Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282655 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:57:04

                                                                                        XVI b o b

                                                                                             1

«Vaqt — qilichdir. U seni har kuni qiymalar. To qiymalab tamom qilguniga qadar sevib qolishga ulgur».
Zaynab ulgurolmadi. Muhabbat — qamoq. Muhabbat— qiynoq. Uning qalbi muhabbat omburiga bandi edi. Uning azobidan qutulish qiyin edi, qutula olmadi. Uning avval umidini bo‘g‘izladilar — suymaganiga uzatdilar. Buning uchun kimni ayblashni ham bilmaydi. O‘zining laqmaligi tufayli o‘g‘irlanishinimi yo otasinimi?.. Zaynab Elchinning maqsadini keyinroq fahm etdi. Fahm etsa-da, uni kechira olmadi. Ayniqsa, Jamshid «o‘ldirilganidan» keyin undagi so‘nggi umid cho‘g‘i ham so‘ndirildi. G‘amli kechalarda ohining quyuni osmonni o‘rnidan qo‘zg‘otay dedi. Ko‘z yoshlari selining ajdahosi yer yuzini yutib yuborayozdi.
Hammasi befoyda...
Hatto...
Uning chiroyli bo‘yniga mahtal bo‘lgan sirtmoq ikkinchi marta dog‘da qoldi.
Balki...
Deydilar-ku, «Baxt vodiysiga baxtsizlik sahrosidan o‘tib boriladi. Shunday qilinmasa baxt vodiysiga yetgani bilinmay qoladi».
Uning baxt vodiysiga yetib bormog‘i mumkinmi o‘zi?
Baxt nima o‘zi? Baxt bormi bu dunyoda? Baxtning hidi, rangi bormi? Uni kim tatib ko‘ribdi? Shirin narsaning hammasi baxt bo‘laveradimi? «Baxt nima?» degan savolga kim to‘g‘ri javob bera olgan?
Avvallari baxtni turlicha tasavvur etardi. Hozir tafakkurida baxt degan tushuncha umuman surib chiqarilgan.
Atir idishining qopqog‘i ochilib qolsa, hidi uchib ketadi, qadri yo‘qoladi. Ayolning nomusi ham shunday...
Biron bir ayol xiyonat ko‘chasiga kirsa, eridan (Xudodan emas!) qo‘rqadi. Oilasi buzilishidan cho‘chiydi. O‘ynashining bag‘ridan chiqib, bolachasini bog‘chadan olib, eriga shirin taom tayyorlab o‘tiradi. Zaynab u toifadan emas. Eridan ham, oilasi buzilishidan ham qo‘rqmaydi. Unda qo‘rquv yo‘q, nafrat bor. Nafrat o‘qi birovga emas, o‘ziga qaratilgan.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:57:34

Ajab hol: suygani bilan xayolan quchoqlashsa, jingalak sochlarini suyib silasa... ham o‘zidan o‘zi uyalardi, ba’zan ojizona bo‘lsa-da nafratlanar edi. Keyin xayolidagi holati o‘ngida sodir bo‘ldi... O‘sha suygilisi bilan emas, butunlay begona bilan...
Aytadilar-ki, fohishalar hayotida uch marta uyalar ekan: dastlab shu yo‘lga kirganda, ikkinchi marta pul olishida, uchinchi marta esa qarigan chog‘ida yosh xushtoriga pul berganida...
Zaynab uchun uyatga o‘rin yo‘q, unda nafrat bor. Uning yo‘li fohishalar yoki eriga xiyonatkorlar yo‘li emas. Uning yo‘li — nafrat yo‘li. Unda mehr chechaklari o‘smas. U o‘tib kelgan muhabbat so‘qmog‘ini esa sassiq alaflar bosib ko‘zdan yo‘qotdi.
Yosh juvon muhabbatdan uzoqlashsa — yomon...
Jamiki erkak zotiga nafrat bilan qarasa — yomon...
Dunyodan yolg‘iz o‘tishni maqsad qilib qo‘ysa — yomon...
Zaynab yolg‘iz azob chekardi. Yonida tirik jon bo‘lishini istamasdi. U hatto Chuvrindining xotinini ham sig‘dirolmay qoldi. Uning mehribonliklari ham yoqmadi. U ketgach, bir oz yengillashganday bo‘ldi, ammo bir necha soatdan so‘ng yolg‘izlik zulmati uni battar eza boshladi.
Xayolim chalg‘irmikin, degan maqsadda televizor qo‘ydi. Televizorda qo‘shiq aytayotgan qizning tasviri ko‘rindi. Qizning ko‘zlari ma’yus boqardi, ashulasi ham hazin edi:

Xazon bo‘lgan bog‘da gul so‘larmikin...
So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikin...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:58:12

Qo‘shiqdagi nola Zaynab yuragining faryodiga hamohang edi. Shu bois uni oxirigacha eshita olmadi. Televizor kanalini o‘chirib, videokasseta qo‘ydi. Hind kinosini tomosha qila boshladi. Avval yaxshi ko‘rib tomosha qiladigani endi g‘ashini keltira boshladi. Aktyorlarning qilig‘idan jahli chiqdi. Yigit ko‘z yoshlari to‘kayotgan qiz qarshisida ont ichayotganda g‘azabga minib, qo‘lidagi yoqib-o‘chirgich qutichani otdida, hovliga chiqib ketdi.
Hovlida dovdir odam kabi nima qilishini bilmay gangib turdi. Sovuq shamol esib o‘rik shoxlarini tark etgisi kelmayotgan barglarni bandidan uzib, to‘zitdi. Kecha Chuvrindining xotini supurib-sidirib ketgan bo‘lsa-da, hovli necha haftadan beri supurgi ko‘rmaganday holatda edi. Zaynab o‘zini ovutish maqsadida supurgini qo‘lga oldi. «Ko‘cha ham bir balo bo‘lib yotgandir», deb avval ko‘chadan boshlamoqni niyat qilib, darvoza eshigini ochdi.
Zaynab supura turib, uch-to‘rt xonadon naridagi simyog‘ochga suyanganicha sigaret tutayotgan yigitga ko‘zi tushdi. Uning o‘zi tomon qarab-qarab qo‘yayotganidan shubhalandi. Ko‘chani chala-yarim supurib ichkari kirdi-da, eshikni qulfladi. Keyin «qo‘shnilarnikiga kelgan odamdir», deb o‘ylab o‘zini ovutdi. Hovlini supurgan bo‘ldi. O‘zi topgan bahona o‘zini ovuta olmadi. To‘plangan axlatni chelakka soldi-da, eshikni ochib, ko‘chaga chiqdi. Chiqdi-yu, o‘g‘rincha qaradi: yigit turibdi. Sal narida mashina ham paydo bo‘lgan. Zaynab qo‘lida olib chiqqanini qator turgan axlat to‘la chelaklar yoniga qo‘ydi-da, tez iziga qaytdi. Eshikni qulfladi. Yuragi qo‘rquvdan dukillab ura boshladi. Eshik yaxshi qulflandimi, deb tortib ko‘rdi. So‘ng shoshganicha uyga qaytdi-da, boloxonaga telefon qildi. Adasi yo‘qligini biladi, Asadbek tabibnikiga ketayotib, qizini yo‘qlagan. Bir necha daqiqalik yo‘qlovda ko‘p gap aytolmadi: safarga ketayotgani, qaytgach Zaynabni Olmoniyaga to‘yga yuborajagini aytib, «Yolg‘iz ko‘chaga chiqma», deb tayinladi. Hozir raqamlarni terar ekan, «Adam bir nimadan xavotirlangan ekanlar-da», deb fikr qildi. «Balki qaytgandirlar», degan niyatda otasini so‘radi. «Bek akam safardalar», degan javobni eshitgach, Mahmud akasini so‘radi-da, ayni javobni oldi. Shundan so‘ng «Tezda Haydar akamni topib aytinglar: uyimiz atrofida g‘alati odamlar yurishibdi», dedi. Telefondagi yigit «g‘alati odamlar»ga tegishli ayrim savollarni so‘rab bilgach, «Eshikni hech kimga ochmang», deb tayinladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:59:04

Yarim soatlardan so‘ng eshik qo‘ng‘irog‘i ketma-ket jiringladi. Chaqiruvchi bunga qanoat qilmay, darvozani taqillatdi. Zaynabning esxonasi chiqib, o‘rnidan qimirlay olmay qoldi.
Ajab hol: yaqindagina o‘limdan qo‘rqmagan, o‘ziga o‘zi sirtmoq yasagan juvon notanish kimsalarning tashrifidan qo‘rqib o‘tirsa...
U uydan chiqib, hovli o‘rtasiga yetganda qo‘rqib, yana to‘xtadi. Shunda tanish ovozni eshitdi:
— Zaynab qizim, menman, och.
«Haydar akam!»
Tez-tez yurib, eshikni ochdi.
— Sen uyingga kirib tur, qizim, — dedi Kesakpolvon ostona hatlab.
Uning vajohatini ko‘rib, Zaynab cho‘chidi, salom berishni ham unutdi. Kesakpolvon ham «Menga salom bermadi-ya?» deb o‘ylamadi. Hozir uning xayoli boshqa muhimroq masala bilan band edi. Shu sababli buyrug‘ini takrorladi.
— Sen uyingga kirib tur. Bizning hammomda qiladigan ishimiz bor.
Zaynab xo‘p, deb iziga qaytdi. Zinadan uyiga ko‘tarilar mahalida beixtiyor orqasiga qarab, og‘zi-burni qon, qo‘llari orqasiga qayrilgan yigitlarni ko‘rib yuragi uvishdi. Uyga kirib «Shular yuzini yuvsa kerak», deb o‘yladi. U bir necha kun muqaddam «Yalta» muzokarasi bo‘lgani, bu muzokarada Hosilboyvachchaning ayrim yigitlari qatnasha olmaganidan bexabar edi. Krasnoyarga Kozlov izidan ketgan bu yigitlarni Chuvrindi kutib olishi zarur edi. U Moskvaga ketib, bu vazifa unutildi. Oqibatda bu yigitlar Xongireyning vakili ixtiyoriga o‘tib, uning topshirig‘i bilan poyloqchilik qilishayotgandi. Bundan ikki maqsad ko‘zlangan edi: biri — Kozlov shu yerga ham kelishi mumkinligi bo‘lsa (buni haqiqatdan yiroqligini o‘zlari ham bilishadi), ikkinchisi — asosiysi — Zaynabni poylash, buyruq berilsa, garovga olish. Bu maqsadning amalga oshuvi ko‘p jihatdan Moskvadagi muzokaralarga, Xongireyning qaroriga bog‘liq edi. Zaynab garovga olindi, degan gap— urush boshlanishidan darak. Urush esa ko‘p qurbonlar berilsa-da, mag‘lubiyat bilan tugashi aniq. Zaynabning baxtiga, ha-ha, baxtiga Xongirey urushni ixtiyor etmadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 14:02:41

Hammomda davom etgan «Yalta muzokaralari»ning xulosasi shu bo‘ldiki, Hosilboyvachchaning yigitlari poyloqchiliklarini davom ettiraveradilar. Ulardan birining o‘g‘li, birining ukasi, yana birining singlisi garovga olinadi... Agar Zaynabning bir tolagina sochi to‘kilsa...
Kesakpolvon aynan shunday dedi:
— Agar Zaynabning bir tolagina sochi to‘kilsa...
Shundan keyingina yuvinib olishga ijozat etildi.
— Men ruxsat bermagunimcha hammomdan qimirlamalaring, — deb Kesakpolvon Zaynabning yoniga chiqdi.
— Do‘ngi qizim, tez narsalaringni yig‘ishtir, biznikiga borasan. G‘alamislarning ko‘nglida shumlik bor. Ziyraklik qilibsan. Yura qol, o‘rtog‘ing ham uyda. Zerikmaysan.
Zaynabning peshonasi sal do‘ng bo‘lgani uchun Kesakpolvon uni bolaligidan «Do‘ngi qizim», deb erkalardi. Hozir ham erkalab gapirgani uchun Zaynab ortiqcha savol berib o‘tirmadi. Bir sidra kiyimlarini olib, tayyor bo‘ldi.
Zaynabning o‘rniga bu uyda Kesakpolvonning yigiti qoldi.
Hosilboyvachchaning yigitlari esa Zaynabning «bir tolagina sochi to‘kilishidan» qo‘rqib, poyloqchilikni davom ettirishdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 14:03:00

2

Asadbekning xastaligini bilgandan beri Kesakpolvon oromini yo‘qotdi. Uzoq yillar mobaynida yelkama-elka turgan do‘stining birdan yo‘qlik dunyosiga ketishi Kesakpolvonday bemehr odamda ham ikki turdagi tashvish uyg‘otdi. Biri yaqin insondan ayrilish tashvishi bo‘lsa, ikkinchisi (muhimrog‘i) uning o‘rnini egallash. Kesakpolvon mana shunga tayyor emasdi. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, u o‘zini Asadbekdan keyingi mutlaq hokim deb hisoblardi. «Chuvrindi ukaginasi»ning ulg‘ayib, hokimlik darajasiga yetganligini shu paytgacha fahm etmagan edi. Nazarida «Chuvrindi ukaginasi» — u nima desa «xo‘p» deb turadigan mo‘min bola edi. Asadbekning tobora unga suyanishi, ayniqsa, keyingi voqealar uning ko‘zlarini ochdi, hushyor torttirdi. Ana o‘shanda u yana bir narsani o‘zi uchun kashf etdi: o‘ylab qarasa, Asadbekdan hukmronlik jilovini olishga tayyor emas ekan. Bu o‘rinda gap faqat uning ish yuritishi ustida ketayotgani yo‘q. Ish yuritishni bip-binoyi eplaydi. Eng muhim gap— yonida kimlarning bo‘lishida, ya’ni ishonchli, sadoqatli odamlarda! Endi «Chuvrindi ukaginasi»ni hisobga qo‘shmasa ham bo‘ladi. Asadbek uni merosxo‘r, o‘z mamlakatining valiahdi sifatida ko‘rishni istasa, «Chuvrindi ukagina»si bu istakning ta’midan bahramand bo‘lsa, tamom, u el bo‘lmaydi. Hokimiyatni Kesakpolvon qo‘lga olgach, «ukaginasi» — bay’at bergan taqdirda ham unga ishona olmaydi. Endi Jamshid ham gumon ostida. Avvalo Jamshid Xongirey xizmatida doimiy qoladimi yo vaqtincha yuribdimi? Kelgan taqdirda ham «Chuvrindi ukagina»si «Bek akamdan seni men qutqarib qoldim», deb ishontirgan bo‘lsa-chi? Jamshid unga ishonadi. Chunki u bu to‘daga Kesakpolvonning «Chuvrindi ukagina»si orqali kirgan... To‘g‘ri, Kesakpolvonning sodiq yigitlari bor, bu yoqda Xumkalla, yana Hosilboyvachchaning yigitlaridan Ramz... Bular bir ishni qoyillatib bajarishi mumkin, ammo uning yonida a’yon darajasida tura olishmaydi.
Kesakpolvonning tashvishi mana shunda. Yursa ham, tursa ham shuni o‘ylaydi.
Hosilboyvachchaning poyloqchi yigitlarini qo‘lga olishi u turgan tarozi pallasini bir qadar og‘irlashtirdi, o‘z ta’biri bilan aytganda, oshig‘ini olchi turg‘azdi. Bir tomondan Asadbek oldida tili uzun bo‘ldi: axir qizini saqlab qoldi-ya!
Eng muhimi...
Eng muhimi, o‘ziga maslakdosh, a’yon topganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 14:04:00

U o‘zining kelajagini o‘ylaganida Zaynabni hisobga qo‘shmagan edi. Chunki Zaynab uning uchun hali ham do‘ng peshona qizaloq edi. Keyin o‘ylab qarasa, otasi o‘rniga Zaynab ham da’vogar bo‘lishi mumkin. Bu— Kesakpolvon uchun muddaoning o‘zi. Xuddi shoh o‘lganda voyaga yetmagan valiahd yonida turgan vazir kabi mamlakatni boshqaraveradi. «Chuvrindi ukagina»si qulog‘ini ushlab qolaveradi.
Kesakpolvon Zaynabning bir yil ichida ko‘rgan-kechirganlarini batafsil bilmasa-da, ko‘p narsalardan xabardor, ba’zilarini sezadi, ayrim narsalarni taxmin qiladi. G‘ilay Shomil dastlabki uchrashuvda aytishni istamagan bo‘lsa-da, Moskvaga jo‘nashidan avval uch-to‘rt daqiqa yolg‘iz qolishganida Hosilboyvachchaning o‘limiga sababchi voqeaning bir ulushini aytib, boyvachcha o‘ldirilgan kecha maishat qilishgan uy bekasini himoyalashini so‘radi. «Mardona menga kak xotin. Undan bitta bolam bor. Asadbek uni o‘ldiradi. Menga bir narsa bo‘lsa, uni asrang», deb iltimos qildi.
Zaynabdan foydalanish fikri Kesakpolvonda o‘shanda tug‘ildi.
U hali Zaynabning ahdini, nafrati mavjudligini bilmas edi.
Avval nafrat uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Nafratni uyg‘otish uchun esa... otasining ahvolidan ogoh etmoqchi, so‘ng esa otasining ishlariga aralashmoqqa da’vat etmoqni fikr qildi.
Uyga kelgach, kuzatdi: Zaynab uning qizi bilan ochiq-sochiq gaplashmadi. Asli ismi Mohiniso bo‘lsa-da, o‘ziga o‘zi Monika deb nom qo‘yib olgan bu qizning yoshi Zaynabdan kattaroq, bo‘ydan ham, aqldan ham otasiga tortgan edi. Ikkita bola ko‘rganiga qaramay o‘zini o‘n olti yoshli qizaloq his etardi. Kiyinib yurishlari shundan dalolat edi. Kesakpolvonni, uning qizini bilgan odamlar «Haydar aka qizini kuyovga uzatmadi, aksincha bir lapashangga uylantirdi», deyishardi. Mish-mishlarga qaraganda, ikki bolaning otasi aynan shu kuyov to‘ra ekani ham gumonli hol edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 14:04:40

Kesakpolvon Zaynabga «O‘rtog‘ing ham uyda» deganida «kecha» yoki «bugun keldi» demadi. Chunki qizi uzzukun shu o‘z uyida edi. Kechki payt eri kelib olib ketardi. Uyga borgisi kelmaganida esa u «mazam yo‘q», deb qolaverardi. Er bechora sho‘ltillab kelib, ovqatni yeb, sho‘ltillab ketaveradi. Agar birorta sehrgar urg‘ochisiga yetisholmay yurgan itga «Seni odamga aylantiraman, ammo shu kuyovday bo‘lasan», desa o‘sha it ko‘nmasa kerak.
Endi nima uchun Zaynabning Monikaga hushi yo‘qligi ayon bo‘lgandir. Ochig‘ini aytganda, Monika xonim ham Zaynabni uncha xushlamaydi. «Madaniyatsiz, qishloqisifat», deb burnini jiyirib qo‘yadi. Ammo bu qishloqsifat kimning qizi ekanini eslaganida jilmayib muomala qilishga majbur bo‘ladi.
Sochlariga jingalak qiluvchi taqinchoqlar osib olgan, sport kiyimidagi Monika xonim Zaynabga ko‘zi tushishi bilan «topgan vaqtini qara», deb bir burnini jiyirdi-yu, lekin sir boy bermay YuZ yillik qadrdonini MING yil ko‘rmay, sog‘ina-sog‘ina ado bo‘layozgan odamday quvonib, quloch yoyib qarshiladi.
— Voy Zaynabushka, jonim, asalim, — deb o‘pib ko‘rishdi. — Kelganing yaxshi bo‘ldi, sartaroshni chaqirtiruvdim, senga ham prichyoska qilib qo‘yadi. Bunaqa klass sartarosh shaharda bitta.
— Rahmat, sochim o‘zi yaxshi, — dedi Zaynab, yuzini undan burib.
— Tс‹ chto, hozir bunaqasi modniy emas.
— Oldin uyga olib kir, dasturxon yoz, keyin sochdan gaplashasan, — dedi Kesakpolvon, qiziga tanbeh berib.
Kesakpolvonning xotini ham o‘ziga yarasha, o‘xshatmasdan uchratmas, degan toifadan edi. Bo‘yi erinikidan ikki enlikkina baland bu ayol o‘zini dunyodagi hamma odamlardan ustunroq  deb fahmlardi. Hatto opasi bilan ko‘rishayotganda ham «Sen ham odammisan?» deganday bepisand qarab qo‘yish odati bor edi. Zaynab bilan ko‘rishayotganda ham bu odatini kanda qilmadi. Manzura o‘zini kamtar olib yurgani, sodda bo‘lgani sababli bu xotin Asadbekka yaqin odamlarning xotinlariga norasmiy qaynona ham edi. Barcha xotinlar unga qarab, titrab turishadi. Qarilikni bo‘yniga olmayotgan bu xotin ham qiziga qo‘shilib barobar pardoz qilardi. Kesakpolvon xotini bilan yotmay qo‘yganiga necha yil bo‘lgan, eslolmaydi. Xotin tushmagur esa pardozini qo‘ymaydi. Er ham «Sen kimning ko‘ziga chiroyli, yosh ko‘rinmoqchisan?» deb so‘ramaydi. Bu xonadondagi xizmatchi ayol ertadan kechgacha ona-bolaning aytganlarini bajaraman, deb holdan toyib ketadi. Kesakpolvon o‘ynash almashtirgani kabi bular xizmatchi almashtirishdan charchashmaydi. To‘g‘rirog‘i, bularga xizmatchi chidamaydi. Agar birorta olim bularga temirdan xizmatchi yasab bersa, bu ham yarim kunda erib tamom bo‘lsa kerak.
Salomlashish marosimidan so‘ng tashrifdan «bag‘oyat mamnun» ekanliklarini bayon etishgach, dasturxon tuzog‘liq kichik mehmonxonaga boshladilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:47:58

Zaynab bu xonadonga kam kelgan, ammo har kelganida uyning hashamlariga, bezaklariga mahliyo bo‘lib boqib, «Nega adam shunaqalarga e’tibor bermaydilar», deb otasidan g‘oyibona o‘pkalanardi. Bu safar unday bo‘lmadi — hashamlarga ham, to‘kin dasturxonga ham aytarli ahamiyat bermadi.
Kesakpolvon xotinini chaqirib, Zaynabning bir-ikki kun shu yerda turajagini tayinlab ketgach, dasturxon atrofidagi suhbat asosan kiyimlar olamidagi yangiliklar xususida bo‘ldi. Gap orasida Monika xonim faqat o‘ziga xos fazilatni ham aytib o‘tishni unutmadi.
— Men lyuboy kiyimni bir marta kir bo‘lgunicha kiyaman. Yuvib, dazmol qilingan kiyimning zapaxini terpet ne mogu. Eski kiyimlarimni internatga berayotuvdim. Tak kak savob ham kerak-ku, da, jonim, — deb Zaynabga murojaat qildi. Zaynab ensasi qotsa ham bosh irg‘ab, «ha» ishorasini qildi. — Yangi direktorsha kelib, qabul qildirmabdi. Slishkom modniy emish. Bolalarga mumkin emasmish. Dopustim, o‘zing derevenshinasan, vkusing — nol! Qo‘yib ber boshqalarga. Endi bermayman, plevat qilaman men unaqa parazitga.
— Avvalgisining qilig‘ini gapirib ber.
— Da, chut ne zabс‹l, — dedi Monika xonim. Rus tilidan durust ilmi bo‘lgan Zaynab uning erkakchasiga «zabс‹l» deyishga g‘ashi keldi. — Avvalgi direktorsha, bitta-ikkita platyamni berib, qolganini komissionkada sottirar ekan. Vot parazit-a?
Shu xildagi gaplar Zaynabning ko‘nglini behuzur qildi. Yolg‘izlikni xohlab qolgan, hatto Chuvrindining xotiniday muloyim, mehribon ayolga toqat qila olmagan Zaynabni Xudo jazoga loyiq bilib, bularga ro‘para qildimikin, vallohi a’lam?
Dam o‘tmay xonaga sochlarini silliq taragan, xipchinday yigit kirib keldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:49:27

— Zaynabushka, tanish asalchigim, bu Gogik, sartaroshmas, klass! — dedi faxr bilan.
Gogikning yarim ta’zim bilan uzatilgan qo‘li muallaq qoldi, Zaynab unga bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Gogikning dasturxon atrofida bemalol o‘tirishidan ma’lum bo‘ldiki, u oddiy sartarosh emas, balki bu uyning erka mehmonlaridan. Agar tuhmat va g‘iybat gunohi kabiralar sirasiga kirmaganida, biz bu gunohdan qo‘rqmaganimizda «Gogik shu qadar erka mehmonki, quvvati yetsa ona-bolani oldinma-keyin ko‘nglini ovlab ham ketardi», demog‘imiz ham mumkin edi. Yana kim biladi, valadi zinoning oilasida, haromdan qaytmas odamning xonadonida bundan battar holat ham bo‘lmog‘i mumkin emasmi?
Ikki kishining valaqlashiga arang chidab o‘tirgan Zaynab uchinchisi qo‘shilgach, toqat qila olmadi.
— Mazam yo‘q, dori ichib birpas yotadigan vaqtim bo‘ldi, — deb bahona qildi.
— Yur, mening kabinetimga, — dedi Monika xonim.
Dori masalasida Zaynab aldamagan edi. Monika xonimning xonasiga kirib narsalarini qarasaki, shoshilinchda dorini unutib qoldiribdi.
— Qo‘yaver, nichego strashnogo, — dedi mezbon. — Bir kun ichmasang ichmabsan. Charchagansan. Senga vidik qo‘yib beraman, ko‘rsang nervlaring uspokoit bo‘ladi. Zo‘r seks bor, ko‘ramizmi?
— Yo‘q, yo‘q, — dedi Zaynab uni to‘xtatish uchun qo‘lidan ushlab. — Hecham ko‘rmayman.
— Juda ham otstaliysan-da, asalchik. Obijatsya qilmaginu sen xuddi o‘n to‘qqizinchi vekning odamiga o‘xshaysan. Ko‘zingni ochib qara: hozir yigirmanchi vek. Hamma ko‘radi bunaqani. Bu idiotizm emas, bu— iskusstvo. Men buni bolalarimga ham ko‘rsataman...

Qayd etilgan