Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282880 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:49:49

— Qo‘ying, kerakmas, men ko‘rmayman.
— Vot, durochka, kak xochesh. Bo‘lmasa yotib, damingni ol. Postelim yangi, har kuni yangisi solinadi.
U shunday deb chiqib ketdi.
Zaynab turgan yerida turib qoldi. Uning choyshabi almashtirilgan o‘rniga qarab qo‘ydi-yu, o‘tirishga ham irgandi. Haydar amakisiga ergashib kelavergani uchun o‘zidan o‘zi ranjidi. «Nima bo‘lsa ham uyimda qolaverishim kerak edi», deb o‘ziga o‘zi tanbeh berdi. Bu xonadondan chiqib ketishga bahona izlay bosh-    ladi.
Chindan ham ayb o‘zida. Qo‘rquv aqli-hushini olib qo‘yib, amakisi «yur» desa yetaklagan yuvosh qo‘yday kelaverdi. Bu ona-bolaning bema’ni, beta’sirligini bilmasmidi?
Bilardi. Sartarosh Gogikdan boshqa hamma narsa, barcha qiliqlar unga ma’lum edi. Shunday ekan, birovdan o‘pkalanishga hojat yo‘q...
U xonada bo‘zchining mokisiday u yoqdan bu yoqqa yuraverdi. «Haydar amakim kelsalar dorini bahona qilib ketaman», deb fikr qildi.
Kesakpolvon shomga yaqin keldi. Kechki ovqatni yeb bo‘lishgach, u almoyi-aljoyi gaplarini boshlagan xotini bilan qiziga «Boshqa xonada o‘tirlaring», deb chiqarib yubordi. U boya Zaynabni uyiga qo‘yib chiqqanidan so‘ng tayin bir ish bilan mashg‘ul bo‘lmadi. Balki, Zaynab bilan qay tarzda suhbat qurish rejalarini o‘yladi. Kesakpolvon «Agar shu fursatdan foydalanmasam, g‘irt ahmoq bo‘laman», degan qat’iy fikrda harakatini boshlashga ahd qilgan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:50:05

Hozir Zaynab bilan yolg‘iz qolganida gapni nimadan boshlashni bilmay taraddudlandi. U o‘z uslubiga xiyonat qilmagan tarzda «Adang kasal, tuzalmaydigan kasal, sen otangning o‘rnini egalla, men yoningdaman», desa ham bo‘laverardi. Uning daf’atan so‘z ocholmasligining ikki sababi bor: avvalambor dangal, qo‘pol gapi bilan uni hurkitib, cho‘chitib qo‘yishi, ikkinchidan — nojo‘ya gapini Zaynab otasiga aytishi mumkin. Ana unda ish rasvo bo‘ladi. Ana unda gazetachilar tili bilan aytilganda «Davlat to‘ntarishiga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi».
Kesakpolvonning jimligi ko‘pga cho‘zilmadi. Gapni uzoqdan boshladi.
— Adang Sibirda shamollab kelib, vaqtida davolanmadi, o‘jar-da, o‘jar. Ming marta aytdim unga, kasalxonaga yot, deb. Tabibga ketgani yaxshi bo‘ldi. Ishqilib, o‘sha yerdan tuzalib qaytsin.
Zaynabga bu gap g‘alati ta’sir etib, Kesakpolvonga yalt etib qaradi. U otasining yo‘talib turganini bilardi, ammo tuzalmas xastalikka yo‘liqishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Kesakpolvon undagi o‘zgarishni ilg‘asa-da, o‘zini sezmaganga olib, gapini davom ettirdi:
— Adangning kasali og‘ir. Adang o‘jar. Sal o‘tkazib yubordi. Yana kasalini hammadan yashirmoqchi. Men bilan Jalil amakingni qo‘yaver, sendan, onangdan ham yashirgan. Faqat Mahmud akang biladi. Men ham tasodifan bilib qoldim... Nimaga yashiradi? Nima, bitta u kasalmi? Tirik jon, hamma kasal bo‘ladi, yotib davolanadi. Men o‘sha tabibni qidirib topdim. Bu kasalni faqat o‘sha tabib davolar ekan. Do‘xtirlarning o‘zi ham tan berisharkan unga.
— Qanaqa kasal? — deb xavotir bilan so‘radi Zaynab.
— Bu shunaqa kasalki... — Kesakpolvon chaynaldi.— G‘alati kasal, oti esimda yo‘q, ammo tuzalishi sal og‘irroq ekanmi-ey...
U «Otangning kasali — rak» deyishga tili bormadi. Shunday bo‘lsa-da, Zaynab uning dilidagi gapni uqib, birdaniga ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Kesakpolvon «Mayli yig‘lab, ko‘nglini bo‘shatib olsin», deb indamay o‘tirdi. So‘ng peshonasini, sochlarini siladi. «Do‘ngi qizim», deb erkaladi. Zaynab sal ovunganday bo‘lib, yoshli ko‘zlari bilan unga boqdi. Iltijo qildi:
— Haydar amaki, jon amakijon, «Noto‘g‘ri aytdim», deng. «Bilmasdan aytdim», deng. Axir bunday bo‘lishi mumkinmas-ku?!

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:50:35

— Chindan ham bilmasdan aytdim, do‘ngi qizim. Sen gapimni boshqacha tushunding shekilli. Adang tabibdan qaytsa, o‘zing ham so‘raysan. Faqat mendan bilganingni unga aytma. Qaysarligi tutsa, senga ham hech nima aytmaydi. Menga ishonmasang, Jalil amakingdan so‘ra. U tabibga adang bilan birga ketgan. Endi sen bilan ikkita narsaga kelishib olishimiz kerak. Birinchisi, Manzura telpon qilsa, unga ayt, adangni kutmasdan to‘yni o‘tkazib, kelaversin. Katta to‘y shu yerda bo‘ladi.
— Nega endi? — deb ajablandi Zaynab. — Adam bormaydilarmi?
— Adang boradigan bo‘lsa, Manzura bilan birga ketardi.
— Meni ham yubormoqchi edilar.
— Sen ham borma.
— Nega?
— Sening boshqa ishlaring bor. — Kesakpolvon shunday deb bir oz sukut saqladi. Zaynab «qanday ish ekan?» deb uning og‘zini poyladi.
— Senga bu gapni hozir gapirishimning balki o‘rni emasdir. Lekin qachondir aytishim kerak. Oldinroq bilib qo‘yganing yaxshiroqmi, deyman. Sen faqat gapimni to‘g‘ri tushungin. «Adam erta-indin o‘lib qolar ekan», deb vahima qilma. Lekin adang ham, men ham yana o‘n yil yashaymizmi, yuz yilmi, baribir bir kuni o‘tamiz. O‘rnimizga esa kimdir qolishi kerak. Afsuski, mening o‘g‘lim yo‘q. Qizimdan esa bir ish chiqmaydi. Sen esa aqllisan, adangga o‘xshaysan. Akalaringdan ham umid yo‘q. Endi ular — olim. Bizdagi kooperativ-mooperativlarga, magazinlardan tushadigan cho‘tallarga qarashmaydi. Adang juda ko‘p ish qilgan. Bizning shuncha to‘plaganimiz sovrilib ketaveradimi? Sovrilmasligi uchun sen adangning qanotiga kir. Ishni o‘rgan, keyin sekin-asta ishni o‘z qo‘lingga ol! Shunga haqqing bor! Sen cho‘chima. Yoningda men borman, Mahmud akang bor.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:51:00

Zaynab bu gaplarni eshitib, hayratlandi. Chunki Zaynab o‘zini emas, dilidagi ma’suma, pok Kumushbibini, unga qo‘shib ishonchini, gardsiz e’tiqodini osgan kuni otasiga «Ularni o‘zimga qo‘yib bering!» degani shunchaki alam tutuni emas, qasos o‘tining yona boshlagani edi. Ne shodki, bu o‘tni alanga olishi uchun moy sepuvchi odam topildi. Zaynab necha kundan beri qasos yo‘liga qanday kirish, qanday jang qilishni o‘ylardi. Uning yo‘lidagi birinchi qurbon Mardona bo‘lishi kerak edi. So‘ng... Mardonani ishga solgan odamlar...
Zaynab mana shularni o‘yladi-da, Kesakpolvon uchun hech kutilmaganda:
— Xo‘p, amaki, — dedi.
Kesakpolvon bu gapni eshitib, nima deyishni bilmay qoldi. Chunki u Zaynabdan rad javobini kutgan, shunga yarasha gap tayyorlab qo‘ygan edi. U bir necha nafas hukm surgan hayronlik iskanjasidan qutulib:
— Barakalla, do‘ngi qizim, men senga ishongan edim, — dedi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Ko‘z yoshlaringni art. Asadbekning qizi yig‘lamasligi kerak... adangning kasalini eshitganlarning ba’zilari janozani o‘qishganga o‘xshaydi. Ularning janozalari o‘zlariga buyuradi. Men o‘zimning jonimni bersam ham, adangni saqlab qolaman. Jalil amakingga ham shunaqa deganman, so‘rab ko‘r. — U bir oz sukut saqladi-da, keyin dadil ovozda davom etdi: — Bilmaganlar bilib qo‘yishi kerak: Asadbek o‘lmaydi! Ayniqsa, sen adangning yonida turadigan bo‘lsang sira-sira o‘lmaydi!
— Aytganingiz kelsin, — dedi Zaynab ko‘z yoshlarini artib.
Ayni damda bu dunyoning dastlabki so‘qmog‘ida qoqilgan, hali hayotning past-baland ko‘chalari, alamlari, sitamlaridan bexabar juvon bilan yovuzlik dunyosidagi yantoqzorlarni yalangoyoq kezib katta bo‘lgan odam o‘rtasida g‘oyibona bitim tuzilayotgan edi. Kesakpolvon dastlabki alam-sitam tuzini totib, faryod urayotgan juvonni o‘z dunyosiga chorlayotgan edi.
— Do‘ngi qizim, seni birov ranjitsa, men borman. Sening ko‘z yoshing sira ham to‘kilmasligi kerak. Men boshingga tushgan kulfatlarni sal-pal bilaman. Endi bunaqasi bo‘lmaydi.
Zaynab «Rostdan bilasizmi? Adam aytdilarmi?» deganday yalt etib unga qaradi. Bir oz uyalib, yuzi qizara boshladi. Lekin o‘zini tezda qo‘lga oldi: yig‘lashi mumkin bo‘lmagan Asadbekning qizi uyalmasligi ham shart!

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:51:59

— Amaki, gapingiz rost bo‘lsa, menga bir odamni topishga yordam bering, — dedi u qat’iy ravishda.
«Jamshidni aytadi shekilli? Jamshidning tirikligini bilarmikin?» — deb o‘yladi Kesakpolvon.
— Yordam berasizmi? — deb qayta so‘radi Zaynab.
— Albatta yordam beraman, ayt, kimni topib beray?
— Bir xotinni.
— Xotinni? Oti nima ekan?
— Mardona. Men kasalxonada yotganimda u hamshira edi.
— Mardona degin?.. — Kesakpolvon G‘ilay Shomilning Moskvaga keta turib aytgan gapini esladi. Uning nimadan xavotirda ekanini endi sal tushunganday bo‘ldi. — Mardonani nima qilasan?
— Uni... o‘ldiraman! — shunday deb Zaynab mushtlarini siqdi.
Kesakpolvon uning vajohati o‘zgarganini sezib, ahdi qat’iy ekanini angladi. Bu ham uning uchun muddaoning o‘zi edi.
— Mardona kerak bo‘lsa, topamiz-da, — dedi Kesakpolvon, so‘ng o‘rnidan turib telefon go‘shagini ko‘tardi-da, lozim raqamni terdi. Ayol kishining ovozini eshitgach: — Allo, Mardona, senmisan? — dedi. «Yo‘q, men singillariman», degan javobni eshitgach, «Opangni chaqir», dedi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:53:01

Buni eshitgan Zaynab hang-mang bo‘lib qoldi. U «Mardona allaqachon qaysi bir shaharga qochib ketgan, uni bir oymi, bir yilmi qidirish kerak», deb o‘ylardi. Xuddi tushda sodir bo‘lganday bir daqiqada topilib tursa?.. Zaynab shunisiga tushuna olmadi. Umuman olganda, u to‘g‘ri fikr yuritgan edi. Mardona boshqa shaharga jo‘nashni ixtiyor etganda G‘ilay qo‘ymadi. Avvaliga «Sen qo‘rqayotgan Asadbek bugun-erta iniga kirib ketadi», dedi. Keyin esa, Chuvrindi ixtiyoriga o‘tib imkon topolmadi. Shu sababli ham Kesakpolvondan uni ehtiyot qilishni so‘ragan edi. Qo‘yni bo‘rining qo‘liga topshirib ketayotganiga uning aqli yetmadi.
Mardona u tomondan go‘shakni oldi shekilli, Kesakpolvon Zaynabdan ko‘zini uzmagan holda gapirdi:
— Allo, Mardona, o‘zingmisan? Shomilbek Maskovdan telpon qilmadimi? Menga bir gap aytib ketuvdi. Ha, qulog‘ingga aytaman. Hozir boraman, kutib tur.
Go‘shakni joyiga ilib, Zaynabga «Xo‘sh, ana, topdim. Endi nima qilasan?» deganday qaradi. Keyin Zaynabning ajablanayotganini ko‘rib izoh berdi:
— Hosilning G‘ilay Shomil degan yugurdagi bo‘lardi. Mardona o‘shaniki. Hosil otilgan kun bir borgan edim.
«Hosil otilgan kun? Kim otdi?» — deb o‘yladi Zaynab, ammo savolini tiliga chiqarmadi. Chunki u Hosilboyvachchaning isminigina eshitgan, o‘zini esa ko‘rmagan edi. Otilgan vaqti, sababini bilish uning uchun aytarli shart emasdi.
— Qani, boramizmi? — dedi Kesakpolvon.
— Bilmasam... — dedi Zaynab qat’iyatsizlik bilan.
— Bo‘shashma, dadil bo‘l! Sen Asadbekning qizisan. Birinchi qadamda lalaysang, ish pachava bo‘ladi. Tur, ketdik!
Yo‘l-yo‘lakay Kesakpolvon Zaynabga qasos olish yo‘llarini o‘rgatdi, qasos olishdan keyingi huzurni ta’rifladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:53:29

3

Zaynabni ko‘rgach hayratdan lol qotgan Mardonaning ahvolini tasvir etmoqqa qalam ojiz. Ha, avval hayratlandi, so‘ng bu hayrat o‘rnini qo‘rquv seli egalladi. Hatto a’zoyi-badanidan jon chiqib ketganday bo‘ldi.
Hosilboyvachcha otilgan kuni G‘ilay Shomil bu yerga Kesakpolvonni boshlab kelib, tuni bilan maishat qilgach, erta saharda Mardona yotgan xonaga kirgan edi.
— Ish buzildi, — degan edi u afsus bilan. — Shef iniga kirib ketdi. Men bilan kelgan pakana yangi shef. Tayyorlanib tur, seni boshqa yoqqa ko‘chiraman.
Bir necha kundan beri Shomilning kelishini, boshqa yoqqa ko‘chirishini kutardi. Kutgani kelmay, kutmagani keldi. U hojasining istagi bilan ko‘p qizlarni ignaga o‘tqazdi, ya’ni giyohvandga aylantirib berdi. Ko‘p bokira, ammo aldangan yoki qo‘rqitilgan qizlarning nomusi ham shu uyda bulg‘andi, bedarak yo‘qolgan yosh qizlarning so‘nggi izlari ham shu uyda qolgan. Bu ishlar kimgadir fojia bo‘lib tuyulishi mumkin, kim uchundir dahshat, ammo Mardona uchun bu oddiy, e’tibor berishga ham arzimaydigan voqea sanalardi. Esini yig‘ib, o‘z nomusi uchun kurashmoqchi     bo‘lgan qizlarni «Baxting kelganda maishat qilib     olsang-chi, qaerda buzilding, kim buzdi, senga baribir emasmi? Maishat qilib, pulini shilsang-chi?» deb koyir edi. Ular bir kunmas bir kun yoqamdan olar yoki ko‘kragiga o‘lim farishtasining bemehr yuragini joylab kelar, deb o‘ylamagan edi.
To‘g‘ri, Zaynab topshirilganda dastlab cho‘chidi. Ish orqaga qarab ketgach esa qo‘rqa boshladi. Bekor qo‘rqmagan ekan, mana, o‘lim farishtasining nomi bilan kelib turibdi.
— Zaynab, ayb menda emas, buyurishdi, — dedi Mardona titroq ovozda.
— Ichkariga kir, — deb buyurdi unga Kesakpolvon, keyin «Dadil bo‘l», degan ma’noda Zaynabni sekin turtib qo‘ydi.
— Ichkariga kir! — deb baqirdi Zaynab.
Bu baqiriq Mardonaga «Senga o‘lim!» degan hukm ma’nosida eshitilib, esxonasi chiqqan holda tisarildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:54:07

— Uyda kim bor? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— Bir qiz... sizga... O‘g‘lim...
Kesakpolvon orqada turgan yigitga qaradi:
— Bolasi bilan qizni bir xonaga tiq, — deb buyurdi.
— Nima qilmoqchisizlar? — deb yig‘lamsiradi Mardona.
— Gaplashib olamiz. Yotoqxonangga kir!
Qo‘rquvdan titrab-qaqshay boshlagan Mardona buyruqni bajardi. Ular oldinma-keyin yotoqqa kirdilar.
— Mana, qizim, bu iflos seniki. Pichoqda tilib tashlaysanmi, otasanmi, o‘zingning ishing.
— Mening aybim yo‘q, — deb chinqirdi Mardona jon holatda. — Menga buyurishdi.
— Kim buyurdi? — deb so‘radi Zaynab. Endi u ham titray boshlagan edi. Mardonani qo‘rquv, jon achchig‘i, Zaynabni esa qasos, nafrat o‘ti titroqqa solgan edi.
— Menga Shomil aka, Shomil akamga Hosil aka...
— Baland dorga osilyapsan, — dedi Kesakpolvon. — Hozir Hosil akangni ko‘rasan.
— Yo‘q! — deb qichqirdi Mardona.
— Amaki, siz chiqib turing, — dedi Zaynab.
Kesakpolvon Zaynabning qo‘liga pichoq tutqazib chiqqach, Mardona o‘zini yerga tashlab, uvvos tortib yig‘ladi:
— Bolamga rahmingiz kelsin, Zaynab. Tavba qildim, kechiring.
— Mendan oldin ham qilganmiding bu ishni? — deb so‘radi Zaynab.
Eshik orqasidagi Kesakpolvon xuddi Asadbekning ovozini eshitganday bo‘ldi. Harholda ovoz Zaynabniki, ohang esa Asadbekniki edi.
— Yashirmayman, bo‘lgan bu ishlar. Men faqat buyruqni bajarar edim.
— Sen o‘lishing kerak, — dedi Zaynab uning ko‘zlariga qaramaslikka harakat qilib.
— Zaynab, kechiring...
— Qo‘llaringni cho‘z! — deb buyurdi Zaynab. — Igna sanchadigan qo‘llaringni cho‘z.
— Nega, Zaynab?

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:54:43

— Ko‘rmoqchiman, mening ko‘kraklarimni ham shu qo‘llaringda ezg‘ilagansan-a? Cho‘z deyapman, men bir ko‘ray, qonlimikin bu qo‘llar.
— Qon yo‘q, toza, — deb qo‘llarini cho‘zdi Mardona.
Shunda Zaynab pichoqni bir siltab uning bilagini tilib tashladi. Mardona chinqirib yubordi. Tirqirab otilgan qonni ko‘rgan Zaynab ham qo‘rqqanidan baqirdi. Bu ovozlarni eshitgan Kesakpolvon shoshilib ichkariga kirdi. Zaynab yig‘lamsirab boshini uning ko‘ksiga qo‘ydi.
— Uni o‘ldir, — dedi Kesakpolvon. — Unga qara, qo‘rqma, o‘ldir! Agar sening o‘rningda u bo‘lsa birpasda o‘ldirib qo‘yadi. Sen uni qiynab o‘ldir!
— Yo‘q, o‘ldirolmayman, — dedi Zaynab yig‘lamsirab.
— Agar hozir o‘ldirmasang, keyin hech qachon qilolmaysan bu ishni.
— Yo‘q, amaki, qo‘limdan kelmaydi...
— Unda qarab tur, — Kesakpolvon shunday deb Zaynabni Mardona tomon qaratdi-da, uning qo‘lidan pichoqni oldi. Mardona o‘zini himoya qilishga ulgurolmay ham qoldi. Ketma-ket urilgan pichoq zarbidan omonatini topshirdi.
Birinchi marta pichoq urilgandayoq Zaynab xonani tark etdi. Ko‘chaga chiqib, mashinaga o‘tirib oldi. Dir-dir titray boshladi.
Zaynab «Asadbekning qizi» bo‘lishi hargiz mumkin emasdi.
Kesakpolvon bilan yigit yarim soatlardan keyin chiqishdi. Yigit bolachani yostiq bilan bo‘g‘ayotganida Kesakpolvon do‘mboq qizni tatib ko‘rdi. Shu bilan qutulaman, degan qiz ham yostiqda bo‘g‘ildi.
Mashina o‘rnidan jilgach, Kesakpolvon kerishib qo‘ydi-da:
— Bugun bir-ir savob ish qildim. Bu dunyoni ikkita shiltadan tozaladim, — dedi.
Tasodif shuki, Mardona pichoqlangan kuni Moskvada G‘ilay Shomil ham o‘ldirildi.


Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:55:18

XVII  b o b

1

Qosh qorayib, ovqat pishgach, Habib Sattorovni onasining uyiga chaqirdilar. Kelini keltirib qo‘ygan moshxo‘rdani tez-tez xo‘rillatib ichishi Risolat kampirga yoqmadi.
— Muncha hovliqib ichasan, uyingga shoshyapsanmi?— dedi u, keyin bir piching bilan o‘g‘lini «uzib» olmoqchi bo‘ldi: — Oytovoq xotining «tez keling» deganmidi?
O‘z xayollariga bandi bo‘lgan Habibga bu piching ta’sir etmadi, oddiy savol o‘rnida qabul etib, osoyishtalik bilan javob qaytardi:
— Shoshayotganim yo‘q, oyi, moshxo‘rda qaynoq ekan. Bugun ketmayman, qolaman.
— Moshxo‘rdani sal sovugandan keyin ichsa, mazali bo‘ladi, hovliqma. Xotining nimaga kelmadi?
— Hayronman, kelmoqchi edi. Kelib qolar.
— Kelib bo‘pti. Qaynisi o‘lib ko‘k ham kiymadi. Begonaga o‘xshab kelib-ketib yurdi.
— Oyi, qo‘ying eski gaplarni, endi ahil yashashimiz kerak. Men yaqinda yana Moskvaga ketaman. Endi ko‘proqqa ketaman. O‘sha yerda ishlayman.
— Shoshilma, avval men o‘lay, keyin qayoqqa borsang bor.
— Oyi, bormasam bo‘lmaydi, unaqa demang. Keliningiz qoladi.
— Uni qara-ya! O‘sha oytovog‘ing menga qararkanmi? Jag‘imni bog‘larkanmi? Ketaver, o‘ligim ko‘chada qolmas, men o‘lsam shu Xonzoda qizim ko‘madi.
Xonzoda ona-bola orasida gap qochayotganini bilib, choyni yangilab kelish bahonasida tashqariga chiqdi.

Qayd etilgan