Kesakpolvonning nazarida behurmatlik chegarasidan ham o‘tib ketib, chinakamiga achchiqlandi.
— Siz yaxshi ish qilmayapsiz. Agar xohlasak, mashinaga bosib olib ketishimiz ham mumkin. Biz bilan o‘ynashmang.
Bu po‘pisadan cholning ham g‘azabi qaynadi. Ammo mehmonni quvib chiqarmaslik uchun sukut saqlab, o‘zini bosishga majbur etdi. Kesakpolvon esa bu jimlikni o‘zining foydasiga hal qilib, «bitta po‘pisalik jonlaring bor, senlarning», deb qo‘ydi.
— Oshnangizga Xudoning o‘zi shifo bersin, omiyn,— dedi Abdurahmon tabib, fotihaga qo‘l ochib.
— Borasizmi? — dedi Kesakpolvon amr ohangida.
— Yo‘q, borolmayman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:12:39

— Siz o‘ylab gapirmayapsiz. Bilib qo‘ying, oshnam o‘lsa, bu uyda bitta ham tirik jon qolmaydi!
Agar Kesakpolvon bu gapni ko‘chada aytganida, eshitadiganini eshitardi. Chol musulmonsheva ko‘rinsa-da, ba’zan o‘zini tuta olmay qolardi. U qaysar edi, tajang edi, bandaga nomunosib illatlardan bebahra ham emasdi, ammo har qanday sharoitda mehmonning izzatini qilishga majbur ekanini bilardi. Hozir mezbonlik burchi hamma narsadan ustun kelib, Kesakpolvonga qattiq tikilish bilan cheklandi. Uning vujudida alanga olgan g‘azab o‘tini shu ko‘zlari bildirib turardi.
— Ha, nimaga tikilib qoldingiz, borasizmi? — deb so‘radi Kesakpolvon endi tahdid ohangida.
— Sen... — Abdurahmon tabibning ovozi titragan holda chiqdi. — Valadi zinoga o‘xshaysan...
Shu o‘rinda chol mezbonlik vazifasiga ozgina xiyonat qilishga majbur bo‘ldi. O‘rnidan turib, xonani tark etdi. Kesakpolvonning g‘azabi unikidan kam emasdi. Ammo u mehmonlik burchi nima ekanini bilmasdi.
Kesakpolvon yuk mashinasi yonidagi otlarga qarab turdi-da, yigitlardan birini imlab chaqirib, qulog‘iga shivirladi:
— Bularning izidan borasan. Bexit joyda otlarini quritasan. Odamlariga tegma. Biz sekin yurib turamiz, yetib ollaring.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:13:20

II  b o b
[/b]
1
[/b]
...Atrofga shom qorong‘usi bostirib keladir. Kech kuzning izg‘irinli nafasi sochlarini asta to‘zitadir. Juvonning vujudini esa xufton zulumoti bosadir, yurakkinasi muzlaydir, tanasi sovuqdanmi yoxud o‘lim sharpasining qo‘rquvidanmi yengil titraydir... Kumushbibi bo‘lmoqni orzu etgan bokira, inju orzulari loyga qorishgan Tuproqbibi, undanda battar qavmda so‘nggi nafas sari boradir...
Otasining ko‘zlari «Sen hur qizlar bilan birga bo‘lasan», dedi. Lekin Zaynab o‘zidayin sharmandani hur qizlar qatorlariga olmasliklarini biladi. Ammo bunday hollarda astoydil tavba qilmog‘i, hayotdan ko‘z yumar arafasida bir martagina bo‘lsin peshanani sajdaga olib bormog‘i lozimligini bilmaydi. Bilganida edi, titroq barmoqlari otasi tashlab ketgan arqondan sirtmoq yasamoqqa urinmagan, Yaratganning omonatiga xiyonat qilmoqqa tayyorlanmagan bo‘lardi.
Otasi arqon tashlab ketdi. Otasining maqsadini bir qarashdayoq angladi. Doridan karaxt bo‘lgan, sharmandali voqeadan chayqalgan aqli o‘ylamoqdan, mulohaza yuritmoqdan ojiz edi. U faqat bir narsani idrok etdi — otasining hukmi mutlaq to‘g‘ri! Aslida Zaynab sharmandali uyda, kiyinayotgan mahalida o‘zini-o‘zi o‘lim jazosiga hukm etgan edi. Otasi bu hukmni qanday ijro etishni ko‘rsatdi xalos...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:13:33

Sirtmoq yasayotgan barmoqlari birdan to‘xtab, yarim yumuq ko‘zlari ochildi. Uy burchagiga tikilib qoldi. Gapiray desa tili aylanmadi. O‘limga shaylanayotgan juvonning uy burchagida yelkasiga xurjun tashlagan qora xotinni ko‘rib qo‘rqib ketishi siz uchun ajablanarli hol tuyular. Agar bu qora xotin uning ko‘ziga jon olg‘uvchi Azroil sifatida ko‘ringan bo‘lsa-chi? Bu xotin aynan bugun ertalab non tilab kelgan, so‘ng aqlni lol qoldiradigan tarzda ko‘zdan yo‘qolgan bo‘lsa-chi?!
«Chiqib ketuvdi-ku? Uyga yana qanday kirib oldi? — deb o‘yladi Zaynab. — Ertalab qo‘lida chaqalog‘i bor edi. Bolasi qani, qayoqqa tashlab keldi?»
...Chindan ham qo‘lida kir lattaga o‘ralgan chaqalog‘i bor edi...
Zaynab ertalab badanidagi og‘riqqa shifo topish ilinjida Mardonaga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin o‘zini yengishga urinib, xayolini chalg‘itish maqsadida ko‘chaga chiqdi. Bironta qo‘shni ayolni uchratsam, ozgina laqillashib tursam, og‘riq chekinarmikin, deb o‘ylagandi.

Qayd etilgan