Hozir Zaynab bilan yolg‘iz qolganida gapni nimadan boshlashni bilmay taraddudlandi. U o‘z uslubiga xiyonat qilmagan tarzda «Adang kasal, tuzalmaydigan kasal, sen otangning o‘rnini egalla, men yoningdaman», desa ham bo‘laverardi. Uning daf’atan so‘z ocholmasligining ikki sababi bor: avvalambor dangal, qo‘pol gapi bilan uni hurkitib, cho‘chitib qo‘yishi, ikkinchidan — nojo‘ya gapini Zaynab otasiga aytishi mumkin. Ana unda ish rasvo bo‘ladi. Ana unda gazetachilar tili bilan aytilganda «Davlat to‘ntarishiga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi».
Kesakpolvonning jimligi ko‘pga cho‘zilmadi. Gapni uzoqdan boshladi.
— Adang Sibirda shamollab kelib, vaqtida davolanmadi, o‘jar-da, o‘jar. Ming marta aytdim unga, kasalxonaga yot, deb. Tabibga ketgani yaxshi bo‘ldi. Ishqilib, o‘sha yerdan tuzalib qaytsin.
Zaynabga bu gap g‘alati ta’sir etib, Kesakpolvonga yalt etib qaradi. U otasining yo‘talib turganini bilardi, ammo tuzalmas xastalikka yo‘liqishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Kesakpolvon undagi o‘zgarishni ilg‘asa-da, o‘zini sezmaganga olib, gapini davom ettirdi:
— Adangning kasali og‘ir. Adang o‘jar. Sal o‘tkazib yubordi. Yana kasalini hammadan yashirmoqchi. Men bilan Jalil amakingni qo‘yaver, sendan, onangdan ham yashirgan. Faqat Mahmud akang biladi. Men ham tasodifan bilib qoldim... Nimaga yashiradi? Nima, bitta u kasalmi? Tirik jon, hamma kasal bo‘ladi, yotib davolanadi. Men o‘sha tabibni qidirib topdim. Bu kasalni faqat o‘sha tabib davolar ekan. Do‘xtirlarning o‘zi ham tan berisharkan unga.
— Qanaqa kasal? — deb xavotir bilan so‘radi Zaynab.
— Bu shunaqa kasalki... — Kesakpolvon chaynaldi.— G‘alati kasal, oti esimda yo‘q, ammo tuzalishi sal og‘irroq ekanmi-ey...
U «Otangning kasali — rak» deyishga tili bormadi. Shunday bo‘lsa-da, Zaynab uning dilidagi gapni uqib, birdaniga ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Kesakpolvon «Mayli yig‘lab, ko‘nglini bo‘shatib olsin», deb indamay o‘tirdi. So‘ng peshonasini, sochlarini siladi. «Do‘ngi qizim», deb erkaladi. Zaynab sal ovunganday bo‘lib, yoshli ko‘zlari bilan unga boqdi. Iltijo qildi:
— Haydar amaki, jon amakijon, «Noto‘g‘ri aytdim», deng. «Bilmasdan aytdim», deng. Axir bunday bo‘lishi mumkinmas-ku?!