Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282909 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:55:46

— Sen bola, ilmdan boshqa narsani o‘ylamaysan hech? — deb achchiqlandi kampir. — Xonzoda endi menga kim? Hech kim! Baraka topsin, qarab turibdi. Erta-indin birov og‘iz solsa, erga tegadi-ketadi. Yosh juvon ko‘chada qolmaydi. Sen qo‘rqma, men uzoq yashamayman. Har kuni ukang tushimga kirib chaqiryapti...
— Oyi, qo‘ying, — dedi Habib, kosani nari surib.
— Jahl qilmay, ovqatingni ich. Peshonam asli sho‘r ekan. Anvarim tirnoqqa zor o‘tdi. Senga yaxshi xotin uchramadi. Jim bo‘l, yonini olma.
— Yonini olayotganim yo‘q. Xo‘p oyi, siz nima desangiz shu. Ertalab sizni uyimga olib ketaman.
— Bekor aytibsan. Bu uyda avval adang rahmatlikning ruhi kezib yurardi. Endi u Anvarim bilan billalashdi.
Habib Sattorov shu zayldagi dam jahl aralash, dam alamli, dam hasratli gaplarga qo‘shib ovqatini ichdi. Yana bir oz gaplashib o‘tirgach, Risolat kampir:
— Qoladigan bo‘lsang, ukangning uyiga chiq. Xonzodam mening yonimda yotadi, — dedi.
Habibning niyati ham shu edi. Onasini ikki yonog‘idan o‘pib, tashqariga chiqdi.
Hovlida bir oz turdi.
Havo xuddi tug‘olmay qiynalayotgan xotinga o‘xshaydi. Yog‘sa yog‘a qolmaydi, ochilsa ochila qolmaydi. Tund bo‘lib kishi yuragini siqadi. Habib Sattorov yurti quyoshini sog‘inib kelgan edi, aksiga olib havo ham uni tundlik bilan qarshiladi. Angliyaning tumani, Moskvaning rutubatidan bezgan edi. Hech chekmaydigan odamning birdan chekkisi keldi. Xayolini chalg‘itish uchun atrofiga qaradi. Hammayoq yutaman deb turibdi. Anvardan so‘ng hovli ham huvillab qolganday edi. Hovlidagi biron daraxtning shoxlari kesilsa ham o‘rni sezilib turganda, butun boshli bir odamning yo‘qligi bilinmaydimi?
Habib Sattorov bir necha daqiqa maqsadsiz, ma’nisiz turgach, og‘ir qadamlar bilan bir-bir bosib Anvarning uyi tomon yurdi.
O‘sha yetim uy, o‘sha bir oyog‘i kanop bilan bog‘langan yetim stol, yetim qalam, daftarlar...
Beixtiyor daftarlardan birini olib varaqladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:56:21

«...Vo ajab! Odamning zahari ilonnikidan kuchli ekanini bilmabman. Bugun noolim, noakademik Xolidiy degan ablah ustoz Hikmat O‘rolov nomini bulg‘ash uchun bir arava axlat ag‘dardi. Maqolasi bilan gazetani ham harom qildi. Quzg‘un burgutni axlat titishda aybladi. Ustozning uylariga borib zo‘r bir rivoyat eshitdim. Bir kuni buni she’r qilishim kerak. Mana u:
«Luqmoni hakim yo‘lda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar xasta odam og‘riqlarga chidayolmay dod der emish. Tabiblar kelib, uni bugun-erta o‘ladi, deyishibdi ekan. Luqmoni hakim xastaning bilak tomirini ushlab ko‘rib debdilarki: «Dardingizga davo bor. Ilon zahri sizga shifo bergay». Xasta debdiki: «Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo bo‘lsam... Yo meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Olloh mening zorimni eshitib, Luqmoni hakimga ro‘baro‘ qilganida edi, u zot meni tashlamas edilar». Luqmoni hakim bu nolani tinglab aytibdilarki: — «Zinhor tashlamasman». Xullas, hazrat Luqmoni hakim ilonzorga borib bir yoshroq ilonni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib turibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kiribdi va debdiki: «Ey inson farzandi, sen nechun meni bo‘g‘ayotirsan? Ollohning menga bergan jabrlari kammi edi?» «Olloh senga qanday jabrlar qildi?» deb so‘rabdilar Luqmoni hakim. «Meni ko‘rimsiz qilib yaratdi, odamlar ko‘rsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qo‘ydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni bo‘g‘ib, jonimni olarsanmi?» Luqmoni hakim debdilar: «Shunday qilmasam bir odam hayotdan ko‘z yumar». Ilon debdi: «Ajab! U odamni saqlab qolmoq uchun meni o‘ldirasanmi? Axir u ham Ollohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olasanmi?» Luqmoni hakim aytibdilar: «Ha, daf eta olaman». Ilon debdi: «Unda mening zahrim kuchli emas ekan. Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan!» «Qanday zahar? Qora qurtnikimi?» — debdilar Luqmoni hakim. «E, yo‘q, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar — odamning zahri. Bunga davo yo‘qtur. Odam odamni chaqsa, albatta, o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘lgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmoni hakim ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin, azoblaridan qutula qolsin...»

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:57:38

Xolidiy qancha odamni chaqdi? Yana qanchasini chaqadi? Uning shogirdlari-chi? Burgut polaponini baland qoyalardan tashlab, mag‘rur parvoz qilishni o‘rgatar ekan. Quzg‘un esa bolasiga axlat titishni o‘rgatadi. Xolidiy quzg‘unning institutdagi shogirdi — bolalaridan nimani kutish mumkin? Men ular bilan olishaymi? So‘ng... mendan ham axlat hidi kelib tursa...»
Habib Sattorov bu satrlarni o‘qib, o‘ylanib qoldi: «Kallasi joyida edi, baloga aqli yetardi. Bu dunyoga nima uchun sig‘may qoldi, hayronman. Ular axlat titsa titaversin, sen titma. Baland uchaver. Mana Sohib Po‘latov ham shunaqa xilidan. Men u bilan olishib vaqtimni zoe o‘tkazishim kerakmi? Meni ishdan bo‘shatishi — chaqqanimi? Tupuraman men uning o‘ziga ham, chaqishiga ham. Angliyadagi kitobim chiqsa o‘ladi kuyib, to‘lg‘onib, o‘zini o‘zi chaqib o‘ladi...»
Daftardagi so‘nggi yozuv shu edi. «O‘limidan avval yozgan shekilli», Habib Sattorov shunday deb o‘ylab oldingi yozuvlarga ko‘z tashladi. Arabiy yozuvli bir necha sahifaning hoshiyasiga bitilgan she’riy satrlar diqqatini tortdi:

«Menda ajib holdir azizim,
Tilim zabun, loldir, azizim...»

«Assalom, har dildan quvg‘indi anduh!
Assalom, hech kimsa suymas iztirob!
Ko‘nikib ketmish-a senga bu tan, ruh,
O‘qish bisyor bo‘ldi seni bobma-bob...»*

Habib Sattorov she’rning ruhini anglamadi. «She’r yozib boshini qotirmaganida allaqachon dissertatsiya yoqlab, olim bo‘lib ketardi», deb o‘yladi-da, daftarni yana varaqladi:
«Hurlik nimaning evaziga berildi? Qonlar evazigami? Jonlar evazigami? Jon berishga tayyor azamatlar bormi bu ulug‘ Turkistonda? Xumoyun Mirzo xastaligida tabib Bobur Mirzoga «Eng qadrli narsangizni atang», deganda shoh Bobur «Eng qadrli narsa — jonim, jonimni berayin», degan ekan. Xasta ona Turkistonga kim jonini fido qiladi? O‘limdan qo‘rqmas, botir o‘g‘lonlar nahot butunlay qirilib bitgan? Bu qanday hayot o‘zi? Kun bor — quyosh yo‘q, osmon bor — yulduzlar yo‘q. Vatan bor — vatanparvar yo‘q. Beshikdan tobutga yetgunicha hamma pioner — kashshof. O‘rusiya nima desa, «Doim tayyor!» deb turamiz. Vatan arzonga sotildi, sotilyapti... juda arzon...

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:58:06

Ammo... bu uzoq davom etmaydi. Botir o‘g‘lonlarning ruhi qaytadi ota yurtga! Qadimgiday zo‘r davlat bir kun bo‘lajak! Ana o‘shanda kelajakdagi botirlar biz — xoinlarni la’natlaydilar. Bizning ruhlarimiz ularning la’nat toshlari ostida eziladi. Shunday bo‘lishi kerak! Biz shunga loyiqmiz! Bundan battariga-da loyiqmiz! Alixonto‘ra Sog‘uniy domla aytgan ekanlar:
«Agar o‘zbeklar oshning atrofiga birlashganday birlashganlarida edi, allaqachon erkka erishgan bo‘lar edilar».
Men bu aqlli satrlarga ozgina tahrir kiritmoqqa jazm etaman:
«Agar o‘zbeklar to‘planib, to‘y-ma’raka oshiga oshiqqanlari kabi imonga oshiqqanlarida edi, mustaqillikka shubhasiz erishardilar.
Ulug‘ Turkistonni faqat imon birlashtiradi.
Vaqt bo‘ldiki, Turkiston imondan uzoqlashdi. Oqibatda mustahkam bir davlatning yarmini O‘rusiya, yarmini Xitoy egallab oldi. Hozirgi har ikki davlatning qizil bayroqlari musulmonlarning qoni ila qizarmishdir.
Otalarining xato-kamchiliklarini takrorlagan avlod — nodondir.
Imonga qaytinglar deyilsa, ayrimlar O‘rta asrga qaytamizmi, deydi. Qani edi, o‘sha asrlarga qaytilsa-yu, xorazmiylar, beruniylar, temurlar yetishib chiqsa. O‘rta asr musulmonchiligi dunyoni nurafshon etdi, aql bilan boyitdi. Agar Beruniy yerning dumaloqligini kashf etmasa, Yevropa buning uddasidan chiqa olarmidi?..
O‘z tarixini buzuvchi kimdir? U o‘z ota-onasini o‘ldirib, pishirib yegan farzand kabidir... Bundaylar qaro yer bag‘riga qaysi yuz bilan borarlar?..»
Bu fikrlarni o‘qiy turib, Habib Sattorovning yuragi hapriqib ketdi. U ukasining qalbida shunchalar dard borligini bilmas edi. Bila olmas ham edi, chunki u bunday tuyg‘ulardan ancha uzoq edi. Uning logarifmlar bilan to‘la miyasida bunday fikrlarga o‘rin yo‘q edi.
«Savol:
— Dunyoda barcha narsadan g‘olib nima?
Javob:
— Aql.
Savol:
— Bir narsa borki keladi-ketadi, ammo ko‘rib bo‘lmas, ushlab bo‘lmas, biroq kelib-ketganini bilib turamiz, bu nadir?
Javob:
— Bu — zamondir!
Ha, zamon! Qonli zamon, qotil zamon! O‘zbekning sodda yigitlari harbiyga olinib, temir tobutlarda tantana ila qaytarilyapti. Aql esa jim... Afg‘ondan kelgan tobutlar ko‘p. Musulmon yigitga qurol berib musulmonlarga qarshi urushga tashlarlar. «Doim tayyor!» Endi esa urib o‘ldirilgan yigitlarning murdalari kela boshladi.

«Nima qilib qo‘ydim men, evoh...
Axir baxtga berdim-ku ozor...
Ko‘zlarimdan sachraydi ming oh,
Vujudimga ko‘chadi mozor...»

O‘z farzandlarining shafqatsizlarcha o‘ldirilishiga befarq qarovchi xalq qanday xalq ekan!!!
Hurlik va xo‘rlik... Yozilishda farq birgina harfda. Bu farqni yo‘qotish uchun nelar kerak ekan?..
Xasta ruhni o‘ldirish mumkinmi? Bilmayman. Harholda shunga harakat bor. Eski shahardagi tarixiy joylarning buzilishidan maqsad shu bo‘lishi kerak. Bosqinchi O‘rusiya askarlariga qarshi partizanlik urushi olib borgan azamatlarning markazi bo‘lgan joy buzilib, o‘rniga bahaybat mehmonxona qurilib, unga «Moskva» deb nom berildi. Bu yerlarda qancha musulmonlarning qoni to‘kilgan edi. Nima, bu tasodifmi? Mozorlar ustidan yo‘l solish, mozorlar o‘rniga kinoteatrlar qurish ham tasodifmi? Yoki me’morning kaltabinligimi? Yo‘q, buning zamirida kuchli siyosat bor... Xasta ruhni o‘ldirish siyosati...
Biz shahidlar ruhini oyoq osti qilyapmiz...»

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:58:39

Shu yerda yana arabcha harflarni o‘qiy olmay, pastki satrlarga ko‘z yugurtirdi:
«Bu — «Oli Imron» surasidan. Sobitxon aytib edi, men yozib oldim. Shaharni O‘rusiya askarlaridan himoya etib shahid ketganlar ruhiga mos tuyuldi menga. Ma’nosi «Allohning yo‘lida qatl bo‘lganlarni o‘liklar deb hisoblamanglar. Balki ular tirik. Lekin sizlar sezmaysizlar...» Chindan ham ular tiriklar. Biz esa buni sezmaymiz. Shu darajada befahm avlodmiz.
Shahidlar: «Parvardigor yo‘lida shahid bo‘lib, so‘ng tirilsam, yana shahid bo‘lib, yana tirilsam, so‘ng yana shahid bo‘lsam», deb orzu qilar ekanlar.
Bizning orzuimiz nima? Qorin to‘qligi. Tinchlik... Tinchlikni noto‘g‘ri tushunamiz. Ozod, hur, erkin yurtga tinchlik kerak. Istibdoddagi mamlakatga-chi?.. Jihod, jihod kerak. Qaysi bir kitob qahramoni «Ozodlik yoki o‘lim!» degan ekan. «Hurriyat yoki o‘lim!» deydigan zamonlar kelarmi?..»
Bu fikrlar Habib Sattorovga og‘ir tuyulib, hazm qila olmadi. Daftarni yopdi. Hovliga chiqib bir aylanib keldi. Onasining uyida chiroq o‘chibdi. Azador xonadonda radio-televizor qo‘yilmagani uchun barvaqt yotishgan edi. Habib Sattorov ham charchaganini his qildi. Uyga kirib yotdi. Uyqu bosib kelsa-da, uxlay olmadi. Ko‘zi ilindi deguncha yuragi hapriqib uyg‘onib ketaverdi. O‘rnidan turib o‘tirdi, yana yotdi. Bo‘lmadi. Yana turdi. Mehmonxonaga chiqib oyog‘i cho‘loq stolga yaqinlashdi.
Shunda...
Shunda deraza yorishib, nur oqib kirdi. Qulog‘i shang‘illadi. So‘ng mayin ovoz eshitildi:
— Bizni kutmaganmiding?
Habib Sattorov yuragiga qo‘rquv oralab, atrofiga olazarak boqdi.
— Sen bizni ko‘ra olmaysan.
— Kimsiz? — deb beixtiyor pichirladi Habib Sattorov.
— Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz.
— Kimsiz? — deb pichirladi yana Habib Sattorov.
— Biz boshqa sayyoradanmiz.
— Qaysi sayyoradan?
— Sizlar Chayon yulduzlar turkumi, deb ataysizlar. Biz esa Zurru deymiz. Zurru — nur o‘lkasi degani...
— Bo‘lishi mumkin emas.
— Mumkin. Derazaga qara!
Habib Sattorov derazadan oqib kirayotgan nurga qarab ukasini ko‘rdi. Jinnixonadagi so‘nggi tunni bedor o‘tkazayotgan Anvar choyshabni olib yirtdi-da, arqon qilib eshdi. So‘ng eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida iziga qaytdi. Qog‘oz-qalam olib yozdi.
Shu onda Habib Sattorov yana o‘sha ovozni eshitdi.
— Nima yozganiga qiziqyapsanmi?
— Ha.
— O‘qib beramiz:

«Boshginamga ag‘anagan katta tog‘lar, alvido!
Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar, alvido!
Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning,
Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar, alvido!

A s q a r  Q o s i m».

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 13:59:02

Ovoz tindi. Anvarning harakati esa davom etdi. Bo‘yniga sirtmoq solayotganda Habib Sattorovning lablari titradi. Osilganicha tipirchilayotgan ukasini ko‘rgach, «Anvar!» deb dodlab yubordi. Kaftlari bilan yuzini to‘sib ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladi. Kuni bilan kelmagan yig‘i endi selday bosdi. Yig‘lab-yig‘lab kaftlarini yuzidan olib, yana derazaga qaradi. Nur yo‘qolmabdi.
— Nima istaysizlar mendan? — deb pichirladi u.
— Ukang bilan gaplashishni xohlaysanmi?
— ...
Sukut rizolik alomati sifatida qabul etilib, hozirgina tipirchilayotgan ukasi o‘rnida, oppoq libos kiyib olgan, akasiga kulimsirab qarayotgan Anvar ko‘rindi.
— Aka, yaxshi keldingizmi? — deb so‘radi u.
— Anvar, jon ukam, nega unday qilding? Hech bo‘lmasa oyimlarni o‘ylashing kerak edi.
— Oyimni kutyapmiz.
— Unday dema.
— Siz ham kelasiz.
— Bekor gap!
— Ishdan haydashibdi-ku?
— Ishdan haydashsa nima qilibdi. Kallamdan ilmni sug‘urib olisholmaydi-ku?
— Aka, keling, bu yer yaxshi...
— Bekor gaplarni gapirma...
Anvar chekinib, tanish ovoz eshitildi:
— Ukang to‘g‘ri aytadi. Biz seni zo‘rlamaymiz. O‘zing ruhan tayyorlanib kelasan.
— Yo‘q! Yo‘q! — Habib Sattorov shunday deb yana kaftlarini yuziga bosdi. Bir necha nafas shunday turgach, ko‘zlarini ochdi: nur yo‘qolibdi. Hammayoqni sukunat bosgan. O‘zi terga botgan, lablari titradi. U bir oz gangib turdi-da, shoshilib uydan chiqdi.
Tunni hovlida bedor o‘tkazdi. Sovqotib ketsa ham  uyga qaytib kirmadi.
Kelini tongda turib yuvingach, uni savolga tutdi. Xonzoda Anvarning deraza oldida qotib turishini aytgach, hayratlandi.
«Bu ne sir-sinoat bo‘ldi?» deb boshi qotdi.

____________________
* Gulchehra Nur she’rlaridan.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 14:00:40

2

Habib Sattorovning bir kechada ko‘zlari kirtayganini ko‘rgan xotini bezovtalanib:
— Ha, adasi, tinchlikmi? — deb so‘radi.
— Tinchlik, — dedi Habib Sattorov to‘ng‘illab, — nega bormading?
— Qizingiz o‘qishdan isitmalab keldi...
— Qizim yosh go‘dak emas-ku, dori-pori berib, borib kelsang bo‘lardi. Sen tufayli men ezilishim kerak. Anvarni nimaga aytmading?
— Ishga boraman, deb turuvdingiz, ortiqcha hayajonlanmang, devdim.
— He, sendaqa mehribonni... — Habib Sattorov anchadan beri qilmagan ishini qildi: xotinini bo‘ralab so‘kdi. Xotini bundan ranjib, bir ko‘tarilmoqchi bo‘ldi-yu, erining fe’li boshqachaligini fahmlab, o‘zini tiydi.
Habib Sattorov tungi voqea nima ekaniga javob topa olmadi. U qo‘shnisi, fizika bilan shug‘ullanuvchi olim do‘sti Umar Baxtiyorovga uchrashishni xayol qilib, azonlab kelgan edi. Umar Baxtiyorov bioquvvat, para-psixologiya haqida unga ba’zan gapirib qolardi. Bu ma’ruzalar Habibga yoqmasdi. Har ikki tushunchani ham g‘ayrifan deb hisoblardi. Bir kuni shunday deganda Umar Baxtiyorov piching bilan:
— Xuddi sovet olimlariga o‘xshaysiz, — degan edi.
— Sovet olimi bo‘lmay kimman? — deb ajablangan edi Habib Sattorov bu kinoyani anglamay.
— Parapsixologiyani faqat sovet olimlari inkor etishadi. Bu fanni butun dunyo o‘rganadi, — deb kuyunib izoh bergan edi u.
Tungi voqeadan so‘ng Habib Sattorov birinchi bo‘lib shu qo‘shnisini esladi. Baxtiga Umar Baxtiyorov uyda ekan. Sochlari umuman to‘kilib bitgan, Habib Sattorovdan bir yosh kichik bu olimning harakati serg‘ayrat, gapirishi ham shunga yarasha edi. U tez gapirganidan ayrim fikrlarini uqib olish qiyin bo‘lardi.
— Bir maslahatli ish chiqdi, — dedi Habib Sattorov, — faqat shartim bor: sekin, shoshilmasdan gapirasiz.
— Albatta-albatta, — dedi Umar shartga ko‘nib.
Habib Sattorov tungi voqeani umumiy tarzda aytib bergach, u g‘olib odam kulgusi bilan kuldi-da:
— Xudodan qaytibdi, — dedi.
— Nimaga unaqa deysiz?
— Siz bir paytlar mening gaplarimni g‘ayrifan der edingiz. Isbotiga o‘zingiz uchrabsiz.
— Menga gina qilmang, menga tushuntiring, — dedi Habib Sattorov bir oz asabiylashib.
— Bu bioenergetik chakralarning ishi, — deb ohista gap boshladi Umar. — Ya’ni — bioenergetik markaz desak ham bo‘ladi. Odamlardagi bioquvvat ham elektr quvvatiga o‘xshab «manfiy» va «musbat» bo‘ladi. Ikki odam bioenergetik maydon hosil qiladi. Ya’ni bir odam ikkinchi odamga aura orqali, ya’ni nurlanish orqali ta’sir qiladi. Odamda nechta ko‘z bor? — Umar Baxtiyorov shu savolni berib mug‘obirlarcha kulimsiradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 14:01:45

— Sizda balki o‘ntadir. Ammo menda ikkita, — deb javob berdi Habib Sattorov.
— O‘nta emas, uchta. Uchinchi ko‘z — gipofiz. Gipofiz ana o‘sha auralarni qabul etadi. Ukangizni ham, sizni ham begona energoinformatsion maydonlar bezovta qilgan.
— Ular boshqa sayyoradanmiz, deyishdi?
— Bo‘lishi mumkin. Boshqa sayyorada bionurlanish markazlari kuchlidir balki?
— Xo‘p, endi nima qilish kerak?
— Elektromagnit ekran bilan shu maydonni buzish kerak. Men shunday ekran ixtiro qilganman. Lekin uni birov tan olmayapti. Agar istasangiz sinab ko‘raylik. Ukangiznikiga o‘rnatib, nur paydo bo‘lishini kutamiz.
Habib Sattorovga bu taklif xayolparast talaba bolalarning gapiday tuyuldi. «O‘ylab ko‘ramiz», deb chiqib ketdi.
Shu gapdan keyin Umar Baxtiyorov uni holi-joniga qo‘ymadi. Oxiri Habib Sattorov ko‘ndi. Ixtiro etilgan elektromagnit ekranni olib borishdi. O‘sha deraza tokchasiga o‘rnatib kutishdi. Nurning paydo bo‘lishini kuta-kuta ikkovi ham uxlab qolishdi.
Ertalab turib qarashsa, ekran pachoqlanib yotibdi...

Qayd etilgan


Murod_bek  01 Noyabr 2007, 14:03:22

XVIII  b o b

1

Chuvrindini kuzatib chiqqan yigit uning qo‘liga chiroyli qog‘ozga o‘ralib, chiroyli tasma bilan bog‘langan qutini berdi.
— Bu Xongireyning Asadbekka sovg‘asi. Shaxsan o‘z qo‘liga topshirasan. Bu Xongirey bilan Asadbekni bir-biriga bog‘laydi. Uni qo‘lingda ko‘tarib ket, sinadi, — deb ogohlantirdi.
Chuvrindi nazorat bo‘limi orqali kutish xonasiga o‘tganida Jamshidni ko‘rdi. U Jamshid bilan birga ketishini bilmasa-da, yaqin kunlarda ko‘rajagini taxmin qilib edi. Jamshid esa Chuvrindining Moskvada ekanidan butunlay bexabar bo‘lgani sababli bu kutilmagan uchrashuvdan dastlab dovdiradi. Bir necha oy ko‘rishmagan qadrdonlar oddiygina qo‘l berishib omonlashdilar. Odamlar qurshovida ortiqcha gaplasha ham olmadilar. Chuvrindi Jamshidning ko‘zlaridagi savol uchqunlariga javoban:
— Hammasi yaxshi bo‘ladi, — deb yelkasiga ohista urib qo‘ydi.
Shunday deyishga degani bilan «Hammasi qanaqasiga yaxshi bo‘lishini» o‘zi ham bilmasdi. Masala u kutgan darajadan ham battar chigallashib ketdiki, oqibatda Xongireyning ustaligiga tan bermay iloji qolmadi. Ayniqsa, Jamshidni o‘zi bilan olib ketishi... Xongirey «Jamshidni birga olib ketasan», deganida «bu shunchaki tayinsiz gapdir», deb o‘ylab edi. Endi bilsa, bu ham Xongireyning ustaligidan ekan. Yaqindagina «o‘ldi» deb e’lon qilinib, murdasini o‘z uyidan chiqargan odamni endi o‘zi tiriklayin boshlab boradi...
Shaharga yetib, xayrlashar mahalida Chuvrindi unga:
— Uyingdan chiqmay o‘tira tur. Bir-ikki kun sabr qil, — deb tayinladi.
Zelixon bilan uchrashuvdan so‘ng xayolning ming turli ko‘chalariga kirib, valine’matlaridan ko‘ngli qolayotgan, hatto Xongirey xizmatiga o‘tganidan quvona boshlagan Jamshid mehribonlik bilan aytilgan bu gapni eshitib, itoatkorlik bilan «Xo‘p», dedi.
Chuvrindi to‘g‘ri Asadbekning uyiga bordi. Hojasining tabibga ketganini eshitib qo‘lidagi qutini yigitlarga berdi-da: «Bek akang kelgunlaricha ehtiyot qillaring», dedi.
Ertasiga boloxonadagi yigitlar Chuvrindinikiga telefon qilib, qutidan haddan tashqari sassiq hid chiqayotganini ma’lum qilishdi. Yuragi noxush bir narsani sezgan Chuvrindi darrov yetib keldi. Quti boloxona ayvoniga chiqarib qo‘yilgan, undan taralayotgan badbo‘y ko‘chadan kirgan odam dimog‘iga urilardi.
Chuvrindi hiddan burnini jiyirib, yigitlarga «Olib tushlaring», deb shiypon tomonga yurdi.
Qutini olib tushgan yigit uni chaqqonlik bilan ochdi. Ochdi-yu, qo‘llariga qaltiroq kirdi. Chuvrindi ham hayratdan dong qotdi: qutida G‘ilay Shomilning kallasi turardi... Shomil kallasi uzilayotganini sezishga ham ulgurmaganmi, ko‘zlari ochiq qolgan, xuddi «Dunyoning oxir-oqibati shumi?» deganday bir ko‘zi chapga, ikkinchisi o‘ngga qarab savoliga javob izlaganday bo‘lardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:56:37

2

Abdurahmon tabib xayrlashish mahalida Asadbekka «Xastaman, deb g‘am chekmang. Xastalik — baxtsizlik emas, baxtsizlik — bu dunyo boyligiga muhabbat qo‘yishdir», dedi. Mana shu gapning mazmunini chaqish uchun Asadbek ko‘p o‘ylandi-da «ustma-ust bostirib kelayotgan baxtsizliklarim shundan ekan-da», degan xulosaga keldi.
Xayrlashishlaridan oldin tabib Muhiddin otaga qarab turib bir rivoyat aytdi:
«Emishki, Chumoli yashaydigan joy yemishga boy ekan. U yaxshi yeb-ichib, obdon semirdi. So‘ng... bir kuni qarab, osmondagi qushlarni ko‘rdi. Ko‘rdi-da... ular kabi uchmoqni istadi. Qanot chiqarmoqni umid qildi. Kutilmaganda umidi ijobat bo‘ldi — qanot chiqardi-yu, uchdi. Ammo semizligi tufayli baland ucholmadi. Yerdan bir ozgina ko‘tarildi, xolos. Shunda parvoz etmoqni istagan semiz chumolini qushlar ko‘rdilar. Oqibat shuki, u qushlarga yem bo‘ldi...»
Asadbek bu rivoyatni ham ko‘p o‘yladi. O‘zini chumoli o‘rniga ham, qushlar o‘rniga ham qo‘yib ko‘rdi. Ammo biron xulosaga kelolmadi.
Asadbek uyiga qaytganidan keyin ham tabibnikida o‘tgan kunlarini ko‘p esladi. Ayniqsa, Dev akaning holati bir necha marta tushiga kirdi.
...Ular choy ichib o‘tirishganda tabib kirib, uzrli ohangda Dev aka xastalanganini, uni borib ko‘rishi lozimligini aytdi. Muhiddin ota odamgarchilik yuzasidan «Biz ham boraylik, bemorni yo‘qlash savob», degach, tabibga ergashdilar.
Qishloq chekkasidagi somonsuvoq kichkina uycha. Abdurahmon tabibning say’i-harakati bilan qurilgan bu uy — Dev akaning boshpanasi. Ichkarida taxmon. Sandiq. Ko‘rpa-ko‘rpachalar. Lekin Dev aka eski palos ustida, boshiga guvala qo‘yib yotibdi.
— Bu kishining odatlari shu, — deb izoh berdi, Abdurahmon tabib. — Ko‘rpa-yostiqda yotmaydilar. Qishin-yozin shu ahvol.
— U dunyoda barchamiz shu holda yotamiz, — dedi Muhiddin ota.
— Mutu qabla an tamutu, — deb qo‘ydi tabib.
Behol yotgan Dev aka boshini sal ko‘tarib, tabib bilan Muhiddin otaga million so‘mdan va’da qildi. Bu safar ham Asadbekka «hech narsa tegmadi».
— Men mix topolmadim, sen topdingmi? — deb so‘radi Dev aka tabibdan.
— Topdim, — dedi tabib uning bilak tomirini ushlab.
— Yaxshi! — deb jilmaydi Dev aka. — Yaxshi, endi yurtimizga qaytamiz. Saroy solamiz. Hamma ozod bo‘ladi!
— Ha... ozodlikka oz qolibdi... — dedi Abdurahmon tabib bemorning qo‘lini ohista ravishda sholcha ustiga qo‘yib.
Uning nima demoqchi ekanini Muhiddin ota angladi-da, Dev akaga achinish bilan qarab qo‘ydi.
Ular ketmaslaridan avval ham tabib undan xabar olgan edi. Muhiddin otaning «Qalay, tuzukmilar?» degan savoliga bosh chayqab qo‘yib, «Shifo Ollohdan» degan edi.
Asadbek uyiga kelgandan beri o‘ziga «million so‘m bergisi kelmagan bu g‘alati odam tirikmi yo bandalikni bajo keltirdimi?» deb o‘yladi. Keyin o‘zining tashvishlari bilan bo‘lib boshiga guvala qo‘yib yotuvchi bu odamni unuta boshladi.
U shifo topayotganidan quvonib, uyga qaytganda biron yaxshi xabardan umidvor edi. Ammo... shodlikni oshirguvchi xabar bo‘lmadi.
Chuvrindi ham, Kesakpolvon ham uning qaytishini o‘zlariga xos intizorlik, sabrsizlik bilan kutar edilar. Tilla tangani olib kelgach, uyiga qaytgan Jalil ham xavotir, ham umid bilan kutardi. Kesakpolvon unikiga ikki marta kelib, «Yana borib, xabar olib keling» deb tiqilinch qildi. Jalil birinchi safar «Tabibning g‘ashini keltirib qo‘ysam, «Ko‘tar aravangni!» deb haydab yuboradi» degan mulohazasini aytib, uni tinchitdi. Ikkinchi safar kelganda «Men sening yugurdagingmanmi!» deb bobillab berdi.
Asadbek shaharga yetib kelishlari bilan, haydovchiga «Jalil akangnikiga hayda», deb buyurdi-da, Muhiddin otaga qarab: «Xavotir olib o‘tirgandir», dedi.
Jalil uyda yo‘q edi. Shu uchun kelinga «O‘rtog‘imga salom ayting», degach, uyiga qarab yurdilar.
Kesakpolvonning uyida siqilib ketgan, ayniqsa Mardonadan o‘ch olish maqsadida qattiq qo‘rqqan Zaynabning kasali qo‘zib, ancha qiynaldi. Shuning uchun Chuvrindi qaytgan kuniyoq unga telefon qilib, otasining uyiga keldi. Yosh juvon yolg‘iz o‘zi turmasin, deb Chuvrindi xotinini ham shu yerga olib kelgan, buni eshitib Kesakpolvonning fig‘oni oshgan edi. Uning fikricha, Chuvrindi Asadbekning xonadoniga to‘la hukmronlik o‘rnatishga erishgan edi.
Chuvrindi xotiniga ayrim ishlarni tayinlab ketayotganda hovliga Asadbek kirib keldi. Hojasining ancha dadil kirib kelayotganini ko‘rgan Chuvrindining zulumot bag‘riga chiroq yoqilganday bo‘ldi. Asadbek bilan quchoqlashib ko‘rishib, «Xudoga shukr» deb qo‘ydi.
Kesakpolvonning vahimali tarzda tushuntirishidan so‘ng xavotir otashida qovrilayotgan Zaynab ham otasining ko‘rinishidan mamnun bo‘ldi.

Qayd etilgan